Qadr – insonni yuksaklikka ko'taradi

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi soha faxriylari, pensioner va yordamga muhtoj insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashni dasturiy vazifasi deb biladi. Joylarda uyushma va uning viloyat bo'limlari tomonidan faxriylar ishtirokida turli tadbirlar, uchrashuvlar o'tkazilib, bosib o'tgan yo'llarini ibrat namunasi sifatida targ'ib etish orqali yoshlarimizda Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat hissini yanada oshirishga harakat qilinmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan uyushma va Respublika tovar xom ashyo birjasi o'rtasida tuzilgan «Do'stlar» klubi amaliy ishlarda muhim ahamiyat kasb etayapti. Joriy yilda faxriy jurnalistlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida «Do'stlar» klubi mablag'lari ko'magida Mustaqilligimizning 28 yillik bayramini nishonlash arafasida jami 107 nafar faxriylar va ehtiyojmand ijodkorlar oilasiga 32 million 100 ming so'm miqdorida oziq-ovqat mahsulotlari va sovg'alar yetkazib berildi.

Shuningdek, uyushma tomonidan 29 nafar faxriy jurnalist va ijtimoiy himoyaga muhtoj ijodkorlar oilasiga moddiy yordam ko'rsatildi.

— Bugun mamlakatimiz rahbari tomonidan adabiyotga, jurnalistika sohasiga katta e'tibor qaratilmoqda, — deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, «Sharq Yulduzi» jurnali bo'lim mudiri, taniqli shoir Ikrom Otamurodov. — So'z va axborot erkinligi ta'minlandi. Ommaviy axborot vositalriga bo'lgan qarash tubdan o'zgardi. Keyingi paytda matbuotimizda tan­qidiy-tahliliy materiallarning soni va sifati oshib borayotgani jurna­listlarimiz malakasining yuksalayotganidan darak bermoqda.

Jumladan, uyushmaning Navoiy viloyati bo'limi tomonidan faxriy jurna­listlar — Fattoh Sattorov hamda Isroil Xolboyev holidan xabar olinib, ularga moddiy yordam tariqasida oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Fattoh Sattorov 1944 yilda tug'ilgan. 44 yillik ish faoliyatini bitta nashr — «Qizilpeta tongi» gazetasida olib bordi. O'tgan yillar mobaynida ustoz-jurnalist yozgan materiallar tuman iqtisodiy-ijtimoiy faoliyatini rivojlantirish, aholi muammolarini hal etishga qaratildi. Bugungi kunda faxriy ijodkor nafaqada bo'lishiga qaramasdan yoshlarga kasb sirlarini o'rgatib kelmoqda.

— Jurnalist uchun e'tibor, e'tirofdan ko'ra muhimroq narsa yo'q, — dedi 80 yoshni qarshilayotgan F.Sattorov. – To'g'risi, nafaqaga chiqqanimdan buyon “siz jurnalist ekansiz”, “tahririyatda ishlagan ekansiz”, deb birov so'ramagandi. Bugun sizlarning kelishingiz meni juda ruhlantirdi, ko'nglim ko'tarildi. Uyushma rahbariyatiga buning uchun tashakkur. Mazkur xayrli tadbirlar yurtimizda jurnalistlarga bo'lgan e'tibor yuksalayotganidan, deb bilaman.

Surxondaryo viloyati ommaviy axborot vositalarida ko'p yillar mehnat qilgan, vohada e'tibor topgan Azizali Aliboyev va Jo'rabek Ramazonov, afsuski, oramizdan erta ketgan hamkasb­larimiz. Bayram arafasida uyushmaning Surxondaryo viloyati bo'limi xodimlari marhum qalamkashlarning oilasidan xabar olishdi.

Azizali Aliboyev “Surxon tongi” gazetasida muxbir, Surxondaryo viloyat prokuraturasining “Adolat tarozisi” gazetasi va “Adolat” televideniyasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir lavozimlarida ishlagan. Mushohadali maqolalar yozgan, huquqiy mavzudagi ko'rsatuvlarda jamiyatimizda mavjud illatlarni keng yoritgan.

Jurnalist Jo'rabek Ramazonov matbuotda chop etilgan ko'plab maqolalarida yurtimizda, xususan, Boysun tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sohalarda bo'layotgan o'zgarishlarni qalamga olgandi. Yoshlar tarbiyasi va ta'lim tizimidagi kemtik nuqtalar mavzusida qator materiallar e'lon qilgan. U “Boysun ovozi” gazetasida uzoq yillar faoliyat ko'r­satgan fidoyi jurna­listlardan biri edi.

Uchrashuvlarda faxriylar va marhum jurnalistlarning oila a'zolari yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlar va inson omiliga ko'rsatilayotgan bunday yuksak ehtirom uchun davlatimizga, uyushma va uning hamkorlariga minnatdorlik bildirdilar.

Jobir Xo'jaqulov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − four =