Koinotning kitobdagi in’ikosi

Taniqli adabiyotshunos va publitsist Zuhriddin Isomiddinovni uchratib qoldim. Hol-ahvol so‘rashdik. Gap aylanib, mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar, Toshkent shahri va viloyatlarda qad rostlayotgan yangi mavzelar, osmono‘par binolar, umuman zamonning tezkorligiga borib taqaldi.

 

— Kunlarimiz tez o‘tib ket­yapti, shunga mutanosib umrimiz ham, — deydi olim. — O‘girilib qarashga ulgurmasingdan o‘nlab yangilikka duch kelasan. Butun dunyo tezlikni oshirib harakat qilmoqda, nachora, biz qarab o‘tirmaymiz-ku. Tez pishar mevalar, sabzavotlaru poliz ekinlarini aytmaysizmi. Yaqin-yaqingacha ham avval handalak chiqardi. Hozir esa qovun-tarvuzdan boshlayapmiz… Shu ma’noda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni, kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni, xalq­imizning iqtisodiy, madaniy hayotiga oid qabul qilinayotgan farmon va qarorlarni hayot taqozosi sifatida qabul qilish kerak. Eng muhimi, bu yumushlarning barchasi el-yurt ravnaqi yo‘lida, kelajagimiz uchun bo‘lyapti. Axir qancha-qancha vaqt­ni, necha-necha zamonlarni boy berib qo‘ydik…

— Yaqinda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi, — deyman men. — Unda Respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishning hozirgi sharoitida axborot-kutubxona faoliyatini yanada rivojlantirishning maqsad va vazifalari belgilab berilgan. Shuningdek, sohada bir qator muhim o‘zgarishlar o‘tkazilishi aytilgan. Darvoqe, siz bir necha yil mamlakatimizning bosh kutubxonasida direktor bo‘lib ishlagansiz. Bu sohaning yutuq-muammolarini yaxshi bilasiz.

— Bu borada o‘ylab yurgan gaplarim yo‘q emas va ularni qog‘ozga tushirib, ko‘pchilik e’tiboriga havola qilish taraddudidaman. Dunyo ko‘rgan bir olim aytgan ekanki, “Yaxshi kutubxona koinotning kitobdagi in’ikosidir”. Haqiqatan ham shunday. Tilimizdagi “kitob­lar olami” kabi so‘zlar ham o‘sha ma’nolarni beradi. Ota-bobolarimiz azaldan kitobni juda aziz tutishgan. Uni peshonalariga surtishib, uyning to‘rida asrashgan.

Ta’kidlamoq lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishga oid qarori quruq joyda paydo bo‘lmagan. U o‘zining chuqur ildizlariga ega. Bunga misollar ko‘p. Abu Ali ibn Sino haqidagi ibratli rivoyatni olaylik. Tabib hali yoshlik chog‘laridayoq tabobatda mashhurlik kasb etib, dovrug‘i Buxoro Amirigachayetib boradi. Valine’matni davolagan yosh hakimga Amir “tila tilagingni” deydi. Shunda yosh shifokor hukmdordan tilla emas, kitob so‘raydi, kutubxona so‘raydi. Amirlik kutubxonasiga kirgach, Abu Ali ibn Sino o‘zi ko‘rmagan, bilmagan, eshitmagan kitoblarning ko‘pligini ko‘rib, hayratga tushadi. Zotan, ilmu urfonsiz kitob ham, kutubxona ham yo‘q.

Aytishlaricha, dunyoda bor-yo‘g‘i 56 tilda kitob chop etilarkan. Ana shularning biri o‘zbek tilidir. Bu ne’mati uchun Yaratganga beadad shukrlar qilsak arziydi. Ammo kechagi kunimizgacha milliy tilimiz, demakki, madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz tazyiq ostida bo‘lganini ham bot-bot eslab tursak, foydadan holi emas. Bir misol. Ye.Kal degan bir sharqshunosning keltirishicha, o‘tgan asrning boshida Toshkent xalq kutubxonasida bor-yo‘g‘i 87 qo‘lyozma asar bo‘lgan. Shundan 7 tasi arab, 11 tasi turk va 69 donasi forscha ekan, deydi u. Axir 1860 yildan boshlab qal’alarimiz, ular ichidagi machit va madrasalarimiz, ularning ham ichidagi kitoblarimiz, kitobdorlarimiz, qimmatli qo‘lyozmalarimiz oq poshshoning to‘piga nishon bo‘lib kelgan bo‘lsa, qaerdan ham qo‘lyozmalar omon qolsin… Yana bir gap shuki, sho‘rolar yuqoridagi kabi ma’lumotlarga asoslanib, sovet hukumati davriga qadar O‘zbekistonda aholining bor-yo‘g‘i 2 foizigina savodli bo‘lgan, degan tuxmatlarni kechagi kunimizgacha sudrab kelishdi. Ularga ko‘ra, rus-tuzem maktablarini bitirmagan odam borki, savodsiz. Bundan tashqari, Turkiston general-gubernatori M.Chernyaev 1882 yildayoq Toshkentdagi xalq kutubxonasini yoptirib yuborgani aytiladi. Ana shunaqa, tarixda nafaqat butun Turkiston, ayni paytda, uning kitob­lari-yu qo‘lyozmalari ham yo‘q qilib tashlandi. Chor hukumati va sho‘rolarning arab yozuvidagi madaniy yodgorliklarimizning kushandasiga aylanishining yana bir sababi keng aholi o‘rtasiga o‘zining alifbosi orqali madaniyatini olib kirish bo‘lgan.

Bunday bo‘shliqlarni to‘l­dirish uchun esa shoshilmog‘imiz kerak. Ana shu ma’noda  Prezidentimizning axborot-kutubxonalariga oid qarori juda muhim ahamiyatga ega. Jumladan, axborot-kutubxona faoliyatiga, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, fondlarni to‘ldirish va saqlash, kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyat, kadr­larni tayyorlash, qayta tayyorlash va rag‘batlantirish, xalq­aro hamkorlikni kengaytirishga jiddiy ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar juda katta madaniy, ma’naviy, ijtimoiy-iqtisodiy faollikni talab qiladi. Qarorda darj etilgan yana bir masala diqqatni tortadi. U umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha axborot-resurs markazlarini tugatishga oiddir. Ma’lumki, mamlakatimiz mustaqilligi qo‘lga kiritilgandan keyin ta’limni isloh qilishga jadal kirishildi. O‘nbir yillik maktablar to‘qqiz yilga tushirilib, ta’lim kollej va litseylarda kasb-hunar o‘rganish bilan davom ettiriladigan bo‘ldi. Umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida axborot-resurs markazlari ochildi. Bunday markazlarni zudlik bilan kompyuter va boshqa texnika vositalari bilan ta’minlash ta’kidlandi. Ammo bu ishlar qaerda bajarildi, qaerda — yo‘q. Kompyuter texnikasi bilan jihozlangan ta’lim muassasalarida ham ishlar o‘lda-jo‘lda qoldi. Xususan, qish­loq joylaridagi umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida texnikani ishlatib, bolalarni o‘rgatish uchun mutaxassislaryetishmas, bundan ham qizig‘i, ayni mashg‘ulot o‘tkaziladigan paytda maktabda elektr bo‘lmasdi. Shu tariqa o‘nlab qishloq va tuman markazlaridagi ta’lim muassasalariga falon pulga olib kelingan “orgtexnika” yillab chang bosib yotdi. Bir so‘z bilan aytganda, to‘qqiz yillik ta’lim ham, yangitdan tashkil etilgan axborot-resurs markazlari ham o‘zini oqlamadi. Shu bois ham Prezidentimiz qarorida Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish, shuningdek, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha axborot-resurs markazlarini tugatish; umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarining kitob fondlari va shtat birliklarini yangidan tashkil qilinayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga berish; axborot-resurs markazlarini tugatishda umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining kutubxonalarini amaldagi normativlarga muvofiq tegishli kitob fondi va shtat birliklari bilan birga saqlab qolish ko‘rsatilgan. Agar diqqat qilinsa, qarorda kitob va kutubxona masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, unda bugungi kutubxonalar va kutubxonachilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga va xalqaro amaliyotga mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlanadi. Shu munosabat bilan soha xodimlari oldiga fuqarolarning axborotdan erkin foydalanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquq­larini, shu jumladan, milliy qadriyatlar va jahon madaniyati, amaliy va fundamental bilimlardan bahramand bo‘lishini ta’minlaydigan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatishning sifat jihatdan yangi tizimini yaratish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish ustuvor vazifa qilib qo‘yildi.

Demak, soha xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanmoqda. Aslini olganda, bu yumushlar, xususan, qishloq va tumanlar markazlaridagi maktablar va ish joylariga kitob­laryetkazib berish yurtimizda ancha oldin boshlangan. Xususan, keyingi oylarda poytaxtimizdan viloyatlarga kitob karvonlari boribyetdi. Bu borada Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga va Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumaniga jo‘natilgan kitob karvonlari ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi, deb o‘ylayman. Bunday marosimlar maktablarning jamoalari, umuman, xalq tomonidan katta tantanalar bilan kutib olinayotganini alohida ta’kidlash zarur. Chunki maktablarimizning asosiy qismidagi kutubxonalar fondlari asosan kiril alifbosida chop etilgan adabiyotlarni tashkil etadi. Farzandlarimiz esa maktabda lotin alifbosida ta’lim olishdi. To‘g‘risi, keyingi yaqin yuz yilda sho‘rolarning tazyiqi va mahalliy rahbarlarning ta’limga bepisand­ligi oqibatida O‘zbekistonda to‘rt marta alifbo o‘zgardi. Demak, to‘rt avlod bir-birining yozganiga qariyb “tishi” o‘tmaydigan bo‘ldi… Shu jihatdan tumanlarga yo‘l tortgan kitob karvonlarida lotin alifbosida chop etilgan adabiyotlarni ko‘paytirish kerak. Nashr­iyotlarimiz o‘zbek yozuvchilarining shu paytgacha kiril harfida nashr qilingan eng sara asarlarini qayta chop etishni yo‘lga qo‘yishlari lozim. Zero, aytganimizdek, lotindagi badiiy kitoblar, bosh­qa ilmiy-ma’rifiy mavzudagi adabiyotlar hozircha tan­qis.

Ana shular haqida o‘ylar ekanman, maktabda o‘qib yurgan yillarim, kolxozda kutubxonachilik qilgan kezlarim yodimga tushadi. Esimda, maktab kutubxonasi shunday yo‘lakni to‘sib yasalgan xonadan iborat edi. Kitob javoniga yaqinlashib bo‘lmasdi. Chunki o‘rta to‘silgan edi. Shunday bo‘lsa-da, kutubxonachimizning yordami bilan kutubxonada qanday kitoblar borligini yaxshi bilardik. Iloji boricha ko‘proq kitob o‘qishga harakat qilar edik. Bu borada sinfdosh bolalar bilan shart boylashib o‘qirdik. Bir zamon bo‘ldiki, kechda maktabda o‘qib, kunduzi o‘t o‘chirish xizmatida haydovchi bo‘lib ishladim. Xizmatim shundoq kutubxona yonida edi. Hozir o‘ylasam, xudo tinchligini qo‘yib bersa, kitob mutolasi uchun o‘t o‘chirish komandasi a’zosi bo‘lishdan yaxshi ish yo‘q ekan…

Biroq bugungidek sharoit har doim ham bo‘lavermaydi. Prezidentimiz qarorida belgilanganidek, axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish markazlari, xalq kutubxonalarining yangidan tashkil etilishi — juda ulug‘ ish. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan tadbirlarning yaxshi natijalarga erishishi uchun poydevor — imonli, e’tiborli va ma’rifatsevar xalqimiz bor. Faqat aytilgan yumushlarga ichki madaniyat, elimizning azaliy qadriyatlarini unutmasdan, dilni pok tutgan holda yondoshsak, o‘ylagan maqsadimizga albatta erishamiz.

Shu o‘rinda axborot-kutubxona masalalari bilan bog‘liq bir muammoga to‘xtalishni istardik. Kechagi kunlarni qo‘ya turaylik, hozirda ham kutubxonachilar maoshlarining past­ligi, ayrim nashriyotlarda qalam haqi deyarli berilmasligi yoki arzimas miqdorda nomigagina berilayotgani har qanday odamning nafsoniyatiga tegadi. Mana shunday sharoitda kim kutubxonachi bo‘ladi-yu kim malakali asar yozadi? Prezidentimizning nomi qayd etilgan qarori ana shunday kemtiklarni bartaraf etishga, kutubxonalar kitob olamining haqiqiy in’ikosi bo‘lishiga yo‘l ochishi shubhasiz.

 

Yoqubjon

XO‘JAMBERDIYEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =