Shayx Nuritdin Basir maqbarasining qismati

Shayx Nuritdin Basir maqbarasi, tarixchi olima G.Puganchenkova ma’lumotlariga ko‘ra, 1371-1372 yillarda bunyod etilgan. Moviy gumbazi tepasiga oltin qubba o‘rnatilgan. Me’morlar, maqbaraning gumbazi va gardishi tuzilishini Shohi Zinda majmuasida bunyod etilgan Shirinbeka og‘a maqbarasiga o‘xshashligini ta’kidlab o‘tganlar.

 XIX asrning 80-yillarida Samarqand shahrining Ark qal’asi va uning ichida Amir Temur, Ruhobod maqbaralari bilan bir qatorda, bir chiziqda bunyod etilgan mahobatli va betakror Nuritdin Basir maqbarasi ham mavjud bo‘lgan. Shavkatli hukmdor Amir Temur nima uchun shayx Nuritdin Basir xotirasiga bunchalik hurmat ko‘rsatgan, maqbara qachon va nima uchun vayron etilgan edi, degan savollarga javob topish o‘quvchilar uchun ham qiziqarli, albatta.

Aniq manbalarda aytilishicha, maqbara Samarqand shahrining Ark qal’asi ichida, Registon tarafga qaragan darvozasi yonida, devorga yaqin joyda bunyod etilgan bo‘lib, chindan ham, beqiyos go‘zalligi va mahobati bilan ko‘zni qamashtirar darajada hayratli inshoot bo‘lgan. Xalq uni Qutbi Chordahum maqbarasi, deb atagan.

Bu insonning hayoti haqida nimalarni bilamiz?

A.Muhammadkarimov, A.Obidov va 3.Iskandarovlar o‘zlarining “Toshkentning tabarruk ziyoratgohlari” kitoblarida Qutbi Chahordahum — Shayx Nuritdin Basirni (1159-1242 y.y.) Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Ko‘kcha dahasida tug‘ilganini qayd etganlar. Hazrat Abu Hafs an Nasafiyning “Qandiya” degan asarida ham shayx Nuritdin Basir haqida quyidagi ma’lumotlar berilgan:

“Naql qilibdilarki, hazrat Nuritdin Basir voyaga yetganlarida, Shayx Zayniddin ul kishini — Xudo nazar qilgan yosh va pokdil bandani ko‘rib, farzand­likka qabul qilib, tarbiyalari bilan mashg‘ul bo‘ldilar”.

Yana shu kitobda qayd etilganki, pirlari Shayx Zayniddin Kuyi Orifon: “Kim ilm borasidagi savolimga javob beradi?” deb so‘raganlarida, ikkilangan muridlar miq etmay qolganlarida, aynan shu zot o‘rinlaridan turib: “Agar ijozat bo‘lsa, faqir javob berurman”, degan va ustozning har bir savoliga shunaqa donolik bilan javob qaytarganlarki, bundan majlis ahli hayratda qolib, xushnud bo‘lganlar. Va agar shayxning bolalik yillari haqidagi ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, oilada yaxshi tarbiya topganiyu yoshlikdan ilmga chanqoq bo‘lgani hamda onadan ko‘zi ojiz tug‘ilgani uchun “Basir” laqabini olgani haqidagi ma’lumotdan voqif bo‘lamiz. Keyinchalik toshkentlik mashhur shayx Zayniddin ta’limoti asosida tarbiya topib, shayx maqomiga yetgach, Samarqand shahriga ko‘chib kelib, Navodan bulog‘i yoqasida joylashgan Ko‘k masjid yonida yashay boshlagani haqida aytiladi.

Yana rivoyat qiladilarki, shayx Nuritdin Basirning Samarqand shahriga kelishi bayoni quyidagichadir:

“Samarqand shahrida buzg‘unchilar ko‘payib, yaxshilarning tashvishlari ortgan kunlar ekan. Ibodatli odamlar: “Bu kunlarning nihoyasi bormikin?!” deya mo‘’jiza ro‘y berishini intizorlik bilan kutishayotgan ekan. Shunday kunlarning birida Sharq dunyo­sida dovrug‘i baland Shayx Zayniddin Kuyi Orifon boboning yetuk xalifasi shayx Nuritdin Basir hazratlarining Samarqandga kelayotganini eshitgan aholi xursand holda uning istiqboliga chiqishibdi. Hozir bo‘l­ganlarning bari shayxni mehmon qilish uchun o‘z uylariga taklif eta boshlabdilar, lekin u kishi: “Avval yashash uchun o‘zimga biror makon topay, keyin barchangiznikiga tashrif buyurarman”, debdilar. Ancha yurib, bir tepalikka chiqsalar, Cho‘pon ota qarshilaridan chiqibdi. Cho‘pon otadan yumushlarini so‘ragan ekan, Samar­qand ahlining chorvasini yovlardan himoya qilib boqib yurganini aytibdilar va so‘ngra o‘zlari ham Shayx Nuritdin Basirning bu yerlarda ne yumushlar bilan yurganlari haqida qiziqibdilar. Shayx: “Men Samar­qand ahlini baloyu qazolardan ogoh etmoq uchun keldim”, deya javob qilibdilar. Cho‘pon bu gapdan biroz o‘y tortib: “Men uchun endi bu yerlarda ish qolmabdi”, deya tug‘ilgan shaharlari azim Toshkentga qaytgan ekanlar.(O‘rolov va S.Kari­mov.“Sohib­qiron qurdirgan maqbara”, T.,“Tafakkur” jurnali, 1996 y, 3-son, 28-bet).

O‘z paytida o‘n to‘rtinchi qutb sifatida ulug‘langan shayx Nuritdin Basir 1242 yilda vafot etgach, vasiyatiga ko‘ra, Navodan bulog‘i yonida dafn etilgan. (A.Muhammadkarimov, A.Obidov va 3.Iskandarov.  “Toshkentning tabarruk ziyoratgohlari”, T., “Navro‘z” nashriyoti, 2016 y., 31- 32-betlar).

Xo‘sh, Amir Temurdek buyuk hukm­dorning shayx Nuritdin Basir shaxsiga qiziqishiga sabab nimada bo‘lgan?

Tarixiy ma’lumotlardan yaxshi bilamizki, Amir Temur mamlakat obodonchiligi, xalq manfaati, islom olamining sof­ligi uchun sa’y-harakat qilgan har bir kishini hurmat qilgan, e’zozlagan, boshiga ko‘targan, jumladan, nafaqat zamondosh pirlariga, balki dunyodan o‘tgan ulug‘lar xotirasiga ham juda katta hurmat ko‘rsatgan. Masalan, u zot Abdulxoliq o‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Zangi ota, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Mar­g‘inoniy, Imom Buxoriy singari ulug‘larning muborak nomlarini e’zozlab tilga olgan va yoshligidanoq ularning boy merosidan bahramand bo‘lgan. Ahmad Yassaviy, Zangi ota, Qaffol Shoshiy va bosh­qa o‘nlab ulug‘larimiz qabrlari ustiga maqbaralar tiklatgan. Xuddi shuningdek, shayx Nuritdin Basir mozorini ziyorat qilib, ruhidan madad tilagan va o‘zlariga uvaysiy pir tutganlari ham tarixiy haqiqatdir. Agar bu gap chin haqiqat bo‘lmaganda, o‘zining mahobatli Arki ichida shayx Nuritdin Basirga atab — Qutbi Chordahum, Burhoniddin Sog‘arjiy uchun Ruhobod va shavkatli shahzoda, salohiyatli valiahd, suyukli nevarasi Muhammad Sulton maqbaralarini bir chiziq bo‘ylab joylashtirmagan bo‘lardi. Kim bilsin, o‘zi uchun garchi ota shahri Shahrisabzda so‘nggi manzil bunyod etgan bo‘lsa-da, Yaratgan egamiz u zotning ko‘ngliga Samarqandda mangu qolishni ayon etgan bo‘lishi ham mumkindir? To‘g‘ri, buni aniq fikr, de­yishdan yiroqmiz, ammo juda katta anglash, bashorat etish xislatlariga ega bo‘lgan Amir Temurning bu narsani his etgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. So‘nggi nafasi oldidan meni Samarqandda dafn etinglar, deb aytgan bo‘lsa-chi?! Tarix sahifalarida bu haqda ishora ham yo‘q, de­yishingiz mumkin, lekin o‘sha onlarda bu to‘g‘rida bosh qotirishga vaqt ham, imkon ham bo‘lmaganini inkor etolmaymiz. Xullas, Amir Temurning o‘z Arki ichida uch maqbaraning ketma-ket joylashtirganida ham o‘ziga xos niyati bo‘lganligi aniq.

Shayx Nuritdin Basir maqbarasi, tarixchi olima G.Puganchenkova ma’lumotlariga ko‘ra, 1371-1372 yillarda bunyod etilgan. Moviy gumbazi tepasiga oltin qubba o‘rnatilgan. Me’morlar, maqbaraning gumbazi va gardishi tuzilishini Shohi Zinda majmuasida bunyod etilgan Shirinbeka og‘a maqbarasiga o‘xshashligini ta’kidlab o‘tganlar. Demak, aytish mumkinki, maqbaraning Shirinbeka og‘a maqbarasidan keyinroq bunyod etilgani ham ayon.

1868 yilda Chor hukumati Samarqand shahridagi Amir Temurning tengsiz chiroyga ega bo‘lgan Ark qal’asidan istehkom sifatida foydalanishgan va turgan gapki, bu joyni o‘zgartirib, o‘zlariga moslashtirganlar. Shu maqsadda taxminan 1881 yilda mahalliy ruhoniylar bilan kelishilgan holda shayxning qabrini Afrosiyobga ko‘chirishgan va afsuski, mahobatli, o‘ta salobatli maqbarani portlatib, g‘ishtlarini Ark qal’asini mustahkamlash va boshqa qurilish ishlari uchun sarflashni ko‘zlaganlar. Lekin “maqbarani uch quvvat pud (zaryad) bilan portlata olmaydilar. U shunchalik mustahkam qurilgan ekanki, batamom yakson etish uchun o‘n pudlik porox (dori) kerak bo‘ladi”.

Shuni ham aytish kerakki, Shayx Nuritdin Basir maqbarasi yolg‘iz bo‘lmay, onalari dafn etilgan maqbara ham, shuningdek, qo‘shimcha bosh­qa binolar ham mavjud edi. O‘sha paytda tushirilgan Ark qal’asi rasmlariga e’tibor bersangiz, Ko‘ksaroy va maqbaralar, ya’ni ko‘cha bo‘ylab bir-biriga tutash nihoyatda fusunkor binolar qad rostlaganiga guvoh bo‘lasiz. Va Arkning o‘sha holati istilochilar tomonidan vayron etilmaganda, amerikalik shoir Edgar Allan Po zavq bilan yozganidek, bugungi kunda ham Samarqand dunyo kelinchaklarining eng go‘zali sifatida olamga bundan-da ulug‘roq dovrug‘ taratib turardi. Yosh avlod uchun bu gaplar, albatta, tarixiy saboq.

Tarixchi A.Kun o‘zining “Tur­kis­ton albomi” kitobida shayx Nuritdin Basir maqbarasining surati va chizmasini ham kiritganki, mazkur mahobatli binoni to‘la tasavvur etishga asosimiz bor.

Zero, yurtimizda tarixiy qadamjolarni obod etish, tarixda kechgan urushlar va boshqa turli sabablar tufayli vayron etilgan obidalarni tiklash yo‘lida nechog‘li katta ishlar ro‘yobga chiqarildi va bunday xayr­li ishlar davom ettirilmoqda. Prezidentimiz boshchiligida muqaddas qadamjolarni obod etish, tiklash ishlari amalga oshirilayotgan ekanki, bu kabi qadamjolarning ham unutilib ketilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 To‘lqin HAYIT.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − 3 =