“Qayda yursam yodi mehring ovunch bo‘ldi” Ustoz Muhammad Yusuf.

Mening sevimli shoirim. Deyarli barcha she’rlarini yoddan bilaman. U bilan ilk tanishuvim, birinchi uchrashuvim sira yodimdan chiqmaydi. Shu kunlarda, xizmat safari bilan Andijonga kelib, Ustoz nomidagi ijod maktabi faoliyati bilan tanishib yuribmanu o‘sha unutilmas kunlar, hayajonli daqiqalar bot-bot xayolimga keladi. Yaxshi eslayman: Muhammad Yusuf bilan tanishuvimga ustoz shoirimiz Sirojiddin Sayyid sabab bo‘lgan edi…

 1997 yil. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘ZMU)ning jurnalistika fakulteti 4-bosqich talabasiman. Jo‘shqin, o‘t-olov, auditoriya, yotoqxonalarni to‘ldirib she’rlar aytib yurgan davrlarimiz. Ustozlardan tortib tengqur do‘stlarimizning gazeta-jurnallarda e’lon qilingan she’rigacha nazarimizdan chetda qolmaydi. Ular xususida bahsu munozaralar qilib, tunni tonglarga ulaymiz. She’r biz uchun hamma narsa, u muhabbat, u omad, u baxt-iqbol, u istiqbol. Muhabbat yoshidamiz, qalbimiz eng pokiza, eng muqaddas tuyg‘ular tug‘yoni bilan entikadi. Ular she’riy injular bo‘lib oppoq qog‘ozlarga to‘kiladi. Gohida ko‘nglimiz to‘ladi, gohida… Shunda ustozlar bisotiga  murojaat qilamiz. Ulardagi betakror satrlar yordamida dil izhorlarimizni egasiga yetkazishga intilamiz. Eh, qanday yaxshi edi hammasi! Pushkin to‘g‘ri aytgan: o‘tgan damlar hamisha totli!..

O‘shanda uch-to‘rtta she’rim matbuotda ko‘rinib, “universitet shoirlari” safiga kirib ulgurgan ekanman shekilli, ustozlarning maslahati-yu ko‘magi bilan birinchi kitobim ham chiqdi. 

O‘shanda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining nazm va nasr bo‘limida xizmat qiladigan Sirojiddin Sayyid bir-ikki turkum she’rlarimni gazetada e’lon qildirgan edi. Yangi kitobimni quvona-quvona u kishiga ham olib bordim. Sirojiddin aka bu yangilikdan xursand bo‘lib, meni tabrikladi. Yoningda yana kitob bormi, dedi keyin. Bor dedim. Unda Muhammad Yusufga ham bergin. Hozir u Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari. Kitobingni bersang, xursand bo‘ladi. Senga o‘xshagan yoshlarni juda yaxshi ko‘radi, dedi. 

Yozuvchilar uyushmasiga borsam, Muhammad aka bir guruh ijodkorlar bilan bino eshigi oldida suhbatlashib turgan ekan. “Kitobim chiqqan edi. Shuni olib kelgandim”, dedim tortinib. “E, tabriklayman. Qani ber bo‘lmasa”. Kitobni qo‘liga oldi-da, “Ie, ichiga hech narsa yozmabsan-ku? Nima, yozib bermaysanmi?!” dedi. 

“Nima deb yozishni bilmadim, uzr, ustoz”, dedim. “Nima yozging kelsa yozib beraver”, dedi jaydari bir yo‘sinda. Nimalardir, deb shosha-pisha yozdim-da, kitobni u kishiga taqdim etdim. “Ha, bu boshqa gap”. U shunday dedi-da, kitobni ochib, duch kelgan birinchi she’rni ovoz chiqarib o‘qidi: 

O‘n sakkiz yoshingda o‘n sakkiz mingta 

Olamlar ergashdi senga, Gul sanam. 

O‘n sakkiz yoshimda o‘n sakkiz mingta

Alamlar ergashdi menga, Gul sanam… 

 — Zo‘r! Juda zo‘r! — dedi. — Xo‘p, kitob uchun rahmat. Tez-tez kelib turgin. Gazeta, jurnallarga qatnashib turishni kanda qilmagin. 

Muhammad akadagi bag‘ri kenglik, olijanoblik, shogirdparvarlik kabi fazilatlar hammada ham uchrayvermasligini keyinchalik anglab yetdim. 

O‘sha uchrashuvdan so‘ng Muhammad aka bilan ko‘p hamsuhbat bo‘ldim. U qaysi davraga kirsa, hammani o‘ziga qaratib olardi. O‘qigan she’rlari mahliyo etardi, qo‘yardi. Ko‘p yillar O‘zbekiston radiosida ishladim. O‘sha kezlari ham Muhammad akadan ko‘p intervyular olganman. Nadomatki, o‘sha suhbatlarni asrab qo‘ymagan ekanman. 

Ayrimlar ba’zida Muhammad akani sodda yozishda ayblaganday bo‘ladi. Ha, u rostdan ham, hammaning shundoqqina tilining uchida turgan, o‘ylab yurgan, ko‘nglini bezovta qilgan tuyg‘u va kechinmalarni qog‘ozga tushirgan. Bu — buyuklik soddalikdadir, degan hikmatning isboti emasmi? 

“Muhammad Yusuf degan shoir she’riyatga qanday kirib kelganini adabiyotimiz sezmay ham qoldi,  — deb yozgan edi O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov. — Ammo u tezda, hammani hayron qoldirib, og‘izga tushib ketdi. Uning ijodi haqida gap ketganda, ko‘pincha qo‘shiqlarini tilga oladilar. U qo‘shiq yozgan ham, o‘zini qo‘shiqchi shoir hisoblagan ham emas. Uning yozganlari nihoyatda dolzarb mavzuda, o‘ta jiddiy, ammo xalq diliga juda yaqin va ravon tilda yozilgan. Shuning uchunmi, hofizlar ularni qo‘shiqqa solib yubordilar. Bu qo‘shiqlar qo‘shiqchilikni ham baland pog‘onalarga olib chiqdi. Qancha-qancha hofizlarni elga tanitdi. Muhammad Yusuf qo‘shiqlari bilan emas, avvalo xalq dardini baralla aytgan, yurt muhabbatini hech kimga o‘xshamagan misralarda ta’riflagan she’rlari bilan tanildi, shuhrat qozondi. Muhammadning she’rlari bir qarashda juda sodda, jo‘n yozilganga o‘xshab tuyuladi. Ammo unga o‘xshatib yozib ko‘ring-chi? Qo‘lingizdan kelmaydi! Uning oson yoziladiganga o‘xshab ko‘ringan misralari muxlislarni yig‘latadi, kuldiradi, o‘z og‘ushiga tortib oladi. Odamlar uning she’rlarini hayajonsiz o‘qimaydigan, kitoblarini do‘konlardan qidirib yuradigan bo‘ldilar”.

Rost. Mana bu satrlarga ham diqqat qiling:

Shaharda sirenlar gullaydi, singlim,

Va yana qandaydir akatsiyalar.

Bedazornimi-ey, qo‘msaydi ko‘nglim,

Birovga aytishga odam uyalar. 

 Qanday dilbar satrlar! Ko‘nglingizni sog‘inch degan issiqqina tuyg‘u o‘rtab yubormadimi. Qanchadan buyon singlingizdan xabar olmadingiz. Ishlarga ko‘milib, ular bilan anchadan buyon gaplashmabsizmi. Yaxshiyam ish degan bahona bor. Yo‘qsa, qanday qilib o‘zingizni oqlar edingiz. Bu tizmalar qalbu shuuringizga eng olijanob kechinmalarni hadya etadi. Singlingizni sog‘inasiz. Keyin o‘zingizni o‘rtaydigan hollar yodingizga tushadi. Shahar juda go‘zal. Ko‘chalari ham, baland-baland binolari ham, daraxtlari ham, gulu gulzorlari ham. Ammo sizni boshqa bir narsa bezovta etadi. Bularning hech biri tabiiy emas. Dilingiz o‘sha bolaligingiz o‘tgan manzillarni, bedazorlarni qo‘msab qoladi. Axir, tabiiylikka, nima yetsin. Shoir o‘sha sof tabiatni sog‘inmoqda. Sizni ham shu betimsol go‘zallikka, Alloh yaratgan borliq sari nazar tashlashga undamoqda.

Bu olamda eng aziz va muhtaram zot albatta ota-ona. Har bir shoirning ijodida bu aziz zotlarga bag‘ishlovlar bo‘lishi tabiiy hol. Muhammad Yusuf she’rlarida ham mavzuga alohida e’tibor qaratilgan deb ayta olamiz. Ustoz shoir Mirtemir yo‘lida yozilgan mana bu misralar kishi qalbini to‘lqinlantirib yuboradi:

 Shoirlik men uchun aslo orzumas, 

Shu ham ish bo‘ldimi yigit boshimga. 

Hamma shoir zotin yig‘sa – arzimas 

Onamni sog‘inib to‘kkan yoshimga.

 Muhammad Yusuf chin ma’noda Vatan, xalq va istiqlol kuychisidir. Istiqlol, Vatan, xalq haqida rost yozdi. Hech narsani ta’ma etmay, muhabbat bilan yozdi. Shu ulug‘ Vatanni, shu mehribon va xokisor xalqni sevib yozdi. 

Men dunyoni nima qildim,

O‘zing yorug‘ jahonim,

O‘zim xoqon,

O‘zim sulton,

Sen taxti Sulaymonim,

Yolg‘izim,

Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

O‘zing mening ulug‘lardan

Ulug‘imsan, Vatanim…

(“Ulug‘imsan, Vatanim”)

Qushday uchib quchog‘ingdan dunyo kezdim, 

Kezib-kezib topganlarim sog‘inch bo‘ldi. 

Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim, 

Qayda yursam yodi mehring ovunch bo‘ldi. 

Aylanayin qaro qoshu ko‘zingdan-a, 

O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim, o‘zingdan-a.

(“O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim”).

 Vatanini ulug‘imsan deb boshiga ko‘targan shoirini Vatan ham e’zozladi. Xalqim deb yurak qoni bilan yozgan she’rlarini xalq ham o‘z yuragiga joyladi. Shoir xalqini sevdi. Xalqi — uni. Vatan mangudir. Xalq o‘lmaydi. Demak, shoir she’riyati ham yashaydi. Ulug‘ shoir Abdulla Oripov Muhammad Yusuf haqida shunday so‘zlarni aytganlar: “Chinakam shoirning qalbida sohir qush doimo sayrab turadi, degan gapni ko‘p bora eshitgandik. O‘sha qush aynan Muhammadjonning yuragida oshiyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko‘zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir kuyni xonish qilganday edi. Men Muhammadjon bilan uzoq yillar mobaynida yonma-yon yashadim, yonma-yon ishladim. Hali yoshlik yillaridayoq bunchalik ko‘p muxlis orttirgan, do‘st-og‘aynisi bisyor ijodkorni kam ko‘rganman. San’atkorlar-ku, uning har bir misrasini sozga olishga tayyor edilar. Bularning sababi nimada? Birinchi navbatda Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga boshqalar hamisha talpinadilar. Odamdan odam uzoqlashishini Xudoyim hech kimga ko‘rsatmasin. U obro‘ talashmas, izzatini so‘roqlab yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor bo‘lishi tabiiy va qonuniydir. Shu kabi yuksak fazilatlari tufayli Muhammad Yusufni xalqimiz ardoqladi”. 

Ha, Muhammad Yusufni xalqimiz ham, davlatimiz ham ardoqlamoqda. Andijonda shoir nomidagi ijod maktabining bunyod etilishida ham uning el-yurtimizga beqiyos xizmatlari mujassam. Ishonch bilan aytish mumkinki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev rahnamoligida tashkil etilgan mazkur maktab kelajakda Vatanimizga Muhammad Yusufdek  xalqparvar, millatparvar ijodkorlarni yetkazib beradi.  

G‘ayrat MAJID.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × five =