Oqqan daryo oqaveradi

Qoradaryo Nazirjon aka yashaydigan qishloqning etagidan bahorda to'lib-toshib, kuzda esa sokin oqib o'tadi. Nazirjon aka tongda, ba'zan ishdan ertaroq qaytganda, ana shu daryo bo'yiga tushadi. Ilgari suv o'zaniga sig'mas edi. Hozir esa… o'yga toladi u.

Odamning umri ham daryoga o'xshaydi. Ortiga qayt­maydigan o'jar oqimga qarab Nazirjon aka beixtiyor otasini eslaydi. Bir umr “bolalarim” deb, sabru qanoat bilan o'tgan onasini yodga oladi…

Maktabdan tuman gazetasiga ishga chaqirganlarida bir umr hayotim matbuot, qog'oz-qalam bilan bog'lanadi, deb o'ylaganmidi? Andijon tumani gazetasiga muharrirlik qilgan davri, Oltinko'l tumani tashkil topganida yangi gazetani shakllantirish, keyinchalik uni eng o'qishli, jo'shqin nashrlardan biriga aylantirish jarayonida ko'pchilikka bosh bo'lish sinoatlarini o'rgangan bo'lsa ajabmas. Tuman ijroqo'mi raisining o'rinbosari, keyinchalik chekka hududdagi xo'jalikka raislik esa anchayin o'zgarishlar pallasi, aytish mumkinki, taloto'p davrga to'g'ri keldi.

Nazirjon Saidovni Oltinko'l tumani hokimligiga saylashganida uning qay qobiliyati-yu qanday ish tutumini hisobga olgan bo'lishsa ajabmas. Bunga oddiy odamlar soddagina qilib “o'zimizning Nazirjon”, deb javob bergan bo'lardi. Ha, o'shanda namoyon bo'lgan oddiylik, samimiyat, kattani katta, kichikni kichik, deb muomala qilish madaniyati matbuot darg'alaridan “yuqqan” xususiyatlar bo'lgandir, ehtimol.

So'ngra viloyat hokimining o'rinbosari sifatida ijtimoiy-ma'naviy, ma'rifiy sohalarga javobgarlik mas'uliyatini zimmasiga oldi. “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalariga muharrirlik esa ana shu jarayonning bevosita davomi edi.

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, el tanigan, bilgan o'sha “o'zimizning Nazirjon” Saidov bugun O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo'limi raisi vazifasida xayrli ishlarga bosh-qosh.

Umr deganlari  yugurik daryo suviday oqib o'tyapti. Eng muhimi, u ne-ne tashna dillarga hayot bag'ishlayotir. Undan qancha-qancha nihollar bahramand bo'lib, gulga kiryapti, meva beryapti. Mana shuning o'zi taqdirga bitilgan saodat emasmi?!

“Mustaqilligimizning yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan bir qancha yurtdoshlarimiz qatorida Nazirjon Saidov ham yurtimizda barcha sohalarda erishilayotgan ulkan yutuqlarga qo'shgan munosib hissasi uchun “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandi.

Ustoz jurnalist huzurida uni yuksak mukofot bilan muborakbod etar ekanmiz, uning shukronalik bilan aytgan so'zlarini qog'ozga tushirishni lozim topdik:

— Mana shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir kishining qalbida, ayniqsa, keyingi uch yil ichida davlatdan rozi bo'lib yashash his-tuyg'usi kuchaygani yaqqol ko'rindi, — dedi ustoz to'lqinlanib. — Muhtaram Prezidentimizning uzoqni ko'ra bilish salohiyati mamlakatimizni yangi, istiqbolli yo'llarga olib chiqayotganini biz — ijod ahli har qadamda his etib turibmiz.

Men qishloqda tug'ilib o'sib, ijod zahmatlarini ozmi-ko'pmi totgan qalam ahli vakillaridan biri sifatida odamlarning hayot darajasini yaxshilash yo'lidagi ishlardan baholiqudrat voqif, ularga yelkadosh bo'lib keldim. Shuni mubolag'asiz aytishga burchlimanki, bugun xalqimiz boshiga baxt qushi qo'ngan kunlarga yetib keldik.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning ko'lami va shiddati Andijonda ham butun salobati, shijoati bilan o'z ifodasini topyapti. Biz, qalamkashlar esa ana shu mehnatning ro'yi rost va haqqoniy ifodachilari bo'lmog'imizni tobora chuqur his qilyapmiz.

Menga berilgan mukofotni jamiyatimizda el-yurtning xizmatiga kamarbastaman, deydigan har bir fuqaro mehnatiga yarasha obro'-e'tibor topishidan dalolat, deb bilaman. Prezidentimizning “Xayrli ishlarga hissa qo'shaman, deydigan insonlarni boshimizga ko'taramiz”, degan so'zlariga hayotim misolida yana bir karra iqror bo'ldim…

Ustoz shu gaplarni dilidan o'tkazib, tilga chiqarar ekan, ko'zlarida bir cho'g' porlayotganini ko'rdik.

…Ha, bu — daryo qirg'og'ida o'yga cho'mib o'tirgan Inson haqida bir chimdim xush kalom edi. Barini yozsak, bir kitob bo'ladi.

G'olibjon Abdullayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =