Hayot saboqlari

Kibr go'yo kishining umurtqa va bo'yin suyaklarini temirga aylantirib qo'yadi. Uni bukish uchun odam hayotning o't-olovida bir erib, so'ngra muzday suvida sovib olishi kerak.

***

Do'stning urug'i bemaza bo'lsa, uning hosili dushman degan xavfli meva bo'ladi.

***

Onalarning yaxshiliklari sochning tolasiday ko'p, ammo buni farzandlar ko'pincha sochi to'kilganda biladi, xolos.

***

Minnat toshi otilsa, tegmasdan qolmaydi.

***

Haqiqatni aytish shuning uchun ham qiyinki, uning bir uchi aytuvchiga ham tegib turadi.

***

Filni yashirish mumkin, ammo fe'lni yashirish juda qiyin.

***

Ayolning erkinligi behayolik ko'rinishida bo'lsa, er — kunlik bo'ladi.

***

Qog'ozdagi xatoni tuzatish uchun qalam qog'oz ustida qayta yursa bas, ammo hayotdagi xatoni tuzatish uchun qadam qayta-qayta yurgani bilan uni qayta tuzatishning imkoni bo'lmasligi mumkin.

***

Rahbarlardan biri tabrik xatlarini ikkiga ajratdi: uchdan bir qismini kostyumining chap ko'krak cho'ntagiga soldi, bular o'zimga dedi. Do'ppayib turgan katta qismini esa stol tortmasiga joyladi. Bular menga emas, senga kelgan  dedi, — stolga qarab.

Shuhrat Ro'ziyev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + twelve =