Yaxshi ot

Yetuk asar ko‘rkini sinashga bag‘ishlangan “Bir asar tahlili” ruknidagi ilk badiam  1986 yili “Yoshlik” jurnalida chiqqan edi. O‘tgan davr mobaynida bunday bitiklarim soni yigirmaga yaqinlashdi. Yetmish yoshim ostonasida ushbu yo‘nalishda yozilgan yana bir badiamni “Hurriyat” mushtariylari e’tiboriga havola etayotganimdan xursandman.

MUALLIF

 

“Ot minganniki” deydi xalqimiz. Bu hikmatning bir tagma’nosi “Ot eplab mina olganniki” demakdir. Epchil-epaqali odam ko‘rimsizgina samantoyni uchqur tulporga, arg‘umoqqa — Boychiborga aylantiradi. Epsiz-uquvsiz esa, aksincha, Boychiborni qirchang‘i qiladi.

Xalqimizning sevimli qahramoni Xo‘ja Nasriddin afandi yaratgan latifa badiiy nasrning eng ixcham va purhikmat janri sifatida bu qahramonning yuk ko‘tarish bobida tengsiz — eshakka o‘xshaydi. O‘z navbatida, hikoyani — otga,  qissani — tuyaga, romanni — filga mengzasa bo‘ladi. Bitta latifada o‘nta ot kuchi, bitta hikoyada o‘nta tuya kuchi, bitta qissada o‘nta fil kuchini his qilgandek bo‘lasiz. Bu uni yaratayotgan ijodkorning quvvai hofizasi va badiiy mahoratiga bog‘liq, albatta. Masalan, mahorati benazir yozuvchi o‘afur o‘ulom gazetada she’r deya e’lon qilingan “Ot” ataluvchi tizmani ko‘rib, atrofini qurshagan nazmbozlarga badiihaviy yo‘sinda aytgan bir baytning o‘ziyoq uncha-muncha latifadan qolishmaydigan shohbayt sifatida o‘nta ot kuchiga, “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi esa, o‘z navbatida, o‘nta tuya kuchiga ega. Ayniqsa, latifa bilan hikoya eng qisqa nasriy janrlar sifatida gap tagidagi gap, ya’ni, tagma’no bilan ish ko‘rish, bir gapni aytib, boshqa fikrni anglatish bobida favqulodda san’atni talab qiladi. “Roman ochkolar bilan, hikoya nokaut bilan yengadi” degan gap bejiz aytilmagan. Yozuvchi Bahodir Qobilning “Bog‘dagul” hikoyasi (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2019 yil 15 fevral) ham, nazarimda, bu san’atdan benasib emas. Hikoyani jiddiyroq mutolaa va mulohaza qilib qarasangiz, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz.

Avvalo asarning nomiga diqqat qiling: “Bog‘dagul”. Bu so‘z, aslida, bosh qahramonning oti. Bog‘dagi guldek navqiron-navjuvon navniholning o‘simlik va yo o‘smir sifatida aynan O‘smat tuprog‘ida o‘sib-unishi mushkulmi? Axir, qadimiy qishloqlarimizdan biri O‘smat shuning uchun ham “o‘smat” ataladiki, u har qanday o‘simlikning ham, o‘smirning ham o‘sib-unishi uchun eng qulay joy! Shu ma’noda asar qahramoni Bog‘dagulni buyuk Oybegimizning so‘nggi romani “Ulug‘ yo‘l”ning bosh qahramoni Unsinga yana bir singil deyish mumkin. Lekin… bir necha yildan buyon ana o‘sha Bog‘dagulga o‘sib-unish, tub qo‘yib palak yozish, o‘zidan ko‘payish, ya’ni, onalik baxti nasib qilmay turibdi! Nega? Butun hikoya shu savolga berilgan eng to‘g‘ri, eng tagdor javob!

Hikoya, aytish mumkinki, jami yettita latifadan tarkib topgan. Birinchisi “Shamol yetaklagan ayol” deb ataladi. Taqdir shamoli Andijondan uchirib kelib O‘smatga qo‘ndirgan ayolning ruhiy holati latifadagidek jonli va tagdor chizib ko‘rsatilgan. Undagi jami to‘qqiz jumlaning har biri baayni bulbuldek sayrab turibdi. Dastlabki jumlaning mag‘zini chaqib qarang! “O‘zi qishlog‘imizda ikkita Bog‘dagul otliq ayol bor. Biri eskidan shu yerda tug‘ilgan. Patirni zo‘r qiladi. Patir noni bilan oti chiqqan. Kattalar Bog‘da kelin, kichiklar Bog‘da yanga, Bog‘da checha deyishadi. Qishloqda o‘zi shunaqa. Bir odamning bir necha oti bo‘ladi. Otini o‘zi chiqaradi. Ikkinchisining hali oti chiqmagan. Yangi kelin. Andijonlik. Jaloyirdan. Tug‘li-tugli. Qishloq zotu budini bilmaganni kelin qilmaydi. Qilgandayam kelin hisoblamaydi.” Jumladagi har bir gap tagdor. Masalan, “Otini o‘zi chiqaradi” degan gapni olaylik! Jo‘n emas, hikmatli gap bu! Odatda har bir odamga otni ota-onasi qo‘yadi, lekin ular o‘g‘il-qizlarining otini chiqarolmaydi. Odam o‘z otini o‘zi chiqarib, yo yaxshi otliq, yo yomon otliq sifatida tilga tushib, dovrug‘ qozonadi (yo qozonolmaydi). Asli tabiatan yaxshining yomonotliq bo‘lib, deylik, “tumsa”, “qisir” atanishi yaxshilikning alomati emas, albatta. O‘sha yaxshi odamning o‘zi bunday nohaqlikka qanday chidasin! Oldinma-ketin kelin bo‘lib tushganlar orasida “shoshib qo‘ygani uchta, oldi ikkita, ko‘pi bittadan bo‘lsayam yo‘rgak o‘ragan, beshik belagan”, faqatgina mana shu Bog‘dagul… o‘sib-unishni, bola ko‘rishni dil-dildan istaydi-yu bu niyatiga yetolmay qiynaladi. 

Ikkinchi jumla qahramonning ana shu og‘ir ruhiy holatini batafsil tasvirlashga yo‘naltirilgan. Ona bo‘lish umidini yo‘qotayozgan, yurak-bag‘ri o‘rtangan kelinchakning ahvoli shu qadar tangki, eng so‘nggi chora sifatida ota uyiga (Andijonga!) borishga yetarli pul yig‘ib, uy kiyimida Jarko‘chaga qanday chiqqanini, yongan yuragiga eng so‘nggi taskin-tasalli qidirib, madad-malham istab Enaning (hikoyanavisning enasi) oldiga qanday kelib qolganini o‘zi ham bilmaydi. Avvaliga taqdir shamoli uni Andijondan O‘smat qishlog‘iga uchirib kelgan bo‘lsa, endi qishloq kayvonisining huzuriga eltadi. Uchinchi jumladan e’tiboran butun hikoyada asosan Ena urchuq yigirgan ko‘yi pand-nasihat qiladi, Bog‘dagul ularni jon qulog‘i bilan tinglab, keyinchalik xatga bitib, yod olib, og‘ishmay amal qiladi-da, murod-maqsadiga yetadi. Ena o‘gitlarining mahraji quyidagi parchada keltirilgan: “Ortiqcha gap hammaga yuk. Endi bor-da ro‘zg‘oringga egalik qil. Qozon-tovog‘ingga sanqi pishaklar ega chiqib ketmasin. Hidlab qo‘ysa, qatron qilish kerak.” 

Bir qarashda oddiygina voqea, lekin… Ena aytgan har bir gap jo‘n emas, hikmatli, hayotiy, hayotbaxsh, uncha-muncha tasvirdan jonliroq. Darhaqiqat, er — toparmon, xotin — tutarmon bo‘lishi oilaning tinchligi-totuvligi garovidir. “It tekkan” yoki “mushuk tekkan” degan iboralar ham to‘g‘ri, ham ma’joziy ma’noda aytiladi. Enaning o‘gitlari bechora Bog‘dagulga qayta hayotbaxsh etadi. Mana, shulardan ayrimlari: “Yangi joyga qadalgan ko‘chat ham o‘ldim deganda uch yilda yerning suvu havosiga o‘rganadi. Odam ham ko‘chatday gap. Xudo xohlasa, hademay ikki beshikning o‘rtasida charchaganingdan tarrakday uxlab qolmasang, kelib betimga tuf deysan… O‘g‘il tug‘aman desang, maxsini yechma. Dushman oyoqqa qaraydi. Odamning ikkita dushmani bo‘lsa, bittasi sovuq. Sovuq oyoqqa yopishadi. Oyoqdan olgan sovuq yiqitmay qo‘ymaydi. Maxsiyam kelinlikning davlati… Xat-savoding bor. Kunni bekorga kech qilmay kitob o‘qi…”

Baayni tinglovchining dardiga malham, o‘quvchining ko‘zlariga nur, ko‘ngliga taskin beruvchi hayotbaxsh gaplar bu! Ena yigirayotgan ip urchuqda qanday yig‘ilsa, u gapirayotgan hikmatli gaplar tinglovchi bilan o‘quvchining diliga xuddi shunday tugiladi-tugilaveradi. Sirasini aytganda, urchuq yigirgan ko‘yi hikmatli gap aytishga tom ma’nodagi kayvoni Enalargina qodir! Bunday favqulodda ish bilan so‘z birligi hikoyadagi muayyan topildiq, o‘ziga xos badiiy vosita, deyish mumkin. Ena aytayotgan ayrim gaplarning mag‘zini chaqishga o‘quvchi qiynalib qoladi-yov, degan o‘rinlarda muallifning sharhu izohlari beriladiki, bular ham tagdorlikda Enaning gaplaridan qolishmaydi. Masalan, shunday bir jumlani o‘qib, uning mag‘zini chaqing: “Besahat degani qulog‘iga gap kirmaydigan, to‘g‘ri gapni tushunmaydigan degani, buni o‘zimdan qo‘shyapman. Tushunmay qolmang deb. O‘rniga kitobcha gaplarni qo‘shsam, enam gapirmaganday bo‘lib qoladi, shunga. Enam, qani balajon yoziqlarimizni bir o‘qib beringchi, deganlarida o‘qib bersam, Enamning gapi emasligi bilinib qoladi, shunga”. 

Aslida, qahramonni kitobiy tilda emas, o‘z tilida “gapirtirish” aksariyat yozuvchilar uddalayolmaydigan ulkan san’at hisoblanadi. Chunki aytuvchining gaplarini aynan-bexato yozib oluvchi sifatida ish ko‘rishni uncha-muncha yozuvchi uddalayolmaydi-da. Ko‘p yozuvchilarning bitiklari o‘z qahramonlariga o‘qib berilsa, ular “Yo‘q, men bunday demaganman!” deb tonishi mumkin. Lekin hikoyadagi Enaning har bir gapi… shu qadar xalqona, sodda, aniq, teran hikmatliki, ular quruqdan-quruq pand-nasihat emas, samimiy dil izhori, hayotiy tajribaning qaymog‘i, oila kodeksi, qadim turk tilidan qadim lotin tiliga tarjima qilingan sir-sinoatli so‘zlardek, o‘ziga xos. 

Bunday hayotiy tajribada obdon sinalgan sidqidil gaplarni qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib, diliga  naqshlab olgan tinglovchi ham, o‘quvchi ham nainki bepusht, umuman, bebaxt-u badbaxt bo‘lishga haqqi yo‘q! Xudo haqqi! Enaning “Qishloqni uyatga qo‘yma. Uyiga qaytib borib birorta baraka topgan kelin bo‘lsa, mana, men eshitgan bo‘lardim. Ana, soy ham!” singari vazni saqmonning toshidek og‘ir va mag‘zi to‘q gaplarini qon-qoniga singdirib, ularga og‘ishmay amal qilinganida edi, bironta qishloqda bironta ajralish ro‘y bermasligi muqarrar edi. Ayniqsa, shu gaplardan oldin aytilgan nasihatga alohida e’tibor bering: “Birov sal xafa qilsa, Enamga aytaman de, men ruxsat berdim”. Bu gapning tagidagi ma’noni tushunyapsizmi? Naql qilishlaricha, nohaqlikdan yuragi o‘rtangan rus mujigi o‘ziga jafo qilgan kimsani “Naq Tolstoyga arz qilaman!” deya qo‘rqitgan ekan. Lekin, buyuk rus mutafakkiri ham bepoyon mamlakatida emas, aqalli Yasnaya Polyanasidagi bironta odamga Ena aytgan ana o‘sha gapni aytganmi — ayta olganmi ekan, bunisini o‘ylab ko‘rish kerak. Agar jonajon yurtimizdagi har bir qishloqda har bir kayvoni kampir shu Enaning gapini ayta olganida edi, har bir qishloq ahlining Enadek suyanar tog‘i bo‘lganida edi, hech kim hech kimni hech qachon xafa qilmas, “dilozorlik” deganlari tag-tugi bilan qurib ketishi muqarrar edi, shunday emasmi? Afsuski, bu shirin orzu! Lekin hikoyadagi Enaning xayoli va muallifning bu xayol sharhida bitgan gaplari!.. Tag-tugi naqadar teran-tubsiz! 

“Enamning xayoli Kattasoyga enganida qushlar ham jim turadilar. Tek turadilar. Kattasoy xayoli Enasoygacha ketadi. Edil bilan dillashib, Yoyiqqacha yoyiladi, yoziladi. Enasoy boshlanadigan Tangri tog‘ qorlaridan aylanib tushib, Oyqorning oy suratlig‘ qorlariga kelib damsar urib o‘ziga kelmaguncha hech kim gap qo‘shmaydi. Qush ham, quzg‘un ham”. Ha, shunday! Hattoki qarigan chog‘larida baayni navjuvon-navqiron kelinchakdek Enasoyning u qirg‘og‘idan bu qirg‘og‘iga qiynalmay suzib o‘ta olgan chinakam Enaning xayoli — xalqimizning mangu barhayot ruhi poki oldida quruq gapga ne hojat! 

Hikoyadagi yettita latifadan qolgan oltitasining otlariga diqqat qiling: “Oting nima edi?”, “Enamning “politika”si”, “Tabassum tahoratni buzmagan”, “Deraza ortidagi erkak”, “Deraza ortidagi hayot”, “Bog‘da gullar orasida”, “Deraza ortidagi yulduzlar”. Shunday atalgan latifalarning mag‘zini chaqib, latif tagma’nolarini anglab yetish o‘zingizga havola, aqalli otlar zamiridagi ma’nolar mag‘zini, keling, birgalashib chaqaylik.

Hikoya yana bir jihatdan ibratli deb o‘ylayman. Gap shundaki, adabiyotimizda hikoyalardan tarkib topgan qissa tajribasi yaxshigina shakllangan. Masalan, Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur”, “Jayhun ustida bulutlar”, “Ibn Sino qissasi” va “Aljabrning tug‘ilishi”, Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” tarixiy asarlari. Lekin latifalardan (latifasifat qatra-lavhalardan!) tarkib topgan hikoya tajribasi ayni shu “Bog‘dagul” asarida ilk bor ko‘zga tashlanib turibdi. Shunisi bilan ham mazkur hikoya hozirgi adabiyotimizda kam uchraydigan hodisalardan, deb o‘ylayman. Tilak bildiramanki, iloyo hammaning yaxshi oti chiqsin! Yaxshi kelin, yaxshi qaynona, yaxshi Ena, umuman, yaxshi Odam, yaxshi Yozuvchi bo‘lish nasib qilsin!

OTAULI.s

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =