Kasallikni davolagandan ko‘ra…

“Ming xil kasallik bor, ammo sog‘liq bittadir”, degan ekan ulug‘ ijodkorlardan biri. Darhaqiqat, insonning o‘z salomatligiga malakali munosabatda bo‘lishi bevosita uning tibbiy madaniyati qay darajada ekanini belgilaydi.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga mas’uliyatni shakllantiradigan fan — valeologiya deya atalib, u lotincha “valeo” – “salomatlik”, “logos” – “ta’lim, ilm-fan” degan ma’noni anglatadi. Ayni paytda bu fanni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Valeologlar assotsiatsiyasi raisi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining “Valeologiya” kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Irgashev bilan suhbatimiz ayni shu mavzu doirasida kechdi.

— Shuhrat aka, inson salomatligini ta’minlashda valeologiya fanining ahamiyati qay darajada? U o‘z ichiga nimalarni oladi?

­­­­— Valeologiya salomatlikni asrash haqidagi fandir. Uning eng muhim jihati turli xastaliklarning oldini oladi. Tash­qi salbiy taassurotlarga nisbatan organizmning kurashuvchanlik xususiyati borligini, kasalliklarning oldini olishda organizmning imkoniyat zaxirasidan foydalanish uslublarini o‘rgatadi. Shuningdek, salomatlikka xavf soladigan tashqi va ichki omillarni tekshiradi, inson salomatligi va sog‘lom turmush tarzini ta’minlash uchun tavsiyalar ishlab chiqadi. Valeologiyaning asosiy maqsadi insonning salomatligini asrash va muhofaza qilishdir.

Valeologiya to‘rtta yo‘nalishdan iborat.

Birinchisi — sog‘lom ovqatlanish. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino o‘z o‘gitlarida kimki sog‘lom va uzoq umr ko‘rishni istasa, avvalo, ovqatlanish tartibiga, iste’mol qilinayotgan taom sifati, miqdori, uni iste’mol qilish vaqti va hazm bo‘lish jarayoniga asosiy e’tibor qaratishi zarurligini qayd etgan. O‘z vaqtida va me’yorida, zarur bo‘lganda esa par­hezbop taomlar iste’mol qilish muhim ahamiyatga ega. Ovqatlanish tibbiy nuqtai nazardan yosh, tana tuzilishi, iqlim, mabodo kasallik bo‘lsa uning turi va davridan kelib chiqib xastalikning oldini olish uchun turli xil tartib va tarkibda tavsiya etiladi.

Ikkinchi yo‘nalish bu — jismoniy harakat. Oramizda yoshi 90 yoki 100 dan oshgan bo‘lsa ham jismonan tetik insonlar uchrab turadi. Garchi ularning yoshligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan yoki qahatchilik, qiyinchilik yillariga to‘g‘ri kelsa-da, ruhan va jisman sog‘lomliklari tahsinga sazovor. Buning sababi bilan qiziqqaningizda mehnatda, jismoniy harakatda gap ko‘p ekaniga amin bo‘lasiz. Organizm xususiyatlaridan kelib chiqib jismoniy mashqlar tavsiya etiladi. Kimgadir ertalabki badantarbiyayetarli, kimdir esa biror sport turi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi.

Psixoemotsional salomatlik valeologiyaning uchinchi yo‘nalishi sanaladi. Har birimiz hayotimiz davomida turli stress holatlarini chetlab o‘ta olmaymiz. Bunday paytda ruhiy zo‘riqishdan saqlanish maqsadida har bir kishi uchun individual antistress dasturi ishlab chiqiladi. Dasturga asosan har bir odamning his-tuyg‘ulari qattiq nazorat qilinadi. Uning ruhiy holati aniqlanadi va e’tiborga olgan holda foydali tavsiyalar beriladi.

Reproduktiv salomatlik valeologiyaning muhim to‘rtinchi yo‘nalishi hisoblanadi. Bunda ayollarning homiladorlik vaqtidan boshlab, farzandi voyagayetgunigacha vaqt hisobga olinadi. Ayol salomatligi o‘rganiladi. Shu bilan birga oilaning har bir a’zosi ruhiyati, kayfiyati, kundalik yumushlari, hissiyotlari inobatga olinadi. Ma’lumotlar umumlashtirilib, kerakli tavsiyalar beriladi.

­­— Salomatlik darajasini aniqlashda nimalarga e’tibor qaratiladi?

— Har bir insonda salomatlik va xastalik jarayonlari har xil kechadi. Shu bois insonning mijozi, jismoniy va ruhiy holati, fe’l-atvori, yashash va ishlash sharoiti, nimaga qiziqishi, sog‘lig‘i chuqur o‘rganilib, unga individual, ya’ni alohida maslahatlar hamda tavsiyalar beriladi. Avvalambor, u haqdagi ma’lumotlar kompyuter bazasiga kiritiladi. Aniq hisob-kitoblardan so‘ng uning salomatlik darajasi belgilanadi. Shunga ko‘ra, sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasida tavsiyalar beriladi. Ko‘pgina odamlar kasal bo‘lgandan so‘nggina shifokorga murojaat qiladi. Shifokor xastalikni davolashi mumkin, ammo surunkali tus olgan ayrim kasalliklarni davolash qiyin kechadi. Chunki, u o‘z asoratini qoldirgan bo‘ladi. Shuning uchun kasal bo‘lishdan oldin sog‘­liqni asrash, organizmning imkoniyatlarini o‘rganish juda muhim. Shifokorlarimiz bu borada ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Poliklinikalarda valeo kabinetlar tashkil etilib, shu jarayonni tatbiq etish borasida ish olib boril­yapti.

— Qon bosimi oshishi, qandli diabet, semirish va shu kabi kasalliklarning yoshlar o‘rtasida ham uchrayotgani achinarli. Bunga sabab nima?

— Bugungi tezkor zamonda yoshlarimiz zimmasiga yuklangan yumushlardan ortib o‘z salomatligiga e’tibor bermasligida. Yoshlarning organizmi chidamli bo‘ladi. Ba’zan ov­qatlanishga vaqti bo‘lmaydi, gohida badantarbiya qilish malol keladi, shamollash kabi yoqimsiz kasalliklarga “o‘zi tuzalar” deya befarq qaraydi. Bu esa surunkali xastaliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Agar yoshlar sog‘lom turmush tarziga amal qilmas, tibbiy madaniyatni o‘zlari uchun muhim shart deb bilishmas ekan, baribir buning salbiy asorati ertami kechmi bilinadi. Shu bois salomatlik atalmish ne’matni e’zozlash lozim. Bu esa xotirjam va baxtli hayot kechirishning talabidir.

Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 9 =