“Madaniy merosni asrashda kamarbastamiz!”

O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati Parijda yuridik ro'yxatdan o'tkazilib, rasmiy maqomga ega bo'ldi.

Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida “O'zbekiston – buyuk yo'llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: im­periya­lar, dinlar va madaniyatlar” mavzuida shu yilning 22-27 avgust kunlari madaniy meros haftaligi o'tkazilganligi ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishda katta voqea bo'ldi. O'zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (“O'zEOAVMA”), Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, boshqa vazirliklar va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda, shuningdek, neft sohasida xizmat ko'rsatuvchi “Eriell Group” kompaniyasi ko'magida o'tkazilgan anjuman doirasida konferensiyalar, ko'rgazmalar, taqdimotlar, davra suhbatlari, ilmiy-amaliy muloqotlar, tarixiy obidalarga sayohatlar, madaniy-ma'rifiy kechalar tashkil etildi.

“O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining III kongressi”da dunyoning taraqqiy topgan mamlakatlaridan kelgan olimlar, mutaxassislar, muzey, kutubxona va bosh­qa ilmiy muassasalar rahbarlari, yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Mazkur kon­gress­da O'zbekiston madaniy merosini o'rganish va saqlash bilan bog'liq ma'ruzalar tinglandi, yangi kashfiyotlar e'lon qilindi.

Ta'kidlash joizki, kongress arafasida O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati Parijda yuridik ro'yxatdan o'tkazilib, rasmiy maqomga ega bo'ldi.

Kongress yakunida Butunjahon jamiyati a'zolari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga murojaatnoma qabul qildi.

Murojaatnomada jumladan shunday deyiladi:

…Yangi O'zbekistonni rivojlantirish va taraqqiy ettirish yo'lida zaruriy shart-sharoitlarni yaratishga yo'naltirilgan yuksak faoliyatingiz uchun Sizga samimiy ehtiromimizni izhor etishga ijozat etgaysiz. O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirishga yo'naltirilgan va “Moddiy va nomoddiy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzuidagi xalqaro konferensiya qatnashchilariga yo'llagan tabrigingizda tilga olingan tashabbuslaringizni biz o'ta muhim ahamiyatga ega deb bilamiz.

Ushbu tashabbuslarni to'laqonli baholashimizga imkon bergan O'zbekiston madaniy merosi haftaligi davomida yaratilgan ajoyib imkoniyatlar uchun Sizdan minnatdormiz.

Ta'kidlash joizki, yuksak qo'llab-quvvatlashingiz tufayli amalga oshirilayotgan ushbu loyiha o'zlarining kasbiy qiziqishlarini, ayni paytda ilmiy hayotining, o'zini ham O'zbekistonni o'rganish bilan bog'lagan xorijiy va mahalliy olimlarni birlashtirish uchun misli ko'rilmagan sharoitlar yaratdi. Dunyo ilmiy kuchlarining birlashuvi, olimlarning o'ziga xos xalqaro ilmiy laboratoriyasi yuzaga kelgani jamiyatimizning kuchli tomonlaridan biri deyish mumkin. Shunga bog'liq ravishda biz O'zbekistonga madaniyat va san'at tarixiga oid tadqiqotlar, ma'rifat va ta'lim sohalarida har tomonlama ko'mak berishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.

Fursatdan foydalanib, o'zbek xalqiga xos sharqona mehmondo'stlik uchun chuqur minnatdorchilik izhor etib, Sizga mustahkam sog'liq, insonparvar maqsadlaringizda va gullab-yashnayotgan O'zbekistonni rivojlantirishga yo'naltirilgan samarali ishlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Ta'kidlash joizki, mazkur jamiyat a'zolari tomonidan shu paytga qadar “O'zbekiston madaniy merosi dunyo to'plamlarida” loyihasi doirasida 20 ta kitob-albom chop etildi va yana 13 tasi nashrga tayyorlanmoqda, 30 dan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × five =