Ayb uyushtirgan ikki general ishdan olindi

Ulardan biri Rossiya IIV Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, politsiya general mayori Yuriy Devyatkin bo‘lsa, ikkinchisi bosh boshqarmaning G‘arbiy ma’muriy okrugi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, politsiya general mayori Andrey Puchkovdir. Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokoltsev “Meduza” internet-nash­ri muxbiri Ivan Golunovga nisbatan jinoiy ish harakatdan to‘xtatilganidan so‘ng V.Putindan generallarning iste’fosini so‘ragan edi, deb yozadi Rossiya nashrlariga tayanib kun.uz.

 

O‘zining o‘tkir jurnalistik tekshiruvlari bilan tanilgan jurnalist Ivan Golunov 6 iyun kuni Moskvada qo‘lga olingan. Katta miqdordagi narkotik moddalar saqlashda ayblangan muxbirga bunday jinoyat uchun 20 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin edi.

O‘zi ham, uning ham­kasb­lari ham, hibsni jurnalistlik kasb faoliyati bilan bog‘ladi. Golunovning aytishicha, so‘roq asnosida unga advokat berilmagan.

Ichki ishlar xodimlari uni bir necha marta urishgan, qattiq azoblashgan. Bildirilgan taxminlarga ko‘ra, jinoiy ish ochilishiga jurnalistning FSB (Rossiya Federal xavfsizlik xizmati) general-polkovnigi va uning yordamchisining dafn ishlari bo‘yicha biznesi yuzasidan tayyorlayotgan jurnalistik surishtiruvi sabab bo‘lgan.

Jurnalistlar, so‘ngra butun Rossiya oyoqqa turdi. Moskva politsiyasining bosh binosi oldida piketchilar paydo bo‘ldi. So‘ng odamlar namoyishga chiqdi. Mamlakatning «Vedomosti», «RBK» va «Kommersant» singari nashrlari 10 iyun kuni birinchi muqovasida «Mы Ivan Golunov» («Biz hammamiz Ivan Golunovmiz») bayonoti bilan chiqdi. Bu bayonotda ayni kulfat ertaga har bir fuqaroning boshiga solinishi mumkin bo‘lgan tuhmatdir, degan tashvish bor edi. Shu tariqa, bu gazetalar narkotik saqlashda gumonlanib qo‘lga olingan jurnalistni qo‘llab-quvvatlashda yakdillik qil­di. “Biz Ivan Golunovning qo‘lga olinishida ishtirok etgan ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlarini sinchiklab tekshirishni talab qilamiz”, deyilgan edi ularning bayonotida.

Turli yillarda Slon. ­ru (hozirda Repub­lic), Forbes, «Vedomosti», RBK nashrlarida va «Dojd» telekanalida ishlagan, 2016 yildan buyon «Meduza»da faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Ivan Golunovning so‘nggi yillardagi materiallari mavzusi asosan korruptsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan.

U qo‘l urgan mavzular: «Tobut, qabriston, milliardlab rubl». Amaldorlar, polkovniklar va banditlar dafn marosimlari bozorini qanday bo‘lib olishgan?

Ikkita «Yelisey» hajmidagi penthaus. Moskva vitse-meri Petr Biryukovning oilasi qanday yo‘l bilan milliardlar ishlagan va dang‘illama hovlilar sotib olgan?

Ko‘chirib yuboruvchilar 5 yil ichida «qora kreditorlar» Moskva va uning atrofida qarzdorlardan besh yuzdan ortiq kvartirani tortib olgan.

Moskva Tver ko‘chasi uchun 2 million rubldan girlyandlar xarid qildi. Ular 5 barobar arzon edi. “Meduza»ning 2017 yildagi shov-shuvli maqolasi Moskvani yangi yil bayrami arafasida bezatish uchun sotib olingan chiroqlar haqida edi…

Tergov materiallarida Golunov «qachondir» «qaerdadir» «kimdandir» keyinroq sotish maqsadida beshta idishdagi narkotik moddalari sotib olgani ko‘rsatilgan. «Ammo jinoyat sodir etishiga yo‘l qo‘yilmasdan, u qo‘lga olindi», deyilgan tergov ma’lumotida. Politsiya Golunovning uyi tintuv qilingani haqida xabar berib, uning kvartirasida olingan suratlar sifatida to‘qqizta suratni tarqatdi. Suratlarda katta paketlardagi ximikatlarni ko‘rish mumkin edi. Ammo Moskva shahar IIBB xabarida gap faqat uchta paket haqida ketayotgani aytilgan, paketlar soni ham hajmi ham suratlardagiga mos kelmasdi. Ko‘p o‘tmay, Ichki ishlar vazirligi Ivan Golunovning qo‘lga olinishiga ilova qilingan suratlar uning kvartirasiga oid emasligini rasman tan oldi. Jurnalistga qo‘­yilgan ayblar isbotini topmadi.

Shunday qilib, Ivan Golunov ishi bo‘yicha ko‘tarilgan shov-shuv mamlakat Prezidentigachayetib bordi va ikki general lavozimidan mosuvo bo‘ldi. Hozircha.

Internet materiallari asosida

Zilola MUZAFFAROVA tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =