O'zini ish bilan band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi “O'zini o'zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish to'g'risida”gi qarori aholi bandligini ta'minlashga munosib xizmat qiladi. Ushbu qaror bilan “O'zini o'zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish tartibi to'g'risidagi Nizom” tasdiqlandi.

Ularga qanday imtiyozlar bor?

O'zini o'zi band qilgan fuqarolar — mehnatidan daromad oladiganlar, ya'ni jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko'rsatib, ma'lum ish bajarishni mustaqil amalga oshiradi, lekin yakka tartibda tadbirkor deb ro'yxatga olinmagan hamda yollanma mehnatdan foydalanmaydi. Ularning mehnat staji hisobga olinib, rag'batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi evaziga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari rasmiylashtiriladi.

Mehnat organi tavsiyasiga ko'ra, kamida 6 oy amal qiladigan muddatga mehnat guvohnomasini rasmiylashtirgan shaxslar o'z faoliyat turi uchun imtiyozli mikrokredit olishi mumkin. Shuning­dek, o'zini o'zi band qiluvchilarga qisqa muddatli kasbga tayyorlash, malaka oshirish, shuningdek, tadbirkorlik ko'nikmalarini o'rgatish kurslarida bepul o'qitish kafolatlangan.

Hunarmandchilik faoliyati sub'yektlari hamda fermer xo'jaliklarida mehnat qiladiganlar o'zini o'zi band qiluvchilar hisoblanmaydi.

Mazkur qarorga asosan tasdiqlangan ro'yxatga kiritilgan 24 ta faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari bo'yicha mehnat organlari tomonidan, doimiy yashash joyidan qat'i nazar, vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

Ular soliq to'lovchimi?

Mehnat guvohnomasi mehnat organlari tomonidan fuqarolarning arizasi asosida, Nizomga muvofiq taqdim qilingach, hujjatga ega bo'lgan fuqarolarning olgan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i solinmaydi, ular mehnatiga haq to'lash Yagona ijtimoiy to'lovlarni hisoblab chiqarish ob'yekti hisoblanmaydi.

Shuningdek, mehnat faoliyati haqiqatda bajarilgan yoki bajarilmaganligidan qat'i nazar guvohnomada ko'rsatilgan davrda yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo'qotganlik pensiyasini hisoblash uchun qabul qilinadigan ish stajiga ega bo'ladi.

Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga ko'ra 1 oydan 12 oygacha bo'lgan muddatga beriladi.

Shuni alohida aytish kerakki, o'zini o'zi band qilgan fuqarolar jamoat ishlariga, o'z xohishiga ko'ra, belgilangan tartibda jalb etilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining ushbu qarorida belgilangan qoidalar joriy yilning 1 sentyabridan boshlab amaliyotga taqdim etiladi.

Asliddin Usmonov,

Samarqand viloyati bandlikka

ko'maklashish markazi boshqarmasi boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =