Amerikada atlas jilosi

 

Ko‘p mintaqalarda atlas deganda Marg‘ilonni, Marg‘ilon desa atlasni tushunadiganlar bisyor. Doniyorjon Asqarovning faoliyati o‘spirinlikdan ipakchilikka tutashdi. Farg‘ona politexnika oliygohining iqtisodiyot yo‘nalishini tugatsa ham kasb tanlashda hunarga bo‘lgan mehri ustun keldi. Abrbandchi usta bo‘lish ahdidan qaytmadi. Marg‘ilonlik usta Rasuljon Mirzaahmedovning etagidan tutdi.

 

 Abrli matolar belgisi “ikat” (indonez tilidan olingan, o‘zbekchada —  to‘qimoq) Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan. Ammo, o‘zbek abrli gazlamasi bo‘yash va tayyorlash usuli, naqshlarning mazmuni, ranglarning uyg‘unligi bilan betakror. Boshqa “ikat” matolardan farq qiladi. 

Doniyorjon atlas va adrasga bo‘lgan mehri sabab yetuk usta nomini oldi. O‘zi to‘qigan ipakli mahsuloti bilan xalqaro maydonlarga dadil kirib bordi. O‘zbekiston madaniyati haftaligi doirasida kunchiqar diyorda o‘tkazilgan ko‘rgazmada, qo‘l mehnati mahsuloti bo‘lgan, asl va sifatli ipak matolarni yapon xalqi katta qiziqish bilan kutib oldi. Doniyorning qalb qo‘ri va zahmati evaziga yaratilgan ish namunalari Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tgan matolar festivalida ham munosib baholandi.

Hunarmand ustalar o‘zga mamlakatga safar shunchaki sayohat emas, balki ulkan tajriba manbai, deyishadi. Doniyor Xitoy safari xotiralarini shunday izohladi:

— Xorij hunarmandlari bilan fikr almashish mahoratimni oshirdi. Tayvan provinsiyasida matolarda rang uyg‘unligi bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar, ayniqsa, o‘ta ahmiyatli kechdi. O‘rganganlarimni matolarimizga singdirdim.  

2018 yilning iyul oyida AQShning Nyu-Meksika shtatidagi Santa-fe shaharchasi dunyo hunarmandlari va san’at ustalari tashrifidan fayz oldi. 53 davlatdan kelgan 150 nafar hunarmand orasida o‘zbek ustalari ham o‘z matolari bilan qatnashdi. Buxoro gilamlari, voha kashtalari, Rishton kulolchiligi namunalari qatorida kamalakrangda tovlanayotgan Marg‘ilon atlas va adraslari barchaning e’tiborini tortdi.

— Mamlakatimizda tadbirkor va hunarmandlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Imkoniyat va imtiyoz yaratildi, — deydi Doniyorjon. — O‘zim onlayn savdoni tashkil etish niyatidaman. Milliy hunarmandchiligimizni internet orqali targ‘ib qilishni rejalashtiryapman.

Madaminjon SOLIJONOV,

jurnalist.

Farg‘ona viloyati

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − eleven =