MAKTAB — ma'naviyat va ma'rifat o'chog'i

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 23 avgust kuni xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ta'lim-tarbiya ishlarini yangicha tashkil etish farzandlar tarbiyasida ota-onalarning mas'uliyati, pedagoglar bilan hamkorligi va umuman maktab ta'limini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash masalasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Quyida yig'ilishda ilgari surilgan hayotbaxsh va muhim vazifalar yuzasidan Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning munosabatini e'lon qildik.

Maktab, bu — hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o'zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev

Barchaga ma'lumki, yurtimizda Mustaqillikka erishilgandan keyin ham o'qituvchilarga davlat byudjetidan oylik oluvchi tekin yordamchidek qarab kelingan edi. Paxta terimi, obodonlashtirish ishlari va turli tadbirlarga “fon” sifatida jalb etish uchun birinchi nomzod afsuski xalq ta'limi tizimi xodimlari va o'qituvchilar bo'lgan.

Mahalliy hokimlar nazdida eng yaxshi maktab direktori kim bo'lgan? Maktab o'qituvchilarini qishloq xo'jalik ishlariga o'z vaqtida olib chiqqan va rejani bajargan, kommunal to'lovlarni aholidan yig'ib olishda jonbozlik ko'rsatgan, obodonlashtirish ishlarida eng ko'p xodimlarini chiqarib, bironta norozisi bo'lsa, darhol chora ko'rgan direktor — eng yaxshi direktor, deb e'tirof etib kelingan. Ya'ni, bu kabi muammolar sabab ta'lim sifati kun tartibida deyarli bo'lmagan.

Natijada, pedagogika ins­titutlariga asosan bosh­qa universitetlarga kira olmaganlar o'qishga kirgan. Ularning ham bilimlari o'qituvchilik kasbini tanlamasdan, boshqa sohalarda faoliyat yuritishni ma'­qul ko'rgan.

Maktablarga “e'tibor” bo'yicha yana bir misol: 2016 yilgacha qurilish va jihozlash bo'yicha mablag'lar ta'lim yo'nalishida asosan maktabga emas, balki hashamatli kollej binolarini qurishga ketgan. Natijada maktablarning moddiy-texnik holati juda abgor ahvolga kelib qolgan. Nafaqat uzoq hududlarda, hatto poytaxt Toshkent shahridagi maktablarning ham ahvoli juda haroblashgan. Yaqinda Toshkentdagi maktablarni xatlovdan o'tkazilganida, 30-50 yillardan beri umuman dasturga kiritilmagan 16 ta yirik maktab aniqlandi. Dasturga kiritilganlarigayam juda kam mablag' ajratilgan. Asosan fasad qismiga e'tibor qaratilib, ichki kommunikatsiyalari juda eskirgan. Sinfxonalar esa asosan ota-onalarning ko'magi bilan ta'mirlab kelingan. Anchagina maktablar yopilib ham ketgan. Binolari esa boshqa davlat tashkilotlariga foydalanishga berilgan. Misol uchun, Qoraqalpog'iston Respublikasida 2010-2016 yillarda 41 ta maktab yopilgan. Shu bir yilning o'zida esa ba'zi kollejlarni maktabga aylantirish or­qali 21 ta yangi maktab ochilayapti.

Mahalliy byudjetlarda mablag' qoldirmaydigan siyosat bo'lsa-da, maktablarning ko'p xarajatlari mahalliy byudjetga tashlab kelingan. Natijada, o'sha mablag'lar deyarli ajratilmagan. Oxirgi uch yilda Prezidentimizning joylardagi hokimliklarga rejadan orttirib bajarilgan tushumlarining katta qismini qoldirish bo'yicha qaroridan keyin aksar aholi siyosatni to'g'ri tushundi. Mahalliy hokimlar maktablarga «Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa dasturlar orqali yordam ko'rsatishni boshladi. Masalan, Qoraqalpog'istonda shu yil mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag'lar miqdori 1991-2016 yillarda ajratilganidan ko'ra ko'pdir. Ta'mirlashga qo'shimcha ravishda o'quvchilar hanuzgacha o'tgan asrning 50-60 yillarida ishlab chiqilgan parta va mebellardan foydalanib kelganligini inobatgan olib, ming­lab komplekt partalar ham xarid qilindi.

Bir yilu ikki oy avval Prezidentimiz sohadagi islohotlar birinchi navbatda jamiyatimizdagi o'qituvchining mavqeini oshirishga qaratilishi kerakligini ta'kidlab o'tdi.

Misol sifatida Yaponiya Bosh vazirining Yaponiyaning rivojlanish siri nimada, degan savolga javobini aytib o'tgandilar: Biz o'qituvchilarga Imperatorning hurmatini, Diplomatning daxlsizligini va Vazirning oyligini berdik.

Shuning uchun, mazkur bir yil davomida islohotlar aynan shu 3 ta yo'nalishga qaratildi:

Birinchidan, o'qituvchilarning hurmatini oshirish uchun, avvalo, ularni majburiy mehnat va turli tadbirlarda ishtirok etishi taqiqlandi. Majburiy mehnatdan tashqari yana boshqa hamma “majburiy” so'zi ishlatiladigan qo'shimchalardan ozod etish boshlandi: majburiy turli xil tashkilotlarga a'zolik badalini to'lash, majburiy chipta sotib olish, majburiy ravishda oyliklarining bir qismini noqonuniy hashar or­qali qaysidir tashkilotga o'tkazib berish kabilar.

Ikkinchidan, maktablarni tekshirishni keskin qisqartirish uchun Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. “Dars muqaddas” (ya'ni dars jarayoniga hech kimning aralashishga haqqi yo'q) konsepsiyasi doirasida o'tgan yili tekshiruvlar soni 26 baravarga qisqardi.

Uchinchidan, O'zbekiston Respublikasi mustaqilligi davrida ilk bor pedagoglarning oyliklari alohida qaror bilan oshirildi. Ungacha bu tizim eng katta tizim bo'lgani bois alohida oylik oshirilishi juda katta xarajatlarga sabab bo'ladi, deb umumiy oylik oshirish bilan chegaralanib qolingan edi. Natijada, xalq ta'limi tizimi xodimlarining o'rtacha oylik maoshlari respublikadagi o'rtacha oylikdan anchagina pasayib ketgan edi. Ushbu jarayonni tizimli ravishda olib borish uchun 2030 yilgacha xalq ta'limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasida ham o'qituvchilarning oyliklari bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz videoselektor yig'ilishida ham 2020 yilda pedagoglarning oyliklarini oshirish bo'yicha ko'rsatma berdi. Uzoq qishloqlardagi maktablarga o'qituvchilarni jalb etish uchun ularga uy-joy, avtotransport uchun kredit berish ham rejaga kiritildi.

Natijada, tizimga erkak o'qituvchilar qayta boshladi. O'tgan yili YuNISEFning UReport loyihasi o'tkazgan so'rovga ko'ra, yoshlarimizning aksariyatida o'qituvchi kasbini egallash ishtiyoqi qayta uyg'ondi. Uch yil oldin o'tkazilgan so'rovda esa aksariyat yoshlar o'qituvchi bo'lmoqchi emasdi. Eng achinarlisi, o'qituvchilar o'z hayotining mashaqqatlarini inobatga olib, farzandlarini o'qituvchi bo'lishini istashmas edi.

Kuni kecha bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishi — tarixiy yig'ilish bo'ldi, deb aytsam bo'ladi. Unda nafaqat ta'lim sohasiga mas'ul rahbarlar, balki shu sohada faoliyat yuritayotgan direktor va o'qituvchilar ham ilk bora ishtirok etdi.

Yig'ilishda Prezidentimiz hokimiyatlar, vazirlik, hududlardagi xalq ta'limi boshqarmalari va bo'limlari, direktor, o'qituvchilarning vazifalarini aniq belgilab berdi.

Endilikda mahalliy hokimlar maktab bino va inshootlarining holati, ularning jihozlanishiga javobgar bo'ladi. Avvallari maktab holatiga qo'shimcha yordam berilmaganiga faqat direktor va o'qituvchilar javobgar bo'lgan. Komissiyalar yordam bermasdan, faqat muammo topib, maktabni ta'mirlashni talab qilgan. Bu esa o'qituvchilarni ta'mirlash ishlari bilan ovora bo'lishi hamda ota-onalardan ortiqcha pul yig'imlarini so'rashiga sabab bo'lgan.

Endi maktablarni ta'mirlash va ularda yetarli sharoitlar yaratishga hokimlar shaxsan javobgar ekanligi aniq belgilandi. Bironta o'qituvchi yoki xalq ta'limi tizimi xodimlarining bu kabi ishlar bilan chalg'itib, ovora qilmaslik bo'yicha aniq vazifa yuklandi.

Xalq ta'limi vazirligi, tizim xodimlari, o'qituvchilarga o'zlarining asosiy vaqtlarini, kuch, bilim va g'ayratlarini ta'lim sifatini ta'minlash, farzandlarimizni bilimli, vatanparvar hamda jahon bozorida raqobatbardosh mutaxassislar bo'lib yetishib chiqishiga sarflashligi kerakligi, qurilish ta'mirlash kabi masalalar bilan ovora bo'lib, chal­g'imasligi topshirildi.

Yig'ilishda ko'rilgan yana bir muhim masala bu oiladagi ta'lim-tarbiya, ota-onalarning mas'uliyati va o'qituvchilar bilan hamkorligiga ham e'tibor qaratildi. Shu bilan birga so'nggi paytlarda ba'zi ota-onalar farzandlarining ta'lim-tarbiya olishi uchun mas'ul ekanligini unutib qo'ygani ta'kidlandi. Ular bu masalani ham maktab o'qituvchilariga yuklab qo'yishgan edi.

Yurtboshimiz maktablarga pulni ayamaslik kerakligi haqida alohida to'xtalib o'tdi. Albatta, maktablarni rivojlantirishda mamlakatimiz iqtisodiyotidan kelib chiqib, mablag' ajratiladi. Maktab faqat chiroyli imorat va jihoz degani emas. Birinchi navbatda u yerdagi o'qituvchining fidoyiligi va saviyasidir. Shuning uchun ham, Prezidentimiz, eng avvalo, o'qituvchini barcha bo'g'indagi rahbarlar hurmat qilishi va doimo ularga yordam berishi muhimligini bir necha bor ta'kidladi. Rahbarlarga o'zlari biror maktabni otaliqqa olib, uni eng namunaviy maskanga aylantirish choralarini ko'rish ham topshirildi. Nafaqat moddiy tomondan, balki u yerda o'qiyotgan o'quvchilarni haqiqiy vatanparvar O'zbekiston fuqarosi qilib tarbiya qilishga o'z hissalarini qo'shishga chorlandi.

Maktab ta'limi yurtimiz, qolaversa, barchamizning kelajagimizni belgilab beruvchi soha bo'lgani bois avvalgi yillardagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda mamlakatimizni rivojlantirish uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ta'lim tizimini ko'tarishimiz kerak! Faqat birgalikda harakat qilsak, ko'zlangan maqsadlarga erisha olamiz. Muammolarni yechimini topishga harakat qilib, yordam berish o'rniga faqat ularni ko'rsatib, aybdor qidirish bilan ovora bo'lsak, mamlakat sifatida dunyo bozoridagi raqobatbardoshligimizni yo'qotamiz. Shuning uchun ham maktab masalasi Prezidentimiz ta'kidlaganidek, mamlakatimiz uchun hayot–mamot masalasidir.

Sherzod Shermatov,

O'zbekiston Respublikasi

xalq ta'limi vaziri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 8 =