“Sharq taronalari” dunyoni qamrab olmoqda

Xabaringiz bor, 26-30 avgust kunlari dunyo nigohi Samar­qand shahrida o‘n ikkinchi bor o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga qaratiladi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligida shu munosabat bilan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev qatnashdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

— “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa fes­tivalida bu yil dunyoning 78 ta davlatlaridan 293 nafar mehmonlar kelishi kutilmoqda. Shundan  32 davlat vakillaridan iborat 28 ta musiqiy jamoalardan jami 140 nafar xonanda va sozandalar ishtirok etishadi. Festival doirasida bir qator tadbirlar, ochiq kontsertlar, ijodiy uchrashuvlar hamda “Sharq xalq­lari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferentsiya va “Eng yaxshi ijro uchun” xalqaro ko‘rik-tanlovi, tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq Samarqand shahri hamda tumanlardagi madaniyat maskanlarida tanlov xorijiy ishtirokchilarining kontsert dasturlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, — dedi B.Sayfullaev.

 — Hakamlar hay’ati a’zolari kimlar va ular qanday tarkibda bo‘ladi?

— Hakamlar hay’ati bo‘yicha Janubiy Koreya, Rossiya, Tojikis­ton, Qirg‘iziston, Belarus, Quvayt, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Ozarbayjon, Hindiston va O‘zbekiston vakillaridan nomzodlar shakllantirildi. Ishtirokchilarniyetti kishidan kam bo‘lmagan xalqaro hay’at baholab boradi. Xalqaro hay’atga xorijiy va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli san’atkorlar, kompozitorlar va bastakorlar, xorijiy davlatlardagi xalqaro san’at fes­tivallari tashkilotlari vakillari taklif etiladi.

 — “Sharq taronalari” festivali oldingi  yillardagidan bu yil qaysi jihatlari bilan farq qiladi?

Bu yil ilk marotaba Argentina, Lyuksemburg, Shrilanka, Fiji orollari davlatlari vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, Germaniya, Gretsiya, Suriya — Ugarit Band, Gollandiya, Iroq, Turkiya — Mundus Trio kabi xalqaro jamoalar ham joriy yilgi san’at anjumanida qatnashadi. Shu munosabat bilan aytish mumkinki, XII festival qamrovi nafaqat Sharq davlatlarini, balki butun dunyoni jalb etayapti.

Yangiliklardan yana biri kontsert dasturini Samar­qand shahri ko‘chalarida o‘rnatilgan katta monitorlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etish rejalashtirilmoqda.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlari ishtirokida Registon maydonida tantanali taqdirlash marosimi va gala-kontsert bilan yakunlanadi.

Bu yil tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikki yo‘nalish — professional tarz­dagi xalq musiqa va qo‘shiqlari hamda an’anaviy yo‘lda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qo‘shiq yo‘nalishlarida baholanadi.

Festival Gran-pri sohibiga 10 ming AQSh dollari pul mukofoti beriladi. Shuningdek, ikkita 1-o‘ringa 5 mingdan, ikkita 2-o‘ringa 3,5 mingdan va uchta 3-o‘ringa 2 ming AQSh dollaridan pul mukofoti topshiriladi. Bundan tashqari, bu yil “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalarda ham g‘oliblar maxsus diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

 Feruza RAHIMOVA,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 13 =