Adolat tamoyili ta’minlansa…

Jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir qiluvchi eng xavfli illatlardan biri korruptsiya, ya’ni poraxo‘rlik, ta’magirlikdir. Tasavvur qiling, siz farzandingizni umid bilan qo‘liga topshirgan, ustoz deb hurmat qilgan inson nohalol odam bo‘lsa… Bunday kishi yoshlarga qanday saboq beradi? Ularning ko‘ziga qanday qaraydi? Ustozning insoniylik xislatlaridan ayrilgani ta’lim-tarbiyaningyemirilishiga olib keladi.

 

Shunday bo‘ldi ham. Necha yillar davomida nafaqat ta’lim-tarbiya tizimi o‘z yo‘nalishini yo‘qotdi, balki halollik, adolat tamoyilidan chetda bo‘ldi. Birinchidan, o‘rta ta’lim yoshlarning mustahkam ta’lim-tarbiya olishida asosiy poydevor vazifasini o‘tashi uzoq yillar davomida o‘z isbotini topgan. Ammo tizimda ehtimolki, yaxshi niyat bilan 10-11 yillik ta’lim bekor qilinib, 9 yillikka o‘tkazildi. Uning o‘rniga qatorlashtirilib kollejlar barpo etildi. Hali 14-15 yoshli bolalar maktabdan “uzib” olinib, kollejlarga yuborildi. Natija nima bo‘ldi? Gap shundaki, xalq­ning katta-katta mablag‘lari evaziga necha yillar davomida qurilgan hashamatli kollejlarda ta’lim tizimi yaxshi ishlab chiqilmagan, hayot talablariga javob bermaydigan jihatlari ko‘p ekan. Shu bois, kutilganidek natija bermadi. Na mustahkam bilim, na bir ta­yinli kasb-hunar o‘rgandi yoshlar. Ikkinchidan, oliy ta’limimizda-chi, unga qabul sharmandali tarzda davom etdi. Asta-sekin oliy ta’lim ostonasiga kelib unga hujjat topshirayotgan yoshlarda ham, ota-onalarda ham ishonch yo‘qoldi. Sababi… sababini hamma biladi: oliy o‘quv dargohiga qabul qip-qizil korruptsiyaga aylangan edi. Shu sababli, aksariyat hollarda bilimlar emas, “maxsus ro‘yxat”lar­ga tushadiganlar test sinovlaridan “muvaffaqiyatli” o‘tishar edi.

Hayriyat! Bularning bariga bar­ham berildi. Prezident Shavkat Mirziyoev bunday adolatsizliklarning ildizini kesdi. O‘rta ta’lim yana 11 yillikka aylantirildi. Xalq olqishlar bilan qarshi oldi buni. Ko‘plab kasb-hunar kollejlari binosi — xalq ta’limi ixtiyoriga berildi, ya’ni maktablarga aylandi. Eng muhim deb topilgan, odamlar uchun talab bo‘yicha kerak deb hisoblangan kollejlargina bugun kollej sifatida faoliyat yuritmoqda.

Oliy ta’lim dargohidagi qin­g‘irliklarga ham barham berildi. Mana uch yildirki, “rektors­kiy gruppa” degan gaplar xudoga shukr, yo‘q. Test sinovlari ham qaysidir maktablarning, tashkilotlarning binolarida sirli ravishda emas, maxsus kameralar nazorati ostida katta majmualarda o‘tkazilmoqda. Muhimi, natija — hech qanday tanish-bilishsiz oddiy odamlarning bolalari eng yuqori ball to‘plab, avval xayoliga ham keltirmagan nufuzli dorilfununlarga byudjet asosida o‘qishga qabul qilinyapti!

Olqishga munosib! Hammasi uchun bugungi adolatli jamiyat yo‘lida harakat qilayotgan davlatimiz rahbariga el-yurt tashakkurining cheki yo‘q.

Xo‘sh, demak, bugun ta’limda, xususan, oliy ta’lim sohasida muammolar to‘lig‘icha bartaraf etildimi?

Agar shunday deb o‘ylasak, albatta, bu xato bo‘ladi. Xalq ta’limi tizimida ham, oliy ta’limda ham ayrim muammolar hamon mavjud. Bunga bir-ikki oycha burun Xalqaro press-klub sessiyasida so‘z olgan Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rus­tam Xolmurodovning “Ta’magirlik qilayotgan o‘qituvchini ishdan bo‘shata olmayman, tizim shunaqa” deya ochiq aytgan so‘zlari ham yorqin misol bo‘la oladi. Tan olish joiz, haqiqatan ham achchiq, lekin ochiq gaplar bu! Shunday fikrlarni dadil ayta oladigan, talabalarning kelajagi uchun qayg‘uradigan, ichi dardga to‘la rahbarlarimiz bor ekan-ku, deysan beixtiyor.

SamDU rektori ta’magirlikka chek qo‘yilishi yurtimizda tayyorlanayotgan kadrlar bilim darajasini ko‘tarish, kadrlar sifatini yaxshilashga olib kelishini ta’kidladi va ushbu illatga qarshi hamjihatlikda kurashishga chorlamoqda. Muammoningyechimi sifatida o‘z takliflarini bildirib, jumladan, shunday dedi: “Bu masalada, o‘ylaymanki, shartnoma tizimini joriy etish kerak. O‘qituvchini bir yilga ishga olamanmi, uch yilgami, u bilishi kerak — yil yakuni bo‘yicha yoki uch yil yakuni bo‘yicha uning faoliyat sifatlari talabga javob bermasa, shubhasiz, ketishi lozim. O‘shandagina unda mas’uliyat paydo bo‘ladi”.

Demak, endigi vazifa — oliy ta’lim muassasalarida ishlayotgan professor-o‘qituvchilarning yoshlarga ta’lim-tarbiya berish masalasi ko‘ndalang turibdi. Bugun har bir oliy ta’lim dargohi o‘qituvchisi, u professormi, fan doktorimi yo oddiy o‘qituvchimi, baribir, davr talabi darajasida fikrlashi, vijdonan halol mehnat qilishi kerak. Har bir domla o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashishi, o‘z vazifasiga munosib bo‘lishi lozim.

Ha, yashirishga ne hojat, hozirgi kunda oliy ta’lim muassasalarida uzoq yillar davomida bir zaylda ish yuritgan, zamonaviy bilim, innovatsion ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar ozmi? Ularning o‘rnini kim egallaydi? Axir, hali-hanuz o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, “o‘qishga kiritib qo‘yaman” deb, yoki oraliq sinovlarda ta’magirlik qilayotgan ustozlar haqida quloqqa chalinib qolmoqda. Bundaylardan qanday, qachon xalos bo‘lish mumkin?

Qachonki, Yurtboshimiz tashabbusi bilan sohaga juda katta e’tibor berilayotgan bo‘lsa! Professor-o‘qituvchilarning oylik-maoshlari, ustamalar keskin oshirildi. Ammo…

SamDU rektori ana shu illatlardan batamom xalos bo‘lish yo‘llari haqida ham so‘z yuritmoqda. Uning fikricha, oliy ta’lim dargohiga ishga olishda va ularni ishdan bo‘shatishda endi o‘tgan yillar davomida saqlanib qolgan ayrim eski usullardan butunlay voz kechadigan vaqt allaqachon kelgan.

Darhaqiqat, ta’lim tizimida qonun ustuvorligi, adolat tamo­yili ta’minlanmas ekan, olib borilayotgan hech bir islohot biz kutgan samarani bermaydi. Bu esa nafaqat ta’lim sohasi vakillarini, vakolatli insonlarni, bizningcha, har bir yurtdoshimizni ham ogohlikka chorlashi kerak.

Orif HOLIQULOV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + four =