O'rozboy Abdurahmonov: “Adabiyot millatning nafaqat kelajagi, balki o'zini ham belgilaydi”

O'razboy Abdurahmonov, taniqli yozuvchi va jurnalist. U 1949 yil 29 avgustda Kegeyli tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universiteti (avvalgi Toshkent davlat universiteti)ning jurnalistika yo'nalishida tahsil olgan. Faoliyatini «Jetkinshek» bolalar gazetasidan boshlagan ijodkor yillar davomida Qoraqalpog'istondagi bir necha nufuzli nashrlarda ijod qildi. Ser­qirra ijodkor sifatida elga tanildi. U jurnalistikani adabiyotga, adabiyotni esa millat ma'naviyatiga birlashtira oldi. Uning «Bir muhabbat tarixi», «Konsы kobalar» nomli hikoyalar to'plami keng jamoatchilik tarafidan iliq kutib olingan.

Yozuvchining «Orolim — dardim mening» nomli asari YuNESKOning maxsus mukofotiga sazovor bo'ldi.

Bu yil «Qoraqalpoq xalq yozuvchisi», «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi» – O'razboy og'a 70 yoshni qarshi olmoqda. Biz mustaqillik bayrami kunlarida ijodkor bilan suhbatlashdik.

— O'razboy og'a, bugungi yangilanayotgan Qoraqalpog'iston sizda qanday taassurot uyg'otayapti? O'tmishi haqida nima deya olasiz?

— O'tmishini eslash qarichilik alomati deyishadi. Lekin kampirimning ko'zi bilan o'lchasam, hali-hali o'sha O'razboyman. Urushdan ke­yin dunyoga kelgan bizning avlod kommunizmga intilib, rivojlangan sotsializmga yeta olmay, davlat mus­taqilligiga erishganimiz bilan faxrlanib yashaganlar sirasiga kiradi. Biz farzandlar baxti, nabiralar kamolida halol mehnat qilib, chevaralardan umid qilib yashayapmiz. Men baxtiyor otaman va barchaga shuni ixtiyor qilgan bo'lardim…

To'g'ri, Orol quridi, lekin Alloh yer ustidan olib qo'ygan nasibasini yer qa'ridan — neft-gaz sifatida berayapti…

Muhimi, xalqimiz jahon tamadduni jarayonlariga aralashib, aholi turmush tarzining yaxshilanishi, adolatli tuzumda, adolatli nizomlar asosida qurilgan adolatli jamiyatda yashashi lozim. Bugungi avlod hayotga o'z orzu-umidlari bilan kelgan va ular o'z xohish-imkonlari darajasida shaharlar va o'zlari istagandek jamiyat qurib oladi. Biz ularga maslahatimizdan boshqa halaqit bermasak bo'ldi. Ular o'z ovozi bilan o'zlarining ashulalarini baralla aytaversin, axir tinglaydiganlar ham o'zlari-ku.

— O'nglanishi imkonsiz bo'layotgan dengizning qurishi to'g'risida «Orolim — dardim mening» asaringizni bugungi Orol hududidagi yangilanishlar asosida davom ettirish niyatingiz bormi?

— Bor. Orol mening umrbod mavzuim va uni har xil janrlarda yoritishni to'xtatganim yo'q. O'sha siz aytgan asardagi voqealar, nafaqat mening, balki ko'pchilik qalamkash do'stlarimning boshidan kechgan. Qoraqalpoq tilida yozilgan bu asar, dunyoning yetakchi tillariga to'la va qisman o'girilib, uning asosida bir nechta badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan. Shved olimasi Sorensen Fransiyada Orol haqida mening asarim asosida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganlaridan so'ng, o'zbek tiliga to'liq tarjimasi 2017 yili chop etilishining o'zi mening uchun katta voqea bo'ldi. Bundan o'ttiz yil avval Orol-ku Orol, hatto o'sha hududda yashagan odamlarning qadri qolmagan edi. Hududdagi odamlar peshonasiga ekologik talafotdan tashqari, ommaviy ishsizlik taqdiri yozildi. Odamlar bu joylarni tashlab, boshqa joylarga ko'chib ketdi…

Aslida, har bir qoraqalpoqning qalbida o'z Oroli bor: birovlarning ko'ngil dengizlari to'la, birovlariniki chala, yana birlariniki qurib qolgan. Ammo hech birlarining umidlari so'nmagan. Qarang, Prezidentning hududga tashrifi va xalq bilan muloqoti odamlarning qalb dengizlarini to'ldirib, mehr ko'zlarini ochdi.

— Siz bir asaringizda: «Shoirlar Alloh taoloning suyukli bandalari», deb keltirgansiz. Zamonaviy qoraqalpoq poeziyasi, hozirgi qoraqalpoq shoirlari to'g'risida nima deya olasiz?

— Haqiqatan men adabiyotda shoirlarning mavqeini baland deb hisoblayman. O'ynoqi, ko'rkam va lo'nda ma'nolarda yozilgan she'rlarni kim sevmaydi deysiz?! Shoirlarning sultoni hisoblangan Navoiy bobomiz, Berdaq, Mahtumquli, Abaylarni nazarda tutayapman yoki Berns, Pushkin, Lermontov, zamondoshlarimizdan Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuflar ijodi atrofida nafaqat ularning muxlislari, balki umuminsoniy tuyg'udagi odamzot jamlangan. Poeziyaning ilohiyligi va qudrati ham shunda bo'lsa kerak.

Lekin men qoraqalpoq poeziyasida Ibroyim Yusupov izdoshlaridan Ulmambet Xo'janazarov, To'lepbergen Matmurotov, Kengesboy Raxmonovlardan so'ng yorqin alanga bilan yonayotgan shoir ko'rmayapman. Shoirlar bor, ammo ularning ko'pchiligi zamonaviy tilda aytsak, «bir martalik» she'rlar bilan band.

Yana bir ko'ngildagi gap: shoirlarni seminarlar, davlat mukofotlari, kitoblarini ommaviy tirajlarda chop etish orqali inkubatsion yo'l bilan yetishtirish qiyin, sababi, shoir Allohning marhamati tufayli tabiiy o'sib chiqadi. Bizlarning vazifamiz ularning hurmatini joyiga qo'yib, avaylab-asrash va qo'llab-quvvatlashdir.

— Adabiyot millatning kelajagini belgilaydi deyishadi. Aytaylik, kul orasida cho'g'day yongan yoshlarni adabiyot maydoniga qanday olib kirish mumkin, balki maxsus maktablar ochish kerakdir?

— Menimcha, adabiyot millatning nafaqat kelajagini, balki o'zini ham belgilaydi. Adabiyotsiz millat shakl­lanmaydi.

Adabiyotdagi yoshlar muammosi mangulikga daxldor masala. Agar buning oson yechimi bo'lganida allaqachonlar aytilgan bo'lardi, lekin yosh yozuvchilarga munosabatimni oldingi javobimda aytdim shekilli.

— Bugungi davr qahramonlari kimlar? Sizningcha, ularning qiyofasini shoir-yozuvchilarimiz qanday yoritmoqda?

— Bu savolingiz Chingiz Aytmatovning «Mangu qayliq» mavzusini eslatadi. Bir qarasangiz, adabiyotning o'zagi inson va uning kechmishlari, qaysi asarni qaramang, qahramonlari bor, hayotda-chi, ular oddiy insonlar. Avvalo, qahramon va qahramonlik tushunchasiga aniqlik kiritib, qahramonlik nimadan iborat ekanligini bilmoq lozim. Inson o'z tabiiy, jamoadagi ish vazifasini bajarishini qahramonlik deyish haqiqatga to'g'ri kelavermaydi. U mehnat qilsa, ishiga yarasha maosh olayapti, to'g'rimi?! Qahramonlik millat va xalq uchun fidoyilik bilan qilingan ish.

Adabiyotda bor narsa, hayotda yo'q, hayotda bori esa adabiyotda ko'rinmaydi. Demak, ikkalasining birida yolg'on bor. O'tgan asrlarda odamlar qahramon desa ko'ksi to'la nishoni borni ko'rsatardi, ularni uzoqdan tanirdi. Hozir kim qahramon, kim qahramon emas, tanib bo'lmay qoldi. Zamonning ilgarilab ketgani shuncha, ba'zan manfaat bo'lganidanmi, qahramonlarning qahramonliklarini ko'z ilg'amay qoladi.

— Bugun hayotimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan keng ko'lamli islohotlar sodir etilmoqda. Qishloqlarimiz qiyofalari yangilanib, shahar tusiga enmoqda. Ammo bu ezgu ishlarni oddiy hisobot yoki raqamli ma'lumotlar tarzida o'qiyapmiz. Shoir, yozuvchi, publitsistlarning qalami bu mavzulardan chetlab o'tayotibdi shekilli…

— To'g'ri aytasiz, ba'zan hayotiy jarayonlarga ergashish oson emas. Bir-ikki yil oldin urbanizatsiya masalasi qo'zg'alib, maxsus qaror ham qabul qilingandi. Mana, Mo'ynoqdagi sa'y-harakatlarga e'tibor bering. Urbanizatsiya (tom ma'noda, shaharlashtirish) — butun insoniyatning intilayotgan turmush tarzi. Odamlarga yashash uchun shaharlardagidek qulay sharoit yaratish degani. Mo'ynoq shaharsozligini o'lkamizdagi namuna sifatida qabul qilsak, yangidan tashkil etilayotgan Buzotov tumani markazini shakllantirishda ushbu tajribani qo'llash mumkin. Lekin, ko'chalar bilan imoratlar, inkubator jo'jalaridek, bir birlariga o'xshab qolishi shart emas. Ma'lumki, qoraqalpoq uylarining dengiz, sohil, sahro sharoitlarini e'tiborga olgan milliy me'morchilik uslublari bor. Biz jahon tamaddunining ilg'or texnologiyalariga o'zimizning imkonimiz darajasidagi milliy o'zligimizni qo'shib rivojlansak yutamiz… Xullas, aytsangiz gap ko'p, lekin endi ijod ahli «unday bo'lishi kerak, bunday bo'lishi kerak», degan maslahatomuzlikni qo'yib, ishga kirishgani ma'qul. Ayniqsa, yoshlarimiz.

— Ijodiyotning yosh vakillariga tilaklaringiz?

— Adabiyotimizning yosh bo'g'iniga ezgu niyatlarim: tomiringizdan oqayotgan ajdodlarimiz qoniga loyiq, ona tuproqga sodiq xizmat qilsangiz, biri-biringizni sevib yashab, xalqimizning yaxshi yashashiga ulush qo'shsangiz bo'ldi. Men ezgu niyatdagi odamlarnigina haqiqiy zamona qahramonlari deb bilaman.

— O'razbay og'a, chin dildan suhbatdosh bo'lib, bildirgan samimiy fikrlaringiz, tilaklaringiz uchun sizga rahmat.

Go'zal Yakudayeva

suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =