Axborot sohasidagi madaniyat yuksalishi zarur

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo'mitasi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda «Milliy axborot makonini rivojlantirishda jurnalistika sohasining ustuvor vazifalari» mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qo'mita raisi Ilhom Abdullayev olib bordi. Mavzu bo'yicha filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi va jurnalist Xurshid Do'stmuhammad, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov ma'ruzalari tinglandi. Davra suhbatining asosiy maqsadi sohadagi yutuq va muammolarni ta'kidlash bilan bir qatorda, ularning yechimi bo'yicha, shu jumladan, axborot sohasidagi qonunchilikka bugungi davr talabidan kelib chiqib, ma'lum o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha takliflarni shakllantirishdan iborat edi. Albatta, milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligining oshishiga, davlat va jamiyat orasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirishga xizmat qilish bilan birgalikda jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga imkon yaratdi.

— So'nggi yillarda axborot sohasiga juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda, — dedi taniqli adib Xurshid Do'stmuhammad. — Axborot sohasidagi to'siqlar olib tashlangandan so'ng turli holatlarga duch kelayotganimiz ham bor gap. Lekin ushbu imkoniyatlardan kim qanday foydalanmoqda? Tan olishimiz kerak, biz bu imkoniyatga ma'naviy, huquqiy, ayniqsa, axloqiy jihatdan tayyor emasligimiz ko'rinib qoldi. Benzinning narxi mabodo 5 so'mga oshsa, hamma narsaning bahosi oshib ketishini yosh bola ham biladi. Ammo “Axborotlashtirish to'g'risida”gi Qonunni, axborot sohasidagi o'zgarishlarni, uning jamiyatdagi rolini hatto eng “nozik”, ya'ni katta davlat idorasida o'tirgan ayrim rahbarlar ham bilishmaydi. Ehtimol, bilishni istashmas ham. Agar istashganida so'nggi payt­larda ayrim hokimlar va ularning o'rinbosarlari bilan bog'liq voqealar bunchalik ommalashib ketmasdi. Shuning uchun avvalo, axborotdan foydalanish axloqini ham ommalashtirish kerak, deb o'ylayman.

— Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri Internet tarmog'i orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy holatda tarqatilishiga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlardan, tezkor xabarlarni tarqatish texnik maydonchalaridan, ommaviy axborotlarni tar­qatish messenjerlaridan fuqarolarning shaxsga doir huquqlari, ayniqsa, ularning shaxsiy hayoti to'g'risidagi axborotning daxlsizligi qo'pol ravishda buzilgan holda foydalanish holatlari ko'plab uchrayotir.

Eng xavflisi balog'at yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar uchun ham bunday nolegal axborotlarning yetib borayotganidir. Yoshlar rivojlanishining fizi­o­­logik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan bo'lsak, ular ba'zida Internet tarmog'idagi qonunga xilof ravishda berilayotgan axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqda, dedi o'z chiqishida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov.

— Amaldagi qonunchiligimizda axborot sohasida qonunbuzarlikka yo'l qo'yilganligi uchun Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 6 ta moddasida, Jinoyat kodeksining 13 ta moddasida javobgarlik belgilangan, — deydi “Nuroniy” gazetasi bosh muharriri Olimjon O'sarov. — Aytish lozimki, ushbu javobgarlik turlari fuqarolarning so'z erkinligi bilan bog'liq konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashga qaratilmagan. Aksincha, ular insonning sha'ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro'-e'tiborining bosh­qalar tomonidan poymol qilinishining oldini olish bilan bog'liqdir.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan «Pravda Vostoka» gazetasi bosh muharriri Salim Doni­yorov, «Adolat» gazetasi bosh muharriri Islom Hamroyev va bosh­qa jurnalistlar o'z taklif-mulohazalarini bildirdilar.

Shu bilan birga, alohida ta'kidlandiki, OAVlarida e'lon qilinayotgan tanqidiy chiqishlarga tegishli hokimiyat, idora, vazirlik va prokuratura organlarining munosabati salbiy ahvolda. Axir, Jinoyat protsessual kodeksining tegishli qismida matbuotda e'lon qilingan materiallarda qonunchilik tamoyillariga xilof holatlar e'lon qilingan bo'lsa, prokuratura organlari zudlik bilan nazoratga olishi lozimligi ko'rsatib o'tilgan. Ammo buning uchun prokuratura idoralari hamon tahririyatlardan alohida xat kutib o'tirishi to'g'rimi? Bunday ahvolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham o'z vakolati doirasida munosabat bildirishi zarurligi ham aytildi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar o'rtaga tashlandi.

O'z muxbirimiz.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − three =