Kim nazorat qiladi? Toki aholi salomatligi xatarda qolmasin

Bozorlar har bir kishining kundalik ehtiyoji uchun zarur ob’ektlardir. Bugun ularning qiyofasi o‘zgartirilib, yanada obod va ko‘rkam bo‘lishi uchun e’tibor qaratilyapti. O‘zgacha fayz kirgan savdo nuqtalari nafaqat yurtimiz aholisi, balki chetdan kelgan mehmonlarda ham yaxshi taassurot qoldirmoqda.  

 

Ammo ta’bni xira qiladigan holatlar ham borki, ularni o‘zgartirish oson kechmayotir. Ba’zi savdo nuqtalaridagi tartibsizlikka ko‘z yumish mumkin emas. Sotuvchilarning savdo qoidalariga amal qilmasligi, ayniqsa, oziq-ovqat do‘konlaridagi mas’uliyatsizlikni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunday hollar, hatto viloyat markazidagi ayrim savdo nuqtalarida ham uchraydi.

Ayni kunda “Saxovat” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Markaziy dehqon bozori”da 440 dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ekt mavjud. Demak, bozorda faoliyat yuritayotgan shuncha fuqaro qaysidir ma’noda aholi salomatligi uchun mas’ul. Chunki inson organizmining mustahkamligi u iste’mol qiladigan mahsulotlarga bevosita bog‘liq. Ammo soha vakillari bunga qanchalik e’tibor qaratishyapti?

Bozorga qarashli 188-shoxobchadan 194-do‘kongacha barchasi oziq-ovqat sotishga mo‘ljallangan. Xaridorning ko‘pligidan sotuvchi bilan gaplashishga arang imkon topasiz. Qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilayotgan sotuvchilarni yog‘, quruq choy, shirinliklar oftobning tig‘ida, changga botib, tarkibi infektsiya bilan “boyib” borayotgani aslo qiziqtirayotgani yo‘q. Aks holda ularni maxsus, og‘zi yopiq qutida, salqin joyda saqlagan bo‘lardi. Ko‘pgina do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari usti ochiq holda ko‘chada “jizg‘anak bo‘lib”, xaridorini “kutmoqda”. Do‘kon yonidan shoshib o‘tib-qaytayotgan xaridorlarning oyog‘i ostidan chiqayotgan changning mahsulotlar sifatiga qanchalik salbiy ta’sir qilishini tasavvur qilavering.

Ozgina yurib, yog‘da qovurilgan som­sa va pishirilgan tovuq mahsulotlari ochiq holda sotilayotganini ko‘rasiz. Axir havoda uchib yurgan qanchalab hasharotlarga bu tayyor mahsulotlar “tekin”yemak bo‘lmayaptimi? Belgilangan me’yorga ko‘ra, bunday taomlar ichkarida yoki yopiq saqlangan holda sotilishi kerak emasmi? Sotuvchilarga bu haqida gapirsangiz, “Hali bizdan mahsulot olgan birorta xaridor kasal bo‘lib, shikoyat qilmadi”, deydi. Ammo, ming afsuski, ko‘za kunda emas, kunida sinmasligi, o‘sha hasharotlarning tayyor mahsulotlar orqali xo‘randa organizmiga qanchalab zararli infektsiya tashimasligi kafolatlanmagan.

“Navoiy savdo kompleksi” oldidagi yo‘lakda sariyog‘ va quyultirilgan sut mahsulotlari hech qanday sertifikatlarsiz, usti ochiq holda sotilyapti. Sal nariroqda esa tog‘oralarda uyum qilib qo‘yilgan somsalarga ko‘zingiz tushadi. Sanitariya-gigiena me’yorlariga javob bermaydigan bunday holatlar bozorning tashqi ko‘rinishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bir qarashda ma’lum. So‘rasangiz, tegishli mutasaddilar kelib, bunday savdo turining noqonuniyligini necha bor ta’kidlashgani, ammo bunga sharoitlari majbur qilayotganini aytishadi. Ammo o‘zlarini tanishtirishmaydi. Ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi hammada ham bor. Bu xaridorning salomatligini tavakkal qilish evaziga bo‘lmasligi kerak-ku! Birorta oziq-ovqat do‘konidagi holat talab darajasida deb bo‘lmaydi. Sotuvchilarning ayrimlarida tibbiyot daftarchasi yo‘q bo‘lsa, ba’zilari maxsus kiyimni birov qani deb so‘rashi uchungina bir chetga qo‘yibdi. Do‘konga “sig‘magan” mahsulotlar tash­qariga, ikki-uch metr joygacha yoyilib ketgan.

 — Necha yildan beri ahvol shu, — deydi xaridorlardan biri I.Xo‘jaev. — Mahsulotlarni yo‘lakkacha chiqarib tashlashadi. Ba’zida oyoq tagida mahsulot ko‘pligidan do‘konning ichkarisiga kirolmaysan. Axir, bozorda ham tartib bo‘lishi kerak-ku!

— Nevaram xohlagan shirinlik bitta do‘konda bor ekan, — deydi o‘zini M.To‘raeva deb tanishtirgan yana bir xaridor. — Ammo tashqarida, issiqda qolib ketgan ekan. Sotuvchiga ichkaridan boshqasini olib bering desam, yoqmasa, boshqa do‘konga boring, ichkarida yo‘q, deb qo‘pollik qildi. Shirinlikdan ko‘ra sog‘lik muhim deb, olmay qo‘ya qoldim.

Ha, shu kunlarda havo harorati ko‘tarilgani bois, mahsulotlar sifatini saqlash ancha mushkul. Ba’zi sotuvchilar uchun esa bu uncha muhim emas ko‘rinadi. Asosan, bolalar iste’mol qiladigan “kirieshki”, “chips”, “kukuruz” kabi  mahsulotlarni  do‘kon eshigiga ilib qo‘yishgan.

— Faqat aynimaydigan mahsulotlarnigina do‘kon tashqarisiga chiqarib, reklama sifatida qo‘yishga ruxsat berilgan. Bu haqda har bitta sotuvchi bilan maxsus shartnoma tuzilgan, — deydi “Saxovat” MChJ raisi vazifasini  vaqtincha bajaruvchi B.Niyozov. — Lekin ba’zi sotuvchilar shartnomada ko‘rsatilgan me’yorlarga amal qilishmaydi. Belgilangan joydan chiqib ketadi, taqiqlangan oziq-ovqatlarni oftobga qo‘yishadi. Gapirsang, tadbirkorman, chora ko‘rolmaysan, deydi. Har bitta hududga vakil biriktirilgan. Ular muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini olib borib, sotuvchilarga berilayotgan imkoniyatlar bilan birga majburiyatlarini ham tushuntirishyapti. Ammo natijani ko‘rib turibsiz…    

Darvoqe, tadbirkor va ishbilarmonga ko‘plab imkoniyatlar yaratildi, qancha imtiyozlar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, ular xalqni boy qilish yo‘lidagi eng ishonchli vakilga aylandi. Hatto tadbirkorga ko‘plar havas qila boshladi. Biroq bundan havolanish yoki bildirilgan ishonchni “qurol” qilish emas, aksincha, mas’uliyatni oshirish, xalq manfaatini ustun qo‘yish talabi ham borligini unutmaslik lozim edi-ku!

 Yoz mavsumida ko‘chalarda o‘rik sharbati, mors, kvas, ayron singari chan­qovbosdi ichimliklar va muzqaymoqlarning bozori chaqqon. Lekin ular qanday sharoitda tayyorlanishi ko‘pchiligimizga ma’lum emas. Bozor atrofida ushbu mahsulotlarning sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydigan holda sotilayotganiga ham guvoh bo‘ldik. Muzqaymoqning pecheneli idishchalari kunning issig‘ida usti ochiq holda saqlanyapti. Sotuvchiga bu haqda aytganimizdan so‘ng ustini doka bilan yopib qo‘ydi. Hududdagi aksar muzqaymoq sotuvchilarda xuddi shu ahvol. Ba’zilariga, hatto aytib ham tushuntirishning imkoni bo‘lmadi. Xo‘sh, buni qanday tushunish mumkin? Bozorning sanitariya-gigiena holati uchun hamma birdek javobgar emasmi?

— Tayyorlanish jarayonida mahsulotga bitta infektsiya tushsa bo‘ldi, issiqda juda tez ko‘payadi va yaroqsiz holga keladi, — deydi Navoiy shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh shifokori X. Bo‘taev. — Biz vakolatimiz doirasida mahsulotlarning saqlanish jarayoniga e’tiborli bo‘lishni sotuvchilarga tushuntiramiz. Ba’zan foydasi bo‘lmaydi. Yaqin kunlarda qonun doirasida soha xodimlarining oziq-ovqat mahsulotlariga javobgarligi va vakolati oshishi kutilyapti. Shundan so‘ng sanitariya qoidalariga amal qilmagan tadbirkorga ta’sirchan chora qo‘llash imkoni bo‘ladi.

Nahotki, hozircha bozorda tartib o‘rnatishga hech kimning kuchiyetmasa? Demak, aholi oftobda qolib, foydali xususiyatlarini yo‘qotgan mahsulot xarid qilishga majbur ekan-da.

Muammoni topish, aytish oson. Uni bartaraf etish, oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan, lekin negadir foydasi sezilmayotgan targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini yanada oshirishda biz jurnalistlar hamkorlikka tayyormiz. Zero, sifat, tozalik, obodlik va tartib-intizom bo‘lsagina bozorlarimiz fayziga fayz qo‘shiladi. Muhimi, xalqimiz salomatligi xatarda qolmaydi.  

 

Zebo QUTLIYEVA

Navoiy viloyati

 

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + seven =