O‘zbekistonlik o‘qituvchi AQSHda bog‘cha ochdi

AQSh poytaxtidan uncha uzoq bo‘lmagan Virjiniya shtati Uolter Rid ko‘chasida mo‘’jazgina bolalar bog‘chasi mavjud. O‘zbekistonlik o‘qituvchi Nargiza Kuryazova tomonidan ochilgan bu bolalar muassasasiga farzandlarini olib kelishni istagan ota-onalar talaygina. Nargiza bilan uning AQShga kelib qolishi sabablari, xususiy bog‘cha ochish jarayonlari, har ikki davlat ta’lim tizimidagi o‘ziga xos jihatlari haqida suhbatlashdik.

 

— Nargiza, o‘zingiz haqingizda biroz ma’lumot bersangiz…

— Men asli Xorazm viloyati Gurlan tumanidanman. AQShga kelgunga qadar tumanimizdagi ixtisoslashgan musiqa maktabida fortepiano yo‘nalishida o‘qiganman. O‘qishni bitirgach, musiqa o‘qituvchisi diplomi bilan tumanimizdagi o‘rta maktabda ikki yil musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Xorijiy tillarni o‘rganish ishtiyoqi ham yuqori bo‘lgani uchun hujjatlarimni Urganch Davlat universitetining roman-german filologiyasi fakultetiga topshirdim va o‘qishga kirish baxtiga muyassar bo‘ldim. Universitetni tugatgach, ingliz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritganman.

 — AQShga kelish tarixingiz qanday kechdi?

— AQShga oilaviy sabablarga ko‘ra kelganman. Kelganimga o‘n yil bo‘ldi. Maktabda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlab yurgan kezlarimda, onamning sog‘liqlari yomonlashdi. Oiladagi to‘ng‘ich farzand sifatida mas’uliyatni bo‘ynimga olib, onamni davolatgani Rossiyaga olib bordim. Davolash kurslari uzoq davom etdi va biz Rossiyada ancha vaqt qolib ketdik. Shu paytlari AQShdan ish  yuzasidan Rossiyaga kelgan bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tanishdim. Turmush o‘rtog‘im ham asli o‘zbekis­tonlik. Muhabbat rishtalarini oila bilan bog‘ladik. Ma’lum vaqt ichida turmush o‘rtog‘im bilan AQShga, onam bilan ukam esa O‘zbekistonga qaytishdi. Yashirmayman, avvaliga AQShga borgim kelmadi. Turmush o‘rtog‘im 20-30 yillardan beri AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalaridan. Bu esa menga ham bir umr shuyerda qolib ketish degani edi. Oilamni, Vatanimni tashlab, bir umrga yangi yurtlarga ko‘chib ketish fikri meni avvaliga cho‘chitdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan yangi shaharga ham moslashdim. Ammo O‘zbekistonga — ona yurtimga tez-tez borib turaman.

 — AQShda xususiy bog‘cha ochishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Bu g‘oyani sizga kim berdi?

— Ingliz tili filologiyasini bitirganim, pedagog sifatidagi tajribam qo‘l keldi. Biroz muddat o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Ishxonamga qatnab ishlash uzoqlik qilgani uchun, turmush o‘rtog‘im uydan bog‘cha ochish taklifini berdi. Ona bo‘lish arafasida yurgan mendek ayol uchun bu taklif ma’qul keldi. Uyda o‘tirgan holda pedagog sifatida faoliyatimni davom ettirishim chindan ham qulay edi. 2014 yilda 12 bolaga mo‘ljallangan kichik bog‘chani tashkil qildim. AQSh qonun-qoidalariga ko‘ra, uyda xususiy bog‘cha ochsangiz, uzog‘i bilan 12 nafar bola olishingiz mumkin bo‘ladi. Lekin vaqt o‘tishi bilan bog‘chamizga talabgorlar ko‘paydi. Shu munosabat bilan yaqinda uyimizdan sal beriroqda ikkinchi yana bir qo‘shimcha bog‘cha ochdik. Yangi bog‘chamizda 40 nafar bola bor.

 — AQShda tadbirkorlik faoliyatini yuritishga qanday baho berasiz?

— Buyerda tadbirkorlik faoliyatini erkin yuritishga to‘sqinlik qiluvchi ortiqcha omillar yo‘q. Faoliyatingizda xato va kamchiliklar bo‘lsa, mutaxassislar, eng avvalo, ishingizni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

 — Har ikki davlatning ta’lim tizimi haqida-chi, nima deya olasiz? Qanday o‘ziga xos jihatlari mavjud?

— Birinchi o‘rinda bog‘cha va maktablarning moliyaviy jihatdan ta’minlanganlik darajasi yaxshi. Buyerda ta’lim muassasalari o‘quv qurollari, jihozlari, adabiyotlar bilan yaxshi ta’minlangan. Kelajakda ona yurtimga qaytib, O‘zbekistondagi maktablarni qo‘ldan kelgancha moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shish niyatim bor.

Yana bir o‘ziga xos jihati, ta’lim-tarbiya olib borishdagi metodikasida. O‘zbekistonda, ta’lim-tarbiya boshqa MDH davlatlaridagi kabi an’anaviy metod, ya’ni qat’iy intizomga asoslangan ma’lum bir tartib qoidalar asosida olib boriladi. Buyerda esa o‘quvchilarga har jihatdan erkinlik beriladi. AQShda ko‘pgina ta’lim muassasalarida ta’lim berishning Montessori metodida ishlaydilar. Bunda asosan o‘quvchining qobiliyatlarini kashf etish, imkoniyatlarini shakllantirish, erkin faoliyat yuritish, mustaqil qaror chiqarish, umuman shaxs sifatida rivojlantirish maqsadi bor. Bu metodda bolalarga ta’lim berish esa eng avvalo ularga har tomonlama erkinlik berishdan boshlanadi. AQShda, masalan, bola bog‘chada uxlagisi yoki taomniyegisi kelmayaptimi, maktabda bola ma’lum bir kiyimni kiygisi kelmayaptimi, uni majburlash yo‘q. Dars jarayonlari misolida aytsak, masalan rasm darsida mavzu daraxt chizish bo‘lsa, O‘zbekistonda o‘qituvchilar avvalo uni o‘zlari chizib berib, namuna ko‘rsatadi. AQShda esa aksincha,  bola daraxtni qanday tasavvur etsa, shunday chizishiga yo‘l qo‘yib beriladi.

 — Siz qaysi metod asosida ta’lim berasiz? O‘zbekistondagi kabi an’anaviy yo‘nalishdami yoki AQShda urf bo‘lganidek Montessori metodidami?

— Montessori metodining hamma jihatlariga ham qo‘shilmayman. Fikrimcha, bolani tartib-intizomga solib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turish zarur. Shu nuqtai nazardan aytganda, bog‘chamizda ham an’anaviy, ham Montessori metodi asosida ish olib boramiz. Bolalarni bog‘chada imkon qadar erta tuvakka o‘tirishga, mustaqil ovqatyeyishga, dasturxon atrofida o‘zini tutishga, umuman tartib-qoida, intizomga o‘rgatishga intilamiz.

 — O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan hamkasblaringizga nima degan bo‘lar edingiz…

— O‘zbekiston va AQSh ta’lim muassasalarida ishlagan, har ikki davlatning ta’lim tizimini ko‘rgan pedagog-tarbiyachi sifatida aytishim mumkinki, yurtimizdagi hamkasblarimga ta’lim-tarbiya jarayonida o‘qitishning interaktiv faol usullari, qiziqarli o‘yin va mashqlardan ko‘proq foydalanishlari, umuman yangi-yangi ta’lim metodlariga ko‘proq murojaat etishlari maqsadga muvofiq.

— Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat.

 

AQShdan “Hurriyat” uchun maxsus Oydin SA’DULLAYEVA

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 13 =