Akmal BURHONOV: Ovozimizning yanada baland chiqishi uchun jamoatchilik fikri va ishonchi muhim

So‘nggi paytlarda yurtimizda jamoat tashkilotlarining soni, faolligi ortib borayotganini e’tirof etish joiz. Xususan, joriy yil 17 yanvar kuni davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan nodavlat notijorat jamoatchilik tashkiloti yana bittaga ko‘paydi — “Yuksalish” umummiliy harakati tashkil etildi.

Ushbu tashkilotning ishlash doirasi keng, faoliyati juda muhim. Xoh jamoatchilik, xoh qonunchilik tashkiloti bo‘lsin, yurtimizda kechayotgan islohotlarni keng ommagayetkazish, tushuntirish, ekspertlik muhokamalarida qatnashish, shu orqali odamlarga yordam berish bosh maqsaddir. Quyida mazkur tashkilot rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov bilan muxbirimizning suhbati e’lon qilinmoqda.

— Akmal aka, Sizni “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faol rahbari sifatida bilardik. Endilikda yangi tashkil etilgan “Yuksalish” umummilliy harakatiyetakchisisiz. Harakatning buguni va ertasi, asosiy faoliyat rejalari haqida to‘xtalsangiz…

— Xabaringiz bor, ushbu umummilliy harakat Yurtboshimizning 2019 yil 17 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etildi. Farmonda belgilab berilganidek, “Yuksalish” umummilliy harakati, davlatimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga, e’lon qilinayotgan qonun va qarorlarga, eng asosiysi, taraqqiyot strategiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lida xalqning barcha qatlamini birlashtirishdan iborat. Harakatning auditoriyasi cheklanmagan, ya’ni kim qaysi sohada va qaysi lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar tashkilotimiz bilan bog‘lanib, qonunlar bo‘yicha o‘z takliflarini kiritishi mumkin. Shuningdek, xorijdagi hamyurtlarimiz ham o‘z taklif-mulohazalarini, muammolarini bemalol aytish imkoniga ega.

— Demak, “Yuksalish”ning eng ustuvor vazifasi bu… targ‘ibot-tashviqot ishlari ekan-da?

— Eng asosiy maqsadimiz — islohotlardan barchani birdek xabardor qilish. Chekkaroq hududlardagi aholigayetkazish, qiziqish uyg‘otish va ularni harakatga keltirish. Shu bilan birga, ularning taklifini, muammolarini eshitadigan va muhokama qiladigan maydonni yaratib berish. Shu orqali odamlarning davlatga ishonchini mustahkamlash. Ma’lumot uchun quyidagilarga e’tibor qiling. Davlat dasturlari loyi­halari qabul qilinayotganda fuqarolardan 2017 yilda 1300, 2018 yilda 4000ga yaqin, joriy yilda esa 4200dan ortiq taklif kelib tushgan. Bu raqamlar butun O‘zbekiston aholisi sonidan anchagina past va takliflarning aksari ijtimoiy tarmoqlar orqali kelgan. Maqsadimiz qishloq va mahalla aholisiga davlat dasturi loyihalariniyetkazib, ularning taklifini mahalliy, xalq deputatlari kengashlari yordamida respublika darajasida hal qilib berishdan iborat. Ya’ni, ustuvor yo‘nalishlarimiz bilan fuqarolarimizda daxldorlik hissini uyg‘otish bizning asosiy vazifamizga kiradi.

Bu borada biz ko‘p tashkilotlarni hamkorlikka chorlaganmiz.

Davlat idoralari olib chiqqan mavzularni jamoatchilik e’tiborini jalb qilish bilan qo‘llab-quvvatlaymiz. Gohida hududlarda qonun doirasidagi ishlar amalga oshirilmagani haqidagi xabarlar ham kelib turadi. Biz mana shunday vaziyatlarda tizimni monitoringdan o‘tkazamiz. Shikoyatlarni tegishli hokimlik va vazirliklarga jo‘natamiz. Tahlil qilish va sodda tilda aholigayetkazish, albatta, oson ish emas. Qolaversa, jamoatchilik nazorati degan tushuncha to‘laligicha shakllanmagan. Fuqarolik jamiyati ins­titutlarida jamoatchilik fikrini o‘rganish endi-endi shakllanib kelmoqda. Faoliyat doirasida ko‘ryapmizki, bu borada hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar ko‘p.

Qonun va qarorlar qabul qilinib, OAV orqali aholi e’tiboriga havola etilganda, xalqning “hazm” qilishi birmuncha qiyin kechmoqda. Shu bois ham qonunlarimizni sodda tilda xalqqayetkazishimiz kerak. Bugungi kunda xalqimiz “Mening fikrim”, “regulation” kabi portallar orqali o‘z fikrini bildirishi va hatto o‘rinli taklif bo‘lsa, ularni o‘zgartirish imkoniyatiga ega. Afsuski, bundan foydalanuvchilar kam. Xohlardimki, O‘zbekistonning har bir fuqarosi davlatimiz qonunlarini yaxshi bilsa va o‘zgartirish kiritilayotganda o‘z taklifini berib, faol fuqarolik pozitsiyasida tursa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

— “Yuksalish” umummilliy harakati tashkil etilganiga hali bir yil ham to‘lmadi, shu qisqa muddat ichida qancha aholini o‘z ish uslubi bilan tanishtirishga ulgurdi, aholidan qancha murojaatlar kelib tushdi?

— Ha, ish boshlaganimizga endigina 8 oy bo‘ldi. Shundan 2-3 oyini viloyat va tumanlarda tashkiliy bo‘limlarimizni ochishga sarfladik. Niyatimiz, chekka viloyatlardagi aholi qatlami ham tashkilotimiz faoliyatidan bexabar qolib ketmasin. Ke­yingi bosqichda nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar olib bordik. Umuman olganda, shu qisqa vaqt davomida ko‘plab tashkilotlar, jamoatchilik bilan ishlashda platformalar yaratishga ulgurdik. Qolaversa, sir emaski, nodavlat-notijorat tashkilotlariga davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmaydi, o‘zini o‘zi moliyalashtiradi. Mana shunday tashkilotlar uchun Harakatimiz qoshida “Koverting markazi”ni ishga tushirdik. Ularni zarur texnika vositalari bilan ta’minlab, joylashgan manzilidagi ijara pullarini to‘lab berdik. O‘tgan vaqt davomida respublikadagi barcha hududlarga shaxsan o‘zim bordim, aholi bilan uchrashdim. Ularni qiynayotgan muammolarni o‘rgandim. Uchrashuvlarda “Yuksalish” umummilliy harakatining 4 ta ustuvor yo‘nalishini tanishtirishga harakat qildik. Ya’ni, bular — Fuqarolarni qonunchilikda bo‘layotgan islohotlar bilan tanishtirish; qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganda, takliflari bilan ishtirok etishni amalga oshirish; tadqiqot va so‘rovnomalar o‘tkazish; jamoatchilik nazoratini samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yish.

Jamoatchilik tashkilotlari, jumladan, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi va Ombudsman bilan hamkorlik loyihalarimizni kengaytiryapmiz. Faoliyatimiz yo‘nalishlarida nafaqat ozodlikdagi, balki qamoqxonalardagi fuqarolar bilan ishlashni ham qamrab olish ko‘zda tutilgan. Tadbirlarimizda shu paytgacha 5000 dan oshiq aholi ishtirok etdi.

— O‘tgan oy yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida “snos”, ya’ni aholining uy-joylari va tadbirkorlarning turli bino va inshootlarining buzilishiga doir mojaro davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Hodisaga internet saytlari orqali munosabat bildirib, o‘z takliflaringiz bilan o‘rtoqlashgandingiz. Bu borada Harakat nomidan amalda qanday ishlar amalga oshirildi?

— Qushning ham uyi buzilmasin, degan naql bor va bu bejizga aytilmagan. Mavzu shu darajada dolzarbki, hatto muhtaram Yurtboshimiz aralashuvi darajasigayetdi.

Strategiyamizdan kelib chiqib, o‘z takliflarimizni aholiga bildirdik. Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqimizga murojaat qilib, kimning uyi buzilish xavfida bo‘lsa, telegramda ochilgan maxsus bot orqali murojaat qilishlarini so‘radik. Shu paytgacha aholidan yuzlab murojaatlar kelib tushdi. Hududlardagi bo‘linmalarimiz rahbarlari ana shu murojaatlar izidan tushib, muammoli holatlar bo‘lsa, tegishli idoralar bilan bartaraf etmoqda.

— “Yuksalish” umummilliy harakati faoliyati tashkilot sifatida aytaylik, “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi”dan nimasi bilan farq qiladi?

— Ma’lumki, “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi” yoshlar sohasiga oid davlat siyo­satini turli xil dasturlari asosida amalga oshiradi. Bizning tashkilotimiz esa butun jamiyat qatlamini qamrab oladi va qonunlarni jamoatchilikka yaqindan tanitishda, fikr berish va olishda xizmat qiladi. Biz yoshlar bilan individual tarzda shug‘ullanmaymiz, shaxsiy va ijtimoiy muammolarini hal etmaymiz.

— Xabarimiz bor, jamoatchilikni “bir manzilda” yig‘ish maqsadida jamoatchilik onlayn platformasi ishga tushirildi. Dastlabki natijalar qanday?

— Jamoatchilik onlayn platformasi shu yaqin kunlarda ishga tushdi. Qisqa muddat ichida fuqarolarimizdan 400 dan ziyod murojaat kelib tushdi. Kelgan muammo va takliflarni yig‘ib, Prezident adminstratsiyasiga topshirdik. Adminstratsiya murojaatlarni tegishli vazirlik va idoralarga jo‘natadi. Vazirliklar takliflarni o‘rganib chiqib, o‘z munosabatini bildirsa, bundan keyin tizimni yanada rivojlantirish niyatimiz bor.

Keling, jamoatchilik onlayn platformasi haqida kengroq ma’lumot berishga harakat qilaman. Platforma ayni payt­da ikki yo‘nalishda ishlamoqda. Ilk maqsad fuqarolarimizning bugungi kundagi davlatimizda olib borayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini his qilib, qonunlarga bo‘lgan munosabatini oshirishdan iborat. Keyingisi jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga bo‘lgan munosabatni qisqa vaqt ichidayetkazishdir.

— 400 dan ziyod taklif va shikoyatlar tushdi dedingiz, sir bo‘lmasa, takliflarning asosiy mavzusi nimalardan iborat?

— Yashirmayman, aksariyati shikoyatlardan iborat. Sud-huquq, ta’lim, sog‘­liqni saqlash hamda fuqarolik ishlaridan va shu paytgacha eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan Toshkent propiskasi bo‘yicha yig‘ilgan. Ta’lim sohasidagi kamchiliklardan biri sifatida kontrakt miqdorining yuqoriligini aytishgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash tizimida xizmatning sifat darajasi past­ligidan arz qilishgan. Fuqarolik ishlari bo‘yichayechilishi shart bo‘lgan muammo — Toshkent propiskasiga o‘tish tartibini soddalashtirish haqida taklif berilgan. Prezident Adminstratsiyasi biz taqdim etgan murojaatlarni tegishli vazirliklargayetkazishda yordam bersa, vazirlik va idoralar operativ tarzda munosabat bildirsa, bularning bari xalqning davlat idoralariga bo‘lgan munosabati o‘zgarishiga xizmat qiladi, albatta.

— Xorijdagi faol, ilmli yoshlarimiz bilan hamkorlik haqida ham to‘xtalsangiz?

— Yo‘nalishimizda xorijda tahsil olgan va uyerda ishlayotgan vatandoshlarimizni birlashtirish ham bor. “Buyuk kelajak” nodavlat notijorat tashkiloti bu borada biz bilan hamkorlik qilmoqda. Yil boshidan beri o‘ndan ortiq davlatda bo‘lgan bo‘lsak, uyerda yurtdoshlarimizning o‘y-fikrlari, tashvishlari haqida suhbatlashdik. Murojaatlardan ko‘ramizki, ularni ko‘proq konsullikka daxldor masalalar qiynaydi. Xorijdagi Butunjahon yoshlar federatsiyasi tashkilotidagi 300 dan ortiq mutaxassis bilan yoshlar uchun turli loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqyapmiz.

— Siz doktoranturani Yaponiyada o‘qib keldingiz va faoliyatingizda yapon hamkasblaringizning qaysi ish uslubini kiritishni istardingiz…

— Deputat bo‘lganimdan beri qonunchiligimizda Yaponiya qonunchiligining ijobiy tomonlarini o‘zimizda qo‘llashga harakat qilaman. Xalqining davlat idoralariga,yeriga bo‘lgan munosabatini yuqori baholayman. Masalan yaponlar yoz faslida energiyani tejab ishlatadi. Tabiatini asrash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari ham tahsinga loyiq. Yapon xalqining mehnatkashligi, yangilikka o‘chligi hammaga ma’lum. Yurtimizda yaponlarning aytaylik, ayrim ish uslublarini hayotimizga tatbiq etsak, tabiiy resurslarimizga ulardek munosabatda bo‘lsak, ishonamanki, ona diyorimiz yanada rivojlanadi.

— Ma’lumki, bu yil mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Sir bo‘lmasa kerak, siz Oliy Majlisga qaysi hududdan deputat bo‘lib saylangan edingiz? G‘alaba qozongan saylov okrugida nechta nomzod bo‘lgan, qanday farq bilan ovoz to‘plagansiz?

— Asli Namangan viloyatidanman. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 44-saylov okrugidan 2014 yilda nomzodimni qo‘yib, birinchi natijadayoq g‘olib bo‘lganman. Bu, albatta, oson kechmagan. Sababi, 6 yil Yaponiyada o‘qib kelib, poytaxtimizda ishlayotgandim. Namangan viloyatini hududini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirmoqchi bo‘lgan takliflarim, qolaversa, maqsadli g‘oyalarim bilan xalqning ishonchini oqlagan ekanman, saylovchilar 4 nomzod ichidan meni saylashgan. Meni tanlashganiga to‘xtaladigan bo‘lsak, nomzodimni qo‘ygunga qadar 50 dan ortiq mamlakatda bo‘lib, tajribasini o‘rgangan edim. Xorijda to‘plagan tajribalarimdan misollar keltirib, aholini ishontira olganman. Qolaversa, kasbim yurist. Bu ham saylovchilarni ishontirishda bir vosita bo‘lgan bo‘lsa kerak.

— O‘zbekistonning madaniy boyliklari 2021 yilda Fran­tsiyaning Luvr milliy muzeyida bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmada namoyish etilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu ishlarni muvofiqlashtirish tegishli vazirlik va idoralar bilan bir qatorda «Yuksalish»­ga ham yuklangan deb eshitgandik. Ayni paytda tayyorgarlik ishlari qanday ketyapti va unda nimalar namoyish etiladi?

— Bu ko‘rgazmani o‘tkazish bizning zimmamizga yuklatilmagan. Yaponiyalik hamkorlarimiz bilan suhbatlashganimizda Ilmiy texnologiya agentligining prezidenti, professor Hamu Guchi Muchinari yurtimizda bo‘layotgan islohotlarni ko‘zdan kechirib, madaniy va moddiy meroslarimizga havas qilgan holda 2021 yilda Frantsiyaning Luvr muzeyida bo‘ladigan festivalda, istasak eksponatlarimizdan 3D versiyasini tayyorlab berishini va O‘zbekiston ham Xalqaro hamjamiyatda o‘z maqomini yanada yaxshilash uchun hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgandi.

— Uzr, ko‘nglingizga olmangu, baribir “Yuksalish” umummilliy harakatining “ovozi” bugungi davr talabi darajasida chiqmayotganga o‘xshaydi. Yo bunday emasmi?

— Harakatimizning ovozi yanada baland chiqishi uchun jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashi, fikri va ishonchi muhim. Eng asosiysi, faoliyatimiz uchun zarur bo‘lgan platformani ishga tushirdik. Qolaversa, yuqorida ta’kidlaganimdek tashkil topganimizga hali ko‘p bo‘lmadi, keng ko‘lamli ishlarimiz, maqsadlarimiz sari ildamlik bilan odimlayapmiz. Yangi tashkilotning takomillashishiga, albatta, vaqt kerak, yillar kerak. Biz esa imkon qadar zimmamizga yuklatilgan vazifalarni tezkorlik bilan amalga oshirish, davr talabida ishlashga harakat qilyapmiz.

— Suhbatingiz uchun rahmat!

— Sizga ham rahmat!

Feruza RAHIMOVA

suhbatlashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 12 =