Murabbiy sehrgar emas, lekin…

O‘tgan yilning avgustida Milliy terma jamoamizga argentinalik mashhur mutaxassis Ektor Kuper bosh murabbiy etib tayinlangan edi. Kuper jamoani qabul qilib olgan kundan boshlab tarkibni butunlay o‘zgartirishga va o‘yinga yangilik tatbiq etishga intilmoqda. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi murabbiyning g‘oyalari amalga oshishida zarur barcha sharoitlarni yaratib berish harakatida.

 

O‘tgan davr mobaynida jamoa bir nechta xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etdi. Ularda argentinalik murabbiy himoyaviy taktikani qo‘llashga jiddiy e’tibor qaratdi. 2018 yil sentyabr oyida Eron terma jamoasi bilan o‘rtoqliq uchrashuvida futbolchilarimiz murabbiyning uslubini yaxshi tushunmagani uchun jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan edilar. Natijada eronlik futbolchilar vakillarimizni Toshkentda mag‘lub etishni uddaladi. Eron jamoasi vakillarimiz uchun “noqulay” raqiblardan. Forslar bilan ilgarigi uchrashuvlarda futbolchilarimiz faqat bir marotaba g‘alaba qozongan, xolos. Mag‘lubiyatlar sonini esa sanash shart emas, nazarimizda. 

Eron bilan o‘tkazilgan so‘nggi o‘yin Kuper boshchiligidagi dastlabki uchrashuv bo‘lgani sababli ko‘pchilik mag‘lubiyatni tanishish jarayoni bilan izohladi. Suriya bilan kechgan ikkinchi o‘yin ham ancha asabiy va taktik xatolarga boy kechdi. Eronga qarshi tushgan futbolchilarning 80 foizi chetda qoldi. Ya’ni zaxiradagi futbolchilarga imkoniyat berildi. Murabbiy o‘yinga tushirgan futbolchilar esa barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha suriyaliklardan ortda ekani ko‘rindi. Faqat gol urish bobida raqiblarimizga omad yetishmadi, xolos. Suriya va Eronga qarshi o‘yinlarda yigitlarimiz Kuper talab qilayotgan o‘yinni ko‘rsata olmadi. Murabbiy tanlagan strategiyani umuman tushunib yetmaganliklari yaqqol sezildi. 

Oktyabr oyida Qatar va Shimoliy Koreya terma jamoalari bilan uchrashuvlarda ham argentinalik mutaxassis tarkibda tajriba o‘tkazishni davom ettirdi. Faqat bu gal jamoa o‘yinida o‘zgarish sezildi. Ularda vakillarimiz murabbiy aytgan vazifalarni imkon qadar bajardi, degan xulosaga keldik. Biroq, ushbu jamoalar ustidan qozonilgan g‘alaba terma jamoamizning o‘yinida yuksalish bo‘lganini anglatmaydi. Sababi Qatar va Shimoliy Koreya terma jamoalari O‘zbekiston terma jamoasidan ko‘p jihatlardan ortda. Aytmoqchimizki, ushbu jamoalar saviyasi qit’ada yetakchilar qatorida turmaydi. Aksariyat sportga ixtisoslashgan milliy ommaviy axborot vositalari  ikki uchrashuvda qozonilgan g‘alabadan so‘ng Kuperni alqay boshladi. Aslida Shimoliy Koreya va Qatarni ilgari ham bir necha marotaba rasmiy va o‘rtoqlik o‘yinlarida yutganmiz. To‘g‘ri, Kuper o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali futbolchilarning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib oldi va o‘yindan keyin yigitlar uning falsafasini tushunib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Noyabr oyida Milliy terma jamoamiz uzoq Avstraliyada o‘quv-mashg‘ulotlarini tashkil qildi. U yerda ham ikkita — Livan va Janubiy Koreya bilan nazorat o‘yini o‘tkazildi. Mana shu o‘yinlar Kuper tanlayotgan taktika yigitlarimiz uchun ancha «og‘irlik» qilayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi, deyishimiz uchun to‘la asosimiz bor. 

Yangi yil kirib kelishi bilan millionlar o‘yini ishqibozlarining diqqat-e’tibori Birlashgan Arab Amirliklariga qaratildi. U yerda 5 yanvardan 1 fevralgacha futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkazildi. Qit’a chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etdi. Futbolchilarimiz musobaqaning «F» guruhida Yaponiya, Ummon, Turkmaniston terma jamoalari bilan bellashdilar.

Osiyo kubogi oldidan «do‘ppisini olib» yaxshilab o‘ylagan argentinalik murabbiy tarkibga yana tajribali futbolchilarni jalb etishni ma’qul topdi. Dekabr oyida Turkiyaga olib ketilgan 30 nafar futbolchi orasida oldingi o‘quv-mashg‘ulotlaridan chetda qolganlar qaytarildi. Tarkibni ularsiz shakllantira olmaslikka Kuper nihoyat tushunib yetdi shekilli. Turkiyadagi mashg‘ulotlarda birorta ham nazorat uchrashuvi o‘tkazilgani yo‘q. Murabbiy bu safar taktik sxemalar bo‘yicha futbolchilar bilan yaxshilab ishlab olishga kirishgan, chamasi. Uning yurtimizdagi faoliyatidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, bu davr mutaxassis uchun o‘zbek futboli bilan tanishuv jarayoni bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, milliy terma jamoada ba’zi yangiliklarni amalga oshiryapti. Joriy qilayotgan yangiliklar, yangi uslubga moslashish esa futbolchidan yuqori professionallikni talab qiladi. 

Ammo Kuper jamoasi bo‘yicha e’tirozlar va takliflar kam emas. Ko‘pchilikda, uning himoya chizig‘i va hujumdagi tanlovi xavotir uyg‘otmoqda. Milliy terma jamoamizning himoya chizig‘ida asosiy kuch sanalgan Vitaliy Denisovning tarkibdan har safar chetda qolayotgani muxlislar uchun tushunarsiz masaladir. Murabbiy Denisov borasidagi tanlovini quyidagicha tushuntirdi: «Denisovning terma jamoaga chaqirilmayotganiga asosiy sabab — uning hozirgi holati. Hozir chap qanot himoyasida ixtiyorimizda ikki nafar juda yaxshi futbolchi bor. Bular — Farrux Sayfiev va Oleg Zoteev. Denisovni chaqirganimda, ulardan biri chetda qolardi. Shuni ta’kidlash lozimki, murabbiyning qarori hamisha to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Agar bu borada aytaylik, kamina xatoga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsam, ayb faqat menda bo‘ladi». 

Albatta, tarkib tanlash — murabbiyning qarori. Natija bo‘yicha ham u javobgar. Murabbiyning falsafasi, g‘oyalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lganlar esa futbolchilardir. Bosh murabbiy ro‘yxatga kiritgan charm to‘p ustalariga ishonyaptimi, demak umidi bor. Yana ta’kidlagimiz keladiki, Kuper sehrgar emas. Yo‘qdan bor qilolmaydi. Lekin boridan barakali foydalansa bo‘ladi. Gap shunda.

Afsuski, milliy terma jamoamiz Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok eta olmadi. Arang guruh bosqichidan chiqqan Kuper shogirdlari nimchorak finalda Avstraliya terma jamoasiga yutqazib, musobaqani tark etdi. Shundan so‘ng Kuper haqida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida keskin tanqidiy chiqishlar bo‘ldi. Biroq bu tanqidlarga hech kim e’tibor qaratmayapti. Oradan o‘tgan qariyb ikki oyda esa Kuper hech qanday ko‘rinish bergani yo‘q. Mag‘lubiyat sabablari esa hech qaerda va hech kim tomonidan tushuntirib berilmadi. Yopiqlig‘ qozon yopiqligicha qoldi. Boz ustiga 22-26 mart kunlari Xitoyda «China Cup-2019» turnirida ishtirok etgan mamlakatimiz bosh jamoasi bor-yo‘g‘i 4 jamoa ishtirok etgan musobaqada 3-o‘rinni oldi. Birinchi uchrashuvda Urugvay terma jamoasidan 3-0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu turnir davomida ham Kuperdan hech qanday taktik o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganimiz yo‘q. «Osiyo kubogi-2019» da ko‘zga tashlangan kamchiliklar yana bo‘y ko‘rsatdi. Futbolchilarning bir-birini tushunmasligi, to‘pni noaniq uzatishlar hali beri bu jamoadan va Kuperdan kutilgan ijobiy natija talab qilib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, Urugvay terma jamoasi tarkibida jahonda ko‘zga ko‘ringan futbol yuzduzlari to‘p suradi. Ularga qarshi turish oson emas. Ammo, mag‘lubiyatning ham mag‘lubiyatdan farqi bor-ku. Butun o‘yin davomida raqib bilan tengma-teng o‘ynab, to‘p uchun kurashib mag‘lubiyatga uchragan jamoani muxlis to‘g‘ri qabul qiladi. Biroq, futbolchilarimiz Urugvay bilan o‘yin boshlanmasdan mag‘lubiyatni tan olib maydonga tushishgani sezildi. O‘zbekiston — Urugvay uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida Ektor Kuper, yirik hisobdagi mag‘lubiyatni quyidagicha izohladi: «Biz dunyoning kuchli jamoalaridan biriga qarshi o‘yin o‘tkazdik. Afsuski, yutqazdik. Urugvay terma jamoasi o‘tgan yili Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida qatnashib, juda yorqin taassurot qoldirgandi. Oskar Tabares shogirdlari FIFA reytingida ham yuqori o‘rinlarda. Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida gol o‘tkazib yubordik. Keyin o‘yinni tenglashtirishga harakat qildik. Raqib birinchi bo‘limda to‘p bilan ko‘proq muomalada bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda birinchi taymga qaraganda yaxshiroq harakat qildik. Ammo raqibning tajribasi baribir o‘z so‘zini aytdi. Urugvay kabi kuchli terma jamoalarga qarshi o‘yin biz uchun Jahon chempionati saralashi oldidan yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Futbolda turli natijalar ro‘y beradi. o‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon. Barcha natijani qabul qilishga tayyor bo‘lish zarur. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Kuper shakllantirayotgan jamoada kurashga chanqoqlik, g‘alabaga tashna, vatan va muxlislar sha’ni uchun kurashadigan futbolchilar ko‘rinmayapti. Janubiy amerikalik murabbiyga qadar milliy terma jamoamizni boshqargan mahalliy murabbiylar tuzgan jamoalar ham bugungi jamoadan saviya va o‘yin jihatdan kuchli edi, nazarimda. Mamlakatimiz bosh jamoasiga xorijdan kuchli murabbiy olib kelinishi avvalgi natijalarni qayta takrorlash uchun qilingan ish emas. Yanada yuqori darajaga chiqish, Osiyo kubogida kamida finalgacha borish, jahon chempionatiga chiqish vazifalarni uddalash uchun Kuper jalb qilingan, edi. Holbuki, biz uchun xaloskor bo‘lib ko‘ringan argentinalik murabbiy ham futbolchilarimizga yordam berolmayapti. Futbolimizga taklif etilayotgan legioner murabbiy va futbolchilar mahalliy mutaxassislardan kuchli bo‘lishi kerak aslida. Butun dunyoda shu qoida amalda. Faqat o‘zbek futbolida bunga e’tibor kam. Har yili legionerlarga futbolimiz bosh tashkiloti tomonidan qandaydir shartlar qo‘yiladi. Lekin bu qog‘ozda yozilib, suyaksiz tildan chiqayotgan balandparvoz gaplar qanday naf berayotir? 

Bir misol, yaqinda o‘zbek futbolini yoritadigan ommaviy axborot vositalari tomonidan «Qo‘qon-1912» jamoasiga Habashiston terma jamoasi safida maydonga tushgan futbolchi kelgani haqidagi xabarlar e’lon qilindi. Televizor orqali ham bu futbolchi bir necha marotaba («Navbahor» — «Qo‘qon-1912» o‘rtasida o‘tkazilgan 1-turda) ko‘z-ko‘z qilindi. Shu kuni o‘yinni sharhlagan hamkasblarimiz ham xorijlik futbolchini osmonga ko‘tarib maqtashdi. Oradan bir hafta o‘tar o‘tmas, eshitsakki, maqtalgan legioner futbolchi bitta o‘yinda ham ishtirok etmasdan, yurtiga qaytib ketibdi. Endi shu o‘rinda savol tug‘iladi, o‘zimiz ko‘rmagan, bilmagan xorijlikni kimdir “bu — avliyo” desa qachongacha ishonaveramiz? 

Jobir XO‘JAQULOV.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

1 thought on “Murabbiy sehrgar emas, lekin…

  1. yozma ishtiyoqni saqlang Menga ushbu maqolada ilgari bilmagan bilimlarni qo’shish juda yoqadi.
    Ushbu jarayonni yana qanday boshlaysiz, ayniqsa yangi boshlanuvchilar uchun? qiyin narsa bormi?

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =