TARBIYA – HAYOT-MAMOT MASALASI

Hamma — erkagu ayol, katta-yu kichik qalb rizosi bilan o‘zini ana shu ma’naviy tarbiyaga safarbar etishi lozim. Ma’naviy tarbiyani BUGUN (!) chiroyli yo‘lga qo‘ya olmasak, ertaga esa kech bo‘ladi.

Avvalo, boboyu buvilar o‘giti, otaonalarning hushyorligi, tog‘axoladan tortib barcha qarindoshu qo‘niqo‘shni ham befarq bo‘lmasligi lozim.

Har qanday jamiyatda biror faoliyatga umumiy moyil­lik muhiti kuchliroq shakllangan bo‘ladi. Masalan, qaysidir joyda futbol muhiti hukmron bo‘lsa, erkagu ayol, yoshu qarining o‘ylar o‘yi, aytar so‘zi shu soha bilan bog‘liq bo‘ladi. Futbol bilan jiddiy shug‘ullanilmaydigan yurt aholisidan rostmana ajablanishadi. Necha asrlardan buyon ajdodu avlodlari faqat dengizchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan yurtning odamlari ehtimolki, dengizsiz yashab kelayotgan xalqlarning hayotini butkul tushunarsiz, zerikarli deb qabul qilishadi.

Asosiy tirikchiligi turizm bilan bog‘liq bo‘lgan o‘lkaning odamlari butun hayotlarini turistlarga xizmat ko‘rsatishga, til o‘rganishga bag‘ishlab yuboradiki, ular sayyohlar bormaydigan joylarda yashaydigan aholining hayotini tasavvur qila olmaydilar. Aslida, hamma joyda quyosh-u zamin bitta. Faqat faoliyat va ma’naviy tarbiya masalasi turlichadir. Xalqimiz uchun esa tarbiya hamisha hayot-mamot masalasi bo‘lib kelgan.

Bundan olti-etti yil avval Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi bir oila Yevropaga borib yashashga qaror qildi. Izlab-surishtirib, dunyoda eng baxtlilar reytingida yuqori o‘rinlarda turadigan bir davlatni tanlashdi. Internetdan va boshqa manbalardan qidirishib, ko‘p yillardan beri o‘sha yurtda yashaydigan o‘zbekistonlik o‘zbek oilasi bilan tanishib olishdi. Ularning xonadonida vaqtincha yashash uchun buyerdagi oilaning kattasi — nafaqadagi onaxon jo‘nab ketdi. Reja bo‘yicha, onaxon muhitni o‘rgangach, bu yoqda qolganlar: qizi, kuyovi va nevaralari boradigan bo‘lishdi. Kutilmaganda onaxon bir oy ichida qaytib keldi. Qanchalik sarf-xarajatlar qilingan bo‘lishiga qaramay, Yevropaga safar rejasi bekor qilindi.

Onaxon bilan uchrashganimizda, quyidagilarni gapirib berdi: “E-e, o‘zimizning O‘zbekistonimizdan qo‘ymasin ekan! U yoqlarda yashab bo‘lmaydi. Kechasi ham, kunduzi ham chor-atrofda behayolik, buzuqchilik. “Odamlar ko‘radi”, “uyat bo‘ladi”, deyish yo‘q. Ko‘z ochib yurib bo‘lmaydi. Undan ko‘ra, uyda dimiqib o‘tirgan yaxshi. Shunda ham televizorni qo‘ymaslik kerak, chunki, kechayu kunduz behayolikni targ‘ib qiladigan kanallar to‘lib yotibdi. Ammo bu ma’naviyatsizlikka qarshi kurashish hech kimning parvosiga kelayotgani yo‘q. Xayriyat, o‘zbekistonlik yaxshi bir oilaning uyida turdim. Ular mening yashashim vayeb-ichishimga pul olishmadi, ammo “Farzandlarimizni o‘zbekchasiga tarbiyalab bersangiz bo‘ldi”, deyishdi. Yuqori sinflarda o‘qiydigan bu bolalarning tarbiyasi uchun qilgan hamma harakatlarim bir pul bo‘ldi. Ular bir oy ichida, hattoki, uyga salom berib kirishga ham odatlanisha olmadi. Axir, o‘zimizda bir qarich bola ham salom berishni bemalol eplaydi-ku?! To bu yoqqa — o‘z uyimga kelgunimcha “Ey, Mehribon Allohim, tezroq buyerlardan Vatanimgayetkaz, buyerlarda o‘ligim qolib ketishidan O‘zing saqla!” degan duo tilimdan tushmadi. Xudoyimga shukr, rahm qildi va uyimga — O‘zbekistonimga sog‘-omonyetkazdi”.

Onaxonning gaplaridan so‘ng o‘ylab qoldim. Shunday befarqlik, tarbiyasizlik bizda yo‘qmi? Shukr­ki, nojoiz ko‘rsatuvlar, sahnalar telekanallarimiz orqali efirga uzatilmaydi. Ba’zan u yoki bu xonanda (yoxud qo‘shiqchi) axloq chegaralarini xatlab o‘tgani sezilib qolsa, unga jiddiy ogohlantiruv beriladi. Lozim topilsa, litsenziyasidan mahrum qilinadi. Biroq, shunga qaramasdan, afsuski, tarbiyasizlik muhiti bizdan juda ham uzoqda, deb xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi. Chunki, internet orqali o‘sha nojoiz illatlar kompyuterlarimizga, qo‘limizdagi telefonimizga, yashab turgan xonadonimizga silliqqina bostirib kirib, zabt etishga urinmoqda. Vaziyat shundayki, biz o‘zimizni ham, farzandu zurriyodlarimizni ham, ularning “tashrif”idan saqlashimiz, saqlanishimiz mushkul bo‘layotir.

Boshqacha aytganda, tonggi shudring qo‘nib turgan gulg‘uncha kabi barq urib o‘sayotgan, ko‘zlarimizning nuri farzandu dilbandlarimizni BIZ KATTALAR oq-qorani ajrata biladigan qilib tarbiyalashimiz darkor. Insonni esa muhit tarbiyalaydi. Endigina aqlini taniyotgan o‘g‘il-qizlarimiz ko‘rib, idrok etib turibdiki (ularni aldab bo‘lmaydi!), ayrim kattalar harom suv (spirtli ichimliklar)ni yaxshi ko‘rib ichishyapti, aziz umrini tamaki, nosga bag‘ishlayapti. “Esi yo‘q” kattalar so‘kish-so‘kinishdan tillarini tiyib olishga kuchlariyetmayapti. Ayollar ochiq-sochiq liboslar, yirtiq shimlar kiyishyapti, uzun tirnoqlari, yasama kipriklari bilan atrofdagilar diqqatini tortayapti. Ko‘cha-ko‘y yoki istirohat bog‘laridagi o‘rindiqlarda yigit-qizlar surbetlarcha axloq me’yorlarini buzayotir.

Xo‘sh, hayotimizdagi mazkur salbiy holatlardan qutulish yo‘li bormi?

Ha, buning yagona yo‘li — OMMAVIY-MA’NAVIY SAFARBARLIK.

Hamma — erkagu ayol, kattayu kichik qalb rizosi bilan o‘zini ana shu ma’naviy tarbiyaga safarbar etishi lozim. Ma’naviy tarbiyani BUGUN (!) chiroyli yo‘lga qo‘ya olmasak, ertaga esa kech bo‘ladi. Avvalo, bobo-yu buvilar o‘giti, ota-onalarning hushyorligi, tog‘a-xoladan tortib barcha qarindoshu qo‘ni-qo‘shni ham befarq bo‘lmasligi lozim. Zotan, qadimdan qolgan gap bor — bir bolagayetti mahalla ota-ona. Ammo mana shu tamoyilga darz ketayotganga o‘xshaydiki, bolaga yosh oila o‘zi “ega”lik qilmoqchi, qaynona-qaynotadan alohida yashashni istashmoqda. Ammo bolaga ziyrak nigoh bilan boqib, tugal ma’naviy saboq berish mushkul ish. Shu bois, keksalarning, qarindosh-urug‘ning ko‘magida katta gap bor. Farzand tarbiyasini biz kattalar BUGUN eplay olmasak, hozir atrof-olamga javdiragan ko‘zlari bilan hayratlanib nigoh tashlab turgan bolajonlarimiz axloq-odobli bo‘lish u yoqda tursin, salom berishga ham rag‘bati yo‘qolishi mumkin. Nahotki, shuni istasak?..

Baxtiyor MUHAMMADAMIN.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − five =