Jurnalist bo‘lolmadim, ammo… yoki “Hurriyat”ning bir sonidagi ikki maqolani o‘qib

“Hurriyat” gazetasining 10 iyuldagi 18 sonida e’lon qilingan “Iqtidorli jurnalist osmondan tushmaydi. Tarbiyalanadi” sarlavhali suhbat-maqolani va “Saodat bekati” maqolasini o‘qib o‘z munosabatimni yo‘llashga ahd qildim. Chunki gazetani muntazam o‘qib boraman.

O‘zim maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars beraman. Afsuski, menga diplomli jurnalist bo‘lish nasib etmagan bo‘lsada, matbuotda jamoatchi muxbir sifatida qatnashib turaman. Ayniqsa, “Iqtidorli jurnalist osmondan tushmaydi. Tarbiyalanadi” sarlavhali suhbatdan ilhomlandim va o‘z mulohazalarimni sizlarga yo‘llamoqdaman.

 

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya­lar universiteti rektori, xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jaev bilan gazeta muxbirining suhbatida ta’kidlanganidek, jurnalistika sohasi mamlakatimizda sezilarli darajada erkinlashyapti. Maqolalar ochiq, shaffof kasb etmoqda. Munosib jurnalistlar hukumatimiz tomonidan taqdirlanmoqda. Ayniqsa, meni xalqaro press-klub jamoasi va uning raisi Sherzodxon Qudratxo‘jaevning ham e’tirof etilgani va davlat mukofoti bilan taqdirlangani juda quvontirdi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya­lar universitetida bu yilgi qabul va sinov imtihonlari haqida ham atroflicha ma’lumotlar berilgan. Unga ko‘ra, jurnalistikani tanlayotgan abiturientlar uchun ijodiy imtihon qo‘llanmasi tayyorlanibdi. Fikrimcha, har bir kishi maqolani o‘qisa, qiziqarli va zahmatli jurnalistika kasbi haqida to‘laqonli tushunchaga ega bo‘ladi. Maqsad sari ildam qadam tashlayotgan abiturientda imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishga ishonch uyg‘onadi. Maqolada yozilganidek, testda omadi kulgan emas, bo‘lajak jurnalistika sohasi haqida teran tasavvur va qobiliyatga ega abiturientlarga o‘qish nasib etishiga umid paydo bo‘ladi.

Bu yil abiturientlarning oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishlari ham osonlashdi. Ortiqcha hujjatlardan voz kechildi va shaxsni tasdiqlovchi hujjat va attestat kifoya bo‘ldi. Yana bir quvonarli jihati universitetga bu yil 270 nafar talaba qabul qilinar ekan. Ilgarilari oliy o‘quv yurtining jurnalistika yo‘nalishi kunduzgi bo‘limiga 25 nafar qabul o‘rni berilgan, xolos. Ammo menga uch marta ham o‘sha 25 nafar omadli talaba safida bo‘lish nasib etmagan. Hujjatlar ro‘yxati ham katta bo‘lardi. Esimda, bir gal jurnalistikaning sirtqi bo‘limiga hujjat topshirganimda qabul komissiyasidagilar “bu sohada ishlamas ekansiz” deya o‘qishga qabul qilishmagan. Alamlarimni respublika “Muxbir” jurnalining 1987 yil, 10-sonida “Ishtiyoq” sarlavhali maqolamda to‘kib solganman. Lekin yuqorida aytganimdek, jurnalistikaga qiziqishim kuchli bo‘lganidan necha yillarki OAVda jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsataman.

Gazetada e’lon qilingan yana bir maqola e’tiborimni tortdi. “Hamkablarimiz” rukni ostida chop etilgan “Saodat bekati” sarlavhali maqolani o‘qib ko‘z o‘ngimda munis ona qiyofasi namoyon bo‘ldi. Balki bunga maqola qahramonining surati sabab bo‘lgandir. Kasbga sadoqatlilik jurnalist Xolida Pardaboevaning xizmat faoliyatida o‘z burchini ado etish jarayonida ko‘rinadi. Maqolada yozilishicha, garchi to‘satdan oilasida katta yo‘qotish — otasi bandalik qilgan bo‘lsada, u o‘ziga ishonib topshirilgan vazifani ta’ziyali bo‘lishiga qaramay, tahririyatga yozgan maqolasiniyetkazadi. Bundan ortiq kasb­ga sadoqat bo‘lishi mumkinmi? Yana ayol boshi bilan X.Pardaboeva 2 nafar farzandini el-yurt koriga kamarbasta qilib tarbiyalabdi. Fikrimcha, X.Pardaboevaga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist degan yuksak mukofot juda munosib ravishda berilgan.

“Hurriyat” ana shunday o‘qishli maqolalari bilan qadr­li nashr. Unda publitsistikaning barcha janrlaridagi materiallar berib borilishini istardim.

Hakim KAMOLOV,

Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidagi

48-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 2 =