Vatanim onaginam

Halima Xudoyberdiyeva,

O'zbekiston xalq shoiri

Vatan, ko'rdim to'ningning suzilib turgan yerin,

Shuni ko'rib ko'nglimning buzilib turgan yeri,

Shuni ko'rib ko'nglimning uzulib turgan yeri,

Vatanim onaginam…

To'nni suzilgan yerin yamamoq lozim bo'lar,

Mayli qahraton qishim yoki o't yozim bo'lar,

Tinmay chorlagan ovoz, mening ovozim bo'lar,

Vatanim onaginam…

Sen qishloqda rang-ro'yi sariq onamsan asli,

Horg'in onam, xokisor, oriq onamsan asli,

Qaddi dolu qo'llari yoziq onamsan asli,

Vatanim onaginam…

Har kim o'zimas, avval onasini  kiydirsin,

O'ziga emas, avval onasiga shay tursin,

Ilhaq qilmay, o'ksitmay ko'nglini ilg'ay tursin,

Vatanim onaginam…

Cheksang ulug' bir dard chek, shu tan  ketmasi uchun,

Miltirab turgan shu sham, shu sha'n ketmasi uchun,

Onadayin hech qaytmas Vatan ketmasi uchun,

Vatanim onaginam…

1987-2014 yillar

***

Boshpanammi, bosh panohim,

Quyosh, mohim, manimsan.

Ko'nglim quyib aytar ohim,

Qaytar ohim, manimsan.

Nomozshomgul, xongullarim

O'padi o'ngirimni.

Yalpizlaring — singillarim,

Sotmaydi bir sirimni.

To'nsam oftobing isitib,

Tinsam suving jildirar.

Qo'nimi yo'q qushchalaring

Ayvonimda chuldirar.

Shu qushchalar orasinda

Men besh go'dak o'stirdim.

Har birida Vatan otlig'

Ozod yurak o'stirdim.

Bir kun tugab o'lan, aytim,

Olsam qaro yerga yo'l,

Tug'ilganda boshimdayding,

O'larda ham boshda bo'l!

Vatan!

Shunda onaliging

Nogoh chuqur tuygaysan,

Besh bolamning  ko'z yoshlarin

O'zing artib qo'ygaysan!

1996 yil 6 iyul

Vatan bayrog'i

Yurt bayrorg'in har  joygamas,

Ko'nglingga ek. Ko'ksingni o'y.

Ishlov bergin, yumshatib tur,

Ildiz otsin, ko'rsatsin bo'y.

To bu bayroq, Vatan, nurlar

Ich-ichingga ketsin kirib,

Toki g'anim – vatanxo'rlar

Ololmasinlar sug'urib.

Shunday o'rgat qulni, xonni,

Uchmas qush ham uchar bo'lsin.

To bayroqdan oldin jonni

Bermak oson kechar bo'lsin.

1995 yil 12 sentyabr

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =