Taka bo‘lsin, sut bersinmi? Qachongacha?

Keyingi vaqtda e’lon qilinayotgan yangi qonun va qarorlar loyihasining aholi, jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilayotgani quvonarli hol. Bunda ommaviy axborot vositalarining, jumladan, televidenie, bosma nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni juda katta bo‘layotganligini e’tirof etish zarur. Eng muhimi, bu kabi muhokamalar jarayonida xalqimizning bildirayotgan haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan qonun va qarorlar bo‘yicha, vakolatli davlat organlari tomonidan ushbu e’tirozlarni o‘rinli deb topib, tegishli normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi, albatta, jamiyatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan darak beradi.

Aslida esa butun bir xalq hayotiga oid qaror qabul qilayotganda  yana o‘sha xalqning o‘zi aytganidek:yetti o‘lchab, bir kesilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biroq… “Taka bo‘lsin, sut bersin” qabilida qabul qilinayotgan qarorlar yuqorida aytilgan ijobiy o‘zgarishlarga rahna solmay qolmaydi. Prezidentimiz o‘zining har bir chiqishlarida,  katta va kichik mansabdorlar bilan muloqotlarida bir gapni — hamma sohalarda xalqqa yaqin bo‘lishni, muayyan masalada qaror qabul qilganda xalqning ehtiyojlaridan kelib chiqib yondoshish kerakligini alohida ta’kidlaydi.

Vazirlar Mahkamasining  joriy yil 7 iyunda e’lon qilingan “Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ko‘pchilik fuqarolarimizning e’tirozlariga, jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Mazkur qaror yuzasidan ko‘plab yurtdoshlarimiz, saylovchilarimiz o‘zlarining fikr­larini bildirib, ushbu masalada yordam so‘rab murojaat qilmoqdalar.

Xo‘sh, gap nimada? Avvalo, qarorda 2019/2020 o‘quv yili uchun bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish 2019 yil 20 iyundan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi nazarda tutilganini aytib o‘tish kerak.

Birinchi e’tiroz: qarorga binoan, tegishli maktabga qabul qilish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishi nazarda tutilgan. Ko‘pchilik aholining yashash manzili esa Davlat xizmatlari markazi joylashganyerdan ko‘ra o‘sha maktabga yaqinroq. Biroq, nega maktab yaqinidagi aholiga asosiy kvota bo‘yicha ushbu ta’lim muassasasining o‘ziga borib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyati berilmayapti? Xalqning uzog‘ini yaqin, og‘iriniyengil qilish shunday bo‘ladimi?

Ikkinchi e’tiroz: ushbu qaror bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq tuman (shahar) hokimliklari zaruratga ko‘ra tegishli yilning 1 yanvariga qadar umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlarni tasdiqlashi belgilangan. Savol tug‘iladi: maktablarga hududlarni biriktirish bo‘yicha biror bir mezonlarni belgilamasdan turib, hokimliklarga umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlarni tasdiqlash vakolatini berishning qanday zarurati bor? Shundoq ham, hokimiyatlarga berilgan vakolatlardan noqonuniy manfaatlarda foydalanilayotgan ho­latlarga misollaryetarlicha emasmi? Buning o‘rniga, ta’lim berish tilini inobatga olgan holda tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzilda joylashgan xonadonlar o‘sha umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hudud deb hisoblanishini; bunda, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamdayetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, shu maktabda akasi yoki singlisi o‘qiyotgan bolalar uchun ustuvorlikni belgilash to‘g‘ri va adolatli emasmi?

 Qarorda  qabul kvotasi asosiy va qo‘shimcha kvota turlariga ajratilgan:

Asosiy kvota — tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamdayetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda shakllantiriladi;

Qo‘shimcha kvota — umumta’lim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tash­qarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshigayetmagan, ya’ni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 avgustiga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar (tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan), shuningdek, umumta’lim muassasalarida ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun ajratiladi.

Shuningdek, ushbu reglamentdagi asosiy kvota asosida qabul qilish tartibiga ko‘ra, umumta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘ladigan bolalar qabul qilinishi nazarda tutilgan. Shulardan kelib chiqib:

Uchinchi e’tiroz: nima uchun asosiy kvotaga   ta’lim berish tilini inobatga olgan holda tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzilda joylashgan xonadonlarda yashovchi bolalar to‘liq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilmayapti? Bunda boshqa tilda ta’lim beruvchi maktabga ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lgan bolalar nega ko‘rsatilmagan?

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 41-moddasida bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanishi, shuningdek, amaldagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda maktabning birinchi sinfiga bolalar olti-etti yoshidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Garchi ushbu qonun, bugungi kun talabidan kelib chiqib aytganda, yangi tahrirga muhtoj bo‘lsa-da, bu qonun hali bekor qilinmagan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining   2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomda, jumladan,  Davlat umumta’lim muassasalarida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshirilishi; Davlat ta’lim standartlariga muvofiq har bir shaxsning ta’lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish umumiy o‘rta ta’limning maqsadi hisoblanishi; Umumta’lim muassasasi rahbariyati mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida umumta’lim muassasasiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanishi; Umumta’lim muassasalarining I sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinishi; Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, I sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta’lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qishga jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi belgilangan.

Yuqoridagilardan  kelib chiqib, nima uchun 6 yoshga to‘lgan, biroq, tegishli yilning 31 dekabriga qadar 7 yoshga to‘lmagan bolalarni asosiy kvota asosida bepul asosda qabul qilinishi nazarda tutilmagan? Bu yoshdagi bolalarni asosiy kvota asosida qabul qilinmasligi hamda ularning faqat ma’lum miqdordagi pul evaziga qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi amaldagi Konstitutsiyamiz va qonun normasiga zid-ku! Qolaversa, ushbu reglamentdagi belgilangan bu kabi qoidalar, umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizom talablariga ham mos kelmaydi-ku?

To‘rtinchi e’tiroz: Reglamentga ko‘ra, bolalarni umumta’lim muassasalariga yo‘llanmalar mavjud bo‘lmaganda rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lganda (sog‘lom ekanligi ko‘rsatilganda) bola umumta’lim muassasasiga qabul qilinishi belgilangan. Ko‘rinib turibdiki, tegishli umumta’lim muassasasiga yo‘llanmaga ega va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy xulosa mavjud bo‘lganda (sog‘lom ekanligi ko‘rsatilganda) bolaning tegishli umumta’lim muassasasiga qabul qilinishi shart ekanligi va hech qanday asosda bunday bolalarni maktabga qabul qilishni rad etish mumkin emasligi ko‘rsatib qo‘yilgan. Bu kabi majburiyat belgilanmaganligidan ta’magirlik maqsadida foydalanadiganlar uchun tirqish bo‘lmaydi, deb kim aytaoladi?

Beshinchi e’tiroz: ushbu qaror bilan, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab bolalarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish jarayoni Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladigan ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlangan. Shuningdek,  Reglamentga ko‘ra, qo‘shimcha kvota umumta’lim muassasalarining imkoniyati darajasida, umumta’lim muassasasining o‘quvchilarni qabul qilish uchun malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi, sinf xonalarining o‘quv mebellari bilan jihozlanganligidan kelib chiqib Kuzatuv kengashining tavsiyasi va umumta’lim muassasasi rahbarining buyurtmasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Bunday tartib bilan Toshkent shahrida bir qator maktablarga qabul to‘lov evaziga amalga oshirilishi belgilandi.  Mazkur holat bilan hukumatimiz jamiyatda umumiy ta’limning bepul ekanligi bo‘yicha mavjud Konstitutsiyaviy printsip va Konstitutsiya­viy huquqqa puturyetkazib qo‘ymaydimi?

Bundan tashqari, ushbu ro‘yxatga kiritilgan aksariyat (balki barchasi ham bo‘lishi mumkin) umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilarning soni ushbu muassasalarning imkoniyatidan deyarli ikki barobar ko‘p bo‘lib, ikki smenada o‘qish tashkil etilgan-ku. Shuningdek, ushbu muassasalarning aksariyatida ko‘plab fan o‘qituvchilari bo‘yicha ham vakant ish o‘rinlari mavjud. Nima uchun, reglament talablariga javob bermaydigan, ya’ni, imkoniyatidan o‘quvchilari soni ko‘p bo‘lgan, ikki smenada o‘qish tashkil etilgan va fanlar bo‘yicha o‘qituvchilaryetishmaydigan umumta’lim muassasalari qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan muassasalar ro‘yxatiga kiritilgan? Nima uchun, xalqimizning asosiy kvota hisoblanadigan farzandlari qo‘shimcha pullik kvota asosida qabul qilingan o‘quvchilar hisobiga ikkinchi smenada o‘qishi kerak? Bu kabi holatlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qilishdan tashqari, xalqimizda haqli e’tirozlar uyg‘otishi tabiiy.

Ha, mazkur qaror bir qator o‘zgartishlarga muhtoj. Jumladan, joriy yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan hamda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan barcha bolalarni tegishli maktabga qabul qilishda aholiga asosiy kvota bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli ta’lim muassasasiga murojaat qilish imkoniyatini berish;

Ta’lim berish tilini inobatga olgan holda tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzilda joylashgan xonadonlar o‘sha umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hudud deb hisoblanishi; bunda, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamdayetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, shu maktabda oilaning boshqa farzandlari o‘qiyotgan bolalar uchun ustuvorlikni  belgilash;

Boshqa tilda ta’lim beruvchi maktabga ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lgan bolalar asosiy kvotani tashkil etib, bunda, tegishli ta’lim muassasasiga eng yaqin manzildagi xonadon farzandlariga, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamdayetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, shu maktabda oilaning boshqa farzandi o‘qiyotgan bolalar uchun ustuvorlikni  belgilash;

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta’lim muassasalariga qabul qilish uchun mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan hamda tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan hamda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnomada o‘qishga tavsiya etilgan tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan barcha bolalarni tegishli umumta’lim muassasalarida 15 avgustga qadar tushgan arizalar asosida ro‘yxatini shakllantirish; bunda, sinflardagi o‘quvchilar sonining 35 nafardan oshib ketishiga, ikki smenadan ortiq smenada mashg‘ulotlar olib borilishiga  yo‘l qo‘ymasdan (keyinchalik bunday maktablar uchun qo‘shimcha binolar qurishni nazarda tutgan holda), zarur hollarda tegishli moliya bo‘limlari orqali yangi tashkil etiladigan sinf­lar bo‘yicha moliyalashtirish ishlarini hal etgan holda qo‘shimcha qabulni 31 avgustga qadar yakunlash. Bunda, bolalarning yashash manzilini tegishli maktabga qanchalik yaqinligi hamda ustuvorlik huquqiga qat’iy amal qilinishi shart. Qo‘shimcha kvota bo‘yicha umumta’lim muassasalariga qabul qilishni to‘liq bepul asosda amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 10 millionga yaqin farzandlari maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimi bilan qamrab olingan. Ular o‘z hayotining dastlabki 20 yilini ta’lim muassasalarida o‘tkazishadi va kelajaklari uchun poydevor qo‘yishadi. Biroq… Mavjud muammolarni hal etishning eng birinchi zaruriy sharti — o‘sha muammolarning mavjudligini tan olish bo‘lsa, ikkinchi muhim shart o‘sha muammolarni hal etishda jamoatchilik muhokamalari asosida to‘g‘ri chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘lgani holda, aksariyat hollarda muammolarni yo‘qdek qilib ko‘rsatish, berkitish kabi holatlar mavjud. Davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalardagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan katta imkoniyatlar, vakolatlar berilmoqda. Foydalanilmayotgan ko‘plab ichki imkoniyatlar mavjud. Agar bularning bariga yuqoridagi qaror nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, shuningdek, ta’lim tizimida saqlanib qolayotgan ko‘plab muammolardan kelib chiqsak, sohadagi ko‘pgina bo‘g‘inlarda mas’ul rahbarlarning faoliyatini qoniqarli, deb baholash mumkin bo‘larmikan? 

Sizu biz, boshqa yurtdoshlarimiz ham, o‘z farzandlarimizning kelajagi haqiqatan ham porloq bo‘lishini, ularni bilimli, sog‘­lom va albatta,  baxtli bo‘lishlarini chin yurakdan istaymiz. Bunga barchaga baravar sifatli ta’lim-tarbiya  berishni yo‘lga qo‘ysakkina erisha olamiz? Shunday emasmi?

Abdurashid ABDUQODIROV,

Rasul KUSHERBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputatlari

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =