Ustoz noshir

Insonning eng buyuk kashfiyoti — kitob! Kitob odamzotni insoniylik, ezgulik sari elituvchi yo'lchi yulduz, ma'naviyat manziliga yetaklovchi mayoq. To hayot bor ekan, kitob o'z ahamiyatini hech qachon yo'qotmaydi.

Kitob qanday tayyorlanadi, bilasizmi? Ko'pchilik bilaman deb o'ylaydi. Ammo aynan shu sohada ishlab ko'rmagan odam sohaning ikir-chikirlaridan boxabar bo'lmaydi. Yaqindan tanishgach esa: “eh-hey, shuncha ishlari bormi, mashaqqat ekan-ku”, deb yuborishi tayin. Chunki, kitob o'quvchi qo'liga yetib borguncha nashriyot, bosmaxona, yana nashriyot deganday, pog'onama-pog'ona mehnat mashaqqatlaridan o'tib chop etiladi. Tan olish kerak, el-ulusga maqbul keladigan, ma'naviy-tarbiyaviy ahamiyatini yo'qotmaydigan kitob nashr etish o'ta og'ir va mas'uliyatli ish. Buning uchun nafaqat mehnat, balki malaka va savod ham muhim ahamiyatga ega. Bugun salkam qirq yildan buyon ana shunday zalvorli yukni yelkasida ko'tarib kelayotgan insonlardan biri haqida ikki og'iz so'z yuritgimiz keldi.

Boysun tog'lari purviqor va salobatli, adirlardagi o'rmonlardan esayotgan sal­qin va toza havodan zavqlanib ulg'aygan bolaning orzulari ham tog'larday ulkan edi. Otasi o'g'lini o'zi kabi o'qituvchi bo'lishini istadi. Tog'asi esa zukko jiyanini oq xalatli shifokor sifatida ko'z oldiga keltirib charchamadi. Ammo hayot yo'rig'i bosh­qa ekanda, O'zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU) ning filologiya fakultetini tanlagan o'spirin, diplomni qo'lga oldi-yu jurnalistikaning qattiq nonini yeyishga ahd qildi. Avvaliga “Muloqot” jurnali, so'ngra “Xabar” va “Mohiyat” gazetalarida oddiy xodim bo'lib ishladi, o'z kasbiga fidoyiligi, ishlab tolmasligi sabab mehnat va ijod pillapoyalarida zinama-zina ko'tarilib bordi. Bosh muharrir o'rinbosari lavozimidan “O'zbekiston pochtasi” OAJ Matbuot kotibi xizmatida malaka oshirganining o'zi bir olam.

Va nihoyat, 1995 yilda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zoligiga qabul qilindi, qalam ahli yurgan yo'ldan yurib qalami charxlandi va “O'zbekiston” NMIU­da ish boshladi. O'zi ham o'nlab kitoblar muallifi sifatida noshirlik naqadar mas'uliyatli vazifa ekanligini ich-ichidan his etgan Izzat Ahmedov noshirlikda obro' topdi.

Tez orada ijtimoiy-siyosiy va badiiy adabiyotlar bo'limining yetakchisi va mohir muharriri sifatida ko'pchilikning nazariga tushdi. Jiddiy tayyorgarlik va o'ta mas'uliyatni talab etuvchi siyosiy adabiyotlarni nashrga tayyorlash Izzat akaga yuklangani yosh shogirdlarning havasini keltiradi.

Yoningda tajribali muharrirning borligi, sen qo'rqa-pisa, ikkilana-ikkilana qo'l cho'zayotgan qo'lyozmani tap tortmay oladigan, sharta-sharta nashrga tayyorlab tashlaydigan kasbdoshing bo'lishi katta baxt.

Izzat aka Agata Kristining “Izquvar Puaro”, Nodar Dumbadzening “Hislarimni qo'zg'ama” asarini o'zbekchaga mohirona tarjima qilgan. Kitobga o'zgacha mehr qo'ygan, noshirlikni hayotining mazmuniga aylantirgan ustoz noshir — Izzat Ahmedov shu kunlarda oltmish bahorni qarshilamoqda.

U kishidagi g'ayrat, shijoatni ko'rgan odam: “mehnatdan huzur topgan odamlarga oltmish yosh ham qirchillama yosh ekan-da”, deydi. Izzat aka hali ko'p yillar nashriyot matbaa ijod uyi­da salmoqli kitoblarga bosh muharrirlik qilib, dunyo sara asarlarini o'zbek tiliga o'girishda charchash nimaligini bilmaydigan odam.

Tilagimiz — shunday bo'lsin! Va yana yosh muharrirlarga o'z tajribasini o'rgatib kelayotgan kasbdoshimizni ijod zavqi hech qachon tark etmasin, hamisha yasharib yuring deymiz.

Yusuf Abdullayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 2 =