Kimyo kengliklariga talpingan yurak (Akademik To'lqin Mirkomilov yodi)

Turfa sohalarga qiziqishi bilan To'lqin Mirkomilov hayotsevar kishilar sirasiga kirardi. Olimning inson kamoloti adabiyot va san'atga oshnolikda deb bilgani va bunga qat'iy amal qilgani erishgan yutuqlariga qanot bo'lgan, desak xato qilmaymiz.

Yigirmanchi asrning zabardast ijodkorlaridan biri Rasul Hamzatov o'zining mashhur «Dog'istonim» asarida el og'ziga tushgan yozuvchi, shoir, rassom, olim, davlat rahbari yo sarkardaning nufuzi, rutbasini, shoirona ehtiros bilan, u qaysi millat, qaysi mamlakatga mansub bo'lsa, majoziy ma'noda, o'sha millat, o'sha mamlakatning pasportiga qiyoslagan edi.

Jahon miqyosida tan olingan alloma ajdodlarimiz an'anasini munosib davom ettirish muddaosi bilan o'z umrini ilmu ziyoga bag'ishlagan, fan, madaniyat va ma'naviyatimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shgan hamda ayni shu fazilati bilan xalqimiz ardog'iga sazovor bo'lgan olim, O'zbekiston Fanlar akademiya­sining haqiqiy a'zosi, texnika fanlari doktori, professor To'lqin Mirkomilov haqida fikr yuritganda, beixtiyor Rasul Hamzatovning yuqoridagi qiyosi yodga tushadi.

Olimning taqdiri, faoliyati, sermazmun hayot yo'li yoshlarimiz uchun o'ziga xos ibrat maktabidir. O'z sohasining yuksak bilimdoni bo'lgan alloma badiiy adabiyot va san'atni ham teran his etar, bu borada sohaning nomdor vakillari bilan tengma-teng muloqotga kirishib ketaverar edi. Taniqli adib, qator xalqaro mukofotlar sohibi Chingiz Aytmatov bilan olimning O'zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov ishtirokidagi dilkash suhbati pirovardida Chingiz og'a suhbatdoshi, garchi kimyogar bo'lsa-da, nafis adabiyot oshuftasi, chuqur tafakkur, teran fikr-mulohazali inson ekanligiga tan berib, unga tasanno aytgan ekan. Binobarin, To'lqin Mirkomilov ikki yirik turkiy adabiyot namoyandalarini inja ma'rifati, qomusiy dunyoqarashi bilan maftun etib, ularning samimiy e'tirofiga sazovor bo'lgan. Elimiz, yurtimiz, millatimiz shuhratini dunyoga tanita olgan, bir umr bilimga, ilg'or ilmiy tafakkurning oldingi marralarida bo'lishga intilgan.

Yozuvchi Luqmon Bo'rixon To'lqin Mirkomilov hayoti haqida qariyb 160 sahifadan ziyodroq “Shamoldek shosh­qin umr” deb nomlangan ajoyib hujjatli qissa yozdi.

Unda ulug' olim hayoti, uning bolaligi, o'smirlik yillari, talabalik chog'lari va aytish mumkinki, butun umr pillapoyalari qalamga olinadi. Juda o'qishli, ta'sirchan asar. Bemalol ushbu qissa asosida badiiy film yaratsa ham bo'ladi. Mana undan bir parcha:

Ming to'qqiz yuz oltmish ikkinchi yilning qaynoq yozida Toshkent politexnika institutining kimyo texnologiyasi fakultetini a'lo baholar bilan bitirgan ikki do'st, To'lqin Mirkomilov va G'affor Rahmonberdiyev O'zbekiston fanlar akademiyasiga qarashli Polimerlar ins­titutiga yo'llanma olishdi. Bu yerda laborant sifatida ish boshlashdi.

Muhabbat ismli suluvgina qiz ham shu yerda ishlar ekan. Uni ko'rib To'lqinning ko'zlari chaqnab ketdi. Oradan ko'p o'tmay ikki do'st Lening­rad shahriga maqsadli aspiranturaga o'qishga yuborildi. Qarangki, Muhabbatxon ham xuddi shunday muddao bilan Moskvada ekan. Yulduzi Yulduziga to'g'ri keldimi yo taqdiri ilohiy izmimi, xullas, To'lqin va Muhabbatxon Neva ko'priklari ustida bir umr birga bo'lishga axdu paymon qilishdi. Azim rus daryosi sokin, tinch, bir maromda oqib yotardi. Ko'prikdan o'tib-qaytguvchilar siyrak. Bir-biriga termulganicha mutaassirlikda qolgan ikki yoshning yoniga soch-soqollari o'siq, shirakayf bir qariya yaqinlashib o'z-o'zicha gap boshladi.

— Bu ko'prik qirg'oqlarni bir-biriga tutashtiradi, qalblarni emas! Yaxshisi, boshqa yerda sirlashganlaring ma'qul. Irimi shunaqa…

Chol shunday g'udraganicha nari ketdi. Ishqning oniy baxtidan sarmast ikki yosh uning g'alati gaplariga kulibgina qo'ya qolishdi. Oldda hali nelar kutib turganini bilishmas edi ular. Qiz bilan uchrashuvdan qaytgan To'lqin ahdu paymon haqida, g'alati cholning g'alati so'zlari haqida G'afforga gapirib berarkan, zavq-shavqdan ko'zlari porlab turardi. Oradan ko'p o'tmay, Toshkentga qaytishgach, To'lqin va Muhabbat oila qurishdi.

To'lqin Mirkomilovni Moskva, Leningrad, Kiyev kabi katta shaharlardagi yirik institutlar ko'p bor ishga taklif etishgan. Ammo yosh olim bunday xayrixohliklarni rad etgan. Chunki u butun borlig'i bilan O'zbekistonga bog'langan edi. O'zi unib-o'sgan zaminga ko'proq nafi tegishini istardi. Jonajon yurtining salohiyatini, imkoniyatlarini o'sha talabalik davrlaridayoq ko'ra bilgan, uning shunchaki xom ashyo yetkazib beruvchi agrar hudud bo'lib qolishini istamas edi. Bu yerdagi mavjud shart-sharoitlar, imkoniyatlar doi­rasida sanoatni, ishlab chiqarishni rivojlantirish tarafdori edi. Shuning uchun ham ilk ilmiy ishini paxta tolasi chiqitlaridan sellyuloza olish masalalariga qaratadi.

To'lqin Mirkomilov kimyo texnologiyasini, xususan, O'zbekistonimizda paxta tolasi va uning lint, chigit tuki, mayda tolalar singari chiqindilarini sanoat asosida kim­yoviy qayta ishlashni rivojlantirishni, yurtimizda ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishni ko'zlab umr bo'yi tinimsiz izlandi…

Mana bu so'zlar esa O'zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning akademik To'lqin Mirkomilov hayoti haqida “Komillik pillapoyalari” xotira kitobiga yozgan so'zboshisidan olindi:

Odatda diyorimizning dunyo xalq­lari tamadduniga qo'shgan hissasi Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug'bek kabi buyuk siymolar nomi bilan bog'lanadi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Ogahiylar jahon so'z san'ati merosini noyob injular bilan boyitgan shoirlar qatorida munosib o'ringa ega. Ammo hozirgi davrda milliy g'ururimizni tiklashda o'z xizmati, iqtidori, ixtiro va izlanishlari bilan hissa qo'shayotgan zamondosh olimlar ham borligi kam tilga olinadi. Goh-gohida Habib Abdullayev, Obid Sodiqov, Sobir Yunusov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa'di Sirojiddinov va XX asrda yashagan boshqa ayrim olimlar nomlari esga olib o'tiladi, xolos. Aslida o'zbek xal­qi avvallari qay darajada olamga mashhur farzandlarni yetkazgan bo'lsa, hozir ham bu jabhadagi burchini muayyan darajada amalga oshirib kelayotir deb dadil aytish mumkin. Faqat globallashuv jarayonida o'zbek olimlari kashfiyotlari qadimgi zamonlarda bo'lganidek charaqlab shuhrat topmayotganini tan olishga majburmiz.

O'zingiz o'ylab ko'ring, studentlik paytida tergan paxtasining momig'ini ajratib, chigitida qolgan kalta-kulta, chiqindi tuklarni xalq xo'jaligida qo'llash haqida xayol surgan yigitchaning orzusi yillar o'tib zo'r yangilikka asos bo'libdi: paxta sellyulozasi kimyosi va texnologiya­si ilmida katta sifat o'zgarishini ta'minlabdi. Avval Sankt-Peterburg, Kiyev, Riga olimlari, ko'p o'tmay Gavaya Pasifik universiteti, San-Diego davlat universiteti (AQSh), Gamburg — Garburg texnika universiteti (Germaniya), Pyer va Mariya Kyuri nomidagi Parij universiteti (Fransiya), Pekin texnologiya universiteti (Xitoy), Zakarjik, Qohira va Iskandariya texnologiya universiteti (Misr Arab Respublikasi), Afina ta'lim texnologiya instituti (Gretsiya), Xasayeva Kiyang Xi Seul universiteti (Janubiy Koreya), Lazanna Kiyang texnika universiteti (Shveysariya) kabi Yer kurrasidagi yirik oliy ilm dargohlarining yetuk mutaxassislari Toshkentdagi Olcha ko'chalik ziyoli Miromil akaning o'g'li To'lqinjonning kimyo sohasidagi ixtiro va izlanishlariga yuqori baho berib tursalar, o'zbek g'ururlanmaydi, deysizmi?! Uning ustiga AQSh Industriya, ta'lim, madaniyat va fan xalqaro akademiyasi uning ilmiy salohiyatini tan olib, akademiklikka saylasa, “nur ustiga nur”, demaymizmi, axir. Ma'lum bo'lyaptiki, To'lqin Mirkomilov millatimiz shuhratini keng miqyosda dunyoga tanitgan el farzandi edi, shunday bo'lib qoladi.

Baxtiyorlik osoyishta qalbga ega bo'lish bilan, qalb osoyishtaligi esa ilm olish bilan vujudga keladi. Hozir “baxt” deb o'ylayotgan boylik, mansab, hatto oila quvonchi — barchasi o'tkinchi. Yoshlik kunlarini ilm olishga sarf etayotgan kishining baxtigina boqiydir. Ilm olish baxtiga yetgan odamning ishlari uni ikki dunyo saodatiga yetaklaydi. Akademik To'lqin Mirkomilovning hayot yo'li fikrimizga dalil bo'la oladi.

Olimning ilmiy yo'nalishi, yuqorida ta'kidlanganidek, ko'proq mahalliy resurslardan oqilona foydalanishga, ekologik tomondan zamon talablariga mos yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga, paxta sanoati mahsulotlari chiqindilarini sifatli qayta ishlash, mahalliy xomashyolardan unumli foydalanishga qaratilgandi. Ustoz rahbarligida tarkibida sellyulozasi bo'lgan xomashyolarning tuzilishi bilan ularning fizik-kimyoviy xossalari o'rtasida o'zaro mushtaraklik o'rganildi. Sorbitlar, ionitlar va fiziologik faol polimerlar olish maqsadida sellyulozani ko'p funk­sional organik kislotalar bilan modifikatsiyalash usullari keng o'rganildi. Bu borada olingan natijalar, ilmiy yutuqlar asosida tarkibida sellyulozasi bo'lgan sanoat chiqindilaridan yuqori sifatli sellyuloza olish texnologiyasi yaratilib, ishlab chiqarishga tatbiq qilindi. Yangi oligomer va polimerlarning hayotda, amaliyotda qo'llanish sohalari aniqlandi. Kimyoning mazkur yo'nalishida milliy ilmiy maktabga asos solindi.

Akademik To'lqin Miromilovichning serqirra faoliyati qiyosan o'rganilganda, katta hajm­dagi ilmiy va amaliy ishlar ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi. Uning qalamiga mansub 9 ta dars­lik, 6 ta monografiya, 400 dan ortiq ilmiy maqola, qator risolalar, turli ixtirolari uchun olingan qirqqa yaqin patent va guvohnomalar bunga yaqqol dalolatdir. Ilm-fanga qo'shgan ulkan hissasi e'tirof etilib, To'lqin Miromilovich Mirkomilov 1995 yili O'zbekis­ton Respublikasi Fanlar akademiya­sining akademigi etib saylandi.

To'lqin Mirkomilov 1992 yili Toshkent kimyo texnologiyasi institutiga rektor etib tayinlanadi. Kimyo­gar ustoz mazkur o'quv dargohi o'z nomiga munosib bo'lishi, har tomonlama yuksalishi yo'lida jonbozlik ko'rsatdi. O'sha payt­da global muammo bo'lgan ekologiya masalasiga alohida e'tibor qaratib, «Sanoat ekologiyasi» kafedrasi tashkil etilishiga erishdi. Shu asosda bir qator yangi yo'nalishlar ochilishiga imkon yaratdi.

Tashabbuskor, omilkor, ayni payt­da izlanuvchan, oliy ta'lim sohasiga doir masala va muammolarni hal etishning yangi, innovatsion yechimini topa biladigan, yuqori tashkilotchilik qobiliyatiga ega To'lqin Mirkomilov 1994 yili mamlakatimizning texnika sohasidagi yetakchi oliy ta'lim muassasasi — Toshkent davlat texnika universitetiga rektor etib tayinlandi. Shu bilan birga, 1994-2001 yillar davomida O'zbekiston Respublikasi Oliy o'quv yurtlari rektorlarining jamoatchilik asosidagi kengashiga raislik qildi. Qalbida ezgulik barq urib turgan inson qaerda bo'lmasin, qanaqa mansabda o'tirmasin, hamisha odamlarga yaxshilik qilishni, o'zgalar yukini imkon qadar yengillatishni o'ylaydi.

Shu ma'noda, yangi rahbar oliy o'quv yurtlari nufuzini ko'tarish, professor-o'qituvchilarning ilmiy-madaniy saviyasi va moddiy farovonligini oshirishga, ularni ijtimoiy jihatdan himoya qilishga e'tiborni kuchaytirdi, bosh­qalarni ham shunga da'vat etdi. To'lqin Mirkomilov o'zi rahbarlik qilgan universitet xalqaro aloqalarini kengaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Jahonning bir qancha nufuzli ilm maskanlari, universitet va ins­titutlari bilan ilmiy hamkorlik rishtalarini puxtaladi. Jumladan, «Siemens» firmasi va Gamburg texnika universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro videokonferensiya ishida faol ishtirok etib, fanlarni masofadan turib o'qitish texnologiyasi bo'yicha hamkorlik ishlari yo'lga qo'yilishini ta'minladi. «Cofutis» Fransiya — O'zbekiston ilmiy markazida kosmogeologiya, ekologiya, qishloq xo'jaligi, geotektonika sohalarida yangi texnologiyalarni sinovdan o'tkazish va targ'ib etish ishlarida ham jonbozlik ko'rsatdi. 1996-1998 yillarda Rossiya, Gretsiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Fransiya, Angliya, Belgiya, Misr davlatlarida xizmat safarida bo'lib, ilmiy-texnika anjumanlari va konferensiyalarida faol qatnashdi. Xorij oliy o'quv yurtlari bilan do'stlik va hamkorlik rishtalari, xalqaro munosabatlarni mustahkamlash yo'lida izlandi.

Turfa sohalarga qiziqishi bilan To'lqin Mirkomilov hayotsevar kishilar sirasiga kirardi. Olimning inson kamoloti adabiyot va san'atga oshnolikda deb bilgani va bunga qat'iy amal qilgani erishgan yutuqlariga qanot bo'lgan, desak xato qilmaymiz. O'tgan asrning 70-yillarida O'zbekiston xalq artisti Qudrat Xo'jayev rahbarligida Politexnika institutida havaskorlik drama to'garagi tashkil etilganda, To'lqin aka bu tashabbusni birinchilardan bo'lib qo'llab-quvvatlagandi. Keyinchalik jahonning manaman degan teatrlari uchun mahorat mezoni bo'lib kelgan «Otello», shuningdek, Izzat Sulton va Uyg'un qalamiga mansub «Alisher Navoiy» spektakl­lari ana shu havaskorlik to'garagida sahnalashtirilib, O'zbekiston teatr tarixiga yangi sahifa bo'lib kirdi. To'lqin Mirkomilov «Otello»da Yago obrazini, «Alisher Navoiy»da esa ulug' shoir obrazini professional aktyorlardan qolishmaydigan darajada, yuksak mahorat bilan ijro etib, muxlisu san'atsevarlar olqishiga sazovor bo'ldi.

Har ikkala spektakl ham hozirgi O'zbek Milliy drama teatri sahnasida namoyish etildi va ko'plab san'atimiz darg'alarining nazariga tushdi. O'zbekiston xalq artisti, Yago rolining qoyilmaqom ijrochisi sifatida tan olingan buyuk aktyor Nabi Rahimov: «To'lqin Mirkomilovga tasanno. U sahna san'atining kimyo sohasida adashib yurgan o'g'li ekan», deya lutf etgan edi o'ziga xos mutoyiba bilan. Darhaqiqat, To'lqin aka qalban, ruhan san'atga yaqin inson, sohaning professional vakillari tili bilan aytganda, katta iqtidor egasi edi. Bunga “Bobur” videofilmida Umarshayx Mirzo, “Alisher Navoiy” videofilmida Samarqand hokimi obrazlarining To'lqin Mirkomilov ijrosidagi betakror tal­qinlari misol bo'la oladi.

O'zbekiston fan arbobi, texnika fanlari doktori, professor Erkin Qosimov o'z xotiralarida shunday yozadi: 

O'zbekning chin o'g'loni, mehribon og'a, sadoqatli do'st To'lqin Mirkomilov chinakam vatanparvar inson edi.

Haq chizib qo'ygan yo'nalish bo'ylab borib, taqdir taqozosi ila kimyogar olim bo'ldi. Akademiklik unvoniga erishdi. Respublikamizdagi eng yirik oliy o'quv yurtlaridan biri, Toshkent texnika universiteti rektori lavozimida ko'p yillar samarali mehnat qildi. Oliy Majlis deputati bo'ldi.

Sen bilan zamondosh, nomi, tarjimai holi katta harflar bilan yozilishiga, o'zgalarga namuna qilib ko'rsatishga arziydigan shaxslar qatoriga, mening nazarimda, To'lqin Mirkomilov kiradi. Ayniqsa, uning bir xislati menga ko'p yoqardi.

Biz qaerda bo'lmaylik, o'zbek degan faxrli nomni ko'kka ko'tarishimiz, o'rnak bo'lishimiz kerak”, — deb tez-tez takrorlardi u.

Ha, maqsad sari qat'iyat va sobitlik ko'rsatgan, g'ayratli, shijoatli insongina tanlagan yo'lidagi g'ov-to'siqlarni yengib o'tib, ilm fidoyisi, fan peshvosi bo'lib yetishadi. Shu ma'noda, qadimiy va navqiron, ayni chog'da o'ta murakkab kimyo fanida yangi so'qmoqlar kashf etish va yurish oson emas edi. To'lqin Mirkomilov ana shunday murakkab sohani tanlab, «Bilim qayda bo'lsa, buyuklik shunda bo'lur» degan pur­hikmat so'zga amal qildi: buloqdek jo'sh urgan faoliyati, ilmiy, ilmiy-pedagogik, madaniy va ma'rifiy yo'nalishdagi uzluksiz izlanishlari, betimsol ilmiy asarlari va fundamental tadqiqotlari bilan buyuk mutafakkir ajdodlarimizga munosib izdosh bo'la oldi.

Sirojiddin Rauf,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + two =