Mubtalo bo‘lmay desangiz…

“Charchadingmi, quvvatingni oshir!”, “O‘zingga ishon!”, “Sen albatta uddalaysan!” kabi ruhlantiruvchi so‘zlar bilan boshlanadigan reklamalar bugun qaysi teleradiokanalni qo‘ymang, e’tiboringizni tortadi. Yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan energetik ichimliklar hushyor odamni, albatta, o‘ylantirishi, tashvishga solishi aniq. Cho‘ntakka ham, sog‘liqqa  ham zarari  katta bunday ichimliklar reklamasi ayni paytda qattiq nazoratga olingan bo‘lsa-da, ularni iste’mol qiluvchilar soni kamaygani yo‘q.

 

Fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risi”dagi qonunining 221-moddasiga binoan energetik ichimliklar bo‘yicha cheklovlar joriy qilindi. Endilikda quyidagilar ta’qiqlanadi:

soat 07-00 dan soat 22-00 ga qadar energetik ichimliklarni televidenie va radio orqali reklama qilish;

reklama qilish maqsadida energetik ichimliklar namunalarini o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida tekin tarqatish;

asosan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan yoki tasviridan foydalaniladigan bo‘lsa;

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tasviri tushirilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;

asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek, tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish. 

Bunday ichimliklarni ichadiganlar o‘rtasida o‘ziga xos qimor o‘yinining muntazam tashkil etilayotgani  ularning ommalashishini yanada rag‘batlantirmoqda. Televizor qarshisida o‘tirib, “qimorvozlar”ning reklamasini sanab tugata olmaysiz. Ko‘pchilik yosh xaridorlar ichimliklarni iste’mol qilishni emas, ko‘proq xarid qiladigan mahsulotining qopqog‘idan chiqadigan “yutuq”ni o‘ylaydi. Ayni kunlarda “Nexia” va Lasetti  “Gentra” avtomobili yutish ilinjida  bir «KamAZ» ichimlik sotib olgan “qahramon”ning  videosi ijtimoiy tarmoqlarda juda ommalashib ketdi. O‘sha nodonning stul ustida o‘tirib olib, ichimliklarning qopqog‘idan yutuq izlayotganini ko‘rib, kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmaysan, kishi! 

— Ishxonamizga, bir yigitcha yutuqli aktsiyasi ketayotgan bir xalta ichimlik ko‘tarib keldi. Har birini 4000 ming so‘mdan sotib olganini, bizga esa uni 1000 so‘mdan pullab, evaziga qopqog‘ini berishimizni so‘radi, —  deydi tadbirkor Iskandar Hakimov. — Yigitchaning aytishicha, u ota-onasi tushlik uchun bergan pullarini ana shunday shirin sharbatlarga sarflayotgan ekan. “Spark” avtomashinasining uchta qopqog‘ini topgan azamat, yutuqqa ega bo‘lish uchun to‘rtinchi bo‘lagini qidirayotgan ekan. Buni qarangki, shu paytgacha to‘rtinchi qismini topaman deb, bir ming uch yuz banka ichimlik sotib olibdi…

Bunday mo‘may yutuqlarga ishonib, chuv tushayotgan yoshlarga  achinasan kishi. Nodonlik, johillik, nafs deganlari ham evi bilan-da. Ayni o‘qib, ta’lim oladigan pallasida fikri-zikrini chiqish-chiqmasligi gumon  mashina egallasa!  Yutuqlarga qiziqqan o‘spirin faqat shu bilan cheklanganida edi. Hatto, ijtimoiy tarmoqlarda katta-katta guruhlar tuzilib, yutuqli qopqoqchalarning ayrim qismlari “kim oshdi”ga ham qo‘yilmoqda. 

— O‘g‘lim o‘tgan yilning oktyabridan beri til o‘rganishi uchun bergan pullarimni o‘quv markaziga to‘lamasdan, yutuqli ichimliklarni xarid qilib yurgan ekan. Kundan-kunga asabiylashib, uyqusizlikka chalindi. Ishtahasi bo‘g‘ilib, ozib-to‘zib ketdi. Xavotirlana boshladim. So‘ng oshqozoni qattiq og‘rib qoldi. Tekshirtirsak, ichagida yara paydo bo‘libdi. Surishtirsak, «yutuqli  suvlar»ga salkam 4 million so‘m pul sarflabdi, — deydi chilonzorlik uy bekasi Mavluda opa Ahmedova. 

Energetik va gazlangan shirin  ichimliklarning organizmga salbiy ta’siri haqida oliy toifali gastroenterolog Malika Po‘latova  shunday deydi: 

—  Kuchli gazlangan va ranglangan shirin ichimliklarning organizmga zarari juda katta. O‘smir va balog‘at yoshidagi, ayniqsa, o‘g‘il bolalari bor  ota-onalar farzandlarining qadam olishini nazorat qilmog‘i darkor. Tengdoshlari oldida  maqtanish  uchun energetik ichimlik ichadiganlar ham kam emas. Quvvatbaxsh ichimlik tarkibida kofeinning yuqori miqdorda bo‘lishi bora-bora yurak salomatligiga ta’sir qiladi. Yurak “bujmayib” qoladi.  Jahonda bunday ichimliklardan bolalar, ayniqsa, katta zarar ko‘rmoqda. “Energetik”larni ko‘p ichish yurak faoliyatining ishdan chiqishiga, bepushtlik, qandli diabet va saratonga sabab bo‘ladiki, keyin bunday xastaliklarni davolashga tibbiyot ham ojizlik qiladi. Muntazam ichadiganlar orasida kuchli bosh og‘rig‘i hamda migren paydo bo‘ladi. Qolaversa, ortiqcha kofein inson miyasida bezovtalikni keltirib chiqaradi va bora-bora uyqusizlik kasaliga mubtalo qiladi. Axir tanaga yuqori miqdorda sun’iy quvvat kirgach, odam qanday qilib uxlay olsin? Uyqusizlik esa odamda ko‘plab ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi. Avvalo, mehnat faoliyati pasayadi. Qandli diabetga chalinadi.  Rossiyalik onkolog-gastroenterologlarning fikricha, energetik ichimliklar saraton kasalligining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Tekshiruvlar natijasida gazlangan va energetik ichimliklarni muntazam ichadiganlarda oshqozon osti bezi saratoni 87 foiz ko‘p uchrayotgani aniqlangan. Bilasizmi, hatto gazlangan mineral suv ham xavfsiz emas. Gastrit, oshqozon yarasi bo‘lgan bemorlarga gazlangan ichimliklar  aslo mumkin emas. Qon bosimi ko‘tarilib turuvchi odamlarga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. 

Xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, hozir energetik ichimliklarning jahondagi bozori yiliga 15-18 foiz kengaymoqda. Asosiy iste’molchilar 18-35 yoshdagi yigit-qizlardir. Boshqacha aytganda, ayni ichimliklarga asosan yoshlar ruju qo‘ymoqda. O‘zbekistonda aholining 64 foizini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, muammoning ko‘lami naqadar kengligi ayon bo‘ladi. Ushbu mulohazalarga, energetik ichimliklarni muntazam  ichish gepatit, keyinchalik esa jigarning qurishiga sabab bo‘lishini ham alohida ta’kidlagim keladi. Bu ajalni pulga sotib olishdan o‘zga narsa emas.  

Shifokorning katta tashvish bilan aytgan bu gaplaridan keyin haqli savol tug‘iladi: quvvatbaxsh ichimliklarning tarkibida nimalar bor? Inson ularni iste’mol qilar ekan, nimalarning hisobidan quvvat oladi? Bir zumda kayfiyati ko‘tarilib, dimog‘i chog‘ bo‘lib qoladi? Avvalo, shuni aytish lozimki, bunday ichimliklar inson organizmiga hech qanday qo‘shimcha quvvat bermaydi. Chunki ular hech qanday tabiiy quvvatga ega emas. Ular tanangizdagi sizga Xudo bergan quvvat — resurslaringizni “qarzga oladi”.  Biroq, bu qarzni ertami, kechmi o‘zingiz ortig‘i bilan “qaytarish”ga majbursiz. Qanday qilib? Og‘ir xastalik evaziga! Quvvatbaxsh ichimliklarning deyarli hammasiga qo‘shiladigan moddalarga e’tibor bering: kofein, taurin, guaran, jenshen, “B” guruhiga kiruvchi darmondorilar, melatonin, matein, inozit va hokazo. Bunday xavfli moddalar aralashgan ichimlik organizmni jismoniy va aqliy zo‘riqish bilan ishlashga majbur qiladi. Shuning uchun ayrim Yevropa mamlakatlarida quvvatbaxsh ichimliklarni sotish butunlay ta’qiqlangan. Uni “ajal aralashmasi” deb atashadi. 

Feruza BERDIYEVA,

jurnalist.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 1 =