Shu zamin farzandlari

Nahotki, u? Qisiq ko‘zlar, bo‘rtiq qabog‘u, uzunchoq yuz…ha, aniq xotiramda muhrlanib qolgan. Yo adashdimmi? Yo‘q, yuragim sezib turibdi: o‘sha! To‘g‘ri, u paytlar endigina o‘n sakkizdan o‘tgan yigitcha edi. Nogoh uchrashib qolganmiz. Ishdan qaytar paytim baland uylar ortidagi dov-daraxtlar orasidan shom qorong‘uligiga qorishib bir sharpa sidrilib chiqdi. Avvaliga biror daydi jonivormi deb cho‘chib ketdim. Oyoqlarim beixtiyor ortga tisarildi. Ammo kimdir xirildoq bir ovozda salom bergach, unga sinchiklab nazar soldim. Soch-soqollari o‘siq, ust-boshi isqirt bir mardum.

 

— Aka, uzr, bezovta qildim, — degandi u shoshib, g‘udranib, — ahvolim tang, menga yordamingiz kerak.

Sharpaning uzuq-yuluq hikoyasidan angladimki, u bir guruh tengqurlari bilan qo‘shni mamlakatga ish izlab ketgan. Uyerda firibgarlik qurboni bo‘libdi. Olti oycha sarson-sargardon yurgach, bir amallab yurtga qaytibdi.

— Ozgina topgan mablag‘imdan ham chegarada ayrildim, — deb hikoyasiga yakun yasadi u. — Uch kundan beri poytaxtda daydib yuribman. Hatto yo‘lkiraga ham pulim yo‘q. Agar mumkin bo‘lsa, biroz…

Odatda ichkilikbozlik domiga tushgan tilanchilar shunday deydi. Ular ham ko‘pincha o‘zlarini shu taxlit jabrdiyda ko‘rsatib, oxir-oqibat, uch-to‘rt so‘m yordam so‘raydi. Yo berib qutulasan, yo qochib. Ammo bu gal men qarshimda iymanibgina turgan yigitning hasratiga ishondim. O‘sha kuni maoshdan ulush olgan edik. Cho‘ntak kavlab, bir qismini qarshimdagi ehtiyojmandga uzatdim.

E-he-e, o‘sha voqeadan beri hash-pash deguncha yillar o‘tdi. O‘sha oqshomgi uchrashuvni ham vaqt chang-to‘zoni xotiramning bir chekkasiga ko‘mib tashlagan edi. Mana, bugun u nogoh yuz ko‘rsatdi. Bizni kutib olishga chiqqan, barvasta, orasta ust-boshli, rang-ro‘ylari dasht shamolidan qoraygan kattakon savlatli insonga ko‘zim tushdiyu, xotiramda allanelar jonlanganday bo‘ldi.

— Qobil Nurmatov, — dedi u o‘zini tanishtirib, — “Peng Sheng” qo‘shma korxonasi. Yetakchi mutaxassis.

Men uning g‘oyat issiq ko‘rinayotgan yuz-ko‘ziga tikilarkanman, o‘sha shomda yo‘liqqan musofirning ismini eslashga urindim. Biroq uddalay olmadim. Faqat uning “sirdaryolikman” degani g‘ira-shira xayo­limda jonlandi. Xuddi shu eslaganim ham qarshimda turgan “etakchi mutaxassis” o‘sha miskin ekanligini tasdiqlaganday bo‘lardi. Qolaversa, Qobil Nurmatov ham aft-angorimga ajabsinib, qiziqsinib qaraganday tuyul­di.

“Ha, bu o‘sha, meni ham tanidi-yov”, — degan o‘y xayolimdan o‘tdi.

Lekin shu lahzadayoq sezdimki, mezbon hammamizga ham andak hayajon, andak ehtirom bilan ko‘z tashlayotgan ekan.

— Sizlarni yaxshi taniymiz, — dedi u mamnun jilmayib, — televizorda ko‘p ko‘rganmiz, hammangiz ijodkorsiz, to‘g‘ri topdimmi?

Ha,yetakchi mutaxassis to‘g‘ri topdi. Biz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yo‘llanmasi bilan Sirdaryo viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy hayoti bilan tanishish uchun xizmat safariga chiqqan qalamkashlarmiz. Guliston shahrida guruhlarga bo‘linib viloyatning turli tumanlariga tarqab ketdik. Bizning guruhga borar manzilimizni aytganida, ochig‘i, biroz ensam qotdi. Chunki uyerlarda talabalik paytlarimiz paxta terganmiz. Qalin qamishzorlarga, baland yulg‘unzorlarga burkangan vahimali zovurlar, uch-quyruqsiz paxta paykallari xotirada muhrlanib qolgan. Sirdaryo viloyati hokimligi vakili ta’riflagandek, uyerda erkin iqtisodiy hudud borligini, zavod-korxonalar qad rostlaganini hech tasavvur eta olmadim. Yana paxtakorlar, chorvadorlar bilan uchrashib qaytar ekanmiz-da, deb o‘yladim. Ammo adashgan ekanman. Biz o‘tirgan ulov Sirdaryo tumani markazini kesib o‘tib, keng-ravon yo‘l bo‘ylab, ko‘m-ko‘k ekin paykallarini ortda qoldirib borarkan, nogoh ko‘z oldimizda shahar siyog‘idagi bir mo‘’jaz maskan paydo bo‘ldi.

— Sirdaryo tumanidagi erkin iqtisodiy hudud shu! — dedi haydovchi tantanavor.

Hangu mang tarzda birin-ketin mashinadan tushdik. Shundoqqina qarshimizda, baland, naqshinkor ark peshtoqidagi yozuv — “Do‘stlik bog‘i” — quyosh nurlarida jilvalanib turardi. Ark orti misli shahar:baland-past, shinam-ko‘rkam imoratlar, turli-tuman dov-daraxtlar barq urgan, silliq beton yo‘lkalar yotqizilgan xiyobon, qator maishiy-madaniy binolar.

Ko‘rganlarimizdan aqlimiz shoshib turgan bir paytda, mana, eski xotiralarni uyg‘otib qarshimizda mezbon sifatida “etakchi mutaxassis” paydo bo‘ldi. Kimsasiz, vahimali cho‘l hududining nechog‘lik o‘zgarib, sanoat shaharchasiga aylanib ketganidan bir karra lol qotgan bo‘lsam, xotiramda jonlangan darvishsifat musofirning bugungi ziyo­lilarga xos o‘ktam qiyofasini ko‘rib, ming karra hayratga chulg‘andim.

— Ko‘rib turganingizdek, — deya hayratlarimdan bexabar bizni yo‘l-yo‘lakay chor-atrof bilan tanishtirishga tushib ketdi u. — Buyerdagi erkin iqtisodiy zona o‘zagini “Peng Sheng” sanoat majmuasi tashkil etadi.

Yetakchi mutaxassisning izohlaridan angladikki, “Peng Sheng” O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasi. Investitsiya mablag‘i 138 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Demak, dovu daskasi ham shunga yarasha: il­g‘or, zamonaviy uslubda barpo etilgan qator ishlab chiqarish maskanlari, ma’muriy idora, yotoqxonalar, xo‘jalik ta’minoti markazi ko‘rgan ko‘zni quvontiradi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish sur’ati va sifatini muntazam saqlash, hudud madaniy-mai­shiy hayotini yuksaltirish niyatida maxsus qurilgan 110 kvt. quvvatga ega alohida podstantsiya, temiryo‘l tarmog‘i, gaz taqsimlash markazi, suv tozalash tizimi, zamonaviy omborxonalar ham “Peng Sheng”­ning nechog‘lik nufuzga, kuch-quvvatga ega ekanligidan darak berib turibdi.

Peshtoqida O‘zbekiston va Xitoy bayroqlari hilpirab turgan ko‘rkam, ixcham ma’muriy idora yonida bizni mazkur qo‘shma korxona direktori o‘rinbosari G‘afurjon Ahmedov qarshi oldi. Bu salohiyatli rahbarning nafaqat ishlab chiqarish siru sanoatini chuqur bilishi, balki adabiyot va san’at olamidan ham tuzukkina xabardor ekanligi quvontirdi. Shu bois suhbatimiz qizg‘in tus oldi.

— Aslida, ishlab chiqarish yo‘nalishida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlardan yuksak saviya, did-farosat talab qilinadi, — deydi G‘afurjon Ahmedov, — bunday fazilatlarga adabiyotga ixlosmand, kitobga mehri baland odamlar erishadi.

Albatta, majmua hayoti bilan tanishish jarayonida qo‘shma korxona direktori o‘rinbosari aytgan gaplarga yana bir karra ishonch hosil qildik. Ikki yuz nomdan ortiq turli janrdagi adabiyotlarni o‘zida jamlagan mo‘’jazgina kutubxona, yorug‘, shinam qiroatxona u kishining so‘zlarini tasdiqlab turardi.

“Peng Sheng”da bir yarim ming­dan ortiq mahalliy aholi vakillari mehnat qilar ekan. Ularning besh yuzi xotin-qizlar. Yaltiroq sopol qoplamalar (kafel plitalar), jo‘mrak, toz kabi santexnika jihozlari, ishlov berilgan teri mahsulotlari, uy jonivorlari uchun ozuqalar tayyorlashga ixtisoslashgan mazkur sanoat majmuasi yuksak texnologiyalar, so‘nggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Ajab, murakkab tizimli, zamonaviy apparatura, texnika bilan oddiy, sodda qiyofadagi mahalliy aholi vakillari qanday tillashayapti? Ayniqsa, mahobatli qurilmalar, elektron monitorlar yonida turib ishlab chiqarish jarayonini kuzatayotgan, boshqarayotgan, maxsus korjamolari o‘zlariga yarashgan xotin-qizlarni aytmaysizmi? Hoynahoy, ular xorijda o‘qib, malaka oshirib qaytgan bo‘lishsa kerak?

— Mutaxassis kadrlarni tumanimizdagi sanoat kasb-hunar kolleji tayyorlab beradi, — dedi G‘afurjon Ahmedov faxr bilan. — Kollej bilan korxonamiz o‘rtasida shartnoma bor.

Faxrlansa arziydi. Bo‘lar ekan-ku! Chekka bir tumandagi kollejda zamonaviy texnika-texnologiyalar bilan tillasha oladigan mutaxassislar tayyorlanishi, albatta, quvonishga, faxrlanishga arziydi. Illo, buning hammasi mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan tub islohotlarning samarasidir.

Tanishish jarayonida yana amin bo‘ldikki, “Peng Sheng”ning ishlari baravj! Masalan, mazkur qo‘shma korxona tashkil etilgan payt­lar uning yaltiroq sopol qoplama (kafel) ishlab chiqarish quvvati yiliga 4 mln. kv.metrga teng deb topilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 10 mln.kv. ­metr­gayetgan. Shuningdek, 2 mln. 500 ming AQSh dollari qiymatiga barobar uy jonivorlari uchun ozuqalar eksport qilinmoqda. Aytish mumkinki, buyerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi tashqi bozor uchun mo‘ljallangan. Jumladan, Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Ukraina kabi mamlakatlar «Peng Sheng”ning doimiy xaridorlaridir.

— Albatta, biz bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz, — deydi G‘afurjon Ahmedov. — Mahsulotlar sifati va sonini yanada oshirish uchun tinimsiz izlanayapmiz, mahalliy xomashyolar bazasiga tayangan holda, so‘nggi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etayapmiz. Maqsadimiz — yaqin kelajakdayevropalik, amerikalik talabchan buyurtmachilarni ham o‘zimizga jalb etish.

Albatta, har qanday korxonaning rivojlangani, gullab-yashnagani, boy-badavlat bo‘lgani durust. Ammo bundan el-ulus qanday manfaat ko‘ryapti? O‘z hududlarida xuddi shunday mahobatli sanoat majmuasi fao­liyat ko‘rsatib turganidan mahalliy aholi, oddiy odamlar mamnunmi? Zero, bugungi kunda inson manfaati, uning farovonligi — har narsadan ustun. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev xuddi shu masalaga alohida e’tibor qaratib kelayotganidan butun jamoatchilik yaxshi xabardor.

Biz tanishuv, o‘zaro suhbatlar chog‘ida yana bir karra amin bo‘ldikki, “Peng sheng” qo‘shma korxonasida ayni hudud infrastrukturasini yaxshilash, obodonchilik ishlarini amalga oshirish, ishchi-xodimlar farovonligini yuksaltirish yuzasidan tegishli reja-loyiha ishlab chiqilgan. Shu kunlarda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha ham tegishli faoliyat olib borilmoqda. Jumladan, tumandagi yo‘lsozlik, maishiy imoratlar qurish ishlariga jiddiy hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, hududdagi “Farovon” mahallasini ushbu korxona o‘z otalig‘iga olgani diqqatga sazovordir. Mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga yordam berish, qariyalarni, nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida xayrli tadbirlarni amalga oshirmoqda.

— Bizning sanoat majmuamizda har bir ishchi-xodimga alohida e’tibor, alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda, — deydi qo‘shma korxona ish yurituvchisi Go‘zal Abulqosimova. — Masalan, bepul issiq ovqat, kundalik ehtiyoj mollari har doim muhayyo. Ishchi-xodimlarni tashish uchun maxsus avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tash­qari, yaxshi mehnat qilgan, bosh­qalarga o‘rnak xodimlar tegishli tartibda rag‘batlantirib boriladi.

…O‘sha “etkachi mutaxassis”ni tushlikdan so‘ng yana uchratdik. U bir guruh xodimlar bilan yangigina ishlab chiqarilgan mahsulotni ko‘zdan kechirib, allanelar haqida bahs­lashib turardi. Yuz-ko‘zida viqor, o‘ziga ishonch, mamnuniyat. “Ko‘p yillar avval poytaxtda, shomda menga yo‘liqqan musofir shumidi o‘zi?” degan savol kaminani bosh­qa bezovta qilmay qo‘ydi. Axir, buning nima ahamiyati bor? Kim ekanligidan qat’i nazar, ayni paytda qarshimda istiqlol sharofatidan, Prezidentimizning alohida e’tibori, g‘amxo‘rligi tufayli o‘z qadrini topgan, el farovonligi uchun mehnat qilayotgan shu zamin farzandi turardi. Bu yoshlarni kuzatish, ular bilan suhbatlashish biz uchun ham quvonch, ham g‘urur bag‘ishlardi.

Luqmon BO‘RIXON

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 18 =