Ijtimoiy tarmoqdagi virtual narkotik

Shu kungacha ijtimoiy tarmoq orqali qurbon bo‘lgan yoshlarimiz, afsuski, ko‘p. Ayrimlar mashina haydab ketayotgan chog‘ida do‘stlari bilan onlayn efir uyushtirib, yana kimlardir tarmoqqa antiqadan-antiqa selfi joylayman deb, o‘z xavfsizligini unutmoqda.

 21 asr bolalari. Ular ota-onasining yoshlik davridan ko‘ra butunlay boshqa bir dunyoda o‘sib ulg‘aymoqda. Biz — yoshlar bolaligimizni “Oq terakmi ko‘k terak” “Besh tosh”, “Chillak”, “Uloq” “Arqon tortish” kabi qiziqarli jismoniy harakat talab qiladigan o‘yinlar bilan yodga olamiz. O‘yinlardan cheksiz zavq olganmiz. Bugungi yoshlar-chi? Internetning “kuchidan” hatto uyi oldida qurilgan stadionga borib to‘p tepishga ham erinadi. Qanchadan-qancha mahalliy stadionlar huvillab yotganiga ko‘pchiligimiz guvoh bo‘lganmiz. Bizning bolaligimiz baxtliroq o‘tgandek  nazarimda. O‘smirlar o‘limi aynan ijtimoiy tarmoqlardagi bosim tufayli sodir bo‘layotgani ilmiy isbotini topmagan bo‘lsa-da, 2010-2019-yillarda bu ko‘rsatkich keskin oshgan.

Uzoqqa bormaylik, yaqinlarimiz orasida ijtimoiy tarmoqda o‘z sahifasi bo‘lmaganlar deyarli yo‘q. Ammo hatto ayrim 3-4-sinf o‘quvchilarning ham internetda shaxsiy akkauntlariga egaligi bizni jiddiy mulohaza qilishga undaydi.

Ma’lumot o‘rnida…

Ijtimoiy tarmoqlar ichida eng xavflisi Instagramdir. Britaniya Sog‘liqni saqlash tashkiloti mutasaddilari 14 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan 1,5 mingga yaqin yoshlar orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijada, muntazam Instagramga kiradiganlar orasida depressiya va agressiv kayfiyat yuqori ekanligi aniqlandi. Bugungi kunda aksariyat britaniyalik yoshlar Instagramdan ko‘ra “Twitter” ni ma’qul ko‘rmoqda.

Aniqlanishicha, o‘smirlar orasida Ins­tagramga kiruvchilar doimiy charchoq va uyqusizlik dardidan shikoyat qilgan. Instagramning eng salbiy ta’siri xudbinlik xarakterini uyg‘otishidir. Do‘stingiz yoki hamkasbingizning sahifasini kuzatib, undagi zo‘r sharoitlarni o‘zingizniki bilan taqqoslaysiz va o‘z-o‘zidan sizda, “nimaga unda bori menda yo‘q”, degan savolni paydo qiladi. Eng yomoni, insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlik darajangiz yuqorimi?

Kichik sarlavhadan ko‘z oldingizda dar­hol ijtimoiy tarmoqqa kirishdagi parol va loginingiz keldi, shundaymi? Aslida buni ham nazarda tutganmiz, ammo asosiy muammo bunda emas. Muammo, siz qay darajada oilaviy suratlaringizni tarmoqdagi do‘stlaringiz bilan «bo‘lishganingizdadir». Balki shaxsiy rasm­laringiz orasida, farzandingiz qaysi maktabda o‘qishi-yu, qanaqa xobbilari borligi haqida ma’lumot yozgandirsiz. Siz ushbu ma’lumotlarni qo‘yayotganingizda ongin­gizdan yomon o‘ylar kechmagan, ammo bir kuni ushbu ma’lumotlar sizga yomonlikka xizmat qilganini bilganingizda o‘zingizni kechira olmasligingiz tabiiy. Imkon qadar ijtimoiy tarmoqdan foydalanayotganda manzilni belgilamang va voya­gayetmagan farzandlaringiz yuzini aniq ko‘rsatmang. Agar ijtimoiy tarmoq siz uchun shunchaki do‘stlaringizni «kuzatish» vositasi bo‘lsa, yaxshisi rasm qo‘ymaganingiz ma’qul.

Taniqli bloger Nurbek Alimovga ushbu mavzu yuzasidan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

— Nurbek, ijtimoiy tarmoqda bizning xavfsizligimiz qay darajada himoyalangan?

— Savolingizga qo‘rqmasdan, yo‘q, deya javob beraman. Xabaringiz bor, o‘tgan yili Feysbuk tarmog‘ida o‘n milliondan ziyod foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqib ketdi va Feysbukni bu uchun 5 mlrd. AQSh dollariga jarimaga tortishdi. Bundan tashqari, ba’zi yoshlar, ekstremistik jangari guruhlar safiga aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali tortilyapti. Hozir oldingiday varaqa tarqatish yo‘q, hech kim ko‘changizga kelib choyxonada yoki masjidda boshingizni aylantirmaydi. Hozirgi globallashuv jarayonida aynan ijtimoiy tarmoqlar ana shunday shaxslar uchun eng qulay platforma. Ota-ona farzandini tarmoqdagi faoliyatidan xabardorligi, bola oq va qorani ajratadigan yoshgayetguncha sinchkovligi har qachongidan yuqori bo‘lishi kerak. Umuman taqiqlashning esa imkoni yo‘q va mumkin ham emas. Chunki, birinchidan taqiqlangan narsa shirin ko‘rinadi, ikkinchidan, bola buni sizga bildirmaslikka harakat qiladi. Shu sabab oltin o‘rtalikni topa bilish kerak deb hisoblayman.

— Siz, chet el safarlarida ko‘p bo‘lasiz, xorijlik yoshlar o‘zbek o‘smirlaridek ijtimoiy tarmoq quliga aylanganmi?

— Bizning yoshlardan ko‘ra Yevropa yoshlari tarmoqlarda kamroq vaqtini o‘tkazadi. “Global Webindex” reytingiga qaraydigan bo‘lsak, dunyo bo‘yicha uncha rivojlanmagan davlatlar barcha ijtimoiy tarmoqlarga kirishda oldi qatorlarda turganini ko‘rish mumkin. Bu o‘ziga xos paradoksni keltirib chiqaradi, bizda internet qimmat, lekin ijtimoiy tarmoqqa ko‘p kiramiz. Bitta farq shundaki, biz 24 soat shov-shuv kutib yashaymiz, ular shunchaki bo‘sh vaqt o‘tkazish, eski tanishlar bilan gaplashish uchun kiradi. Balki bu bir necha yillar bizdagi informatsion ochlik tugab, cheklashlar to‘xtatilib tonnalab informatsiya ustimizga yog‘ilganidan bo‘lsa kerak. Lekin internetga, ijtimoiy tarmoqqa mukkasidan ketganlar uyerda ham, O‘zbekis­tonda ham topiladi, albatta.

— Tarmoqlarning o‘smir yoshlarning psixologiyasiga, turmush-tarziga qanday zararlarini kuzatgansiz?

— O‘smirlar o‘ziga yoqqan insonlarga taqlid qila boshlashadi, tarmoqda ko‘ziga aqlli bo‘lib ko‘ringan, lekin asl maqsadi yashirin, buzg‘unchi va ekstremistik g‘oyalarni tarqatuvchilarga ergashib qolish ehtimoli mavjud. Lekin o‘zi qiziqqan, texnika, ijod kabi sohalarda fikr almashib do‘stlar orttirishi, til o‘rganishi, pazandachilik, motivatsion fikrlar olib rivojlanishi ham mumkin.

Mashhurlikka erishaman deb…

Shu kungacha ijtimoiy tarmoq orqali qurbon bo‘lgan yoshlarimiz, afsuski, ko‘p. Ayrimlar mashina haydab ketayotgan chog‘ida do‘stlari bilan onlayn efir uyushtirib, yana kimlardir tarmoqqa antiqadan-antiqa selfi joylayman deb, o‘z xavfsizligini unutmoqda. Bundan ikki oy ilgari Urgenchlik “shovvoz” ijtimoiy tarmoqda mashhurlikni ko‘zlab, ustiga benzin sepib, yongancha o‘zini daryoga tashladi. To‘g‘ri, u maqsadigayetib mashhur bo‘ldi, faqat tanasining 70 foiz qismi kuyib ketdi. Kuni kecha uning yana bir Toshkentdagi “sherigi” joniga qasd qilish uchun emas, aksincha tengdoshlari orasida mashhur bo‘lishni ko‘zlab o‘zini yurib kelayotgan poezd tagiga tashladi. Yigitchaning o‘zi bo‘lsa, ijtimoy tarmoqda ko‘proq obunachi yig‘ish uchun amalga oshirganini ma’lum qildi. Mo‘’jiza bilangina omon qolgan ushbu yigitchaga ertaga hech kim taqlid qilmaydi, deb kim ayta oladi? Nahotki qisqa muddatda so‘nadigan bu mashhurlik shirin joniga xavf solar darajada kerak bo‘lsa?

Bugungi statistikani hisobga oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning 22 million aholisi internetdan faydalanadi. Ularning 85 foizi ijtimoiy tarmoqning turli variantlaridan foydalanadi.

Bola tarbiyasiga qanday ta’siri bor?

Yaqindagina ota-onalar bolalarning kompyuter o‘yinlariga berilib, ularga bog‘lanib qolishlari xavfidan cho‘chib, oldini olishga harakat qilgan bo‘lsalar, hozirda bu xavf­ga ijtimoiy tarmoqlar ham qo‘shildi. Bolalar va o‘smirlarning asosiy vaqti real munosabatlardan ko‘ra, chegarasi yo‘q ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi. Mazkur muloqotlarning bolalarga qiziqligi, avvalo, tarmoqda o‘zlariga ko‘proq «do‘st» ort­tirish imkoni mavjud. Tarmoqda muloqot qilarkan, bolalar o‘zlarini omadli bola qilib ko‘rsata oladilar. O‘zgalar rolida o‘zlarini taqdim etib, turli yolg‘on dunyolarga berilib ketadilar. Uyatchang va tortinchoq bolalar uchun ehtimol tarmoqdagi muloqotlarning foydali jihatlari bordir, vaqti kelib, haqiqiy hayotda bu muloqotlar o‘z samarasini berishi ham mumkin. Mavzu yuzasidan malakali pedagog-psixolog bola ruhiyatida ijtimoiy tarmoqning qanday zararlari borligi haqida so‘zlab berdi.

Dildora Rahimova, psixolog:

— Pedagog-psixolog sifatida shuni aytishim mumkin, o‘quvchi-yoshlar uchun tarmoq quyidagi xavfli ta’sirlarga ega:

— o‘qish va bilim olishgayengiltaklik bilan munosabatda bo‘lish. Internetdan tayyor dars ishlanmalari, matematik masalalaryechimlarini osongina topish hisobiga dars topshiriqlarini mustaqil bajarmaslik;

— jismoniy rivojlanishiga salbiy ta’siri, ya’ni bolaning faol harakatda bo‘lmay, uzoq vaqt monitor ro‘parasida o‘tirishiga to‘g‘ri kelishi va boshqalar.

Ota-onalarga tavsiyamiz shu, bolangizni imkon qadar dars jarayonlarini o‘zi bosh qotiribyechishini, kompyuterdan, telefondan me’yorida foydalanishini nazorat qiling.

Ijtimoiy tarmoqlar insonni baxtsiz qiladimi?

Yana bir tadqiqot esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ijtimoiy yakkalanish hissini yuzaga keltirishini ko‘rsatdi. Olimlar kishilarning “Facebook”, “Twitter”, “Google+”, “YouTube”, “LinkedIn”, “Instagram”, “Pinterest”, “Tumblr”, “Vine”, “Snapchat va Reddit” kabi 11 ta ijtimoiy tarmoqda o‘tkazgan vaqti ularning o‘zini qanchalik ijtimoiy yakkalangan his qilishiga bog‘liq ekanligini o‘rganib chiqdi.

Ushbu odamlar bamisoli ijtimoiy tarmoqlarda “yashashadi”. Ular uchun virtual hayot muammolari va tashvishlari har narsadan, jumladan, real hayotdan ustun turadi. Bizning fikrimizcha, bu tendentsiya salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki inson ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lar ekan, u o‘z hayotini faqat shu tarmoqlar orqali ko‘radi, xulosalarni tarmoq nuqtai nazaridan va ulardagi a’zolar fikrlaridan chiqaradi, uning dunyoqarashi shu tarmoq doirasida shakllanadi, xullas bunday insonlarning ongi faqat bir olamda yashaydi. Inson real hayotidagi kamchiliklarini, siqilishlarini va muvaffaqiyatsizliklarini tarmoqda qoplashga intiladi. Rasm­lar va ularga berilgan sharh­lar, yangi do‘stlar, yorqin lav­halar va tarmoqlararo uyushmalar odamni to‘lqinlantiradi. Internet ularning fikrlashini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Undan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar g‘arazgo‘y odamlarning yovuz maqsadlariga xizmat qilishlari mumkin. Masalan, tarmoqqa qo‘yilgan axborot va xabarlar boshqalar tomonidan o‘g‘irlanishi, buzilishi yoki boshqa tarmoq a’zolariga yuborilishi yo firibgarlar qalbaki rasmlar va yolg‘on ma’lumotlar bilan o‘z maqsadlariga erishishlari mumkin. Hatto ijtimoiy tarmoqlar butun boshli qotilliklar, isyonlar, urushlarga sabab bo‘ladi. Masalan, aksariyat “informatsion urush” aynan ijtimoiy tarmoqdan boshlanmoqda.

Siz ijtimoiy tarmoqqa nima uchun kirasiz?

Mehrangiz Bayonova, talaba:

— Sevimli san’atkorlarimning ijodini kuzatish uchun kiraman. Sir emas, barcha yulduzlar ijtimoiy sahifada o‘z akkauntiga ega. Muxlislar orasida sevimli yulduzlari bilan muloqotga kirishish uchun barcha imkoniyatlar dunyosi ochiladi. Hattoki, xonandalarimizning nimani o‘ylashi va tashvishlantirishi haqida ham bilib olishimiz mumkin.

Farangiz Jabborova, uy bekasi:

— To‘qish va pazandalikka qiziqaman. Ijtimoiy tarmoqlarda qiziqishimga mos guruhlar bor va ularni kuzatib, o‘zim uchun yangi g‘oyalarni kashf qilaman.

Jamshid Negmatov, haydovchi:

— Opamning oilasi, jiyanlarimning hammasi chet elda yashaydi. Imkon qadar har kuni oilamiz bilan internet orqali “ko‘rishib” gaplashib turamiz.

Aziz Ulug‘ov, bank xodimi:

— Internetga asosan yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun kiraman. OAV orqali yangiliklarni kuzatishga vaqtim yo‘q, yo‘l-yo‘lakay ishga kelgunimcha vatanimiz va xorijdagi yangiliklarni o‘qib kelaman.

Asilbek Eshonqulov, o‘qituvchi:

— Darsliklardan topa olmagan ma’lumotlarimni internetdan qidiraman, qidirish asnosida ijtimoiy tarmoqlarimga ham bir “mo‘ralab” qo‘yaman.

Bugun hech kimni zamonaviy axborot vositalaridan, jumladan, internetdan foydalanishini taqiqlash mumkin emas va shunday yo‘l tutilsa, bu g‘oyat xatolik bo‘lur edi, albatta. Ammo hamma narsaning o‘z me’yori, madaniyati va to‘g‘ri yo‘li bo‘lganidek, farzandlarimizda ham vertual olamdan aql bilan foydalanishni shakllantirishimiz g‘oyat muhimdir.

Feruza BERDIYEVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =