Investitsiya nomutanosiblikka barham beradi

Davlatimiz rahbarining innovatsiyalarni jamiyatimizning barcha jabhalariga zudlik bilan tatbiq etishni talab etayotganligi bejiz emas. Innovatsiyalar mamlakatimizning jahon hamjamiyatida o'z o'rniga ega bo'lishi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishida eng asosiy omildir.

Insoniyat ona zaminning qaerida yashamasin uning uchun eng oliy ne'mat bu – mustaqillikdir. Xalqlarning ozodlik va erk uchun kurashlariga necha ming yillik tarix shohid. Dunyo xaritasidan o'rin egallagan mustaqil davlatlar xalqlari erkin yashash, o'z taqdirini o'zi belgilash imkonini qo'lga kiritgan kunni muqaddas sanaydi, bayram sifatida nishonlaydi. Iqtisodiy jihatdan eng qudratli va taraqqiy etgan davlatlar ham asrlar o'tsa-da o'z erkiga erishgan kunni tantana qilishadi. Nima uchun? Chunki, har qaysi millat yoxud xalq uchun vaqt o'tgani sari erk va ozodlikning qadr-qimmati va ahamiyati yuksalib boraveradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz mustaqilligining  yigirma sakkiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta'kidlaganidek, “Mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va og'ir sinovlarga duch kelmasin, o'zining mustahkam irodasini namoyon etib, o'zi tanlab olgan mustaqillik yo'liga doimo sodiq bo'lib kelmoqda”.

Darhaqiqat, Istiqlol qo'lga kiritilganining 28 yilligi shukuhi kezib yurgan ayni shu kunlarda xal­qimizning qalbida shukronalik, bugungi tinch-osuda hayotimiz, farovon turmushimizdan rizolik hamda yorug' kelajakka chuqur ishonch mujassam, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Darhaqiqat, bugun qo'lga kiritgan yutuqlarimiz asosi bundan 28 yil muqaddam xalqimizning eng ulug' orzusi – mus­taqillikka erishish yo'lida qabul qilingan tarixiy qarorning, ta'bir joiz bo'lsa, o'sha tahlikali davrda ko'rsatilgan jasoratning natijasi tufaylidir.

O'tgan chorak asrdan ko'proq davrda barcha sohalarda amalga oshirilgan islohotlar va ularning o'rnini tahlil qilib ko'rsak, mehnatkash xalqimiz davrning murakkabliklaridan, turli sinovlardan mardonavor o'tib, dunyo hamjamiyatida o'z mav­qe va ovoziga ega bo'lib yuksalayotgani barchamizni quvontiradi, albatta.

Ayniqsa, keyingi uch yilda aholining turmush darajasini yaxshilash, hayotdan rozi qilish, ularning kelajakka bo'lgan ishonchini mustahkamlash, mamlakatimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan o'rin egallashini ta'minlashda erishilayotgan muvaffaqiyatlar O'zbekistonning yangi tarix sari tashlangan qadami sifatida e'tirof etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat'iyati va siyosiy irodasi tufayli jamiyatimizda qonun ustuvorligiga erishish, adolat va haqiqatni qaror toptirish, ochiqlik, oshkoralikni ta'minlash, mavjud muammolarga ko'z yumish emas, aksincha, uni bartaraf etish yo'llarini topishga alohida ahamiyat berilgani o'zining samarasini bermoqda. Ayniqsa, parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmining mustahkamlanayotgani, aholi murojaatlari bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi yo'lga qo'yilgani nafaqat joylardagi muammolarni o'rganish, balki fuqarolardan qonunchilikni mus­tahkamlash yuzasidan takliflar olish hamda qonunlarning haqiqiy ijodkori xalqimizning o'zi bo'lishiga imkoniyatlar yaratildi. O'tgan qisqa davr­da parlamentimiz tomonidan qabul qilingan qonunlar aynan fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar asosida ishlab chiqilganligi fikrimiz dalilidir.

Mamlakat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuch sanalgan iqtisodiyot sohasida ke­yingi yillarda izchil yangilanishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz.

Ma'lumki, xorijiy investitsiyalar milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash hamda innovatsion rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi.

Yurtimizda ishlab chiqarishni rag'batlantirish, qo'shimcha ish joylari yaratish, ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy koo­peratsiya orqali jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni kuchaytirish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb etishga e'tibor qaratilmoqda.

Qolaversa, respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi hududiy tafovutlar va nomutanosibliklarni qisqartirishning muhim vositasi sifatida xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar hududlarda mavjud tabiiy iqtisodiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanish orqali iqtisodiyotning hududiy tarkibini takomillashtirishga imkon yaratmoqda.

Xorijiy davlatlar va xalq­aro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar o'tkazilib, mamlakatimizga milliardlab investitsion mablag' jalb etish bo'yicha so'nggi yillarda 700 ga yaqin xalqaro  bitimlar imzolandi.

Hozirda chet el investitsiya­lari hisobidan qiymati 23 milliard AQSh dollari miqdoridagi 456 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Sifat o'zgarishi shundaki, avval to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investi­siyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli bo'lmagan, birgina joriy yilda o'zlashtiriladigan to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga to'g'ri keladi.

Innovatsiyalarni joriy etish iqtisodiy o'sishning va bozorning raqobatbardoshligini ta'minlashning muhim omiliga aylandi. Bu barcha jab­halarda innovatsiyalar sohadagi ilg'or ilmiy ishlanmalar va texnik yutuqlardan samarali foydalanishni hamda hozirgi iqtisodiy salohiyatning raqobatbardoshligini mustahkamlashni talab etadi.

Respublikani innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida yagona davlat siyo­satini amalga oshiruvchi organ tashkil etildi, uning huzurida Innovatsion rivojlanish va novatorlik g'oyalarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi shakllantirildi.

Davlatimiz rahbarining innovatsiyalarni jamiyatimizning barcha jabhalariga zudlik bilan tatbiq etishni talab etayotganligi bejiz emas. Innovatsiya­lar mamlakatimizning jahon hamjamiyatida o'z o'rniga ega bo'lishi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishida eng asosiy omildir.

Shu boisdan ham davr talabiga ko'ra, viloyat rahbarlari xalq bilan bevosita muloqot paytida mamlakatimiz Prezidentining barcha hududda ilm-fan rag'batini tiklash, hududlarning kompleks rivojlanishini ta'minlashda mavjud intellektual salohiyatdan samarali foydalanish, yoshlarni ilmiy-tad­qiqot faoliyatiga keng jalb qilish bo'yicha ko'rsatmalari asosida ish olib borishmoqda.

Umuman olganda, ijobiy natijalarni nafaqat iqtisodiyotimiz tarmoqlarida, balki jamiyatimizning boshqa sohalarida ham kuzatish mumkin. Eng muhimi, ushbu ijobiy o'zgarishlarni xalqimiz o'z hayotida, kundan-kunga yuksalib borayotgan turmush darajasi misolida ko'rib, sezib turibdi.

E'tiborli jihati bugun jamiyatimizda mavjud muammolarga ko'z yumish, uni xaspo'shlash emas, balki aholini qiynaydigan har qanday masalaga ijobiy yechim topishga bo'lgan intilish kuchaydi, qonunlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratining ta'siri ortib bormoqda. Ayniqsa, mansabdor shaxslarning va davlat organlarining mas'uliyati sezilarli darajada oshgani, “Xal­qimiz davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyil o'zining amaliy ifodasini topayotganidan darak beradi.

Jamshid Pirmatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =