Chempion bo‘lish oson emas! yoki O‘zbekiston shaxmat tarixidagi birinchi ayol xalqaro grossmeystr Nafisa Mo‘minova haqida muxtasar hikoya

Mutaxassis va tarixchilarning qayd etishicha, shaxmat bir yarim ming yil avval Chin yurtida paydo bo‘lgan. Ammo shaxmat vataniga hindlar va o‘zbeklar ham da’vo qilib keladi. Ikki yilcha muqaddam Toshkentda o‘tgan xalqaro musobaqalarning birida FIDEning o‘sha paytdagi Prezidenti Kirsan Ilyumjinov shaxmatning kelib chiqishi o‘zbek zaminidan boshlangani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar topilganini ta’kidlagan edi.

Tarixdan ma’lumki, Markaziy Osiyoda, jumladan, bugungi O‘zbekiston hududida o‘tgan hukmdorlar saroylarida shaxmat va shunga o‘xshash o‘yinlar o‘ynalganligi aniq faktlar orqali isbotlangan. Xususan xorazmiylar, temuriylar va boburiylar saltanatida shaxmatga e’tibor katta bo‘lgan. Albatta, o‘sha zamondagi shaxmat bilan bundan 2000- 1000 yil avval o‘ynalgan shatranj farqli bo‘lgan. Ammo mazkur aql gimnastikasining mavqei, shakl-shamo­yili bir-biriga yaqin bo‘lgani aniq.

Shaxmat — katta aqliy mehnat talab qiladigan murakkab sport turi. Inson aql-zakovatini charxlaydi, dunyoqarashi, xotirasini mustahkamlaydi. U, ayniqsa, bolalar uchun juda foydali. Aytgancha, hozir mamlakatimizda shaxmat umumta’lim maktablari das­turiga kiritilgan. Bu o‘g‘il-qizlar ta’lim-tar­biyasiga ijobiy ta’sir etishi shubhasiz. To‘g‘ri, murabbiy-o‘qituvchilar borasida muammolar yo‘q emas, malakali mutaxassislaryetishmaydi.

Zamonaviy shaxmat rivojida o‘zbek shaxmat maktabining o‘rni katta. Xususan, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng aql gimnastikasi vakillari o‘z imkoniyatlarini xalq­aro maydonlarda keng namoyish etishi uchun katta maydon paydo bo‘ldi. 2004 yilda Liviya poytaxti Tripoli shahrida o‘tkazilgan Shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida hamyurtimiz Rus­tam Qosimjonov o‘zbek shaxmat tarixidagi eng katta yutuq — Jahon chempioni degan yuksak sharafga erishgan edi. Xalqaro shaxmat tarixida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan aql gimnastikachilari barmoq bilan sanarli.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1886 yilda shaxmat bo‘yicha ilk bor erkaklar o‘rtasida jahon birinchiligi tashkil etilgan. Ayollar o‘rtasida esa jahon chempionati 1927 yildan e’tiboran o‘tkazib kelinadi.

O‘zbek xotin-qizlari shaxmat borasida ham ko‘pchilikka dars beradi, desak mubolag‘a emas. Jumladan, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida shaxmatchilar oilasi dong taratgan. Ota-bobolaridan o‘tgan bu an’anani bugungi avlod ham yuksak qadrlaydi va unga chin dildan amal qilib keladi. Ushbu shaxmatchilar oilasidan opa-singillar Nafisa Mo‘minova, Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonova (ikkalasi ham bir oila vakilalari) o‘zbek shaxmatchilari orasida dovrug‘ qozongan. Xususan oilaning katta farzandi Nafisa Mo‘minova qo‘lga kiritgan yutuqlar xotin-qizlarimizning aql-idrok borasidayetuk qobiliyatga ega ekanligini butun dunyo­ga namoyon eta oldi.

Nafisa — O‘zbekiston shaxmat tarixidagi birinchi ayol xalqaro grossmeystr. 2013 yilda Jahon xalqaro shaxmat federatsiyasi unga “xalqaro grossmeystr” unvoni berilganini e’lon qilgan.

Nafisa 1990 yil 1 fevralda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, Qum­bos­ti qishlog‘ida tug‘ilgan. To‘rt yoshidan shaxmat sirlarini o‘rganib keladi. Turli yosh toifasida to‘qqiz karra O‘zbekiston, ayollar o‘rtasida uch marta mamlakatimiz chempionidir. Xalq­aro miqyosda esa, ikki karra Markaziy Osiyo mintaqaviy turniri g‘olibi, Jahon va Osiyo chempionati ishtirokchisi.

Qator yirik musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchilardan biri. Jumladan, u qit’amizning eng yirik sport tadbiri — Osiyo o‘yinlarida kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Markaziy Osiyo kubogi va Geor­giy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirlarda shohsupaning eng yuqori pog‘onalarini egallab kelmoqda. Ayni kunlarda u xotin-qizlar o‘rtasida Markaziy Osiyoda eng ko‘p reyting balliga ega.

Sportning bu turiga Nafisaning qiziqishi tasodifiy emas. Nafisa dunyo­ga kelgan xonadonda har kuni shaxmat o‘ynaladi, oq va qora donalarning kuchi, imkoniyati haqida fikr-mulohazalar, tortishuvlar bo‘ladi. «Qush uyasida ko‘rganini qiladi» deganlaridek, ana shunday muhitda ulg‘aygan qizaloq uch yoshidan oq va qora donalarga mehr qo‘ydi. Ota-onasi yordamida shaxmat o‘ynashni qunt bilan o‘rgandi. Shaxmatdagi birinchi ustozi otasi ekanligini doimo ta’kidlab keladi.

— Ha, shaxmatga kirib kelishimga oilaviy muhit va dadam sababchi bo‘lganlar. Men oilamizda to‘ng‘ich farzandman. Dadam ham shaxmat bilan professional tarzda shug‘ullangan. Lekin u kishiga xalqaro musobaqalarda ishtirok etish nasib etmagan. Garchi rasmiy musobaqalarda ishtirok etmagan bo‘lsalar-da, dadamni juda kuchli shaxmatchi va shaxmat nazariyotchisi deb bilaman. Uch yoshimda shaxmat donalarining, yurish qoidalarini o‘rgatganlar. To‘rt yoshimdan boshlab dadamga qarshi dona surganman. Buni ko‘rgan dadam “men erishmagan yutuqlarni shu qizim albatta qo‘lga kiritadi” deb orzu qilgan ekanlar. Mendan keyin tug‘ilgan ikki singlim Hulkar va Gulruhbegim ham shaxmatni tanlashdi. Bolaligimizda biz uyda oilaviy turnirlar o‘tkazar edik, — deydi Nafisa.

Nafisa keyinchalik Qo‘­qon shahridagi shaxmat maktabida Anvar Aliev rahbarligida shug‘ullandi. Terma jamoaga chaqirilganidan so‘ng Anton Filippovdan taxta ustidagi «kurash»ning tuganmas sir-sinoatlarini o‘rgandi.

2007 yilda mintaqaviy saralash musobaqasida birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Dunyoning eng kuchli 64 shaxmatchisi dona suradigan ushbu turnirda u nafaqat O‘zbekiston nomini, balki mintaqamiz sharafini himoya qildi. Chunki Markaziy Osiyo mintaqasiga ajratilgan yagona yo‘llanmani u qo‘lga kiritdi va o‘zbek xotin-qizlaridan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan birinchi sportchi bo‘ldi.

O‘n yildan ortiq vaqtdan buyon shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda. 2010 yilda yigirma yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kuchli to‘rtlikdan joy oldi. 2011 yili I Markaziy Osiyo kubogi va 2012 yil Toshkentda o‘tkazilgan “Toshkent open” xalqaro shaxmat turnirida xotin-qizlar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi.

Nafisa ayollar o‘rtasida jahon shaxmatida uzoq yillar birinchilikni qo‘l­dan bermay kelgan gruzin atletlari — shaxmat tarixidagi beshinchi jahon chempioni (1962-1978 yillar) Nona Gaprindashvili, dunyo birinchiligining yana bir g‘olibasi (1978-1991 yillar), to‘qqiz karra Olimpiada chempioni Maya Chiburdanidze egallagan mavqega erishishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda shaxmat taxtasida yaratilgan kombinatsiyalarni, o‘ziga xos taktikalarni qunt bilan o‘rganadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, yurtimizda bolalar shaxmatini qo‘llab-quvvatlash borasida katta tajriba to‘plangan. Bu o‘zining yuksak samaralarini berayotir: bolalar va o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalar, jahon va Osiyo chempionatlarida, shaxmat olimpiadalarida farzandlarimiz munosib qatnashyapti. Chempionlikni qo‘l­ga kiritib qaytishmoqda. Ular orasida, kam bo‘lsa-da, qizlar ham bor. Biroq ular ulg‘ayib, kattalar orasiga kirgandan keyin negadir ko‘rinmay qolayotir. Nega? Ayni savolga dabdurustdan javob berish qi­yin albatta. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Nafisa Mo‘minova kabi sportchilarni tar­biya­lash o‘z-o‘zidan bo‘l­maydi. Kattalar o‘rtasida ham jahon chempionatlari va Olimpiadalarda birinchi o‘rinni egallashi uchun e’tibor va sharoitni yanada yaxshilash zarur, chamasi. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi mamlakat chempionatlarini muntazam o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish va g‘oliblarni rag‘batlantirishning o‘ziga xos yo‘llarini topish maqsadga muvofiqdir.

 Jobir XO‘JAQULOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =