To‘g‘ri yo‘l

Navro‘z bayrami 2009 yilda YUNYESKOning nomoddiy madaniyat merosi ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu ulug‘ ayyom umumjahon bayrami sifatida tan olingani xalqimiz uchun faxr-iftixordir. Navro‘z elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlararo ahillik, bag‘rikenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otadigan sharqona udumlar majmuasi bo‘lib kelmoqda. Muborak ayyom arafasida go‘zal insoniy fazilatlar xususida so‘z yuritish azaliy odatimizga aylangan. Toki, mazkur yangilanish fasli qalblarga faqat ezgulik urug‘ini cochsin. Ammo shunday insonlar borki, xayrli amallarni bajarish  vaqt, masofa, millat tanlamasligini isbotlagan… 

 “Baxtinisoning davolanishi uchun zarur mablag‘ yig‘ildi — avtomobil xarid qilish uchun pul jamg‘arib yurgan bir inson 10 ming dollar ehson qildi”.

“AQShning Jorjiya shtati, Rinkon shahrida yashovchi er-xotin ichi to‘la pul sumkani topib oldi va egasiga qaytardi. Jeff va Mishel Grin topgan inkassatorlik sumkasida taxminan 25 ming dollar bo‘lgan”. 

“Xitoylik 66 yoshli haydovchi Shenya Deli bemor ayolini doim o‘zi bilan taksining old o‘rindig‘ida olib yuradi. Turmush o‘rtog‘i xotirasini yo‘qotgach, uni yolg‘iz qoldirishni istamagan haydovchi buning chorasini topdi”.

“Amerikalik tadbirkor Maykl Blumberg o‘zi ta’lim olgan Jon Xopkins universitetiga 1,8 milliard dollar xayriya qildi”. 

“Qirg‘izistonlik taksichi moskvalik qizning hamyonini qaytarish uchun uni 8 soat sovuqda kutdi. Varya Bortsova “Feysbuk”dagi sahifasida shunday yozadi: men bank kartalarimni bloklash va yo‘qolgan hujjatlarimni tiklashdek ovorayi sarsonlik jarayoniga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganimda otam derazadan ko‘chaga qarar ekan, pastda taksi oldida turgan yigit balki o‘sha haydovchidir, dedi. Men yugurib pastga tushdim. Haqiqatan ham, u meni 8 soat avval uyga olib kelgan qirg‘izistonlik haydovchi ekan. Men yig‘lab yubordim. U ham yig‘ladi. Mana, haqiqiy Inson qanday bo‘lishi kerak!”

 O‘ZINGNI QUTQAR

 Ushbu xabarlar barchasining nomi, mohiyati bitta — Ezgulik! Ha, bunday xayrli ishlar yuksak maqom bilan siylashga arzigulik. U ba’zan birgina insonning ko‘ngil oynasiga soya solib turgan g‘am-tashvishlardan forig‘ qilsa, gohida mamlakat miqyosidagi katta muammoga yechim bo‘la oladi. Yaratgan insonga ravo ko‘rgan ne’matlarning eng a’losi ham shu — ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal. Ajdodlarimizdan qolgan ilk yozma manba “Avesto”da darj etilgan ushbu umuminsoniy g‘oya bugun ham dunyo imoratini barqaror ushlab turuvchi tayanchdir. Muqaddas kitoblarimizning mohiyatini tashkil etuvchi, inson zimmasiga yuklangan asosiy vazifa ham ezgulikdir.

Islom ahkomlarida odamlarning barchasi bir ko‘zda ko‘riladi. Namoz vaqti boy ham kambag‘al ham bir xil ibodat qiladi. Kuchli yo zaifning niyatida farq bo‘lishi mumkin, ammo bandalarining barchasiga bu olam uyini obod qilish, ortidan ezgu, xayrli ish qoldirish buyurilgan. Payg‘ambarimizning (s.a.v.) ilk juma namozida aytgan gaplarini yodga olaylik: “Har kim o‘zini, hattoki yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham, olovdan saqlasin, yaxshiliklar qilsin. Uni topa olmasa, go‘zal so‘z bilan o‘zini qutqarsin”.

Ezgulik, savob nimaligini har kim o‘zicha tushunadi. Bir muhtojga yordam bersak, uni boshqalarga aytamiz, zo‘r ish qildim, deya maqtanib qo‘yamiz. Aslida, qayd etilgan ushbu muborak kalom unga mukammal javob emasmi? 

 HAR KIM QILSA, O‘ZIGA…

 Bolaligimizda momolarimiz so‘zlab bergan bir rivoyat bo‘lardi. Ko‘cha kezib, qo‘shiq kuylab yurishni odat qilgan darveshsifat chol bo‘lgan ekan. U ko‘chadan o‘tayotganda har kim topganini qo‘liga tutqazarkan. Bobo rizqini olayotganda, doim bir gapni takrorlar ekan: “Har kim qilsa, o‘ziga qiladi”. Bir xonadon bekasi doim non yopayotganida chol duch kelaveribdi. Beka avvaliga issiq non bilan boboni siylashni kanda qilmabdi. Bir safar ko‘ngliga yovuzlik oralab, undan qutulishni o‘ylabdi. Issiq non orasiga nina qo‘shib beribdi. Bobo ketayotsa, haligi ayolning ko‘chada o‘ynab yurgan bolasi undan non so‘rabdi. Darvesh kulchaning yarmini bolaga beribdi. Qarangki, nina o‘sha bo‘lagida ekan. 

Ha, odam bolasi o‘z gumrohligini anglab yetganida, ba’zan kech bo‘ladi. O‘z qo‘li bilan o‘z boshiga tashvish soladi. Ammo uni o‘z qilmishidan emas, birovdan ko‘radi, hatto yaratganga shikoyat qilib, bu baloni yuborganidan yozg‘iradi. Aslida, yaxshilikni ham, yomonlikni ham inson o‘zi uchun qilishini anglab yetmaydi…   

                                 SAXOVATPESHALIK SARHADLARI

 Birovga xolis yaxshilik qilish, buning uchun o‘z mablag‘ini, vaqtini ayamaslikni hamma ham uddasidan chiqolmaydi. Bu-ku, mayli, ba’zan sof niyatli insonlar qiladigan xayrli ishlarning yo‘lini to‘sadiganlar ham topiladi. 

“Kitob tumanidagi O‘rtachil qishlog‘ida maktab qurdirish niyatida davlat bankiga shaxsiy jamg‘armasidan yigirma ming rubl to‘lab chiqqan Muxtor Shapsanovning biroz yayov yurgisi, xayollar surgisi keldi.

“Pul uzog‘i bilan erta-indin xo‘jalik hisobiga borib tushadi, — deb o‘yladi u. — Xo‘jalik rahbarlari shoshib qolishadi: “Domla savob ish boshlagan ekanlar, biz tezroq oxiriga yetkazaylik!” deyishadi. Va’da berishgan axir. Qarabsizki, kelgusi yil sentyabrida bolalar o‘qishni yangi maktabda boshlashadi. Eh-he!..” 

Bu Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tavallud topgan mehnat faxriysi Muxtor Shapsanov haqida yozilgan va 1989 yilda nufuzli nashrda chop etilgan maqoladan parcha. Afsuski, olimning ezgulik yo‘lidagi sa’y-harakati talay to‘siqlarga duch keladi. (O‘sha paytda u ajratgan pul katta mablag‘ edi). Ammo u bo‘sh kelmaydi, yo‘lto‘sarlarni yengib, niyatiga erishadi. 

Bugun yoshi saksondan oshgan o‘sha saxovatpesha inson yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. O‘zbekiston Milliy universitetining fizika fakulteti talabalari uchun Muxtor Shapsanov nomidagi stipendiyani ta’sis etdi. Ushbu stipendiya fakultet kengashi qaroriga asosan ikkinchi va uchinchi bosqichlarda o‘qiydigan ikki nafar a’lochi talabaga beriladi. O‘tgan yili olimning o‘zi Toshkentga kelib, talabalarga birinchi stipendiyani topshirish marosimida qatnashdi…

Ezgulikning qirralari ko‘p, sarhadi keng. U chegara ham, millat ham tanlamaydi. Turli xalqlarda, turlicha shaklda qalblarni obod qilaveradi. Xitoyning Ichki Mongoliya Avtonom Rayonida yashovchi imkoniyati cheklangan oilaning jasorati internet foydalanuvchilarini hayratga soldi. Sobiq harbiy Lyu Xey ish vaqtida qo‘llaridan ayrilgan edi. U 13 yoshida ikki oyog‘idan ajragan Li Meyven haqidagi ko‘rsatuvni televizorda ko‘rib qoladi va uni izlab topadi. “Biz birga bo‘lsak, ham qo‘limiz, ham oyog‘imiz bo‘ladi”, deya unga turmush qurish taklifini bildiradi. Ayol rozi bo‘ladi. Endilikda ular farzand tarbiyalash bilan birga, o‘z xo‘jaligiga ham ega. Sabzavot yetishtirib, parrandachilik bilan shug‘ullanishmoqda. “Xo‘jalik uchchalamiz uchun yaxshigina daromad keltiryapti. Birovning yordamiga qarab yashashni istamaymiz”, deydi o‘zlari uchun baxtiyorlikni, bag‘ributunlikni yarata olgan juftlik. To‘rt muchasi salomat bo‘la turib tilanchilikni, ta’magirlikni odat qilganlar yo‘qmi? Ular bu oila a’zolari haqida eshitib, kerakli xulosani chiqarib olisharmikan? Zero, bu juftlikning qarori ham, qadami ham ezgulikka yo‘g‘rilgan! 

 XAZINA VA GADO

 Ijtimoiy notenglik tufayli jamiyatda ko‘plab muammolar paydo bo‘ladi. Tenglikka erishish esa oson ish emas. Bugungi globallashuv davrining tafakkuri, fikrati boy kishisi ham ushbu muammo oldida ojiz. Britaniyaning “Oxfam” xayriya tashkiloti Davosda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon iqtisodiy anjumanida e’lon qilgan ma’lumotga qaraganda, (2016 yil holatiga ko‘ra) 62 nafar badavlat kishi ixtiyoridagi boylik dunyo aholisining asosan kambag‘allardan iborat yarmining boyligidan ko‘p. Endi “Credit Suisse” (Shveytsariya banki) ma’lumotiga e’tibor bering: sayyora aholisining 1 foizini tashkil qiluvchi 72 million millioner va milliarder ixtiyoridagi mablag‘ miqdori 125 trillion dollarga yetgan. Bu qolgan 99 foiz dunyo aholisining boyligidan ko‘proqdir. Ha, shuning uchun ham “Bir foizning iqtisodiyoti” iborasi paydo bo‘ldi. 2016-2017 yillar oralig‘ida dunyodagi boyligi bir milliard dollardan ziyod odamlar soni 13 foizga ortgan. Joriy yilga kelib esa 20 nafar badavlat odam qo‘lida 1,2 trillion dollar jamlangan. Ayni o‘rinda muqaddas kitoblarimizda bitilgan shunday mazmundagi bir xitob yodga tushadi: kambag‘al va muhtojning molini boylarga qo‘shib berdik. Taassufki, kibrli dunyo bunday xitoblar bilan hamisha ham hisoblashavermaydi. Aks holda (BMT ma’lumotlariga ko‘ra), yuksak taraqqiyotga erishilayotgan yigirma birinchi asrda har kuni 25 ming kishi ochlikdan ko‘z yummasdi. Ming afsuski, ularning ko‘pchiligi bolalardir.

Ayrim mamlakatlar shart-sharoiti bilan tanishar ekansiz, mavjud imkoniyatdan foydalana olmayotgani sababini tahlil qilishga urinasiz. Afrika qit’asidagi Markaziy Afrika Respublikasi dunyoning eng qashshoq mamlakatidir. Qizig‘i, bu davlatni xudo oltin, olmos, neft kabi foydali qazilmalar, keng o‘rmonlar bilan siylagan. Respublika byudjeti asosan olmos va yog‘och sotishdan to‘ldiriladi. Ammo mamlakatdagi korruptsiya, siyosiy beqarorlik, uzluksiz urushlar, jinoyatchilik, tizimlardagi tartibsizlik iqtisodni abgor avholga solib qo‘ygan. Aholisining mutlaq ko‘pchiligi ochlik azobida. Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu davlat xalqaro tashkilotlar ko‘magiga shu qadar ko‘nikib qolganki, yordamni to‘xtatish ijtimoiy inqirozga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, mamlakatning milliy boyliklariga kimlar egalik qilyapti? Respublikani bunday girdobdan nima va qanday olib chiqish mumkin? Vatanparvar, ezguliksevar fidoyilarmi? Yoki butun dunyoga ta’sirini o‘tkazishga urinayotgan bir to‘da kiborlarmi? 

 EZGULIK NIMA DEB SO‘RADIM…

 Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romanini yodga olaylik. Yozuvchi ezgulik va olijanoblikka darz ketgan yerda qiyomat qoyim boshlanishi, adolat va haqgo‘ylikning o‘lishi, iymonsizlik nafaqat insonni, balki tabiat va jamiyatni ham yakson qilishini badiiy talqinda aks ettiradi. Payxonliklar, xunrezliklarni odat qilgan ijtimoiy kuchlar, razil odamlarga qarshi chiqqani uchun asar qahramoni Avdiy Kalistratovni Isoning qismati qarshi oladi. Yigirmanchi asrning buyuk yozuvchisi ushbu asar orqali o‘quvchini hushyorlikka chaqiradi: ezgulik atalmish ne’mat, iymon bo‘lmas ekan, insonning maxluqdan nima farqi bor?..

Qadriyatlarimiz qadrlanayotgan ushbu muborak kunlarda Navro‘zi olam mirishkor bobodehqon kabi har bir qalbga ezgulik urug‘ini qadasin. 

Yangi kun arafasida ezgulik nima deb so‘radim Ko‘zdan, u dedi hayotni to‘g‘ri ko‘rmoqlik. Ezgulik nima deb so‘radim Yuzdan, u dedi halollik gashtin surmoqlik. Ezgulik nima deb so‘radim Tildan, u dedi samimiy, dildan so‘zlamoq. Ezgulik nima deb so‘radim Dildan, u dedi eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘zlamoq…

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + twenty =