Tomoshabin kelgan va kelmagan kunlar

Kecha “O‘zbekiston yosh tomoshabinlar teatri”ga bordik. Kirganimiz hamono ommaviy axborot vositalarida bot-bot o‘qiganim “Odamlar teatrlarga kelmay qo‘ydi” deganga o‘xshagan iddaolar xayolimga kela boshladi.

 

Rosti, bu gaplarga  ancha bo‘ldi, ahvol ijobiy tomonga o‘zgardi! Biz garchi tomosha boshlanishidan 10 daqiqa oldin yetib kelgan bo‘lsak-da, zal teatr muxlislari bilan liq to‘la. Hatto ayrimlar uylaridan tayyorgarlik ko‘rib chiqishgan, shekilli, zinalarda ko‘rpacha to‘shab o‘tirishibdi. Tik oyoqda turganlar ham ancha-muncha. Xo‘sh, bunday holatni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgandan keyin xalqimizni san’atdan, inchunun, teatrdan uzoq deyish mumkinmi? Bolalar teatridaki, odam shunchalik gavjum ekan, otaxon teatrlarimiz haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Xo‘sh, nega bugun tomoshabin bunchalik ko‘p? Chunki, “Navro‘z” bayrami munosabati bilan bir hafta teatrlar kuni, ya’ni tekin spektakl ko‘rish imkoniyati yaratildi. Boz ustiga bu haftalikning targ‘iboti, boshqacha qilib aytganda, reklamasi ham o‘z o‘rnida bo‘ldi. Rosti shuki, xalq teatr, spektakl haqida uzoq yillar hatto o‘ylamadi ham. Ammo bugun, shukr, dasturxonimiz to‘kis, ertangi kundan ko‘ngillar to‘q. Shunday kunlarda xiyobonlardan, arg‘imchoqlardan zerikkan bolalarini qaerga olib borishni bilmayotgan yoki farzandlarining ma’naviyati butun insonlar bo‘lib voyaga yetishini chin dildan xohlayotgan yurtdoshlarimiz kam emas. Faqat jadidchi bobolarimiz tarbiya maskani deya ta’riflagan teatrlarimiz haqida ma’lumot yetishmaydi. Teatr repertuari, chipta narxlari va tomosha vaqtlari haqida esa ochiq reklama deyarli yo‘q. E’tibor berganmisiz, bitta yangi film suratga olinsa, uni qariyb yuz marta televidenie orqali reklama qilamiz, ammo yaratilayotgan yangi, durdona sahna asarlari haqida bunday deya olmaymiz.

Hatto “Teatr xos odamlar joyi, oddiy xalq ko‘rishi shart emas” deb tushunadiganlar ham bor. Kechirasiz-ku, xalq bilmasa, xalq ko‘rmasa, oltinning zanglagan temirdan qanday farqi bor? Gapning indallosi shuki, bu galgi teatr haftaligi juda ajoyib samara berishiga shubha yo‘q. Chunki bu haftalik tomoshabin va teatr orasidagi ko‘z ilg‘amas devorni qulatganga o‘xshamaydi…

Ha, darvoqe, shu o‘rinda yana bir gapni aytmasak bo‘lmas. Ochig‘i, ayrim teatrlar ayni shu “tekin kunlar”da biroz “omadi chopmagan” yoki juda eski spektakllarni qayta namoyish etishdi. Bu to‘g‘ri ishmi?

Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, “Teatr ibratxonadir”. 27-mart butun dunyoda teatr kuni sifatida nishonlanadi. Biz ham xalqqa ibrat ko‘rsatishga umrini bag‘ishlagan sohaning zahmatkash san’atkorlariga omadlar tilaymiz. O‘tayotgan haftalikdan ma’lum bo‘ldiki, xalqimiz bu soha vakillarining mehnatini hamisha olqishlagan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishiga ishonchimiz komil.

Sitora 

SHAMSIDDIN qizi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + eleven =