Vafoning uzun yo‘li. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulomning rafiqasi MANZURA aya bilan suhbat

Har bir ijodkorning faoliyatida muhim o‘rin tutadigan o‘z mavzulari, g‘oyalari bo‘ladi. Ular insonlar qalbidagi hayajonlar, ko‘nglidagi iztiroblar, hayolidagi orzular bilan payvasta bo‘lsa, ijod mahsullari xalqning ma’naviy mulkiga aylanib, asrlardan avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tadi. O‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri Hamid G‘ulomning “Mash’al”, “Toshkentliklar”, “Mangulik”, “Binafsha atri” kabi romanlari, “Toshbolta oshiq”, “Ajab savdolar” kabi musiqiy komediyalari, “Oh sening yoshliging menda bo‘lsaydi”, “Binafshani sog‘indim, sen-chi?”, “Do‘st” kabi yurak torlarini chertuvchi yuzlab she’rlari adabiyotimiz durdonalari xazinasidan o‘rin olgan, ma’naviy mulkimizga aylangan.

 

Bu yil o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston san’at arbobi, sermazmun, yuksak g‘oyaviy mavzudagi romanlar, she’r va dostonlar, maftunkor musiqiy dramalar va o‘tkir komediyalar, ajoyib publitsistik asarlar muallifi, jahon klassikasining ko‘plab durdonalarini o‘zbek tiliga o‘girgan atoqli tarjimon Hamid G‘ulom tavalludining 100 yilligi nishonlanadi.

 Hamid G‘ulom umrini milliy adabiyotimiz ravnaqiga bag‘ishladi. U iqtidorli, ulkan adib bo‘lish bilan birga, malakali noshir sifatida ham ko‘pchilikning hurmatiga sazovor edi.

Xalq qalbiga kirib borish va undan  o‘rin olish har bir ijodkor uchun ulkan baxt. Bunday baxt hammaga ham nasib etavermaydi. Bu sharafga muyassar bo‘lish uchun iqtidor va uzluksiz mehnat, yaqinlarining ko‘magi va sadoqati kerak.

Bularning bari ustoz adibning hayot yo‘lida yo‘ldosh bo‘ldi.

Xususan, uning “Vafoning uzun yo‘li” asari sadoqatli va vafodor umr yo‘ldoshi Manzuraxon ayaga bag‘ishlangan.

Kitob so‘z boshisida shunday satrlar bor:

“Mazkur qissamni hayotning achchiq-chuchuklarini ellik yil davomida men bilan birga tatib kelayotgan rafiqam Manzuraxonga bag‘ishlayman. Xotiralarim, betartib tizilgan lavhalarim ham shul — hayotim, taqdirim — butun tarjimai holimning bosh qahramoni, meni ofatlardan ko‘p marta omon saqlagan, mashaqqatli yo‘llarimni, qorong‘i kechalarimni yoritgan yulduz, aziz va bebaho inson haqida.

Eng go‘zal, eng vafoli ayol haqida bu lavhalarim”.

 Bu adibning sinovlarga to‘la, mashaqqatli umr yo‘llarida baxtu iqbolni baham ko‘rib, zulmatli kechalarda hamdard bo‘lib, mehnat va ijod quvonchlaridan ko‘ngli birga yuksalgan vafodor rafiqasiga hurmat-e’tiboridir.

Manzuraxon aya — bugun biri kam yuz yoshga qadam qo‘ygan, farzandlari, nevara-evaralari ardog‘ida keksalik gashtini surayotgan piri-badavlat onaxonlarimizdan.

Tabarruk onaxon suhbatlarini olish niyatida ustoz adibning poytaxtimizning Chimkent ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadoniga yo‘l oldik, xayolimizda esa ustoz adibning Ayaga atalgan misralari jo‘sh uradi:

Quyosh o‘t-mehriga to‘liqdir olam,

Ammo bu harorat senikidan kam.

Qaerda bo‘lmayin, sog‘inching hamdam,

Ko‘zimga ko‘rinar izlaring sening.

Manzuraxon ayani ko‘rgan-bilganlar juda dilkash, ayni paytda kamsuqum, mehri daryo ayol deya ta’riflashadi. Biz ham qariyb yuz yillik hayot yo‘li chehrasiga iz solgan, biroq yanada fayz va nur baxsh etgan, fikrlari tiniq, xotiralari ravon onaxonga qarab bu ta’rifga qo‘shildik.

— Manzura aya, bu yil ustoz Hamid G‘ulom tavalludlariga yuz yil to‘ladi. Ustozning eng yaqin insoni Siz bo‘lgansiz, xotiralaringizni baham ko‘rsangiz, degan o‘yda kelgandik…

— Eslab, yo‘qlab kelganingiz uchun rahmat! Chindan ham xotiralar juda ko‘p. Ayniqsa, yuz yilliklari yaqinlashgan sayin ko‘nglim hapriqyapti, xotiralar xayolimda g‘ujg‘on o‘ynayapti. Axir, u kishi bilan 67 yil birga yashadik. Shu yillar davomida olti farzand ko‘rdik. Bolalarimdan ikkitasi olamdan o‘tdi, ularning g‘am-anduhini ham birga kechirdik. Hozir ikki o‘g‘il, ikki qizim bor. Ollohga shukr, nevara, evara, chevaralarim bor.

“Ko‘rpachaga yonma-yon o‘tirishdik.

Bitta qizil olmani ikkiga bo‘lib, bir bo‘lagini unga tutdim:

— Oling, chanqagandirsiz.

Ikkimiz olmani bir daqiqada karsillatib tashladik-da, dil-dildan kulib yubordik.

— Shunday daqiqalarda odam ezgu orzularini aytadi… Sizning qanday orzularingiz bor?

— Yagona orzuim… — u olmani dasturxon ustiga qo‘yib, menga nim andisha, nim tabassum bilan munis tikildi… menga hech narsa kerakmas…

Yagona orzuim – bevafolik qilmasangiz bas!…

Men unga va’da berdim.

Hayotim davomida ko‘rgan baxtim, shodliklarim, farzandlarim, davlatu shavkatim, e’tiboru hurmatim — hammasi mening o‘z va’damga vafo qilganligimdan…” (Hamid G‘ulomning “Vafoning uzun yo‘li” kitobidan).

— So‘raganning aybi yo‘q, qachon tanishgansizlar?

— To‘g‘risi, siz mening yoshligimni, aniqrog‘i, 15 yoshlik qizaloqlik chog‘imni esga tushirdingiz… Bizlarning tanishish tariximiz qiziq. Mening amakim bo‘lardilar. Abduqodir do‘ppido‘z. Shu amakimning o‘g‘illari Abdulforih akam bilan adasi o‘rtoq ekanlar. O‘sha paytda rabfakda o‘qir edilar. Aniq esimda bor. 1935 yilning kuzi edi. Abdulforih akam Hamid akani uyga taklif qilganlar. Ikkalasi gaplashib o‘tirishganda men tasodifan kirib qolganman. O‘shanda men pedtexnikumga kirmoqchi edim-da, ariza yozib bering, deb qog‘oz va qalam bilan Abdulforih akamning oldilariga kirganman. Oldilarida shiringina bo‘lib o‘tirgan ekanlar. Shu payt nima bo‘ldi-yu, amakim Abdulforih akamni chaqirib qoldi. U kishi chiqib ketgach, ikkalamiz qoldik. Menga kerakli arizani Hamid aka yozib berganlar. O‘sha mening ilk tanishuvim edi. 

Oradan uch yil o‘tgach to‘yimiz bo‘ldi…To‘yimiz bo‘lganda men 18 yoshda, ular 19 yoshda edilar. Ularning otalari bo‘lmagan, mening onam bo‘lmagan. Ishqilib, taqdir ekan, oila qurdik. O‘shanda 1938 yilning 6 oktyabri edi. Shunga ham 81 yil bo‘libdi.

— Aya, hayotning turli so‘qmoqlari bo‘ladi. Sizning hayotingizda ham…

— Hayotimdan mamnunman. Juda baxtli bo‘lganman ular bilan.

Rahmatli qaynonam ham juda mehribon ayol edilar. Menga onalik qilganlar. Onasizligimni bildirmaganlar.

— Hamid G‘ulom xonadonini mehmondo‘st oilalardan, deb ta’riflashadi…

— To‘g‘ri, Toshkentning Mevazor mahallasidagi hovlimiz doim yurtimizning taniqli ijodkorlari bilan gavjum bo‘lardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, adabiyot gulshani edi. Oqshomdan ba’zan yarim tunga qadar cho‘ziladigan bu davralardagi suhbatlar, o‘qilgan she’r-g‘azallar, betakror mushoiralar… Xullas, uyimizdan mehmon arimasdi, boshqa respublikalar, chet ellardan kelganlarni aytmaysizmi. Qanday ulug‘ yozuvchi-shoirlar mehmon bo‘lmagan uyimizda. Masalan, mashhur rus shoiri Konstantin Simonovni juda yaxshi eslayman. Ko‘p kelardi uyimizga. Ukrainadan, Bolgariyadan, Hindistondan… Eh-he…qancha mehmonlarni kutganmiz.

Qaynonam rahmatlik tandirda patir va somsa yopardilar. Men stol tuzatardim. Har xil shirinliklar pishirardim. U paytda bolalarim katta bo‘lib qolishgandi, shuning uchun mehmon kutishdan sira charchamasdim. Bolalarim yordam berishardi. 

— Hamid G‘ulom oila oldidagi mas’uliyatni juda chuqur his qiladigan, oilaparvar inson bo‘lgan ekanlar…

— To‘g‘ri. Hamid aka oilani muqaddas bilardilar va juda ko‘p ishlardilar. Kun bo‘yi ishda bo‘lib, oqshomlari biroz dam olib, ijod olamiga sho‘ng‘ir edilar. Shunday paytlar bo‘lardiki, tunlarni tongga ulab yozardilar. Men u kishining ijodxonalarini nazardan qochirmaslikka harakat qilardim, vaqti-vaqti bilan choy damlab, sekingina stollariga qo‘yib chiqardim. Olisdan ularning ishlashlarini kuzatishni yaxshi ko‘rardim. Bolalar ham sho‘xlik qilmas, otalariga halaqit bermasdilar. Ularni bolalikdan shunga o‘rgatgandim. 

Hamid aka mening harakatlarimni sezar va qadrlardilar. Shuning uchun baxtlimanki, u kishining ko‘p asarida, xoh u roman bo‘lsin, xoh qissa, xoh g‘azal bo‘lsin yohud doston, men o‘zimni ko‘raman.

Yana bir misol. O‘tgan asrning 50-yillarida Hamid akani Moskvadagi ikki yillik oliy adabiyot kursiga o‘qishga yuborishdi. U paytda men ishlamayman, bolalarimiz yosh, ularning tarbiyasi bilan mashg‘ulman. Olis yurtda o‘qishda bo‘lsalar ham bo‘sh paytlarida ishlab, bizga pul yuborib turardilar. Shu bilan birga yaxshi o‘qiganlari va sermahsul ijodlari uchun bir qator rus yozuvchilari bilan birga ularga ham Yevropa bo‘ylab sayohatga yo‘llanma berishgan. U vaqtlarda chet ellarga chiqishning deyarli iloji bo‘lmagan. Sovuq urush payti edi-da. Bu sayohat ziyolilarning birinchi chet el safari bo‘lgan, Yevropaga endi yo‘l ochilgan edi. Hamid aka meni ham olib ketdilar. Shunday qilib, hayotimda birinchi marta dunyoni ko‘rdim. Bolgariya, Gretsiya, Italiya, Frantsiya, Gollandiya, Shvetsiya kabi davlatlarni ko‘rish nasib qildi.

Hamisha xayolimdalar… Mana bu she’rini eshiting:

 

Bizlar o‘tgan masofa olis,

Xuddi vafo yo‘liday uzun.

Ikkimizda u qoldirdi iz

Muhr bosdi har fasl, har kun.

 

Farzandlarga o‘tibdi butkul

Qalb sho‘xligi, lablar lolasi.

Boshimizda qolibdi nuqul

Sochimizning oppoq tolasi. 

 Bu she’r ham bizning hayotimiz, umr yo‘limiz. 

Yaratganga shukr, Alisher, Sherzod degan o‘g‘illarim bor. Dilshoda, Gulshoda ismli qizlarim bor. Dilso‘z va Ra’noxonday zukko kelinlarim bor. O‘ndan ortiq nabira, yigirmaga yaqin evara-chevaraning buvisiman. Demak, Hamid G‘ulom barhayot. Zurriyodlari tomirida qonlari oqib turibdi…

Ha, xassos shoir, atoqli yozuvchi Hamid G‘ulom o‘z umr yo‘ldoshi Manzura aya bilan birga vafoning uzun yo‘llaridan yorug‘ yuz bilan o‘tgan samimiy, dilkash inson edi va shunday bo‘lib qoladi.

Feruza ZOYIR qizi suhbatlashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + four =