Xalqlar birdamligini ulug'lovchi navolar

Istiqlol shukuhi kezib yurgan shu kunlarda an'anaviy tadbirlarimiz bilan bir qatorda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalining boshlanishi dunyo nigohini yana O'zbekistonga qaratdi.

Mana, necha yildirki, ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar o'rtasida o'ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylanib kelmoqda. Festivalning Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan, turli tamaddunlar beshigi sifatida ta'rifi yetti iqlimga yetgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda o'tkazilishida ham o'ziga xos ma'no mujassam. Ajdodlarimiz ilm-fan, bunyodkorlik, me'morchilik kabi turli sohalar bilan bir qatorda, san'atga katta e'tibor qaratishgan. Xususan, buyuk sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida san'atning barcha sohalari gurkirab rivojlangan. Bugun esa dunyo xalqlarini bir yerga jam qilgan ushbu festival o'tadigan muazzam shahar va Registon maydonida Sohibqironning ruhi kezib yurgan, musiqaning sehrli kuchidan shod bo'lib, yuksaklarga parvoz qilayotgan bo'lsa ajabmas…

Ma'lumingizki, 26 avgust kuni festivalning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so'zladi. Davlatimiz rahbari mehmonlarni mamlakatimizda ko'rishdan mamnunligini bildirib, yig'ilganlarni mazkur ayyom bilan muborakbod etdi.

Biz bu festivalning zamirida ulug' o'zbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiy bobomizning, olam ahli, hamisha bir-biringizga do'st bo'ling, Yer yuzini o'z mehnatingiz, iste'dodingiz bilan obod qiling, degan mazmundagi o'lmas da'vati mujassam ekanini ko'ramiz, — deya ta'kidladi Prezidentimiz o'z ma'ruzasi davomida. — Ayni paytda buyuk fransuz adibi Viktor GyugoningEzgulik va hamjihatlik – inson ma'naviy olamining quyoshidirdegan hikmatli so'zlari mana shunday yuksak g'oyalar bilan uyg'un va hamohangdir.

Bu fikrlar bundan necha yuz yillar avval aytilgan bo'lsa-da, bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmasdan, bizning qalblarimizda, yuraklarimizda aks sado bermoqda.

Mana shu yuksak sahnaga — ko'rkam va muhtasham Registon maydoniga qadam qo'ygan har bir san'atkor, millati, tili va dinidan qat'i nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog'laydi”.

Darhaqiqat, buni festivalda ishtirok etish istagini bildirayotgan mamlakatlar munosabatidan ham anglash mumkin.

Ma'ruzada qayd etilganidek, bu yilgi festivalda 75 davlatdan 340 nafar vakil qatnashmoqda. Davlatimiz rahbari ularni san'atning chinakam fidoyilari, tinchlik va ezgulik elchilari deb atadi. Shuningdek, marosimda Mus­taqil Davlatlar Hamdo'stligi Ijroiya qo'mitasi, Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bang­ladesh, Polsha, Belarus, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan rasmiy shaxslar, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda 1997 yildan buyon o'tkazib kelinayotgan mazkur festivalga yil boshidan tayyorgarlik ko'rildi. Prezidentimizning joriy yil 26 fevraldagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o'tkazishga tayyorgarlik ko'rish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori esa bu borada dasturilamal bo'ldi.

Ayni paytda festivalda qariyb 300 nafar san'atkor ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida ochiq konsertlar, ijodiy uchrashuvlar, ilmiy va matbuot konferensiyalari shaklidagi dasturlar, taqdimot va mahorat darslari hamda ko'rik-tanlovlar, Samarqand viloyati madaniyat maskanlariga sayohatlar tashkil etilayotir. Turli davlatlardan tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, badiiy jamoalar tanlovda qatnashish bilan birga, shahar va tumanlardagi istirohat bog'lari, amfiteatrlarda o'z konsert das­turlarini namoyish etadilar.

Ha, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, musiqa san'ati madaniy fenomen sifatida yangi avlodni tarbiyalash va kamolga yetkazish borasida cheksiz imkoniyatlarga egadir. San'at bilan oshno bo'lgan yoshlarning hayotga munosabati, milliy urf-odat va umumbashariy qadriyatlarga hurmati baland bo'ladi.

Festival doirasida Samar­qand shahridagi Forumlar saroyida 26 avgust kuni “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzuida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.

Yurtboshimizning tashabbusi bilan BMTning Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti (YuNESKO) shafeligida tashkil etilgan anjumanda xalqaro tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, dunyoning 77 davlatidan arxitektor, olim va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim mazkur konferensiyaning yuksak saviyada tashkil etilgani uchun O'zbekis­ton rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Anjumanning Samar­qandda o'tkazilishi tarixiy ahamiyat kasb etishini ta'kidlab, bu qadimiy shahar nafaqat Buyuk ipak yo'li chorrahasidagi yirik savdo, balki madaniyat markazi bo'lganini e'tirof etdi.

— Bir necha asrlik tarixga ega obidalar ushbu zaminning azaldan ilm-fan, madaniyat rivojlangan maskani, bu xalq ajdodlarining yuksak aql-zakovat egasi bo'lganidan dalolat beradi, — dedi Odre Azule. – Ushbu moddiy merosni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish esa barchamizdan yuksak mas'uliyat talab etadi. Chunki mazkur obidalar nafaqat ushbu mintaqa xalqlari, balki insoniyatning boyligi hisoblanadi. Shu maqsadda YuNESKO O'zbekiston bilan faol hamkorlikda ish olib borib, moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash borasida o'z tavsiyalarini bermoqda, amaliy ko'mak ko'rsatyapti. O'z navbatida, O'zbekiston ham zamonaviy shaharsozlikda maslahatlarimizga tayangan holda ish olib bormoqda…

O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirishning keng ko'lamli jarayoni bilan dunyo jamoatchiligini tanishtirish, uni o'rganish bilan bog'liq fundamental loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda dunyo­ga taniqli olimlarni birlashtirish maqsadida 22-27 avgust kunlari Toshkent, Termiz va Samar­qand shahrida bo'lib o'tgan “O'zbekiston — buyuk yo'llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzuida Madaniy meros haftaligida birlashtirilgan qator ahamiyatli tadbirlar o'tkazildi.

Samarqandda ushbu haftalik doirasida sohibqiron Amir Temur davriga mansub yettita bog'dan birining namunasi bo'yicha barpo etilgan yangi “Bog'ishamol” bog'ining ochilish marosimi ham bo'lib o'tdi. Unda “Samarqand — buyuk ipak yo'lining yuragi” deb nomlangan tarixiy sahnalar namoyishi o'tkazildi. Undagi turli sahnalar mehmonlarni sharqona qadimiy bozor muhiti, uning milliy an'analari, xalq amaliy san'ati bilan tanishtirdi.

Madaniy meros haftaligi ishtirokchilari va mehmonlari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida ham ishtirok etishdi.

Tashrif buyurgan mehmonlarning taassurotlari bilan qiziqdik.

Kodzi Shibazaki —

Ayti san'at universiteti, dizayn va qo'l san'atlari kafedrasi professori (Yaponiya):

— Samarqandning, umuman, O'zbekistonning boy moddiy va nomoddiy merosi haqida ko'p o'qiganman. Anjumanda Samarqand haqida ko'plab ma'ruzalar qilindi va taassurotlarim, yurtingiz haqidagi bilimlarim yanada boyidi. O'zbekiston madaniy merosini tadqiq qilishga bo'lgan qiziqishimni yanada oshirdi. Yurtingizda hali o'rganilishi kerak bo'lgan tarixiy ob'yektlar juda ko'p ekan. Bular biz uchun qiziq, albatta.

Oh Eunkyung,

Dongduk – Xotin-qizlar universiteti katta professori (Janubiy Koreya):

— O'zbekiston bo'yicha ilmiy ish qilgan chog'imda bu diyorga mehrim tushgan. Bu serquyosh o'lkani shu darajada sevib qoldimki, o'zbek tilini astoydil o'rganishga harakat qildim va niyatimga yetdim. Qisqa fursat ichida o'zbek xalqining boy madaniy merosi borligini ko'rdim, o'rgandim, targ'ib qildim. Barcha turkiy xalqlar, davlatlar bilan tanishman. Eng boy meros aynan shu zaminda ekanligini angladim. “Sharq taronalari”ning ochilish marosimida ishtirok etib, ochig'i, yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu konsert dasturidan lol qoldim. Hech qachon san'atdan bu qadar lazzat olmaganman. Ishtirokchilar dastur ustida uzoq va puxta ishlashgani yaqqol sezilib turdi. Keyingi dasturlarda ham ishtirok etish niyatim bor…

Muhtasham Registon maydonida dunyo navolari yangray boshladi. Tanlov ishtirokchilaridan yana biri Akbar XON o'z fikrlarini quyidagicha bayon etdi:

— Men Pokiston farzandiman. Ammo “Sharq taronalari“ festivali ochilish marosimida qatnashib, unda ijro etilgan o'zbek kuylaridan anglashilgan ma'noni hech bir tilmoch ko'magisiz tushundim.

Festival nafaqat turli xalqlar madaniyati, musiqasi bilan tanishish, o'z ijod namunangni ijro etish orqali xalqing salomini yetkazish, balki latif va betakror, muqaddas va barhayot Sharq durdonasi – Samarqand tarixi bilan yaqindan tanishish imkoni hamdir. Kuni kecha islom olamida mashhur Imom Buxoriy majmuasida bo'ldim. Ruhiy poklanish manzilining har bir koshinidagi naqshlar, giyohu sayroqi qushlar bu ulug' qadamjo haqida qo'shiq bastalayotgandek, ma'rifat ulashgan allomalar yurti haqida so'zlab berayotgandek taassurot qoldirdi.

Ha, Samarqandda bugun ana shunday ko'tarinki kayfiyat hukmron. Zero, davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, sayyoramizda turli kelishmovchi-lik va qarama-qarshiliklar, urush va nizolar avj olgan tahlikali zamonda, odamzot tobora o'z dunyosiga o'ralib borayotgan bir sharoitda musiqa insonga insonligini eslatib, uning qalbida kelajakka umid va ishonch uyg'otadi.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + twelve =