Ma'naviy merosimizga tayanaylik!

O'tgan yillar davomida milliy istiqlol g'oyasi xalqimizning milliy tiklanishiga xizmat qildi. G'oyaviy kurashlarda xalqimizni birlashtirdi, buzg'unchi g'oyalar mohiyatini anglashda, ayniqsa, yoshlarimiz ongu tafakkurini boyitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2017 yildan boshlab O'zbekiston o'z taraqqiyotining yangi – Milliy yuksalish bosqichiga kirdi. Konstitutsiyamizga asoslangan, xalqimizning manfaatlariga javob beradigan mamlakatni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi amaliyotga kiritildi. Keyingi yillarda erishilgan yuksak marralar xalqimiz hayotini farovon qilishga qaratilgan islohotlar samaralarini yaqqol ko'rsatmoqda.

Harakatlar strategiyasida belgilangan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan ustuvor g'oya asosida “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi dasturlarning hayotga tatbiq etilishi aholini yangicha fikrlash va ishlashga safarbar etishda muhim rol o'ynamoqda. Buning natijasida, mamlakatning eng chekka hududlari, markazlardan olisda joylashgan qishloqlarning ham me'moriy qiyofasi tubdan yangilanib, aholining turmush farovonligi yuksaltirilmoqda. Sog'liqni saqlash, madaniyat va sport, ilm-fan, ayniqsa, ta'lim-tarbiya sohalarida bo'layotgan ulkan o'zgarishlarga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Ammo shu bilan birga, hamon yechimini kutayotgan muammolar ham yo'q emas.

Joriy yil 12 sentyabr kuni “Xalq so'zi” va “Norodnoe slova” gazetalari tahririyati majlislar zalida o'tkazilgan tadbirda shular haqida so'z bordi. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari — taraqqiyotimizning ma'naviy asosi” deb nomlangan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashkil etgan mazkur seminar mavzusi Prezidentimizning joriy yil 8 apreldagi “O'zbekiston taraqqiyotining yangi bos­qichida milliy g'oyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoyishi hamda davlatimiz rahbarining shu yil 3 maydagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosiga qaratildi.

Unda O'zbekiston Jurna­listlari ijodiy uyushmasi va Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimlari, ma'naviy-ma'rifiy soha, markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari, ayrim internet jurnalistikasi vakillari ishtirok etdi.

Seminarda qayd etilganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati, respublikamizning dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o'rin egallashi, millat yakdilligini ta'minlash, milliy g'oya barcha sohalar qatori, ommaviy axborot vositalari rivoji media-tuzilmalarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning bilim va malakasi, o'z ishiga mas'uliyati, fidoyiligiga ham bog'liq.

Globallashuv jarayonining shiddat bilan tus olishi oqibatida o'sib kelayotgan yoshlar orasida turli yot g'oyalar shakllanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda ro'y berayotgan yangilanish sur'atlaridan ortda qolmoqda. Dunyo­da yuz berayotgan murakkab mafkuraviy va geosiyosiy jarayonlarni anglash darajasining yetarlicha shakillanmagani odam savdosi, ekstremizm, “ommaviy madaniyat” va narkobiznes kabi tahdidlarga qarshi kurashishda milliy g'oya omilidan foydalanish imkoniyatini bermayapti.

— Ma'naviyat — mamlakatning haqiqiy mafkuraviy ustuni. Uni himoya qilib, uzluksiz ma'naviy tarbiyani yo'lga qo'yishimiz kerak, — deydi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo'lim mudiri Ergash Daminov. — Biz bugun ommaviy axborot vositalari orqali, maqsadli, tizimli ishlarni yo'lga qo'yolganimiz yo'q. Milliy ma'naviyatimiz asosi bo'lgan allomalarimiz ijodi, faoliyatini chuqur o'rgangan olimlarning chiqishlari matbuotda ham, teleradioda ham deyarli ko'rinmayapti. Jurnalistlar, tahririyatlar ana shunday kuchli mutaxassislar, olimlar bilan doimiy muloqotda bo'lib, buyuk allomalarimizning merosini xalqqa, kelajak avlodga yetkazib turuvchi vosita bo'lishi kerak. Har bitta mavzuning egasi bo'lgan olimlarimiz bor. Ana shunday hamkorlikning yo'lga qo'yilmagani oqibatida jiddiy xatolarga yo'l qo'yilmoqda. Masalan, yaqinda telekanallarimizdan birida, to'g'ridan-to'g'ri efirda “Imom Buxoriy hazratlarini to'rt marta o'z yurtidan quvilgan” degan xato ma'lumot berib yuborildi. Vaholanki, aslida bunday bo'lmagan. Saroyga borib saboq berishni o'zlari istamagach, shoh mayli, kelmasa, ketaversin degan mazmunda gapirgan, xolos. Tarixiy haqiqatni bu tarzda buzib talqin etish yoshlarda qanday taassurot qoldirishini o'ylab ko'rish zarur. Janubiy Koreya­dan kelgan bir mehmon yigit menga bir ruchka sovg'a qildi. Unda shu yurtning milliy qahramoni Jumongning haykalchasi surati bor edi. Bu ham milliy g'oya targ'ibotining bir ko'rinishi. Biz aynan shu masalada oqsayapmiz. Ko'cha-ko'yda mentalitetimizga butunlay yot bo'lgan reklamalar aks etgan pannolar ko'p uchramoqda va bu yoshlar ma'naviyatiga salbiy ta'sir etayotgani sir emas. Matbuot, televidenie va radio ana shunday hayotimizga nomunosib reklamalar tar­g'iboti bilan emas, aksincha, milliy qadriyatlarimizga yot bo'lgan bu kabi reklamalardan voz kechish to'g'risida chiqishlar qilishi kerak. Asrlar silsilasidan o'tib kelgan milliy qadriyatlarimiz, xalq­ni ortidan ergashtira olgan oqsoqollar, kayvonilar, kerak bo'lsa, ibratli qaynonalar, oilalar haqida maqolalarni ko'paytirishimiz lozim. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar milliy g'oya xalqimizning kuch-qudratiga aylanishi uchun sharoit yaratdi. Endi gap milliy g'oyani har bir o'zbekistonlikning niyatiga va harakatiga aylantirishda…

Tadbirda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan bo'lar-bo'lmas xabarlar va ularning oqibati xususida ham so'z bordi. Ta'kidlanganidek, yaxshi fikr yaxshilikka, yomon fikr yomonlikka yo'l ochadi. Axborot maydonini nuqul negativ fikr­laydiganlar egallab olmasligi uchun pozitiv, nekbin mazmundagi mavzular bilan mutanosib to'ldirishga alohida e'tibor qaratmog'imiz zarur. Negaki, kattalar ham, bolalar ham yaxshi-yomon fikrlardan ta'sirlanadi. Odamlar bir-biri bilan ijtimoiy tarmoqda tortishadi, aytishadi, urishadi. Lekin hamma ham bu negativ fikrlardan boshlangan g'oyalar kurashi ekanini ang­lamaydi.

Yuqorida nomi keltirilgan farmoyish va qaror orqali sohadagi muammolarni bartaraf etish bo'yicha milliy g'oya mavzuida adabiyotlar yaratish, milliy g'oyani rivojlantirish borasida ilmiy izlanishlar olib borish va bu boradagi targ'ibot-tashviqot ishlarining sifatini ta'minlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilgani ham qayd etildi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi faoliyatining asosiy yo'nalishlari xususida ham so'z yuritildi. Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida respublika bo'ylab “Ma'naviyat festivali”, “Yilning eng faol ma'naviyat targ'ibotchisi” tanlovi o'tkazildi. “Bu yilda o'qish zarur bo'lgan 100 ta kitob” ro'yxati tuzildi. “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoni ta'sis etildi. Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasi hamda jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitning holatini aniqlash va manzilli sog'lomlashtirish metodikasi ishlab chiqilmoqda.

Ochiq muloqot tarzida o'tgan seminarda jurnalistlar ko'tarilgan masalalar bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar, tegishli taklif va tavsiyalar qabul qilindi.

Xolida Ahmadjonova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 12 =