Olamga tinchlik-omonlik kerak!

Bugungi jahon qiyofasiga nazar tashlasak, biror mintaqada tinchlik-osoyishtalik mutlaq hukmron emasligiga amin bo'lamiz. Birgina Afg'oniston xalqi mana necha o'n yildirki, beqarorlikdan aziyat chekadi. Yaqinda Qobul shahridagi to'yda yuz bergan terakt esa barchasidan o'tib tushdi. O'z yurtingda tinchgina to'y o'tkazolmasang, ertani qo'ya turing, bir soatdan so'ng hayotmisan-yo'qmi, ishonching bo'lmasa, buning yuki og'ir.

Vatan tarkin bir nafas aylama,

Yana ranji g'urbat havas aylama.

Alisher Navoiy

“Vatanga muhabbat tuyg'usi bo'lmaganda yurtlar xarob bo'lardi”. Payg'ambarimiz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning eng yaqin safdoshlaridan biri Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) hazratlarining ushbu so'zlari bejiz aytilmagan. Shunday bir rivoyat bor.

Unda aytilishicha, Parvardigor insonni yerga tushirib yuborgach, holidan xabardor bo'lmoq uchun farishtalarni mas'ul qilib qo'ydi. Ko'p o'tmay, farishtalar Yaratganning dargohiga kelib, odamzot osmonga qaytishni yolvorib so'rayotganini aytadilar. Parvardigor “Osmon mening dargohim bo'lgani kabi yer odamzot uchun maskandir. Odamzotga mo'l rizq berdim, yerning bag'rini o'yib, buloqlar bunyod qilib qo'ydim. Har ne istasa yerda bor, buning qadriga yetsin va o'zim chorlamagunimcha yerda yashayversin”, dedi. Farishtalar insonga parvardigorning so'zlarini yetkazish uchun yerga tushadilar. Kunlar o'tib, Yaratganning dargohiga yana qaytib chiqadilar. Bu gal endi odamzot avvalgidek yolvormayotganini, ammo osmonda yashashni istayotganidan o'ta g'amgin yurganini aytishadi. Bu gapni eshitgan Qodiri mutlaq debdi: “Bandamning ruhiga rang-barang tuyg'ularni singdiribmanu jamiyki ezgu tuyg'ularning asosi — Vatan tuyg'usini sing­dirmabman-ku!” Shundan so'ng sarvari koinot insonlarga ushbu tuyg'uni ham in'om qilibdi va dunyoga kelayotgan har bir go'dak ona zaminiga cheksiz muhabbat bilan ulg'ayadigan bo'libdi…

Ha, Vatanni sevmoq iymondandir, degan hadis bejiz aytilmagan. Bu muborak tuyg'u har bir odam zotiga xos, desak shubha yo'qdir. Ammo inson o'z yurtidan halovat topolmasa-chi? O'z yurtini tark etishga majbur bo'lgan kishida Yaratganning ushbu in'omi saqlanib qoladimi yo undan ayriladimi?..

BMTning Qochoqlar ishlari Oliy komissariyatining “Global tendensiya­lar” bo'yicha o'tgan yilgi hisobotida dunyo miqyosida qochoqlar umumiy soni 70,8 million kishiga yetib, rekord darajaga chiqqani aytilgan. Ma'lumotda qayd etilishicha, mazkur raqamlar dunyoda inson huquqlari buzilishi va turli mintaqalarda davom etayotgan urushlar hisobiga ortgan.

Demak, vatan tuyg'usi tinch-osoyishta yurtdagina o'z qadri, mazmun-mohiyatiga egami? Unda nega o'n yillab qirg'inlar davom etayotgan ayrim davlatlarning fuqarolari Xudoga tavakkal qilib umrini o'z yurtida o'tkazayaptilar?

BMT hisob-kitobiga ko'ra, bugungi kunda o'z mamlakatida doimiy qo'nim topolmaganlar 41,3 million, boshqa davlatlardan boshpana so'rab murojaat qilganlar 3,5 million kishi va turli boshqa omillar bilan yuqoridagi raqamni tashkil qiladi. Ularning uchdan ikki qismi Suriya, Afg'oniston, Iroq, Ukraina va Somali fuqarolaridir. Qochoqlarni ko'proq qabul qilgan davlatlar sifatida Turkiya, Pokiston, Uganda, Fransiya va Germaniya qayd etilgan.

Ha, urush — ofat, tinchlik — farog'at. Ana shu farog'at, xotirjamlik hammaga kerak, har bir inson bunga haqli. Afsuski, turli siyosiy o'yinlar tinch-osoyishta hayotga yo'l bermayotir. Oxir-oqibat besh kunlik umrini xotirjam o'tkazishni istab, jahonda o'z vatanlaridan yiroqlab ketishga majbur bo'layotgan muhojirlar ko'paymoqda.

Tarixning bag'ri davlatlar, millatlar o'rtasidagi urushlar, to'qnashuvlar, qirg'inlaru taloto'plarga to'la. Ularning hech biri insoniyatga, yurtga foyda keltirmagan. Shunga qaramay, odam bolasi hamon bularning hech biridan zarur xulosani chiqarib olgani yo'q. Aslida, insonning dunyoga kelishdan maqsadi tinch-totuv yashash emasmi? Odam zotiga dunyo imoratini buzish emas, aksincha, obod etishdek buyuk vazifa topshirilmaganmidi?

Bugungi jahon qiyofasiga nazar tashlasak, biror mintaqada tinchlik-osoyishtalik mutlaq hukmron emasligiga amin bo'lamiz. Birgina Afg'oniston xalqi mana necha o'n yildirki, beqarorlikdan aziyat chekadi. Yaqinda Qobul shahridagi to'yda yuz bergan terakt esa barchasidan o'tib tushdi. O'z yurtingda tinchgina to'y o'tkazolmasang, ertani qo'ya turing, bir soatdan so'ng hayotmisan-yo'qmi, ishonching bo'lmasa, buning yuki og'ir. Buni hayot deb atash mumkinmi? Ushbu fojia tafsilotlari bo'yicha qo'shimcha ma'lumotlar ommaviy axborot vositalarida hamon berib borilmoqda. U yerdagi qurbonlar soni 21 avgust kuni 80 kishiga yetgan, 160 nafar kishi jarohatlangan.

Pokiston va Hindistonning Kashmir bo'yicha ziddiyatlari ham hali-beri tugaydiganga o'xshamaydi. Ayni paytda Pokiston ushbu masala yuzasidan BMT xalqaro sudiga murojaat qilishni mo'ljallamoqda.

Indoneziyaning sharqiy qismida esa tartibsizlik avj olgan. Hukumat ikki provinsiyadagi shaharlarda omma­viy norozilik yuzaga kelganidan so'ng jamoat tartibini tiklash maqsadida mamlakat sharqiga qo'shimcha ming nafar politsiyachi va harbiylarni yo'naltirib, vaziyatni o'nglashga urinmoqda.

18 avgust kuni Gonkongda hukumatga qarshi o'tkazilgan norozilik namo­yishlarini aytmaysizmi? Unda 1,7 million odam qatnashgani qayd etilyapti.

Buning ustiga tabiiy ofatlar ham qurbonlar sonini ko'paytirayotir. Yaqinginada Hindistonda suv toshqini, Yaponiyada oftob urishidan o'nlab, Filippinda bezgak tufayli yuzlab odamlar dunyodan ko'z yumdi.

Xo'sh, insoniyat bu qirg'inlarning, falokatlarning qay biriga bardosh bersin? O'z zimmasiga yuklangan vazifalarni ado etish uchun qaerdan imkon izlasin?

Chingiz Aytmatovning “Momo yer” asari qahramoni To'lg'anoyning shunday so'zlari bor: “Urushga da'voim ko'p. Otilgan o'q, to'kilgan qon tarixning hisobida, lekin odamlarning zavol topgan umri-chi? Uni kimning bo'yniga qo'yib, tarixning qaysi betiga yozamiz? Buning uchun kim javob beradi?!”

Necha zamonlardan buyon bu savollarga javob topilmaydi. Yaxshiki, inson tiynatida hayot uchun kurashuvchanlik hissi bor. Ana shunday hissiyotlar tufayli hayot davom etaveradi. Faqat, odam bolasi o'z xatolaridan xulosa qilib, to'g'ri yo'lni topib olsa qani edi…

Shu yil muborak Ramazon oyida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan urush o'chog'iga aylangan Suriya davlatidan 56 nafar o'zbekistonlikning mamlakatimizga olib kelingani nafaqat yurtdoshlarimizning, butun dunyo afkor ommasining diqqatini tortdi. Tinchlik, vatanparvarlik, insoniylik tushunchalarining qadrini yana bir qadar ko'tarib qo'ydi. O'sha olov ichidan omon chiqib kelganlar samolyotdan tushishlari bilan muqaddas tuprog'imizni o'pib, ko'zlariga surtishdi. Katta mablag'ni ko'zlab yurtdan olislab ketishning mashaqqati, ma'naviy zalvorini ularning so'zu ko'zlaridan angladik. Tinchlik-xotirjamlik, emin-erkin hayot oldida har qanday boylik sariq chaqaga arzimasligi ular haqidagi ko'rsatuvlar, eshittirishlarda bildirilgan iqrorlardan ham ma'lum bo'ldi.

Yerda o'rmalab yurgan ojiz bir hasharot ham, falakda parvoz qilayotgan qush ham oxir-oqibat o'z oshiyoniga intiladi. Och qolsa bir-birini g'ajishga tayyor yirtqichlar ham o'z uyasidan uzoqlab ketmaydi. Axir, hazrati insonmiz-ku! Yaratgan bizga muqaddas his-tuyg'ularni in'om etayotib, zimmamizga muborak amallarni ham yuklagan. Unga xiyonat qilishga haqqimiz bormi?! Suriyadan qaytganlarning o'sha yurtda o'tgan kunlari, achchiq qismati har birimizni ana shunday mulohazaga chorlashi tabiiy.

Dunyo tahlikalar ichida qalqib turgan hozirgi davrda xalqimizni istibdoddan istiqbolga olib chiqqan Istiqlol tushunchasi yanada yuksakligini va tinchlikning qadri har narsadan ulug'ligini chuqur his etasan kishi… Va yana imon keltirasan: odam bolasi uchun u qanday holda bo'lmasin, o'z vatanidan yaxshiroq joy bo'lmas…

Xolida Fayziyeva.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × four =