Enaga. (Esse)

Mayram momaning  ko‘ngliga g‘ul-g‘ula tushdi. U uzoq yillar ona tili va adabiyotdan dars berib, endi nafaqaga chiqqandi. O‘g‘li Nyu-Yorkdan qo‘ng‘iroq qildi: “Enajon, tez yetib keling.  Yana bir nevarali bo‘lasiz…  Akam sizni Toshkent aeroportida kuzatib qo‘yadilar”.

 

Amerika elchixonasida hujjatlar rasmiylashtirilgach, ertasi poytaxt aeroportida katta o‘g‘li momani samolyotga chiqarib qo‘ydi. Samolyot ulkan, ichi keng, oromkursilarida o‘tirgan yo‘lovchilarning hisobi yo‘qday. U havoga ko‘tarilganida, moma o‘zini behuzur sezdi. Yuragi uyushganday bo‘ldi. 

Biri-biridan chiroyli ctyuardessalar qo‘llarida mis patnislar bilan xizmat qila boshladilar. Shu payt uchoq saloni katta to‘yxonaga o‘xshab qoldi: har bir kishining oldiga sergo‘sht ovqatlar, choy, qahva, bulochkalar, meva sharbatlari…Hamma narsa ashir-nashir. Katta o‘g‘li aytganidek, dubaylik shahzodalar mehmonxonasiday…

Mayram moma illyuminatordan ufqqa ko‘z tikdi. Xayolida Atlantik okeani uzra bir kecha-kunduz uchilganday. Uzoq-uzoq uchilganday. Ana, yiroqlardan sarg‘ish chizilib, quruqlik — qirg‘oq ko‘rindi. Xursand bo‘ldi moma. O‘g‘lining diydoriga to‘yadigan daqiqalar yaqinlashayotgan edi.

“Boing” osmono‘par binolar shahri Nyu-York uzra aylanib, aeroportga yengil qo‘ndi. Momani hayajon bosdi. Tilni bilmasam, jomadonimni qanday topib olaman, qanday qilib bu yerdan adashmay chiqaman? Sardorim meni qaerda kutayotganikin?.. 

Moma yukini sudrab, aeroport darvozasiga yetar-etmas, odamlar orasidan unga tomon shoshib kelayotgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi. U o‘g‘lini bag‘riga bosdi, bo‘yinlaridan o‘pdi. Sardor qop-qora katta-katta ko‘zlarini enasidan olib qochdi.

Ular Nyu-York shtati, Bruklin shahrining Manxetten-Bich mavzesidagi bir bino oldida taksidan tushishdi. Manxetten-Bich shundaygina okean bo‘yida joylashgan. U ham sohildagi plyaj nomi bilan atalgan ekan. Ona-bola liftda to‘rtinchi qavatga chiqishdi. Moma bu yil birinchi sinfga borayotgan kattagina nevarasi Samirni quchib, yuzlaridan o‘pdi. Kelini bilan so‘rashdi.

Ertadan boshlab u o‘z vazifasiga kirishadi. Samir ikki yil davomida shahar ko‘chalarini bilib olgan. Maktabga o‘zi borib-kelishi mumkin. Lekin har holda… Birinchi sinf o‘quvchilarini bu yerda ota-onalar, xuddi bizdagidek, maktabga o‘zlari olib borisharkan. 

Mayram moma uchun bu o‘lkada hayratli, qiziqarli narsalar ko‘p ekan. Termizga qaytsam, u yoqdagi nevaralarimga aytib beray, ko‘rganlarim, o‘ylaganlarim esimdan chiqib ketmasin, deb o‘g‘lidan daftar va ruchka so‘radi. Kechalari ko‘rgan-kechirganlarini yozib boradigan bo‘ldi. Daftar nimaga kerakligini keyin tushunib, o‘g‘li kuldi:

— Ena, ish qilib, yozuvchilik da’vo qilmasangiz bo‘lgani…

“Noyabrning oxiri. Izg‘irin, sovuq. Nevaram bilan boryapmiz. Piyoda. Maktabi yaqinginada ekan. Ko‘chalar obod, ozoda. Daraxtlar barglarini to‘kib ulgurgan. Ularning atrofida, yo‘laklarda turli-tuman sovuqqa chidamli gullar tizilgan. Bu yo‘llarga ham o‘rganib qoldim. Shaharning tozaligi, odamlarning bunga e’tibori meni qoyil qoldirdi. Biror kishi ko‘chaga chiqindi tashlamaydi. Gugurt cho‘pini ham ko‘rmaysiz. Chiqindi savatlari-urnalar yaqin-yaqin qo‘yilgan. Bordi-yu yo‘lak chetlaridagi biror gul so‘lisa, darhol uning o‘rniga boshqasi, yashnab turgani o‘tqaziladi. Kim qiladi? Qachon ulguradi, bilmaysan?

Yana bir holga e’tibor berdim: Manxeten-Bich ko‘chalarida mevali daraxtlarni ko‘rmadim. Balki barglari to‘kilgani uchun shunday tuyulgandir. Bizda hamma joyda mevali daraxt — qishloqda ham, shaharda ham. Aprel, may oylarida ko‘chamiz bolakaylari uyimiz orqasidagi o‘rigu olchalarni dovchaligidan tera boshlaydi, toki pishib tugagunicha. “Dadasi, bolalarga tushuntiring. Pishgunicha sabr qilishsin”, — deyman. — “Qo‘y-e, o‘zingning bolaligingni esla-chi”, — javob beradi u kishim.

 

Bu yerlarda qish erta tusharkan. Kuz tugamasdan bir kechada hammayoqni shunaqa qor bosdiki, yo‘llarda mashinalar, qaysi tomonga yurishini bilmay, to‘xtab-to‘xtab qoladi. Shunday kunda nevaram bilan maktabga borayotib, olmaxonlarga ko‘zim tushdi. Ular shoxdan-shoxga sakrab o‘ynashar, yo‘laklarda tizilib, bir-birini quvib chopqillashardi. Olmaxonlarning hech kim bilan ishi yo‘q. Odamlar ham ularga o‘rganib qolgan, mo‘’jizaning o‘zginasi. Men tirik olmaxonlarni nevaralarim bilan Termiz hayvonot bog‘ida ko‘rgandim. Ular shunday, shahar daraxtlari, istirohat bog‘larida ham ozod yashasa bo‘lar ekan-ku! 

Bir kuni maktabdan qaytayotgandik. Yo‘lda yam-yashil kiyingan, boshiga tojga o‘xshagan allanarsani qo‘yib olgan kishi to‘rt tarafga ta’zim qilar, odamlar esa u bilan rasmga tushar edi. Biz ham rasmga tushsakmikan, degandim, nevaram “qimmat, pulimiz yetmaydi”, deb qoldi. Men esimni yig‘ib oldim-da, aqlli nevaramni qo‘lidan tutganimcha, uyga jo‘nadim. Kelin tushlik tayyorlagan ekan: stolda olma, uzum, mandarin, banan. Husayni, toyfi, xuddi hozir tokdan uzib olinganday. Sovuq-izg‘irinlarda qaysi issiqxonalarda yetishdi ekan bu mevalar? Yoki dunyoning qaysi bir chekkalaridan yetib keladimi? So‘rab nima qilardim, tojik qardoshlarimiz “angurasha xo‘r — bog‘asha napurs”, ya’ni uzumini yeginu, bog‘ini so‘rama, deydilar.

Kechqurun, o‘g‘lim ishdan kelgach, ovqat mahali undan “yashil odam” haqida so‘radim. “Bu Ozodlik haykalining kiyimini kiygan kishi. Bunday odamlar shahar ko‘chalarida tez-tez uchrab turadi, — dedi o‘g‘lim. — Odamlar bilan suratga tushadi. Ularning tijorati — shu. Biror kun sizni Ozodlik haykaliga olib boraman. O‘zingiz ko‘rasiz”.

Havo ochilib qorlar eriy boshlagan yakshanba. O‘g‘lim “Ozodlik haykali”ga boramiz, deb qoldi. Kun ochiq bo‘lsa-da, hammamiz issiq kiyinib oldik. Uzlukib qolmasin, deb kelinni uyda qoldirdik va uchovlon avtobusga o‘tirdik. Chamasi yarim soatlar yurib, bir gavjum joyda tushdik. Shundaygina qarshimizda ko‘m-ko‘k, tiniq suv o‘rtasidagi orolchada bo‘yi osmonga cho‘zilib ketgan ulkan yashil haykal. U, o‘ng qo‘lida baland ko‘tarilgan mash’al, chap qo‘lida kitob, odamlarga nimanidir uqtirmoqchiday, qarab turardi. Boshida nur sochayotgan quyosh chambaragi, shuuridan taralayotgan nurlar tasviri, aurasi — ilohiylik, shavkat, shonu shuhrat, izzatu hurmat ramzi. Bu yer — Yuqori Nyu-York ko‘rfazi. Ko‘rfazdagi haykal turgan hudud ham Ozodlik oroli deyilar ekan. Biz orolga o‘tish uchun kemaga chiqdik. 

Kelganimdan buyon Samirbek Termizni, o‘ziga o‘xshagan bolalarni so‘raydi. Termizda ham shunday orol bormi, deydi. “Ha, borsang, ko‘rsataman”, deb qo‘yaman, Amudaryo o‘rtasidagi Payg‘ambar orolini o‘zim uzoqdan ko‘rgan bo‘lsam-da. Hozir ham bolakay pinjimga tiqilib olgan. Uning qo‘lidan ushlab zinapoyalardan chiqib boramiz. Haykalga qarayman. Uning juda baland va ulkanligini his etaman. Sardor menga ekskursovod bo‘ladi: “Buni frantsuz haykaltaroshlari yaratgan. Balandligi to‘qson uch metr. Frantsiyadan kemaga ortib olib kelishgan. 1886 yil 28 oktyabrda haykal qurib bitkazilgan va ochilgan. Haykalni Amerka va Frantsiya xalqlari orasida abadiy do‘stlik ramzi sifatida frantsuzlar sovg‘a qilganlar. So‘ng u ozodlik ramziga aylanib ketgan”.

Keyin liftga chiqib balandga ko‘tarildik. Inshootning qaysi bir qavatida liftdan balkonga chiqdik-da, yon-atrofni tomosha qildik. Nyu-York, Bruklin shahri va uning uzundan-uzoq osma ko‘prigi. Biri-biridan qolishmaydigan osmono‘par binolarning cheki-chegarasi yo‘q. Moviy falakda uchib yurgan turli-tuman qushlar to‘dasi, chag‘alaylarning chirqillashi, yerda, yo‘llarda tinmay qaergadir shoshayotgan mashinalar oqimi… Undan narida ko‘m-ko‘k ufq — okean. Shu payt ko‘zim qoraqib, boshim aylanib ketganday bo‘ldi. Sardor meni liftdan pastga jo‘natdi: “Bizni haykal oldidagi maydonda kutib turing”.

Men liftdan tushib, shu oradagi skameykalarning biriga o‘tirdim va qarshimdagi haykalga tikildim. Amerikalik ulug‘ shoir Uolt Uitmenning so‘zlari esimga keldi: “Nahotki, oralaringda qullikka qarshi bosh ko‘taradigan biror jasur o‘g‘lon topilmasa? Nahotki, bizda yuragida o‘ti bor biror yozuvchi, muallim, notiq bo‘lmasa? Faqat… quldorlar poyini yalab yashayotgan pastkash, fosiqlar qolgan bo‘lsa?”. Bu XIX asr o‘rtalaridagi Amerika xalqining dardi, hayqirig‘i edi.

Alalxusus, Ozodlik bashariyat uchun eng ulug‘ qadriyat ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Darslarda ijodini o‘quvchilarimga o‘rgatganim millat ozodligi uchun kurashgan Cho‘lponni, Usmon Nosirni, Abulla Qodiriyni, Fitratni va o‘sha qatag‘on yillari qurbon berilgan boshqa ko‘plab ulug‘ insonlarni mana shu Ozodlik haykali poyida xotirladim. Ko‘zlarimga yosh keldi. Betimga oqib tushayotgan iliq alamlarni ro‘molcham bilan artib oldim. Mening xalqimni, millatimni o‘sha yillar o‘ksitgan, qon yig‘latganlar bu yerda yo‘q, tarixda qolib ketdi. Ammo ular yuraklarga solgan alam dog‘i hamon ketgan emas, ketmaydi ham.

Dunyoda ikki xil yashash, ikki xil tushuncha mavjud ekan — bu ozodlik va qullik. Boshqa narsa yo‘q. 

Qullikda o‘tgan umrning biror daqiqasi ham hayot emas. Insonni qullik zanjiri-la bog‘lab turgan narsa uning o‘zida bo‘ladi: bu undagi qo‘rqoqlik. Shuning uchun ham roviylar qo‘rqoqlik — hech qachon kechirib bo‘lmaydigan, eng dahshatli gunohdir deganlar.

Manxetten-Bich ko‘chalari ham xuddi o‘zimizning Termizdek tanish va yaqin bo‘lib qoldi, zero, bu yerda mening nuridiydalarim yashaydi. Baland-baland uylar, top-toza, orasta xiybonlar, undagi qushlar va boshqa bezarar mavjudotlar — tirik tabiat xotiram mulkiga aylandi. Samirni maktabiga oborib, qaytayotganimda shoshmasdan shularni tomosha qilaman… Yuragimda qandaydir orziqish sezaman.

Mana, Allohim sharofati bilan yana nevarali bo‘ldim. Bunisi ham o‘g‘il. Quvonchimiz cheksiz. Sardor xursandligidan o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. 

…Nyu-Yorkda, muhtasham binoda joylashgan O‘zbekiston elchixonasidan nevaramizga pasport oldik: “Amerikada tavallud topgan O‘zbekiston fuqarosi Temurbek…”. Nevaraga nomni otasi qo‘ydi. Juma kuni tug‘ilgandi. O‘g‘lim tag‘in nevaramni Djonmi, Jorjmi, Djeksonmi deb atamasin, deb shosha-pisha “Jumaboy”ni taklif qilgandim.

— Ena, — dedi o‘g‘lim, — Jumaboy “Robinzon Kruzo”da. Men esa Shahrisabzda Oqsaroy maydonini keliningiz va Samir bilan kezib yurganimda, nasib bo‘lsa, yana o‘g‘illi bo‘lsam, otini Temurbek qo‘yaman, deb niyat qilgan edim. Xafa bo‘lmang, maylimi?

Ich-ichimdan faxrlandim. Ko‘z tegmasin bolalarimga, deya duo qildim.

Ko‘nglim olamiga barcha nevaralarim qatori endi Temurbek ham kirib keldi. Boshqa nevaralarim o‘z Vatanida tavallud topdi. Temurbek o‘zga mamlakatda… O‘g‘limning aql-idrokiga, kelinimning farosatiga, ular nevaram qalbida, albatta, ota yurtga, ona Vatanga mehr-muhabbat uyg‘otishlariga ishongim keladi…

Temurbek ham yaqinlari — ota-onasi, akasi va meni farqlaydigan, erkalasang jilmayadigan bo‘ldi. Uni aravacha — kolyaskaga solib, toza havoda sayr qildiradigan bo‘ldik. Ochiq kun. Hammayoq oppoq qor. Sovuq. Falmout ko‘chasining chiroyli binolari oldida Temurbek bilan tomosha qilib yurganimda, yaqin kottedj-hovlidan bir kampir chiqib yonimga keldi. Ingliz tilida bir narsalar dedi, qo‘llari bilan porlab turgan sovuq quyoshga ishora qildi, nevaramni ko‘rmoqchi bo‘ldi. “Okey — okey” dedi, so‘ng yana allanimalar. Uning gaplarini o‘zimcha shunday tushundim: “Chiroyli bolakay ekan. Uni quyoshga olib chiqdingmi?” dedi, shekilli.

U biroz o‘ylab turdi. Keyin qaytib uyiga kirdi-da, jundan to‘qilgan matoni olib chiqdi. Menga imo-ishoralar bilan nimalarnidir tushuntira boshladi: “Buni o‘zim to‘qiganman, chaqaloqning ustiga yopmoqchiman, agar qarshi bo‘lmasang”. Men unamadim. Shunga qaramasdan, u kolyaskaning oyoq tomoniga o‘tdi. Jun matoni yoyib, u bilan nevaramning ustini yopdi. Unga pulim yo‘qligini, to‘lay olmasligimni “aytdim”. U kuldi, qo‘llari bilan hech narsa kerak emasligini bildirdi. Cho‘qinib, nevaramni o‘zicha “duo” qildi, ko‘zlarida mehr bilan uni erkaladi, uzoq umr tiladi, chog‘i. Birdan kallamga o‘zimizning urf-odatlarimiz keldi. Biz, axir, chaqaloqni quruqdan-quruq ko‘rmaymiz-ku, unga ko‘rmana beramiz. Xuddi shunday erkalaymiz, duo qilamiz. Amerikalikliklarda ham bu odat bor ekan-da.

Shu dam payg‘ambarimiz alayhis-salom o‘zga irq, millat va din kishilarini hurmat qilishga chorlab: “Dunyodagi barcha insonlar teng va birodar, zeroki, ular Odam Atoning naslidandirlar”, degan hadislarini esladim… 

Nevaram Temurbekni bolalar aravachasi-kolyaskada sayr qildirib yurarkanman, amerikaliklar, bizdagidek, yo‘laklarda, liftda, metroda kattalarga yo‘l berishlarini ko‘raman, notanish odamlar menga salom berishadi. Men avvaliga “assalomalaykum” yoki ba’zan “zdrasti” derdim. Keyin ularning o‘zlaridan va katta nevaram Samirdan o‘rganib “xellov” deydigan bo‘ldim. Kolyaska bilan bir yo‘lakdan ikkinchisiga o‘tishga qiynalib qolsam, darhol yordamga shoshadilar. “Tenkyu” deyman. Xursand bo‘laman bunday e’tibordan.

Biror joyda baland ovozda gapirayotgan, hayqirib, chaqirib yurgan odamni uchratmadim. Liftga chiqish paytida mendan oldingi kishi kutib turib, avvalo meni o‘tkazib yuboradi Yana ularning tilida rahmat, deyman… 

Bu ham ma’naviyat, madaniyat belgisi… Qancha ma’naviyatdan saboq olmasin, birovni turtib o‘tib, undan kechirim so‘ramaganni odam deyishga tilingiz boradimi? O‘ylayman, bu yerda ma’naviyat haqida hech narsa eshitmagan kishilar bizdagi ba’zi bir o‘zlarini shu sohada mutasaddi deb yurganlardan afzalroq ko‘rinadi. Balki bizda tarbiyaning boshqa, samarali yo‘llari, vositalarini qidirish kerakdir? Adibimiz Shukur Xolmirzaev bir hikoyasida aytganiday, maktab jadvallariga “odamiylik darslari”ni kiritish lozimdir?..

…Har sahar uyqudan turib, okeanni, uning ufqlaridan otayotgan tongni tomosha qilaman. Tongning avval lolarang bo‘lib uyg‘onishi, bu ranglar asta-asta butun okean bo‘ylab oqishi, so‘ng uzoq to‘lqinlar kiftida lojuvard quyosh parragining tebranishi… Qip-qizil ulkan sharga aylanib, ko‘kka qarab o‘rmalab ketishi… Bizda ham tong xuddi shunday otadi. Faqat bu lola ranglar tongda Bobotog‘ cho‘qqilarida paydo bo‘ladi, asta-asta uning o‘rnini oq bo‘yoqlar egallaydi, cho‘qqi boshida quyosh ko‘rinadi. Dunyo birdan nurga to‘lib ketadi. Bobotog‘dan chiqqani ham, okean ufqlaridan ko‘ringani ham — bittayu bitta Quyosh! Boshqa emas! Uning boriga shukr deyman. Rahmat, deyman unga. Xudo ko‘rsatmasin, agar biror kun sen chiqmay qolsang, kunimiz nima kechardi?  Yerimiz boshiga ne savdolar tushardi?.. Quyoshimiz — bir, Yerimiz — bir, ulug‘ adib Chingiz Aytmatov aytganiday, barchamiz bir kemadamiz. Qaniydi, buni ahli olam tushunib yetsa… Xanjarlar qinlarida zang bosib yotsa va nihoyat kurrai zaminda odam o‘ldirish uchun ishlab chiqarilgan barcha qurollar qabristoni paydo bo‘lsa…

Kichik nevaram bilan okean yaqinidagi ko‘rfaz tomon boraman. Unda, qayiqlarda odamlar baliq ovlab yurishibdi. Sal nariroqda oqqushlar galasi… Shunaqayam chiroyli, shunaqayam chiroyliki, ko‘z uzgingiz kelmaydi. Xuddi ertaklardagiday, gerdayib, hech kimdan va hech narsadan hadiksiramay suzishadi. Sohilga yaqinlashsangiz, sizga qarab suzib kelishadi. Ba’zan gurunglashmoqchi bo‘lganday boshlarini bir-biriga qaratib to‘planib oladi. Yegulik narsa tashlasangiz, uyimizdagi tovuqlardek,talashib yeyishadi. Odamlarga o‘rgangan. Bu manzara ko‘z o‘ngimdan ketmay qoldi.

Ba’zan  oqqushlar tomon shoshaman. Kundan-kun sovuq kuchayadi. Tashqariga chiqsam, yuzlarim jizillaydi. Baribir, bu sovuqda oqqushlar nima bo‘ldi ekan, deb o‘sha yo‘ldan o‘taman. Suvning qirg‘oqqa yaqin qismi tamom muzlagan. Qushlar esa, hech narsa sezmayotganday, muz ustida ko‘krak kerib yurishibdi. Ularni tomosha qilish mazza.

Tovuqday-tovuqday chayka — oq chorloqlar ko‘rfazda, okean bo‘ylarida to‘lib ketgan. Panjaralarga qo‘nib, turna-qator tizilib turishadi. Gohida jig‘iga tegmoqchi bo‘lib, ularga qarata qo‘limni siltayman. Sal nariroqqa uchib borib qo‘nishadi. Dasturxondan non ushoqlari, bulochka olib chiqadigan, qushlarni mehmon qiladigan bo‘ldim. Ular atrofimni qurshab olishadi. Ushoqlarni oldilariga to‘kib, bulochkani qo‘lim bilan uzatsam, qo‘rqmasdan yulib ketishadi. “Voy, o‘lmasam, bular meni ham cho‘qib tashlashdan qaytmaydi!” deb hazillashaman.

Bir kuni maktabdan qaytarkanman, sohilda yelimxaltalardan don olib sochayotgan amerikalikni ko‘rdim. Son-sanoqsiz qushlar chug‘-chug‘lab donga yopishganini tomosha qildim. Don har joy-har joyga sepilgan. Men sekin qushlarga yaqinlashdim. Yerdan donning bir siqimini olib qaradim. Bug‘doy deb o‘ylaganim guruch ekan. Uzun-uzun guruch… 

Qishning hordiq kuni. Sharqdan ko‘tarilayotgan quyosh zaminga saxiylik bilan yozdan tejab qolgan iliqligini hadya etib turibdi. Manxetten-Bich plyaji gavjum. O‘g‘lim, nevaralarim, kelinim — hammamiz shu yerdamiz, okean bo‘ylariga sayrga chiqdik.

Hamma o‘zi bilan o‘zi: bir oila yaxshi ko‘rgan taomlarni pishirayapti, boshqa guruh sport bilan band, kimlardir shamollab qolishdan qo‘rqmay, okeanda suzib yuribdi. Shu payt kabob hidi dimog‘imga urildi. Qarasam, o‘g‘lim temir o‘choqqa kabob qo‘ygan ekan. 

Men odamlarni kuzata boshladim. Negadir bizdan boshqa o‘zbeklar ham shu yerda bormikin, degan o‘y ko‘nglimdan kechdi. Shu payt “assalomalaykum”, dedi kimdir. Ovoz kelgan tomonga burildim: rostdanam birov salom berdimi yoki menga shunday tuyuldimi? Qarasam: ochiq chehrali bir kishi, qo‘li ko‘ksida, menga qarab turibdi. Shunda bildim: millat odamlarni yaqinlashtirar ekan. Bechora bu musofir ham sohilda birorta o‘zbek uchrarmikin, deya qidirib chiqqandir-da…

Samir bilan okean qirg‘og‘iga, oq yolli to‘lqinlar kelib bosh urayotgan joyga yaqinlashdik. Tog‘day-tog‘day to‘lqinlar bir-birini quvib, bora-bora oppoq ko‘pikka, bodroq-bodroq po‘rtanalarga aylanib yo‘qolib ketar, ularning izidan yana yangi-yangi to‘lqin o‘rkachlari o‘ynab-o‘ynab kelardi. To‘lqinlar tinimsiz qirg‘oqqa talpinardi.

Samir okeanning kungay tomoniga uzoq tikilib, katta odamlarday o‘yga cho‘madi. Balki Toshkentni, undagi bobosiyu momasini, tog‘alarini ko‘rgisi kelayotgandir? Balki Termizdagi yaqinlarini sog‘ingandir? Balki uning murg‘ak qalbida ham Vatan mehri, sog‘inchi uyg‘onayotgandir…

 

Mayram momaning safari qaridi. Bahor arafasida Vataniga, uyiga yetib keldi. O‘sha kuni hovlida bayram bo‘ldi. 

Ertasi moma sershox daraxt yonidagi bostirma ustida, xaslar orasida yashirinib qolgan ikki dona tillarang behini topib oldi. Ularni xas-xavosdan tozaladi, changini artdi, dimog‘lariga yaqin keltirdi: behilardan yoqimli, qadrdon bir hid kelardi. Gullayotgan bodom shoxlarini yuziga bosdi. Bunday iforni u boshqa hech bir joyda his qilmagandi. Butun bog‘dan, yurakka taskin berib, Vatanning bo‘fi ufurib turardi…

Temurbek esa Bruklinda har kuni alang-jalang bo‘lib xonalardan momasi-enagasini qidirarmish. Eshiklarga qararmish, buvisini so‘rayotganday, onasining ko‘zlariga tikilarmish…

Bozor Ilyos al-AMIN

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − one =