Yosh jurnalistlar «yurak sadosi»

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan «Yosh yuraklar sadosi» kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Unda uyushma qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi a’zolari, Yoshlar ittifoqi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talaba-jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimizda yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ular qalbida Vatanga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mus­tahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

 

Eng muhimi, mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishidan tortib, kasb-hunar egallashi, ishga joylashishi, uy-joyli bo‘lishi — barchasi davlat e’tiboridagi masala bo‘lib, buning uchun davlat organlari bilan bir qatorda, jamoat tashkilotlarining, keng jamoatchilikning sa’y-harakati yo‘naltirildi.

«Yosh yuraklar sadosi» kitobining nashr etilgani ham ana shu ezgu amallarning debochasidir. Ushbu loyiha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Respublika tovar xom ashyo birjasi o‘rtasida tuzilgan «Do‘stlar klubi»  mablag‘lari ko‘magida  amalga oshirildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan  nashrga tayyorlanib, chop etilgan mazkur kitobda mamlakatimiz omma­viy axborot vositalarida xizmat qilayotgan yosh jurnalistlarning ijodiy ishlari jamlangan.  Bugungi  islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari xalq manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylanmoqda. Ana shu sohaga kirib kelayotgan yoshlardan shubhasizki, shijoat, professional mahorat, xolislik va chuqur tahliliy salohiyat talab etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova, O‘zbekis­ton Jurnalistlari uyushmasi qoshidagi faxriy jurnalistlar Kengashi raisi Jabbor Razzoqov, “Bosh­lan­g‘ich ta’lim” jurnali Bosh muharriri Halim Saidov va bosh­qalar “Yosh yuraklar sadosi” kitobi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

—         To‘plamdan o‘rin olgan ijodkorlar  maqolalarida  navqiron qalam ahliga xos hayotga toza nazar, odamlarning dardu tashvishlariga va muammolarga kuyunchaklik bilan yondashishi, o‘z ijodiy uslubini yaratishga bo‘lgan intilish ko‘zga tashlanadi, — dedi Jabbor Razzoqov. — Biz yoshligimizda maqolamiz gazetada chiqqaniga xursand bo‘lar edik. U davrlarda faol yosh jurnalistlarning materiallarini to‘plab kitob qilish hech kimning xayo­liga kelmagan. Jurnalistlar uyushmasining bu tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman va minnatdorligimni bildiraman. O‘ylamaymanki, kelgusida ham ushbu loyiha davom etadi. 

— To‘g‘risi, barcha mualliflarga havasim keldi, — deydi O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti dotsenti Beruniy Alimov. — Ular hali juda yosh. Lekin O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi ularning «Yosh yuraklar sadosi» nomli kattagina kitobini chiqaribdi. Men bu kitobga 44 navqiron jurnalistning «yurak sadosi» deb tarif berdim. Orasida, dadil, muammoli maqolalar ham yo‘q emas. Shunday paytda yaponlarning bir gapi esimga tushib ketadi: Gambatte kudasay, ya’ni — qattiq ishlashda davom eting, aziz yoshlar!

Darhaqiqat, kitobda yurtimiz gazeta va jurnallarida faoliyat ko‘rsatayotgan,   materiallari bilan elga tanilayotgan 44 nafar  jurnalistning milliy matbuo­timizda chop etilgan qirq to‘rtta maqolasi o‘rin egallagan. Bu materiallar  milliy jurnalistikaga «Yoshlar ovozi» gazetasi loyiha kordinatori  Nargiza Umarova, «Xalq so‘zi» gazetasi adabiy kotibi Shavkat Ortiqov, «Do‘stlik bayrog‘i» gazetasi (Navoiy viloyati) muxbiri Zebo Qutlieva,  «Vatanparvar» gazetasi muxbiri Bobur Elmurodov, «Jomboy» gazetasi (Samar­qand viloyati) muharriri Isomiddin Po‘latov kabi  yangi avlod vakillarining kirib kelayotganini namo­yish etadi.

«Yosh yuraklar sadosi» kitobi — loyihasi rahbari Sa’dulla Hakimov. Tuzuvchilar Mavjuda Yuldosheva, Halim Saidov, Nilufar Namozova. To‘plam «TA’LIM-MEDIA» nashriyoti tomonidan tayyorlanib, 1000 nusxada «AVTO-NASHR» xususiy korxonasi bosmaxonasida chop etilgan.

 Jobir XO‘JAQULOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =