“Jo‘mardlik fe’lida bor…”

“Bugun she’r yozish havas, uni tushunish donishmandlikdir”, deb qayd etgandim bir gal. Qiziq, menda nega aynan shunday fikr tug‘ildi ekan? Xayoliga kelganini she’r sifatida qog‘ozga tushirib, kitob qilib chiqarayotgan, og‘ziga kelganini qo‘shiq deb aytib, oynai jahondan, sahnadan tushmayotganlar o‘zlarini shoir, hofiz sanab yurganida, jamoatchilik esa ularni jimgina olqishlab turganida fikratimda chaqnagan o‘ziga xos isyonmidi bu? Bilmadim. Lekin shuni yaxshi bilamanki, zargar bo‘lmasa, zarning, sinchi bo‘lmasa, asl tulporning qiymatini hech qachon to‘g‘ri baholay olmaymiz. Bu gap, tabiiyki, adabiyotimizga ham, san’atimizga ham birdek tegishli. San’at sohasida ahvol bu borada qanaqa – aniq aytishim qiyin. Ammo adabiyotshunosligimiz juda achinarli holatda desak, mubolag‘a bo‘lmas. Hamdu sanolardan iborat, nari borsa, mavzu o‘rtamiyona tahlilga tortilgan maqolalar bisyor, biroq keskin adabiy-tanqidiy chiqishlar deyarli yo‘q hisobi.

 

Ana shunday o‘y-xayollardan dilim xufton bo‘lib turganida, daf’atan taniqli olim, pedagogika fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldosh esimga tushib, to‘g‘risi, butun ongu shuurim charaqlab yorishib ketgandek bo‘ladi. Yo‘q, ahvol batamom fojiaviy emaskan. Ko‘z oldimdan Qozoqboy akaning yana uch-to‘rt nafar safdoshlari o‘tadi. Uch-to‘rt nafar! Xo‘sh, bu ko‘pmi yoki oz? Bir yoqda sohaning professional vakillari yaratayotgan saviyasi baland asarlar, bir yoqda hamma zamonlarda ham bo‘lgan havaskorlik darajasidagi qoralamalar paydar-pay e’lon qilinayapti va suvga tushgan toshdek jim-jit, aks-sadosiz tinib qolayapti. Qolaversa, bugun maktab darsliklarini-da to‘liq xatm qilib ulgurmasdan ota-onasining himmati bilan adabiy hasharchilar yordamida qator-qator kitob chiqarishda kimo‘zarga poygani avj oldirayotgan “ijodkorlar” xususida ham kimdir oxir-oqibat haq gapni aytishi kerak-ku! Shu ma’noda, haqiqiy adabiyotshunos, uning ilmga yo‘g‘rilgan haqqoniy bahosi matbuot uchun, jamoatchilik uchun ayni kunlarda suv va havodek zarur. 

Qozoqboy Yo‘ldoshni men uzoq yillar maqolalari, kitoblari orqali tanib, bilib yurdim. Uning har bir munosabati adabiyot olamidagi tanish-notanish ijodkorlarni yaxshiroq anglash, o‘rganish uchun o‘ziga xos ochqich bo‘lib xizmat qiladi. Sir emas, olimning ba’zi maqolalarini o‘qib, minnatdorlik tuyg‘ularini tuygan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Masalan, O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdievaning “Yo‘ldadirman” she’rini ko‘p bora sevib o‘qiganman. Yaxshi she’r sifatida ayrim satrlari yod ham bo‘lib ketgandi. Ittifoqo, Qozoqboy Yo‘ldoshni shu asar haqidagi  sharhi bilan tanishib qoldim. Bir zumda menga qadrdon she’r o‘zgacha mazmun-mohiyati bilan yanada ko‘proq salobat va viqor kasb etdi. Endi u faqat ichki tuyg‘ularga boy qahramon muhabbatining alam va armonga g‘arq suratigina emas, balki inson ruhiyatining cho‘ng bilimdoni yaratgan noyob san’at asari sifatida ham bo‘y ko‘rsatib turardi. Shunda sharh muallifining xayolot dunyosi naqadar cheksizligiga tan berganman.

Men Qozoqboy Yo‘ldoshni inson tomir urishini eshitib-bilib, so‘ngra tashxis qo‘yadigan tabibga ham o‘xshataman. Qiziq-da, tabib tana a’zolarini, ularning faoliyati, holatini uning sohibidan ko‘ra yaxshiroq biladi. Xuddi shunday Qozoqboy Yo‘ldosh ham tabib — faqat adabiyot dardiga darmon bo‘ladigan tashxislar ustasi. Olimning qator tadqiqotlari bilan yaqindan tanishib, u o‘zi o‘rganayotgan  asarni muallifdan ko‘ra yaxshiroq, teranroq anglashini his etdim. Havasim keldi, hurmatim chandon oshdi. 

Ko‘p olimlarni bilamiz — yozganida durust, lekin ikki og‘iz so‘z aytishga kelganda, kalovlanib qoladi: “Nega ogohlantirmay so‘z berasan? Jinday tayyorgarlik ko‘rishim kerak edi… Meni sharmanda qilmoqchi bo‘ldingmi? Ko‘rsatib qo‘yaman!..” Yo‘q, Qozoqboy aka bunday davralarning tasodifiy ishtirokchisi emas. Hamisha o‘z fikriga, o‘z so‘ziga ega. Mabodo, ehtiyoj tug‘ilib, u kishiga so‘z bergan bo‘lsam, albatta, ishonchimni oqlaganlar. Ayrim hollarda munozaralar bir-ikki soat cho‘zilib, suhbat cho‘g‘i sovub borayotgan bo‘lsa, Qozoqboy aka darrov o‘zining favqulodda fikr-mulohazalari bilan davrani qo‘rlantirib yuborardi. Hech qachon, “Nega ogohlantirmading, alohida tayyorlanishim kerak edi”, deb yurakni siqmagan. Matbuotda ham, anjumanlarda ham hamisha eng kerakli, eng dolzarb fikrni ayta oladigan olimning bunday hozirjavobligiga ajablanmasak ham bo‘ladi. Uning turgan-bitgani shu: qozonda borki, cho‘michga chiqadi!

Bir-ikki muloqotda bo‘lgan bilan baribir birovni to‘liq o‘rgandim, deb bo‘lmas ekan. Qolaversa, u odam yana mashhur olim bo‘lsa! Olim degani, bu — olam degani emasmi? Taqdir nasib ekan, Qozoqboy Yo‘ldosh bilan Qashqadaryo, Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida safardosh bo‘ldim. Ko‘pincha urf bo‘lib qolgan: kim safardan qaytsa, “Yo‘lda rosa horibman: bir-ikki kun dam olib charchoqbosdi qildim”,  deb yuradi. O‘sha safarlarda men, ochig‘i, rosa miriqdim. Yo‘ldoshing yaxshi bo‘lsa, yo‘l va tadbir mashaqqatlari ham bilinmas ekan. Bu safarlarda omadim chopgani: menga yo‘ldosh – Qozoqboy Yo‘ldosh edi. Avvalo, Qozoqboy akaning joylardagi mavjud shart-sharoitga indamasdan ko‘nib, ishga kirishib ketaverishi  u kishining nihoyatda kengfe’lligidan dalolat berardi. Keyin huda-behuda gaplarga aralashmasdan, faqat so‘ralganda, o‘rni kelganda qisqa va lo‘nda ma’ruza qilishlari hammaga birdek ma’qul keladi. Men esa, yuqorida aytganimdek, ustoz olimning sodda o‘y-xayollaridan, hayotiy mulohazalari-yu adabiy munozaralaridan miriqdim. O‘zligiga sodiq, kamtar-kamsuqum, balandparvoz shiorlarni yoqtirmaydigan, haqiqiy vatanparvar Qozoqboy Yo‘ldoshni  kashf etdim. 

Bir gal Qozoqboy akadan, “Nega ba’zida o‘zingiz bilib turib, o‘rtamiyona, havaskor ijodkorlarning ham boshini silaysiz?” deb dangal so‘radim. Bunday deyishimning boisi, Uyushmada o‘tgan anjumanlarning birida saviyasi juda past, lekin da’vosi anchagina baland she’rboz kimsaning “yangi asari” muhokamasida, ishtirokchilarning deyarli barchasi unga salbiy baho berdi. Shunda hammani hayratga solib Qozoqboy Yo‘ldosh haligi kimsani noqulay vaziyatdan qutqardi-qo‘ydi. Usta baribir usta ekan-da. Bir qop kurmakdan bir necha guruch topgan kabi da’vogar shoirning muhokama qilinayotgan asaridan bir-ikkita pichoqqa ilinadigan satrlarini o‘ziga xos ohangda o‘qib berdi va tanqidlarni biroz yumshatdi. O‘shanda Qozoqboy akaning shu chiqishi menga yoqmagan edi. Ustoz savolimga javob berishdan oldin gap kim haqida ekanligini so‘rab oldi. Keyin esa samimiy kulimsirab so‘z boshladi:

— O‘sha yigitni ozmi-ko‘pmi bilaman. O‘sha kuni ko‘z oldimda juda izza bo‘ldi bechora. Rahmim keldi. Keyin muhokamaga o‘zi ataylab chaqirgandi. Xullas, gapirmasam bo‘lmasdi…

Gap kelganda otasiniyam ayamaydigan cho‘rtkesar, adabiyot taqdiri uchun murosa nima ekanini bilmaydigan o‘jar, ko‘plar nazdida shafqatsiz tanqidchi Qozoqboy Yo‘ldosh o‘z o‘rnida bolalarcha sodda, bag‘rikeng, kuyunchak odam. 

Darhaqiqat, mardlik, tantilik Qozoqboy Yo‘ldoshning suratida ham, siyratida ham bor. U tashi boshqa, ichi boshqachalarga sira toqat qilolmaydi. Ayonki, har bir sohada yangilikni qabul qilish biroz qiyin kechadi. Bundan adabiyot ham mustasno emas. Ba’zan kasbim taqozosi bilan shunday yangilik – eksperiment asarlar qo‘limga tushib qoladi. Lekin ularni  dabdurustdan e’lon qilish tahririyatga ham, muallifga ham qimmatga  tushishi mumkin. Bunday paytda, albatta, turli “himoya choralari”ni topib qo‘yish lozim. Men uchun bu holatda eng ishonchli vosita — har bir fikri tosh bosadigan Qozoqboy akaning muhim yangilik ahamiyatini o‘quvchilarga soddagina qilib tushuntirib bera oladigan ilmiy taqrizlaridir. Shu ma’noda, qisqa muddat ichida fidoyi olim qalamiga mansub xaloskor taqrizlar qanchalab iqtidor sohiblarining joniga oro kirganidan, ularning kelgusi faoliyatiga yo‘lchi yulduz bo‘lganidan ko‘pchilik bexabar: o‘ng qo‘l berganini zinhor chap qo‘l bilmaydi!

Kuchli mushohada sohibi bo‘lgan Qozoqboy akaning quvvai hofizasiga tan bermaslikning iloji yo‘q. Uchrashuvlarda she’r o‘qishga navbat yetganda, shoirlar bir chetda qolib ketadi. Ustoz-olim soatlab milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining eng sara she’rlaridan yod o‘qiy oladi. Agar arziydigan, ko‘ngliga o‘tirgan bo‘lsa, hali tanilib ulgurmagan yoshlar ijodidan ham namunalar  aytib, ularni birato‘la elga tanishtirib ketaveradi. Bu yoshlarning ko‘pini u shaxsan tanimaydi ham. Faqat matbuot orqali biladi, xolos. Mana sizga, chin olimning, adabiyotshunosning, insonning ibrati! 

Inson aslida mo‘’jiza. Lekin ahli bashar buni hamma vaqt ham tan olavermagan. Bugungi globallashuv asrida u inchunun nazardan chetda qolmoqda. Vaholanki, dunyoni tanish insonni, o‘zlikni anglashdan boshlanadi. Ustoz Qozoqboy Yo‘ldosh ana shu azaliy jumboq yechimini izlayotgan, bu yo‘lda turmushning mayda tashvishlari, ikir-chikirlaridan baland turib, keng tafakkur ummonida quloch otayotgan olimlarimizdan  biri, deb o‘ylayman. Ayni paytda mening ko‘nglimda buni ko‘plar o‘zining faromushligi bois, Qozoqboy akaning o‘zi esa nihoyatda kamsuqumligidan  bilavermasa kerak, degan ishtiboh ham yo‘q emas…

Sirojiddin RAUF,

“Sharq yulduzi” jurnali

 bosh muharriri.   

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + twenty =