Tinchlik va do'stlik festivali yakunlandi va g'oliblar e'lon qilindi

Ko'hna va muazzam Samarqandda dunyo xalqlarini kuy-qo'shiq tilida birlashtirishdek ezgu maqsadlar bilan boshlangan «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivalining bu yilgi dasturi yakuniga yetdi.

Festival «Sharq taronalari» deb nomlansa-da, unda sayyoramizning barcha qit'alaridan xonanda va sozandalar, musiqashunoslar ishtirok etib, o'z milliy kuy-qo'shiqlarini ijro etmoqda, an'ana va qadriyatlarini namoyish qilayotir.

– Madaniyatlar bir-biridan ayro holda taraqqiy etmaydi. Ular o'zaro muloqot natijasida o'sadi, rivojlanadi, – dedi YuNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim anjumandagi o'z tabrik so'zida.

Qatnashchilarning chiqishlarini turli davlatlar musiqashunoslari va bastakorlar, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat 11 nafar hakamlar hay'ati baholab bordi.

30 avgust kuni Registondagi amfiteatrda «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivali g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Dastlab, festival qatnashchilari «Eng yaxshi libos va musiqa uyg'unligi», «Mehr-oqibatni tarannum etgani uchun», «Sharq xalqlari musiqa san'ati jonkuyari», «An'analarga sodiq jamoa», «Qadriyatlar davomchisi» kabi nominatsiyalar bo'yicha taqdirlandi.

Nominatsiya g'oliblariga diplom, 500 AQSh dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg'alari topshirildi.

Sahnaga Tojikiston («Badaxshon» jamoasi) va Rossiya («Ayarxan» jamoasi)dan kelgan jamoalar hamda O'zbekiston vakillari – Azizjon Abduazimov va Ulug'bek Elmurodzoda taklif etildi. Ularga festivalning uchinchi darajali diplomlari, 2 ming AQSh dollaridan pul mukofoti va esdalik sovg'alari taqdim etildi.

Ikkinchi o'ringa Turkmanistonning «Archabil» va Mo'g'ulistonning «Xatan» jamoalari sazovor bo'ldi. Ularga 3,5 ming AQSh dollaridan pul mukofoti, diplom va boshqa sovg'alar topshirildi.

Festivalning professional xalq musiqa va qo'shiqlari hamda an'anaviy yo'lda ijod qilingan zamonaviy musiqa va qo'shiq yo'nalishlari bo'yicha birinchi o'ringa Qirg'izistonning «Qomuzchilar» dueti hamda Ozarboyjondan kelgan Parviz Gasimov munosib, deb topildi. Ularning har biri 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Nufuzli hakamlar hay'ati xulosasiga ko'ra, «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-priga O'zbekiston vakili, O'zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Mehrinigor Abdurashidova munosib deb topildi va unga 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti, diplom hamda qimmatbaho sovg'alar taqdim etildi..

«Sharq taronalari» xalqaro musiqa bayrami ishtirokchilari 2021 yilda yana Samarqandda uchrashish niyatida xayrlashdilar.

O'z muxbirimiz.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − thirteen =