Ezgu ishlar ko‘lami kengaymoqda

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yil 19 mart kuni yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha beshta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

 

Mazkur tashabbuslarni amaliyotga tatbiq qilishga qaratilgan ishlar yurtimizning barcha tuman va shaharlarida boshlab yuborildi. Jumladan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida hashar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, kitob yarmarkasi va sport musobaqalari o‘tkazildi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun madaniy tadbirlar, kompyuter savodxonligi va internet markazlari, sport to‘garaklari, kitob do‘konlari, “Book cafe”lar tashkil etish, kutubxonalar fondini yangilash, uy bekalarini tikuv tsexlariga jalb qilish kabi vazifalarni sifatli amalga oshirish, bu boradagi kontseptsiya va taklif etilayotgan  loyihalarni amaliyotda samarali qo‘llash maqsadida Bo‘ka tumani tajriba-sinov  maydoni sifatida tanlab olindi. Ayni paytda bu yerda izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu maqsadda tumanda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami va moliyalashtirish manbalari aniqlanib, Bo‘ston, Rovot, Chavlisoy va Yangiqo‘rg‘on mahallalarida amaliy ishlar qizg‘in kechmoqda. 

Avval, yoshlar bilan ishlash borasidagi mavjud kamchiliklar aniqlandi. “Bolaning bo‘sh vaqti — illatning ish vaqti”, deb bejiz aytilmagan. Prezidentimizning tashabbuslarini tizimli va samarali amalga oshirishda barcha bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishga kirishdi. Yigit-qizlarning kitob o‘qishga, sportga, san’atga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularga yetarli shart-sharoit yaratib berish bu boradagi muhim amallardandir. 

Shu maqsadda Bo‘ston mahallasi hududida joylashgan «Bo‘ston» madaniyat uyi binosi, 160 o‘rinli tomosha zalini ta’mirlash yumushlari olib borilyapti. Madaniyat uyining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida o‘ndan ortiq musiqa asboblari keltirildi. O‘z faoliyatini yigirma yil burun to‘xtatgan kutubxona ta’mirlanib, hududdagi istirohat bog‘iga yangi attraktsionlar o‘rnatildi. 

Bo‘ston mahallasida 3,3 mingdan ziyod aholi, jumladan, mingga yaqin mehnatga layoqatli xotin-qiz istiqomat qiladi. Ayni paytda 200 nafar xotin-qiz Bo‘ston qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejida tikuvchilikdan saboq olmoqda. Shularni nazarda tutsak, qishloqda tashkil etilayotgan 200 o‘rinli yangi tikuv tsexi aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi oydinlashadi. 

Mahallaning markaziy ko‘chasi, istirohat bog‘i, madaniyat saroyi va stadioni obodonlashtirilib, gul va daraxt ko‘chatlari ekildi. Markaziy ko‘cha asfaltlandi.

Tadbirlar doirasida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tuman yoshlari uchun 18 mingdan ortiq nusxada kitob, boshqa qator tashkilotlar tomonidan zamonaviy sport jihozlari va musiqa asboblari sovg‘a qilindi.

Yoshlar bilan uchrashuvda shoir-yozuvchilar, olimlar, san’atkorlardan iborat targ‘ibot guruhi yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi, sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. 

O‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan davra suhbatida O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Anvar Obidjon, Usmon Azim, Mahmud Toir kabi taniqli adiblar yoshlarning zamon talablariga javob beradigan barkamol insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun davlatimiz tomonidan beqiyos g‘amxo‘rlik qilinayotganini ta’kidladi. She’rlar o‘qildi.  

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi G‘.Ibragimov ishtirok etdi.

G‘ani SODIQOV.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + eight =