Yorug‘lik odami – vatan farzandi

Qo‘limda Sadriddin Salim Buxoriyning bir taxlam kitobi turibdi. She’rlar, ma’rifiy-tarixiy asarlar, manoqiblar, tarjimalar… Bu dil ahli, muhabbat ahli, ma’rifat ahli bo‘lgan shoir, olim va tarjimon umrining hujjatlari: kechalari, kunduzlari, soatlari, soniyalari… Ularning har birida shoirning o‘tli nafasi, ko‘z nuri, yurak urishlari bor. Ularning hammasida shoir iymonining ziyolari bor. Ularning hammasida Buxoroning qalbi bor…

  Sadriddin Salim Buxoriyni yod etib…

Shoir Buxoroda tug‘ildi, uyerda yashab ijod qildi, uyerda vafot etdi. “Boshqa shaharlar bilan qarindoshligim yo‘q”, der edi. Ammo boshqa shaharlar bilan do‘stligi bor edi. Lekin Buxoro bilan qon-qarindoshligi bor edi. U Buxoro bilan bir onadan tug‘ilgandek aka-uka edi. U Buxoroning qadrini bildi. Ehtimol, Buxoro ham uning qadrini bilgandir. Oldidan oqqan suv bo‘lsa ham… U Buxoroning etagidan tortib: “Qayoqqa qarab ketayapsan, birodar, axir yo‘l bu yoqda!” – dedi. U Buxoroga ulug‘ Buxoriylarning pok izlarini ko‘rsatdi: “Mana, poklik yo‘li, haqiqat yo‘li, ma’rifat yo‘li, to‘g‘rilik yo‘li, iymon yo‘li, ishqu muhabbat yo‘li mana shu!..” – dedi. “Yetmaydimi, shuncha adashganing, xorlik chekkaning, sarson bo‘lganing! G‘animlarga yoqmasa ham, mana shu yo‘ldan yuramiz!” – dedi. Go‘yo: “Namozimiz, haj, umra va bosh­qa ibodatlarimiz, hayotimiz, mamotimiz olamlar Rabbisi bo‘lgan Alloh uchundir! Uning sherigi yo‘q” – dedi. U Buxoroga Buxoroning ma’naviy rahnamolarini eslatdi, tanitdi.

Nechta kitob yozgan bo‘lsa, hammasining maqsudi – mazmun-mohiyati ana shundan iborat edi.

 

Sadriddin Salimning ma’no olamiga, azizlar dargohiga ulkan safarlari oddiy shoirlikdan boshlandi. Oqayotgan maysalar uning shuurini band etdi:

Maysalar oqadi

qirlar to‘shida,

Hur-hur shamol

uni shildiratar…

Kamina Surxon vohasida – Sho‘rchi qirlarida haqiqatan maysalarning oqayotganini ko‘rganman. Ularni shamollar oqizib borar edi. Qirlar osha oqayotgan yashil suv – maysalar… Beixtiyor, o‘shanda Sadriddin og‘amning bu satrlarini eslaganman. Buni yonimdagi sheriklarimga aytganman. Sheriklarim: tab’i nazmi nozik muhtaram Muhammadiy domla – Ahmadjon Maxdum hazratlarining o‘g‘illari, mashhur bog‘bon– Nosirxon eshon To‘raqulov, marhum jurnalist – Tojiddin Razzoq va boshqalar. Endi bu ham g‘amgin xotiradir… Ana shunda maysalarning yashil suvdek oqayotganini ko‘zim bilan ko‘rdim. Sadriddin Salimning yashil suvlari. Shoir og‘am esa buni o‘ttiz yillar oldin ko‘rgan va yozgan. Qog‘oz uzra oqayotgan she’r – qirlar to‘shida oqayotgan maysalar…

Shoir tafakkuri kitobdan kitobga o‘sdi, ijtimoiy mavzular uni mashg‘ul qildi.

Qoldimikan yana sir,

Yigirmanchi asr!…

Sun’iy so‘z yaratdik biz,

Aldadik o‘zimizni.

Sun’iy ko‘z yaratdik biz,

Aldadik ko‘zimizni.

Sun’iy dil yaratdik biz,

Mehrdan bo‘ldik judo…

Jamiyatdagi soxtaliklarga qarshi nozik bir isyon edi bu. So‘z soxta, ko‘z soxta, dil soxta, til soxta. Jamiyat, tuzum, mafkura, ittifoq soxta. Oxiri iymon ham soxta bo‘lmasin, deydi shoir. Asliyatni, poklikni, to‘g‘rilik va samimiyatni, haqiqat va adolatni qidirgan shoir ana shunday qilib kirib keldi azizlar dargohiga, haqiqat sirgohiga, Naqshbandiylar yo‘liga, ixlos va muhabbat maktabiga, ishq va ma’rifat dorilfununiga. Yigirmadan ortiq kitoblar tasnif etdi.

Sadriddin Salim Buxoriyning ko‘plab she’riy, tarixiy-ma’rifiy asarlari chop etildi. Jumladan, “Oqqushim” ilk she’riy kitobi, “Erka qushim”,  “Yorug‘lik odami”, “Dilda yor” (Hazrati Bahouddin Naqshband), “Tabarruk ziyoratgohlar”, “Bahouddin Naqshband yokiyetti Pir”, “Buyuk Xorazmiylar”, “Buxoroga Buxoro keldi”. “Buxoro”, “Durdonalar”, “Xoja Shahobuddin”, “Maqomoti Xoja Sayyid Mir Kulol”, Yohan Volfgang Gyote, “G‘arbu Sharq devoni” singari 30 dan ziyod turli janrlardagi asarlari xalqimiz ma’naviy olamini boyitishga hissa bo‘lib qo‘shildi.

Shoir yana Shayx Abu Sa’id Abulxayr, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ali ar-Romitaniy, Xoja Bahouddin Naqshband kabi zotlarning ruboiylarini forschadan o‘zbekchaga tarjima qilib, poklik dengizlaridan hayot tomchilarini kitobxonga tortiq etdi.


Istiqlol davrigacha xal­qi­miz Naqshbandiya ta’limotining jahondagi arboblaridan bexabar edi. 1991 yilda Naqshbandiya tariqatining murshidi komili, doktor, professor, ota-bobolari Buxoroi sharifdan bo‘lgan Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlarining O‘zbe­kistonga, Toshkent va Buxoroga tashrifi sabab bo‘lib, Sadriddin Salim Buxoriyning “Dilda yor” kitobi yuzaga keldi va tariqat ahlining sevimli kitobiga aylandi. Unda Naqsh­bandiya zikr vazifasini bajarish odobi va xojagon silsilasi ilova etilgan, Shayx hazratlarining nomlari 41-raqamda zikr qilingan edi. Shundan ke­yin nasab jihatidan payg‘ambarzoda, vatan jihatidan ajdodlari buxorolik, maqom jihatidan Naqsh­bandiya yo‘lining davomchisi bo‘lgan bu zoti sharifning asarlarini o‘rganish, nashr etish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Keyinchalik Ahmad Zulfiqor Naqshbandiy va bosh­qa piri komillarning nomlari ham ma’rifat ahliga tanildi.


1993 yilning sentyabr oyi­da hazrati Shoh Bahouddin Naqshband tavalludlarining 675 yilligi keng nishonlandi va anjumanlar, asosan Buxoroda o‘tkazildi. Jahon Naqshbandiylari, ulamo, fuzalo, fuqaho yig‘ilgan edi. Qalblarda va ruhlarda o‘zgacha ko‘tarinkilik vujudga kelgan, muqaddas islom dinining eng oliy qadriyatlari vatanga qaytayotgan kunlar edi. O‘sha kunlar istiqlol tarixidagi Buxoroning eng nurli, eng saodatli kunlari edi. Unda eng yorug‘ so‘zni Sadriddin Salim so‘zladi. Zotan, Buxorodagi xalqaro anjumanlarda eng samimiy, eng yorug‘ so‘zni Yorug‘lik odami – Sadriddin Salim so‘z­lar edi.

O‘shanda Shayx Tesha Bobo Naqshbandiy Galaosiyoiy bilan tanishuvimizga u kishi sabab bo‘ldi, marhum Shayxning ma’naviyat olamidan bahramand bo‘lishimga ham u kishi boisdir. Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy kamtarin Tesha Bobo haqlarida “Irshod sohib bo‘lgan haqiqiy shayx” deb ishorat qilsalar, Tesha Bobo ham u kishi haqlarida: “Bu kishi Xudo bergan zot!” deb e’tirof so‘zlarini aytgan edilar.

Allohning lutfu karami bo‘lib, kaminaga o‘sha kuni ilk bor hazrati Shayx Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy bilan tabarruk manzilda – Shoh Bahouddin Naqsh­band dargohlarida ko‘rishish va tanishish nasib etdi.

Endi u azizlar moddiy dunyoni tashlab ketdilar… Endi u lahzalarda o‘chmas xotiralardir.

 

Sadriddin Salim safdoshi, do‘sti, Buxoro davlat universiteti muallimi, olim va ijodkor Samad Azimov bilan yaxshi hamkorliklar qildi. Bu hamkorlik samarasi o‘laroq “Buyuk G‘ijduvoniylar” (2006), “Hazrati Mavlono Orif Deggaroniy” (2008), “Boyazid Bistomiy yoki Navoiy viloyati ziyoratgohlari” (2010), “Shofirkon tabarruk ziyoratgohlari” (2010) kabi tarixiy-ma’rifiy kitoblar yuzaga keldi.

Do‘sti Ulug‘bek Abdullaev bilan ham birmuncha ijodiy hamkorliklar qildi.

Sadriddin Salimning do‘stlari o‘ziga, o‘zi do‘stlariga o‘xshab ketardi. Uning do‘stlari bilan do‘stlik qilish bizga undan bir yodgordir.

Xalqimizning fidoyi olimi, tasavvufiy asarlar muallifi akademik Akmal Saidov Sadriddin Salim Buxoriy ijodiga jiddiy e’tibor qaratdi. Shoir ulug‘ olmon shoiri Yohan Volfgang Gyotening “G‘arbu Sharq devoni”ni olmon tilidan tarjima qilgach, asar ilohiy mavzulari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasida bir qancha vaqt navbat kutib qoldi. Bu holni birov to‘g‘ri tushundi, birov tahqir deb bildi. Nihoyat, Akmal Saidovning sa’y-harakatlari va “Gyote. G‘arbu Sharq devoni: Sharqshunoslikka kirish” nomli sermazmun so‘z­boshisi bilan devon mus­taqil kitob holida nashr etildi (2010). Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tgan taqdimotda ko‘plar qatori qahramon shoirimiz Erkin Vohidov ham so‘z aytgan edi.

Sadriddin Salim kamtarin, xokisor va tavozu’kor shaxs edi. Agar u yozgan kitob­larni boshqa odam yozsa, ehtimol, da’volari bilan olamni buzar edi. Lekin bizning Sadriddin Salim da’volardan juda yiroq, ko‘ngilga juda yaqin inson edi. Inson kattalikdan qancha uzoq bo‘lsa, Subhonga shuncha yaqin bo‘ladi. Mavlaviy Jununiy aytganlaridek: “Be shikasti nafs raftan so‘yi Subhon mushkil ast…”, ya’ni “Nafsni sindirmay turib Subhon sari bormoq mushkuldir”…

Ulug‘ zotlarning laqablari (taxalluslari) vatan nisbasidir. Buxoriy – buxorolik degani. Lekin har kim o‘ziga Buxoriy degan nomni tanlasa, ulug‘lar safiga da’vo qilgandek, botiniy e’tirozga sabab bo‘lishi mumkin. Sadriddin Salimga esa bu taxallusi juda yarashib tushdi, bu nom uning xokisorligi va fazilatini orttirdi, kitobxon xalq ham buni qabul qildi va bunga ko‘nikdi. Sadriddin Salim to‘liq ma’noda Buxoriydir. Umrining ko‘p fasli ulamo, fuzalo, aziz-avliyolar manoqibi bilan o‘tdi. Hayoti so‘nggigacha Haq taoloning do‘stlari yodi bilan yashadi.

Sadriddin Salim ozod inson edi. U hech vaqt birovlar“odami” bo‘lmadi, zo‘ravonlar quli, kuchlilar tobesi bo‘lmadi. Xoja Hofiz ayt­ganlaridek: “Man az on ro‘zi ki dar bandi tuam – ozodam!” – “Men senga qul bo‘lgan kunimdan beri ozodman”. Darhaqiqat, inson Birga qul bo‘lgandan boshlab haqiqiy ozodlikka erishadi! Birga qul bo‘lmagan – mingga qul bo‘ladi. Shoir do‘sti Samad Azimovga bag‘ishlangan she’rida:

Bo‘lmadik birovlar odami,

Tobelik ustidan kuldik biz.

Zulmatdir undaylar olami,

Yorug‘lik odami bo‘ldik biz!

deb yozgan edi. Sadriddin Salim Buxoriy chin ma’noda Yorug‘lik odami – Vatan farzandi edi.

 Mirzo KENJABEK,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 1 =