Boriy Alixonov: Xalq manfaatini ko'zlaganlar komil insonlardir

Ma'lumki, bu yil yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlarga saylovlar bo'lib o'tadi. Bu albatta, katta siyosiy tadbir. Ta'bir joiz bo'lsa bu – mamlakatimizdagi barcha siyosiy partiyalar uchun Xalqimiz oldidagi yana bir sinov, imtihon vazifasini o'taydi desak xato bo'lmaydi.

Albatta, gazetamizda joriy yil oxirida bo'lib o'tadigan ana shu saylovlarga ko'rilayotgan tayyorgarlik, uning shaffof va adolatli ruhda o'tishi, har bir siyosiy partiyalarning bu jarayonda ishtiroki, o'rni xususida tahliliy maqolalar, suhbatlar e'lon qilish niyatidamiz.

Shu bois, muxbirimiz dastlab respublikamizdagi eng yosh, ya'ni joriy yilda siyosiy partiya sifatida davlat ro'yxatidan o'tgan, beshinchi partiya — O'zbekiston Ekologik partiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari

Boriy Alixonov bilan suhbatlashdi.

— Deputat — xalq vakili, ulug' martaba. Chunki odamlar ishonib ovoz berishgan, saylashgan. Ularning ishonchini oqlash, saylovchilar tomonidan bo'ladigan murojaatlarni o'rganish, imkon qadar ijobiy hal qilish bu juda katta mas'uliyat. Shunday emasmi?

— Haqsiz. Deputat — xalqning ishongan vakili. Ochig'i, deputat siyosatchi ham bo'lishi kerak. Deputatlik sharaf, uning ortida jamiyatga xizmat qilishdek ulkan mas'uliyat ham mujassam. Birgina oilangizni ko'z oldingizga keltiring, unda ota-ona, bobo-buvi va aka-singillarning ishonchini birdek qozonish qanchalik mushkul. Minglab saylovchilarning ishonchini oqlash uchun esa deputat o'z manfaatlaridan ortib, xalq manfaatlari yo'lida xizmat qilishi kerak.

Yurt manfaatini ko'zlab yo'lga chiqqanlarni komil inson deb atagim keladi. Bugungi jamiyat uch yil oldingi jamiyat emas. Taqqoslab aytadigan bo'lsak, uch yil oldin yiliga yuzlab murojaatlar kelgan bo'lsa, endilikda minglab murojaatlar kelmoqda. Ayrimlari qayta-qayta keladiki, demak bunda deputat murojaatchining muammosini oxiriga yetkazmagan yoki muammo butunlay yechimini topmagan. Xalq bugun rahbarlardan aniq, jo'yali va natijali ishlarni kutmoqda.

Muhtaram Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishini o'rganmoqdamiz. Bu bizning zimmamizga har ishga mas'uliyat bilan yondashishimizni yuklamoqda.

— Murojaatlarni shaxsan o'zingiz o'rganasizmi?

— Albatta. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida murojaatlar bilan ishlash sho''bamiz bor. Har kuni murojaatlar bilan tanishamiz. O'tgan yili Buxoro viloyatida 5 oy davomida aholi murojaati bilan ishladik. Viloyatning tumanlarida bo'lib, aholidan shaxsan o'zim murojaatlarni qabul qildim va tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda hal etdik. Nafaqat ekologik muammolarni, balki ijtimiy-iqtisodiy muammolarga ham yechim qidirdik. Har kuni shaxsan o'zim 15-20 taga yaqin murojaatlarni qabul qilib, o'rgandim. Besh oy davomida 1000dan ziyod fuqaroning muammosi tegishli idoralar bilan ijobiy hal etildi. Xalq bilan muloqot bu faqatgina aholi bilan salom-alik qilib, so'rashish emas, balki ularning dardini eshitish, tushuna bilish, har bir murojaatning mohiyatiga yeta bilish hamdir. Qolaversa, bu bizning oldimizda turgan insoniylik burchimizdir.

— Fuqarolar eng ko'p qaysi muammoga duch kelmoqda?

— Viloyatlarda, birinchi navbatda, toza va sifatli ichimlik suvi muammo. Qolaversa, yo'l, kanalizatsiya, obodonlashtirish borasida ham kamchiliklar yetarli. Ko'p yillar davomida chekka hududlarda ijtimoiy masalalarga urg'u berilmagan va buning oqibatida talay muammolar yig'ilgan. Bizga murojaat qilgan fuqarolarning dardi ulkan muzlikning suv yuziga qalqib chiqqan birgina parchasidir. Bu mavzularga bir necha bor qaytib, aholi dardini qayta-qayta eshitishimiz darkor.

— Boriy Botirovich, ma'lumki, qonunlar qabul qilishda, uni ishlab chiqish ham deputatlarning tinimsiz va samarali mehnat qilishini talab etadi. Bu jarayon Oliy Majlisda qay tarzda kechadi?

— Qonunlarni ishlab chiqish jarayoni qabul qilish bosqichlari oldingidan ancha murakkablashgan desam mubolag'a bo'lmaydi. Nimaga deganda, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan bizga aniq vazifalar qo'yildi. Qonunosti hujjatlar bilan emas, qonunlar to'g'ridan-to'g'ri ishlashini tartibga solish masalasini hal etishimiz lozim. Qolaversa, deputatlarning saviyasi ham o'sdi, talabchanligi ortdi. Ilg'or mamlakatlarning qonunchilik amaliyotini o'rgandik va o'zimizga ham joriy etmoqdamiz. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi a'zolarining qonunchilik tashabbusi asosida 21 ta qonun ishlab chiqildi. Atmosfera havosini, suv, hayvonot, o'simlik resurslarini muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo'yicha ishlagan qonun hujjatlarimiz Oliy Majlisda ma'qullandi va Prezidentimiz tomonidan imzolandi.

— O'zingizga ma'lum, yaqin kelajakda AESning O'zbekistonda qurilishi ko'plab muhokamalarga sabab bo'ldi. Jumladan, mamlakatga ekologik xavf tug'dirmaydimi degan e'tirozli savollar ham bo'ldi. Albatta, Siz bu borada matbuotda o'z munosabatingizni qat'iy bildirdingiz.

— Ushbu yo'nalish bo'yicha deputat va qolaversa, mutaxassis sifatida javob beradigan bo'lsam, AES bugungi kunda eng rivojlangan davlatlarda qurilgan. Dunyoning 32 ta texnologik ilg'or mamlakatida 193 ta atom elektr stansiyasi o'z faoliyatini yuritmoqda. Ularda 450 dan ziyod reaktorlar ishlamoqda. Butunjahon elektr energiyasining 22 foizi aynan AESlar hisobiga to'g'ri keladi. Xo'sh, endi O'zbekis­tonda AES qurilishini xolisona ko'rib chiqaylik.

Sanoat korxonalarining safi kengayib, elektr energiyasiga bo'lgan talabimiz yildan-yilga oshib bormoqda. O'zbekistonda bir yilda 64 mlrd.kvt.  soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, ammo yiliga ehtiyojlarimiz uchun 69 mlrd.kvt. soat elektr energiyasi zarur bo'lmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, 5 mlrd.kvt. soat elektr energiya hajmda tanqislik yuzaga kelmoqda. Hisob-kitoblarga ko'ra, 2030 yilga kelib elektr energiyasiga bo'lgan talabimiz yiliga 114 mlrd.kvt. soatga yetadi. Bu hozirgidan qariyb ikki barobar ko'p degani. Xo'sh, ushbu masalani qanday yechish mumkin? Sizga yurtimizda AES qurilishining faqatgina uchta foydali tomonlarini aytib o'taman.

Birinchidan, iqtisodiy jihatdan oladigan bo'lsak, energiyani an'anaviy usulda olishdan ko'ra, AESdan olinadigan elektr energiya biz uchun ikki barobar arzon tushadi. Bu iqtisodimiz uchun katta ko'rsatkich, sababi energiyani issiqlikdan olish uchun ko'p miqdorda gaz va boshqa suyuq hamda qattiq uglevodorodlarni yoqishga, tashishga to'g'ri keladi. AES esa bizga ko'pgina xarajatlarni qisqartiradi. Misol uchun, bizda hozirgi vaqtda 86 foiz elektr energiyasi issiqlik manbalari, ya'ni gaz va boshqa uglevodorodlarni yoqish orqali, 14 foizi esa GESlardan olinmoqda. Bir yil davomida har bir issiqlik elektr stansiyasi uchun o'rta hisobda 2-5 mln. tonna uglevodorod yoqilg'isi talab etiladi. Yoqilg'ini tashib kelish va umuman, yo'l xarajatlari uchun tannarxga qo'shimcha 50 foizgacha ko'tariladi. Elektr energiyasi olish uchun O'zbekistonda yiliga jami 16 mlrd. metr kub gaz yoqiladi. Gaz zaxiralarimiz ham chegaralangan. Atom elektr energiyasi bilan qiyoslansa, bunda taxminan 30 tonnagacha yoqilg'i talab etiladi xolos va bu deyarli qo'shimcha xarajatlarni talab etmaydi.

Ikkinchidan, loyiha afzalligini ijtimoiy jihatidan ko'rib chiqadigan bo'lsak, AESni qurish jarayonida 8 mingga yaqin ishchilar jalb qilinadi. AES ishga tushirilganidan so'ng mazkur ob'yektda 2,5 mingdan ziyod yuqori malakali muhandislar, mutaxassislar, ishchi va xizmatchilar faoliyat yuritadi. Boz ustiga atom elektr stansiyasi faoliyati bilan bog'liq boshqa tarmoqlarda atom energiyasida hosil qilingan har 1 ta ish o'rnida boshqa tarmoqlarda qo'shimcha 7 ta yangi ish o'rni yaratiladi.

Uchinchidan, ushbu ob'yekt qurilishiga ekologik nuqtai nazardan qaraydigan bo'lsak, an'anaviy uglevodorod yoqilg'idan foydalanadigan elektr stansiyalarga nisbatan AES yiliga o'rtacha atmosfera havosiga 14 mln. tonna zararli uglerod oksidi va 70 ming tonna azot oksidlarini chiqarilishining oldi olinadi. Bundan tashqari, suvdan aylanma tizim orqali foydalaniladi, chiqindilar deyarli hosil bo'lmaydi. Umuman, atom elektr stansiyasining texnologik salohiyatini qiyoslaydigan bo'lsak, ushbu texnologiya kosmik sanoati texnologiyalaridan kam emas. Shu bilan birga, mamlakatimizning intellektual texnologik salohiyatini bir necha yuksak sifat pog'onasiga ko'taradi.

Yana bir voqelik. Mana, kuni kecha “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarda foydalanish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunni ishlab chiqishda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining bevosita ishtiroki va hissasi bor albatta. Biz mazkur sohadagi dunyo amaliyotini, huquqiy xorijiy tajribani o'rganib tahlil qildik va ushbu qonun normalariga implementatsiya qilishga harakat qildik. Shu o'rinda yana bir faktni aytib o'tish joizki, ushbu qonun loyihasiga MAGATEning ijobiy xulosasi olingan. Undan tashqari, atom elektr stansiyalarning xavfsizlik tizimlarini bevosita o'rganish maqsadida Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Rossiyaning “Novovoronej”, Yaponiyaning “Tokay” va Vengriyaning “Paksh” atom elektr stansiyalariga tashrif buyurib ularning faoliyati bilan tanishdilar. Mazkur mamlakatlarning ushbu sohadagi huquqiy-me'yoriy hujjatlarini tahlil qildilar.

— Yil boshida rahbarligingizdagi O'zbekiston Ekologik harakati siyosiy partiyaga aylandi. Partiyaning asosiy maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

— Tabiatga bo'lgan ehtirom jamiyatimizdagi insonlarning qon-qongiga singib ketgan. Ayniqsa, ota-bobolarimiz tabiatni asrash borasida bizga ko'p ta'lim bergan. Hozirgi yoshlar orasida ham ekologik madaniyatni shakl­lantirish, barqaror ekologik muhitni yaratish maqsadida Ekologik harakatni partiyaga transformatsiya qilishga qaror qildik. Buning o'ziga xos sabablari borki, batafsil gapirib berishga harakat qilaman. Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev BMT bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so'zlab, Orol muammosiga ham to'xtalib o'tdilar. Nutqdan dunyo nigohi yana Orolga qaratildi. Butun dunyo bo'yicha global ekologik muammo tilga olindi. Qurigan dengizimizni insoniyatning eng katta ekologik fojiasi deb ayta olaman. Sababi dunyo yaralganidan beri hali hech qachon bir avlod ko'z o'ngida jahonda to'rtinchi o'rinda turadigan dengiz qurib qolmagan.

Endi Ekoharakatning partiyaga aylanganiga to'xtaladigan bo'lsak, 15 kishilik deputat bilan biz ko'zlagan maqsadimizga to'laqonli yetisha olmasdik. Qonunchilik palatasida guruhimiz bo'lgani bilan, tuman va viloyatlarda bizning vakolatli deputatlarimiz bo'lmagan. Partiyaga aylanishimiz bizning mahalliy vakolatli organlarda vakillarimizni shakllantirishga asos bo'ldi. Joylarga chiqib muammolarni o'rgandik. Harakatdan partiyaga o'tganimiz yuqorida sanalgan imkoniyatlarimizdan tashqari, moddiy texnik bazamizni shakllanishiga ham ko'mak berdi. Partiyamizga 7 oy ichida 247 ming­dan ziyod a'zolar qabul qilindi. Partiyaning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy partiya tashkilotlari hamda 201 ta tuman va shaharlarda partiya bo'limlari tashkil etilib, jamoatchilik asosida faoliyati yo'lga qo'yildi, boshlang'ich partiya tashkilotlari soni 1000tadan oshdi.

Bugungi kunda partiyamiz aniq das­tur asosida ish olib bormoqda. O'zbekiston Ekologik partiyasi siyosiy kuch bo'lib, maydonga kirib keldi. Endilikda partiya mamlakat siyo­siy maydonining teng huquqli a'zosi sifatida o'z oldiga vakillik organlarida o'rinlar egallash vazifalarini qo'yib, o'rin olgach, parlamentda o'zining maqsadlarini davlat siyosati darajasida ilgari suradi.

— O'zbekiston Ekologik par­tiyasining asosiy saylovoldi dasturiga nimalar kiritilgan?

— Dasturimiz tayyor va biz buni muhokamalarga ham qo'ydik. Bizningcha, birinchi navbatda, har bir siyosiy tashkilot, ya'ni siyosiy partiya uchta asosiy tamoyilga tayanib ish ko'rishi lozim.

1. Xalq dardini o'z dardidek qabul qila oladigan, innovatsion g'oya va takliflar bilan chiqib xuddi shu takliflarni qo'llab-quvvatlashi.

2. Partiya atrofida fidoyi, malakali o'z yo'nalishi bo'yicha bilimi yuqori va irodasi metindek soha mutaxassislari bo'lishi.

3. So'z va amal birligi mujassamligi lozim. Bergan va'dasiga o'zi amal qilsa, shundagina odamlarni ortidan ergashtira oladi. Agar siyosiy tashkilot o'z oldiga mana shu uchta tamoyilni qo'ymas ekan, uning kelajagi uzoqqa bormaydi.

— Rivojlangan davlatlarga monand «yashil iqtisodiyot», «yashil shahar» degan tushunchalar kirib kelyapti bizga. Butun dunyoda ekologiyaga foydasi bor har qanday tashabbus ilgari surilib, amalda qo'llanilmoqda. Bizda qanaqa?

— Bizning dastur aynan “Yashil iqtisodiyot” va “Yashil shahar”ga o'tishni qo'llab-quvvatlaydi. Butun dunyo bo'yicha 90 dan ziyod “Yashillar” yoki boshqacha aytganda, Ekologik partiyalarning ish uslubini, tarixini, tajribasini o'rgandik. O'zimizga tegishli xulosalarni oldik. Muhtaram Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida birinchilardan bo'lib, “Yashil belbog'”, “Aqlli qishloq” xo'jaligini tashkil etish borasida o'z takliflarini bildirdi. Boshqa mamlakatlardan avvalroq bu tashabbusni o'zimiz amalga oshirsak, maqsadga muvofiq bo'lardi.

Partiyamiz “Yashil iqtisodiyot”ga o'tish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim omili deb hisoblaydi. Buning afzalliklari — iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishi, ekologik toza va xavfsiz, resurs tejovchi, tejamkor texnologiyalarni tatbiq etishni rag'batlantirishi hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish va ularni boshqarish tizimini takomillashtirish orqali bioxilmaxillikni saqlashga ko'maklashishi bilan ham manfaatlidir.

Feruza Rahimova

suhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 14 =