Yoshlar nigohi bilan kelajakka nazar

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo'limi tashabbusi bilan vohada ijod qilayotgan yosh jurnalistlar, oliygohlarda tahsil olayotgan sohaning bo'lajak vorislari ishtirokida “Yoshlar nigohi bilan kelajakka nazar solamiz” mavzuida Sirdaryo bo'yicha sayohat va ochiq osmon ostida mahorat darslari tashkil etildi.

Enadaryomiz — Sirdaryo vi­loyatining ramzi sanaladi. Chunki u shaharu qishloqlarimiz, bog'u rog'larimiz, dalalarimizga “obi hayot” ulashadi. Media tur qatnashchilari Sirdaryo shahridan o'tib, Mehnat stansiyasi yo'liga chiqqanlarida ajib bir sanoat shaharchasiga ro'baro' keldilar. Bu yerda “Peng-shen” O'zbekiston — Xitoy qo'shma korxonasi, “Do'stlik” bog'i, maktabgacha ta'lim muassasasi va boshqa qator madaniy-maishiy inshootlar qad rostlagan. Sirdaryo shahridan “Sholikor” mahallasiga olib boradigan yo'l zamonaviy bir ko'rinishga keltirilibdi. Bu yo'ldan yurgan mashinalar “qilt” etmay, ravon yuradi.

Sirdaryo bo'yidagi oromgohga yetib borganimizda, quyosh ikki terak ko'tarilgan edi. Yozgi ta'til payti bu yerda dam olgan o'g'il-qizlar allaqachon uy-uylariga qaytishgan. Daraxtlar quyuq soya tashlab turgan yo'laklar tinch, osuda. Havodan kuzning ifori keladi. Biz uchun tayyorlangan maydonchadagi joyga o'rnashib, nafas rost­ladik. Oradan ko'p o'tmay, qizg'in gurung boshlanib ketdi. O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi rai­si Boyjigit Abdullayev, o'rinbosari Dilorom Ismadiyorova yosh jurnalistlar uchun mavzu topib berishdi: tajribali va yosh jurnalistlar o'rtasida o'ziga xos diltortar gurung boshlandi. Sohada katta tajriba to'plagan jur­nalist­lar o'zlarining izlaridan kelayotgan yosh ijodkorlarga sohaga qanday kirib kelishgani, muvaffaqiyatlari siri haqida so'zlab berdilar.

Shundan keyin media-tur ishtirokchilari o'rtasida shaxmat-shashka musobaqalari boshlandi. Ko'p o'tmay, “shoh!”, “mot!” degan kalomlar yangray boshladi. Shu tariqa media-tur ishtirokchilari aqllarini charxlab oldilar. Shaxmat-shashka musobaqalarining barcha qatnashchilariga O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limining esdalik sovg'alari — badiiy kitoblar topshirildi.

So'ngra tadbir ishtirokchilari Sirdaryo sohiliga yo'l oldilar. Daryo horigan onadek sokin oqmoqda. Avvalgi ayqirib oqqan oqindan nishona ham yo'q. Ma'lumki, paxta yakkahokimligi hukmron bo'lgan yillar Sirdaryoning suvi o'nlab kanallarga tortilib, dasht qo'yniga oqizilgan. Xayolimga beixtiyor hassos shoirimiz Erkin Vohidovning “Sirdaryo o'lani” manzumasidagi mana bu mahzun satrlar keldi:

Sen borsanki, keng vohada hayot bor,

Demak, yurtning labida bol, navot bor,

Senda elim sabotidek sabot bor,

Sobit bo'lgin, Ona soydan najot bor,

Oqib turgin, qurib qolma, onajon…

Daryodan qaytgach, media-tur qatnashchilari mo''jazgina ayvonchaning girdo-girdini qo'rg'alab o'tirishdi. Tajribali jurnalist­lar yosh uka-singillariga dolzarb mavzularda mahorat darslari o'tib berishdi. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo'limi hay'ati a'zosi, “Sirdaryo” gazetasi bosh muharriri Umarqul Ochilovning “Milliy g'oyadan — milliy yuksalishga” mavzuidagi mahorat sabog'i bugungi kunning eng dolzarb muammosini ko'tarib chiqqani bilan ahamiyatli bo'ldi. “Sыrdarinskaya pravda” gazetasi bo'lim mudiri To'lqin Ahmadaliyevning “Xalq­aro jurnalistika saboqlari” mavzui­dagi suhbati esa yosh ijodkorlarni jahon miqyosidagi ham­kasb­laridan o'rnak olish va o'rganishga chaqirdi. Taniqli jurnalist Dilorom Ismadiyorova kasb etikasi haqida so'z yuritdi. Kamina Prezidentimizning 5 tashabbusi va uni OAVda qanday yoritish yo'llari haqida o'z tajribalarimni so'zlab berdim.

Yoshlarning fikrlarini eshitish ham maroqli kechdi. Ular orasida zamonaviy, hur fikrlaydigan, o'z so'zi va qarashiga ega bo'lgan ijodkorlar borligi kishini quvontiradi. Ularning ayrimlarini keltirishni lozim topdim.

Alisher Sheraliyev,

Guliston davlat universitetining 4-kurs talabasi:

— Har yili kursdoshlarimiz bilan falon pulga gazeta-jurnallarga obuna bo'lamiz. Biroq vaqtli nashrlar o'z vaqtida qo'limizga tegmaydi. Vaholanki, jurnalistlar orasida gazetaning umri bir kun, degan gap yuradi. Eskirgan xabarlarni o'qishdan ne foyda? Jurnalistlar erkinroq ijod qilsalar, bunga gazeta va televidenie rahbarlari sharoit yaratib berishsa, degan fikrim ham bor…

Bu yosh do'stimizning fikri ancha bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Erkinlik berilmaydi, balki kurash bilan olinadi, deyishdi davradagilar. Buning uchun jurnalistda jur'at va jasorat bo'lishi uqtirib o'tildi.

Maftuna Abdukarimova, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich talabasi:

— Jurnalistlar voqelikni yoritganda jimjimadorlikdan qochib, gazetxon, tinglovchi va tomoshabinga oddiy xalq tilida yetkazib berishga harakat qilishi kerak. Ustozim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, “O'zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov har gal huzurlariga borganimda shunday nasihat qiladilar. Men yana jurnalistlarning mahoratiga qarab toifalar berilishini (xuddi o'qituvchilar kabi) taklif qilaman. Shunda ijobiy va ijodiy raqobat bo'ladi. Mehnatlariga yarasha maosh olishadi.

Sarvinoz Rahmonqulova,

O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich talabasi:

— Jurnalist material tayyorlaganda, eng avvalo, insoniylikni unutmasligi lozim. Ommaviy axborot vositalari erkinlashib, xalq dardiga malham bo'lib yashamasa, obro'-e'tibori ko'tarilmaydi. Zamon shiddati tezlashib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar yangilikni yetkazishda peshqadamlikni bermasligi aniq. Bunday paytda bosma nashrlar xalq dardini ko'taradigan tanqidiy-tahliliy maqolalarga kuch bersa, obunachilari oldidagi vazifani to'la-to'kis bajargan bo'lardi. Ayrimlar bashorat qilayotganidek, gazetalar o'lmaydi, aksincha yashab qoladi.

Bahs-munozarada jurnalist qavmi qanday qilsa yaxshi yashaydi, OAVning o'zini o'zi mablag' bilan ta'minlash yo'llari, bloger va jurnalist orasidagi farq nimada, degan masalalarga ham munosabat bildirildi. O'rtaga tashlangan mulohazalar nechog'li to'g'ri bu boshqa masala. Asosiysi, yoshlarimiz erkin fikrlashga, o'zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytishga o'rganayotgani muhim. Fikrli insonlar yashayotgan jamiyatning kelajagi oydin bo'lishi oddiy haqiqatdir.

Sirdaryodan Gulistonga yo'l oldik. Hammaning kayfiyati a'lo. Bir vaqt yosh jurnalistlarimiz bizga notanish bir qo'shiqni jo'r bo'lib kuylay boshlashdi. So'rab-surishtirib bilsak, ular jurnalistlar haqida qo'shiq yaratishibdi. Balki O'zbekiston Jurnalist­lari ijodiy uyushmasining ham madh­iyasini yaratishimiz kerakdir…

Muhammadali Ahmad,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo

viloyat bo'limi hay'ati a'zosi,

media-tur ishtirokchisi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 1 =