O‘zligini izlayotgan o‘zbek matbuoti zamon bilan hamnafas rivojlanishga kuch topa oladimi?

Har qanday ilgarilanma harakat tez-tez ortiga boqib, o‘z-o‘zini taftish qilib turishi qonuniy holat. Busiz izchil taraqqiyot ta’minlanmaydi. Mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga shu miqyosdan qaraganimizda, jamiyatda ijtimoiy fikrni shakllantirishning asosiy minbari bo‘lgan matbuot ham rivojlanish  bosqichlarida o‘zini-o‘zi “taftish” qilib boradi.

Matbuot milliy mada­niyatimizga nisbatan “yosh” soha. O‘rta Osiyoda dastlabki tar­qatma bosma nashr­lar paydo bo‘lgandan beri bu madaniyat turi tugal shakl­lanishga ulgurmay, turli siyosiy vazifalarni bajarishga majbur bo‘ldi. Hali “suyagi qotib” ulgurmagan vujud turli o‘zgarishlarga duch bo‘lib, qorishiq bir qiyofa kasb etdi. Qisqasi, o‘zi ichdan pishibyetilgan, o‘zgarmas tamo­yillar va oltin qoidalarga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan soha tinimsiz yangilanishlar jarayonini boshdan kechirib kelmoqda.

Mutaraqqiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, borliqni tafakkur  boshqarayotgan dunyoda shub­hasiz fikr minbarisiz, jamiyatning lokomotivi bo‘lgan ijtimoiy fikr fabrikasisiz kun ko‘rish mumkin emas. Barcha  xulosalar mamlakatga kuchli, eng zamonaviy darajadagi matbuot kerakligini  tasdiqlab turibdi. 

Ana shu mulohazalar ko‘lamida bugungi milliy matbuotimizning ahvoli va mavqeini tasavvur qilish imkoni  tug‘iladi. Nega bunday hol ro‘y berdi? Agar sabablar haqida gapiriladigan bo‘lsa, bu holni milliy matbuo­timizning “dumbul”ligi bilan izohlash lozim bo‘ladi. Yuqorida eslatilganidek, tinimsiz siyosiy islohotlarga giriftor qilingan, buyurtmalar iskanjasidan chiqib keta olmagan o‘zbek matbuoti hali ham o‘zini kashf etish borasida izlanayapti. Ko‘z oldingizga keltiring: dastlabki gazeta-jurnallar paydo bo‘lganda ular ko‘proq ma’rifatni targ‘ib qildi. Keyinchalik siyosiy hayotga aralashib, odamlarni o‘z tarixini o‘rganish, qadr-qimmatini anglashga chaqirdi. Pirovardida, hokimiyatga intilishga undadi. Birdaniga oktyabr to‘ntarishi va totalitar mafkura oyboltadek yorib kirdi va hammasi aralash-quralash bo‘lib ketdi. Milliy matbuot o‘z qiyofasini topa olishga ulgurmadi. Bu hol mustaqillikkacha davom etdi. Istiqlol yillarida esa, ochig‘i, matbuotning o‘z qiyofasini kashf etish borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom etmadi va ko‘zga ko‘rinarli natijaga erishilmadi. Holbuki, u bir payt­lar norasmiy holda “to‘rtinchi hokimiyat” maqomiga ega bo‘lgandi. Bugun vatandoshlarimiz bu “hokimiyat”ni barcha puchmoqlardan izlayapti, biroq topish oson bo‘lmayotir.

Bu holga tushishning sabablari ko‘p. Ulardan asosiysi kasbga sadoqatningyetishmagani, kasbiy tayyorgarlikning zaifligi bilan belgilanadi. Bu hol kadrlar tayyorlash tizimining milliy-tarixiy zamindan uzilib qolgani, dunyoqarash soxta aqidalar ruhida shakllantirilgani bilan bog‘liq. Chunki sho‘ro zamonida jurnalistga komfirqaning g‘oyaviy instruktori sifatida qaralardi. Ana shunday sun’iy andazalar asosida tayyorlangan xodimlar amaliy faoliyatga shay emas edi. Jurnalistikada “Hamma narsa haqida yozish mumkin” degan kasbiy qoida amal qiladi. Mabodo, qalamkash hammaning e’tiboridagi voqea haqida eplab yoza olmasa, uning  yozganlari e’tirozga sabab bo‘lsa, hatto ish sudgacha borsa, bunda kimni ayblash lozim? (Omadi gap shuki, sudlashish jurnalistik faoliyatda oddiy hol hisoblanadi, biroq tarafkashlik sababli paydo bo‘lgan g‘alva tufayli sudlashish bilan haqiqatni himoya qilib sudlashish o‘rtasida katta farq bor). Yoki o‘rtada sobit turishi, faqat adolat tantanasi uchun ishlashi lozim bo‘lgan kasb egasi buyurtma bilan bir tomonning manfaatini himoya qilib tursa, kasbning obro‘si qoladimi? Bunday hollarning sabablari ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin asosiysi, kasbiy e’tiqodning sustligi emasmi? Demak, jurnalistning maslagi ham sohaning rivojida muhim o‘rin tutar ekan.

Sabablardan yana biri esa sho‘ro tuzumining qiyofasi edi. Xohlaysanmi, yo‘qmi, totalitar mafkura tarafida turishing lozim edi. O‘shanda “to‘rtinchi hokimiyat” deyilganda, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik emas, balki  jazolovchi kuch, yana bir zo‘ravon mahkama tushunilgan. Shu sababli gazetalarda “…ko‘zingizni oching, sizga fele­tonchi ketdi” tarzidagi shapkalar berilgan, feletonchi esa qog‘oz va qalam bilan birga ikkita “to‘pponcha” osib yurgan. Shunday qilib, matbuot qo‘rquv mashinasiga ham aylangan edi. Dunyo tajribasi esa bunday hollarni qoralar, bunday matbuotni  tan olmasdi.

Hozir dunyo siyosiy iqlimi tubdan o‘zgardi, zo‘ravonlikni, kuch ishlatishni targ‘ib qilish nufuzli qonunlar bilan ta’qiqlandi. Jumladan, mustaqil O‘zbekiston diyorimiz eng erkparvar, adolatparvar siyosat tarafdori.  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida yangilanish sari olib borilayotgan siyosatdan xalqimiz rozi, ulardan umidi katta. Shunday sharoitda milliy matbuotimiz ham yangilanishlar ilhomchisi va targ‘ibotchisi bo‘lishi ayni davr talabi. Milliy TV dagi jasorat, dadillik hammada rag‘bat uyg‘otmoqda. Ushbu jarayonda esa matbuotning o‘rni va vazifasi bo‘lakcha. Masalan, TVda voqelikning tashqi, fotografik manzarasi aks etib, xulosalar birlamchi dalillar ko‘magida chiqarilsa, matbuot yutuq va kamchiliklarning ildizlari, yuzaga chiqargan teran omillar haqida mushohada yuritish imkonini beradi. TVda bir xil manzaraning turli hududlarda kechish va sodir bo‘lish jarayonini birdaniga qamrab olish imkoni bo‘lmaydi. Matbuot esa dalillarni taqqoslab, ularni tahlilga torta oladi. Yutuqni ommalashtirish, kamchilikni bartaraf etish uchun esa ularning sabablarini topish lozim. Bu yumush matbuot xulosalari orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kunda sohaningyetilgan muammolaridan biri jurnalistning kasb mahorati, e’tiqodidan tashqari malakali jurnalistning o‘zini tayyorlash bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, bu bo‘shliqni biror axborotni eplab yozadigan ma’lumotli odamlar hisobidan to‘ldirish mumkin, ammo professional kasb odaminiyetishtirish oson masala emas. Ko‘plar yozishni bilgan odam redaktsiyalarda ishlab keta oladi, deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, “ishlab keta oladi”, biroq ishkal shundaki, u havaskorlik darajasidan yuqori ko‘tarilishi qiyin kechadi. Mabodo ish shunday bo‘lganda edi, universitetlarda maxsus fakultet tashkil qilish shart bo‘lmagan bo‘lardi. (Umuman, bu soha xodimlarini tayyorlash bo‘yicha dunyoda turli yondashuvlar mavjud. H.S.) Shundanmi, ishtiyoqi baland kishilar jon-jahdi bilan jurnalist bo‘lishga intiladi, jurfakda o‘qiyotganlarning aksariyati esa, afsuski, bitirgach, bu sohada ishlamasligini aniq biladi. Masalan, bizning kursimizda ellikdan ziyod kishi diplom olib ketdi. Sohada ishlaganlar esa barmoq bilan sanarli. Bu holning aniq ta’rifi shunday: ko‘plar jurfakda o‘qish juda oson, deb o‘ylashardi (rost-da, oshpaz yoki quruvchi ham maqola yozib yuribdi-ku). Bu masalaning  chalg‘ituvchi tomoni. Kimki redaktsiyaga ishga borib, birinchi topshiriq bilan “material tayyorlash”ga kirishsa, gap nimadaligini o‘shanda biladi. “O‘qish oson” bo‘lgach, boshqa fakultetlarga “sig‘may” qolgan, biroq o‘qishi shart bo‘lgan (sababi ma’lum) “imtiyozli”lar jurfakka oqib kelaverardi. Unga qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, hatto huquqshunoslik institutlaridan bolalar “perevod” qilinardi. Shu bilan tahsilning obro‘si ham, sifati  ham tushib ketardi. Malakali, pishiq-puxta xodimlarning tayyorlanmagani ham milliy jurnalistikaning oqsab qolishiga sabab bo‘ldi. Ochig‘i, o‘tgan yillarda jahon standartlari darajasida faoliyat ko‘rsatgan hamkasbimni eslay olmayman. Topilishi mumkin, gap millat, xalq manfaatlari haqida ketmoqda. Shunday qilib, publitsistika proza, ayniqsa, poeziyaning soyasida qolib ketdi. Holbuki, publitsistikada hamma janrlarning fazilatlari: she’riyatdagi ohangdorlik, nasrdagi ko‘lam, dramaturgiyadagi keskinlik mavjud. Bugun u dunyo badiiyatida engyetakchi mavqega ega bo‘lib  turibdi.

Malakali xodimlar tayyorlashning ikkinchi qanoti — hududiy matbuot. Oddiy holat — daryoning to‘lib oqishi buloqlar suvining mo‘lligidandir. Oldin buloq quriydi, so‘ngra ilojsiz qolgan daryo taqirga aylanadi. Avvalo, hududiy matbuot — tuman yoki viloyatlarda gazeta-jurnal nashr etishning ma’naviy tomonlariga e’tibor qarataylik. Tuman yoki viloyat markazlarida gazeta-jurnal tahririyatlarining bo‘lishi, aniqki, bir madaniy, ijodiy markaz mavjudligidan darak beradi. Bu joy qalbida ijod ishqi bo‘lgan bo‘lajak qalamkashlar, san’atkorlar, umuman, ziyolilarning sevimli maskaniga aylanadi. Baland parvozlar ana shu dargohdan boshlanadi. Hammamizning tomog‘imiz tuman gazetalarida ko‘tarilgan, desam xato bo‘lmas. Boz ustiga, mustaqillik tufayli hududiy matbuotning yumushi yana ham ko‘paydi. Axir, o‘sha joydagi tarixiy maskanlar, qadriyatlar, taniqli kishilar haqida o‘sha joyning odamlari ko‘proq biladi va “qotirib” yoza oladi. Bu mavzulardagi chiqishlar yurtimizning endi yozilajak to‘la tarixiga chizgilar bo‘lib qo‘shilishi bor gap.

Gazeta-jurnallarda tafakkurning jami qirralari yuzasidan bahs yuritiladi. Har kuni gazeta varaqlab yoki jurnal sahifalarini taxtlab yurgan odamga uning “changi” o‘z-o‘zidan yuqib qolaveradi. Shuning uchun redaktsiyalarning tuprog‘ini changitib yurganlar ham madaniy saviya jihatidan o‘z tengdoshlaridan yuqoriroq bo‘lishi bor gap. Kasblar orasida esa jurnalistga har qanday soha odami bilan teng gaplasha oladigan, yuqori madaniyatli shaxs sifatida qarashadi. Bir davlat arbobining (Napoleon) “Har qanday jurnalist vazir bo‘lishi mumkin, biroq har qanday vazir jurnalist bo‘la olmaydi” degan gapi bot-bot takrorlanib turishi ham behuda emas. Bu mezonlar, aslida, jurnalistga qo‘yilgan talablar. Ana shunday qadriyatlarni mujassamlashtirgan ma’naviy boylik mustaqillik g‘oyalaridan to‘yinib, yangicha ko‘rku kamol kasb etishga haqli. Negaki, kuchli davlatni kuchli mafkuraviy qurolsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Xonadonlarga gazeta-jurnallarning kirib borishi o‘sha manzillarga ma’rifatning, ziyoning kirib borishidir (albatta, bu mahsulotlar  nur olib kiradigan darajada nurli bo‘lishi lozim). Erta tongda birinchi mashg‘ulotini bosma nashrlarni varaqlashdan boshlagan xonadon ahli diliga bir munavvarlik yuqqanga o‘xshaydi. (Iztirob bilan qayd etish joizki, hozir nashrlarda yorqin ruhli maqolalar kamayib ketdi; aksariyat ko‘ngilochar oldi-qochdilar. O‘zi, ko‘ngilochar vositalar ko‘p: telekanallar, radio to‘lqinlari, gazeta-jurnal sahifalari… Xalqimizning ko‘ngli qachon “yopilib” qolgan yoki  nima ish qilib charchagan?) Mutolaa bilan boshlangan kun boshqa xayrli amallarga yo‘l ochadi. Xossatan, oilada kitobxonlik muhiti qaror topadi. Gazetadan shapaloqdek qiziqarli narsani mutolaa qilgan uy bekasida qalin kitobni ham o‘qib chiqish hafsalasi paydo bo‘ladi.  Umuman, ma’naviyat bilan bog‘liq barcha yumushlar bir-biri ila ichki mantiq orqali bog‘langan. Bir zanjir zaif bo‘lsa yoki uzilib ketsa, ilgarilanma harakat ta’minlanmaydi. Mahalliy hayotni ishonchli va teran yoritadigan gazeta-jurnallar esa bardavomlik va uzviylikni ta’minlaydigan vosita. Umuman, tuman va viloyat gazetalarining ijtimoiy hayotni taraqqiy ettirishda o‘rni beqiyos.

Xalqda “Bo‘zchi belboqqa yolchimaydi” degan gap bor. Ko‘plarning muammosiniyechishga safarbar qilingan matbuotning o‘zi ham muammolar girdobida qolib ketgan.  Oddiy masala — xodimlar mehnatiga haq to‘lashni olib ko‘raylik. Kecha ish boshlagan ham, deylik, 20 yil ishlab qo‘ygan xodim ham bir xil maosh olaveradi. Bu borada mehnat staji, malaka singari omillarga e’tibor berilmagan. Bu xususiy masala, albatta. Umumiy tarz­da esa matbuot, umuman, jurnalistikaning umuminsoniyat mezonlari darajasida e’tirof etilgan tamoyillari bor. “Matbuot o‘zi mansub bo‘lgan jamiyatning  mahsulidir” singari aqidalarga qo‘shilib bo‘lmaydi. Axir, Braziliya yoki Indoneziyaning o‘ziga xos tibbiyoti bo‘lmaydi-ku. Garchi tibbiyot va jurnalistika boshqa-boshqa soha bo‘lsa-da, ularning zamirida insonga xizmat qilish tamoyili mujassam. Qolaversa, jamiyat uchun tibbiyotning o‘rni qanchalik muhim bo‘lsa, jurnalistikaning zarurati ham undan kam emas. Ilg‘or mamlakatlar tajribasi bu nisbatni yuz yillar oldin tasdiqlagan. Mabodo, umuman olganda, qaysi davlatda bo‘lsa-da,  matbuot umuminsoniy mezonlardan chekinib, o‘z qobig‘ida o‘ralashib qolgan ekan, bunga sohani emas, o‘sha soha odamlarini va ana shu sohaga “o‘gay” ko‘z bilan qaraydiganlarni ayblash lozim bo‘ladi. Bizda tarixiy tajribalar asosida rivojlanayotgan, qonuniy asoslari mustahkam milliy matbuot mavjud. Davr talablari esa endi eski qoliplar doirasida ishlab bo‘lmasligini ko‘rsatayapti. Xayrli ishlarga kamarbasta bo‘lib turgan vaqt­li matbuotimiz oldida turgan muammolarini bartaraf etib, zamon bilan baqamti, hamnafas rivojlanishga kuch topa olishi zarur.

Hakim SATTORIY,

jurnalist

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =