Xalq dardini anglab yashash burch yoki birida o'n, birida 80 foiz shikoyatchi haq

Jurnalistika sohasidagi ellik yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin, inson shikoyatbozlikka huda-behuda, beasos va noo'rin qo'l urmaydi. Aksariyat fuqarolar shikoyat ortidan turli ovvoragarchilik, sarsongarchilik, yugur-yugur, asabbuzarlikka sabab bo'ladigan izoh va isbottalab jarayonlar boshlanishini yaxshi bilishadi. Oqibatda yozganiga zada va pushaymon bo'lganlar ham ko'p uchraydi.

Ayni paytda aytish kerakki, shikoyat yozishni o'ziga “kasb-kor” qilib olganlar ham bor. Zamonning sharofati bilan nojoizlikning bunday usulini tanlaganlar soni keyingi paytda bir muncha kamaygandek. Ammo… unutmaslik kerak, aksariyat hollarda shikoyat qilayotgan inson, avvalo o'zining haq-huquqlarini, qonuniy manfaatlarini himoya qiladi. Bu yo'lda turli idoralarning eshigini qoqadi, xat, arizalar yo'llaydi. Shunda ham natija chiqmasa, noiloj, jurnalistdan madad kutadi.

Biroq… shikoyatli murojaatlarning bari nima bo'lganda ham o'z nomi bilan shikoyat-murojaat va uni aynan shu ma'noda tushunmoq, joiz bo'lsa, shu sababdan odilona o'rganmoq lozim.

Prezidentimizning tegishli farmoniga binoan tashkil etilgan Respublika Xalq qabulxonalari bo'g'ini faoliyati haqida so'z yuritilsa, Xorazm viloyatida ushbu tizim o'tgan qisqa fursat ichida inson omiliga munosabat bobida o'ziga xos ibrat va andoza maktabi maqomiga aylandi.

Shu o'rinda, mamlakatimiz sud, prokuratura, ichki ishlar, adliya, soliq organlari va boshqa tegishli muassasalarning asosiy ishi qonun nazorati va uning muhofazasini ta'minlashdan iborat bo'lsa-da, ular zimmasiga inson arziga quloq tutish, shikoyatini eshitish va qonun talabi asosida hal etish kabi xayrli va savobli vazifalar yuklatilgan. Mazkur muassasalarda bor ishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish hamda yechimini ta'minlashdan iborat bo'lgan mutasaddi organ xodimlari faoliyat ko'rsatadi. Ular inson qadrini hurmat qilishda peshqadam bo'lishi joiz.

Aytaylik, shovotlik M.Matyoqubova va D.Rajabovalar hali o'tgan yiliyoq o'zlariga qarashli noqonuniy qurilgan uy-joyni davlatimiz rahbari farmoniga ko'ra bir martalik amnistiya tartibida hisobga olish va egalik huquqini belgilash yuzasidan Davlat xizmatlari agentliginig Xorazm viloyat boshqarmasiga murojaat qilishgandi. Arizani ko'rib chiqish va qonunan hal qilish uchun tezda Yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri Shovot tuman filialiga elektron tarzda yuborildi. Afsus, har ikkala fuqaroning arizasi o'ziga xon, ko'lankasi maydon “yoshulli”lar stoli g'aladonida qolib ketdi. Unga qiyo boquvchi vallomat topilmadi. Mahkama arizalarni xizmat vazifasi taqozosiga ko'ra, qonuniy xulosa berish uchun tuman ichki ishlar, yong'in xavfsizligi idoralari e'tiboriga havola etmog'i va ular taqdim qilgan hujjat va zimmadagi majburiyat asosida rasmiylashtirishi lozim edi. Ammo bunday bo'lmadi. Arizani qarab chiqish yuzasidan belgilangan muddat tugasa hamki, hech e'tibor berishmadi. Murojaat bo'yicha mutasaddi mahkamada sodir bo'lgan loqaydlik yuzaga chiqqani va uni bartaraf etish uchun yuborilgan taqdimnoma o'z kuchini namoyon etganidan so'nggina masala  ijobiy yechimini topdi. Chig'atoyqal'a qishlog'ida barpo etilgan imoratga egalik huquqi belgilandi. Bu haqda tuman hokimining qarori qabul qilindi.

Yana bir xunuk holat “Hazorasp kumush pillasi” mas'uliyati cheklangan jamiyatida ro'y berdi. Pilla hosilini yig'ish, topshirish va tayyorlash mavsumi allaqachon o'tib ketgan, jamiyat esa mavsumiy faoliyatini kelasi yilgacha to'xtatgan bo'lsa-da, mas'uliyatsiz mas'uliyati cheklangan jamiyat bir yo'la 31 nafar xodimning ish haqini to'lash majburiyatiga panja orasidan qaradi. Mavsumiy ishchilar esa mehnat haqini so'rab, MChJga deyarli har kuni qatnashdi. Ovvoragarchilikdan charchagan fuqarolar axiri tuman Adliya bo'limiga murojaat qilishdi. Masala zudlik bilan o'rganilgach, shikoyatchilar haq, degan xulosaga kelindi. Ish yuzasidan to'plangan hujjatlar Fuqarolik ishlari bo'yicha tumanlararo sudi e'tiboriga havola qilindi. Shikoyatchilarning talabi sudda ijobiy qondirildi. Jamiyat ularning tegishli ish haqini sud qarori bilan to'lab berishga majbur bo'ldi. Savol tug'iladi: nega shunday? Mas'uliyati cheklangan jamiyat rahbarlari  qonun ustuvorligini bilmasmidi? Ishni sudgacha bormasdan ham hal etsa bo'lardi-ku!..

Adliya organi faolligi tufayli urganchlik Gulmira Jumagulovaning mushkuli ham oson kechdi. “Xiva maxsus elektromontaj-sozlash” unitar korxonasi tegishli sud mahkamasining hal qiluv qaroriga binoan unga tegishli 3 million 754 ming so'mlik ish haqi va 500 ming so'm miqdoridagi ma'naviy zararni tezda va to'la qopladi. Vo ajab, ular shu mamlakat fuqarosi ekanligini yodidan chiqarib qo'ymaganmidi? Qonun barchaga barobar ekanini nahotki tushunmasalar…

Ushbu jarayonda yangibozorlik Matluba Abdullayevaning qonuniy talabi ham bajo keltirildi. Uning ushbu tumandagi 19-sonli maktabgacha ta'lim muassasasidan 1 million so'mdan ziyod pul undirishga qaratilgan talabi Adliya bo'limining taqdimnomasi asosida ijobiy yechim topdi.

Fuqarolar va jismoniy shaxslarning murojaatlarini o'rganish ularni hal etish va ta'sirchan tadbirlar joylardagi Xalq qabulxonalari tizimi tomonidan amalga oshirilayapti. Masalan, O.Saidov va uning hamqishloqlari tomonidan Xonqa tuman Xalq qabulxonasiga yo'llagan murojaati bo'yicha ish o'rganildi. Murojaatda Navxos qishlog'ida 15 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgani, Urganch shahri bilan bog'lovchi avtobus yo'nalishi yopilib qolgani bois viloyat markaziga qatnab ishlovchi fuqarolar, shuningdek, talaba-yoshlar, nogiron va qariyalar, ayniqsa, ko'p aziyat chekayotgani bayon etilgandi. Muammoning yechimi uchun amaliy yordam so'ralgandi. Xalq qabulxonasi masalani jiddiy o'rgandi va tegishli idoralar oldiga muammoni ko'ndalang qo'ydi. Hozirda avtobuslarning “Urganch — Xonqa — Novxos” yo'nalishi bo'ylab qatnovi muntazam yo'lga qo'yildi.

Aytish joizki, ariza va shikoyatlar yuzasidan ta'sirchan, samarali chora-tadbirlarni qo'llashda prokuratura organlarining o'rni va roli ancha katta. Shu bois, ma'lum qiyinchiliklarga ro'para kelganlar ko'pincha ushbu mahkamaga yukinishadi. O'tgan yili fuqarolar, tadbirkorlar va xo'jalik yurituvchi boshqa shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning 2 ming 989 tasi bevosita viloyat prokuraturasi tarafidan qanoatlantirildi. Bu — ancha salmoqdor raqam va uning ortida mushkuli oson, og'iri yengil, uzog'i yaqin bo'lgan minglab insonlarning kechmishi turibdi. Misol uchun, Pitnak shahrida yashovchi A.Otajonov niyati ijobat topgan ana shunday fuqarolarning biri. “O'zagrosug'urta”ning tuman bo'linmasi “mayiblik dardi”ga mubtalo bo'lgani uchun unga berilishi zarur bo'lgan 29 million so'm miqdoridagi sug'urta puli to'lovini tegishli hujjatlar taqdim etilganiga qaramay, oylab paysalga solib keldi. Bog'ot tumanidagi “Nayman binokor” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari T.Otajonovning o'ziga tegishli yer maydoni hududiga aniqlik kiritish haqidagi arizasi ham to'ralarcha munosabatga uchradi. Yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri tuman filiali boshlig'i B.To'rayev arizaga qonunda belgilanganidek, 30 emas, balki 44 kun deganda javob berdi.

Qonunning madadi, muruvvati beqiyos, beadad. Biroq uning so'rovi, ta'sir va tazyiqi ham bor. Nomi yuqorida zikr etilgan har ikkala mahkama aynan shunisiga ro'baro' bo'lishdi. Qonuniy ta'sir choralari tufayli sug'urta tashkiloti fuqaro A.Otajonovga 29 million so'm sug'urta pulini qurtday sanab bergan bo'lsa, yer tuzish va kadastr bo'limi “Nayman binokor”ning haqli talabini, kechikib bo'lsa-da, ado etdi. Jamiyatga qarashli hudud chegarasiga to'la aniqlik kiritilgan hujjat murojaat muallifiga taqdim qilindi.

Keyingi bir yil mobaynida ushbu organ tomonidan qarab chiqilgan murojaatlarning umumiy soni 21 ming 36 ga bordi. 4 ming 300 dan ziyod prokurorlik ta'sir choralari qo'llanildi, bu jarayonda 10 ming 616 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi, 15 mingdan ziyod kishi ishga joylashtirildi, davlatga qarashli tashkilotlar mutasaddilari tarafidan 257 ta ish o'rni yashirib kelingani aniqlandi, xodimlarning to'lovi kechikkanligi bois 4,5 milliard so'mlik maoshi undirib berildi, ishda bosh-boshdoqlikka yo'l qo'ygan 1 ming 745 nafar mansab egasi intizomiy, ma'muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 86 ta jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va joylardagi Xalq qabulxonalaridan taalluqliligi bo'yicha yuborilgan murojaatlarning 95 foizi bevosita prokuraturaning o'zida o'rganildi. Bu jarayonda jami 1 ming 34 ta murojaatdagi talablar o'z tasdig'ini topdi.

Shu o'rinda, ma'lumotlarga qaraganda, faoliyati ko'rsatib o'tilgan Xorazm viloyat prokuraturasida o'tgan yili jami murojaatlarning salkam 3 ming yoki 13,7 foizi qanoatlantirilgan. Aksariyat murojaatlar yuzasidan tegishli tartibda tushuntirish berilgan. Viloyat Soliq boshqarmasi esa barcha murojaatlarning teng yarmi, ya'ni 349 tasiga huquqiy yo'l-yo'riq ko'rsatgan. Tasdig'ini topgan va qanoatlantirilgan murojaatlar soni 109 ta, ya'ni 15,8 foizni tashkil etdi. Anonim xatlar salmog'i salkam 10 foiz — 49 taga yetgani kishini ajablantiradi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida esa ariza va shikoyatlarni qanoatlantirish ko'rsatkichi yil mobaynida 28,7 foizga yetgan. Mazkur mahkama jami murojatlarning qariyb 55 foizi yuzasidan tushuntirish bergan, 3 ming 297 ta ariza o'z tasdig'ini topmagani qayd etilgan. Mazkur boshqarmaning yo'l harakati xavfsizligi xodimlari ustidan tushgan shikoyatlar soni o'tgan yilga nisbatan ortgani ma'lum bo'ldi.

Murojaatlarning qanoatlantirilishi bo'yicha eng past ko'rsatkich viloyat Bojxona boshqarmasida qayd qilindi. Bosh­qarmaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yo'llangan 69 ta murojaatning atigi 8 tasi — 11,6 foizi qanoatlantirilgan.

Davlat xizmatlari agentligining viloyat boshqarmasi bu borada nisbatan yaxshi ko'rsatkichga erishdi, murojaatlarning 30 tasi, yoxud 26,6 foizini asosli, deya etirof etdi. Biroq faoliyatini boshlaboq ayrim e'tirozlarga duch keldi. Yo'l qo'yilgan kamchilik va nuqsonlar bir qator hisobot va ma'lumotnomalarda o'z aksini topgani achinarli hol, albatta. Tushuntirish xatlari soni ortib ketgani esa ularni sinch­kovlik bilan o'rganish hamda hal etishga lozim darajada e'tibor qaratilmaganidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari oshkor etilmagan qusurlar bolalab ketishi, jamiyatga o'zini bunday ikir-chikirlardan tozalay oladigan, xalos etadigan tarzda jamiyat farovonlik, to'kin-sochinlik, barqarorlikka yuz tutishini dildan anglaydigan rahbar kadrlar kerakligini har doim uqtirib keladilar. Bu aslo bejizga emas!

Prezidentimiz “Insonlarning dardi-tashvishlarini o'ylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir”, deganlar. Ushbu g'oya bilan yashamoq va xalq­qa xizmat qilmoq, nainki faoliyati zikr etilgan mahkamalar, balki butun yurt ahli uchun ham farz, ham qarz bo'lib, ishimiz va turmushimizning mezonini belgilovchi omillardandir.

Abdulla Sobirov,

“HURRIYAT” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 9 =