Mehrinigor Abdurashidova: Oilamizda hech kim san'atkor bo'lishimni istamagan…

Musiqa, qo'shiq inson qalbida eng nafis tuyg'ularni uyg'otuvchi, kishini ruhlantirib, ezgu ishlarga boshlovchi qudratli kuch. Til, millat tanlamaydigan navolar tarjimonsiz, hech bir vositasiz inson yuragiga kirib boradi. Dillarni dillarga, ellarni ellarga bog'laydi.

— Dunyodagi nufuzli san'at festivali g'olibi bo'lganimdan cheksiz hayajon va quvonchdaman, — dedi Gran-pri sohibi, O'zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Mehrinigor Abdurashidova.

Ma'lumki, “Sharq taronalari” XII xalqaro festivalida nufuzli hakamlar hay'ati xulosasiga ko'ra, anjumanning bosh sovrini — Gran-pri O'zbekiston vakiliga berilgani san'at ixlosmandlarini mamnun etdi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi bayrami arafasida bo'lib o'tgan festival tadbirlarida ishtirok etgan muxbirimiz nufuzli xalqaro tanlov bosh sovrindori Mehrinigor Abdurashidova bilan o'sha hayajonli damlarda suhbatlashgan edi.

— Dunyodagi nufuzli san'at fes­tivali g'olibi bo'lganimdan cheksiz hayajon va quvonchdaman, — dedi Gran-pri sohibi, O'zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Mehrinigor Abdurashidova. — “Sharq taronalari”da ishtirok etish, Registonda qo'shiq kuylashning o'zi katta sharaf. Bu festivalda g'olib bo'lish esa eng katta orzuim edi. Menga ana shunday baxt nasib etdi.

— G'olib bo'lganligingizni e'lon qilishganda, xayolingizdan nimalar kechdi?

— Gran-prigacha bo'lgan g'oliblarni e'lon qilishganda, ichimdan “Bu gal omadim chopmadi, keyingi tanlovlarda yanada puxtaroq tayyorgarlik ko'raman”, dedim o'zimga o'zim. Ammo 1-2-o'rin g'oliblari taqdirlanib bo'lganidan keyin Gran-pri uchun ismim yangraganida rosti, quloqlarimga ishonmadim. Turli tanlovlar g'oliblari har gal “Kutmagandim” deyishsa, hayron bo'lardim, aslida men ham kutmagan joyimda g'olib bo'ldim. Sevinch ko'z yoshlarim hatto sahnaga chiqqanimda ham meni tark etmadi. 77 ta davlatning eng kuchli san'atkorlari ichidan oliy mukofotga meni loyiq ko'rishganidan ancha vaqt o'zimga kelolmadim.

— O'zingizga qaysi davlat musiqa jamoasining chiqishi yoqdi?

— Ozarbayjon. Aslini olganda har bitta davlatning chiqishlari betakror bo'ldi. Katta tayyorgarlik ko'rishgani dastur davomida bilindi. Ozarbayjon jamoasiga kelsak, ijro ham, cholg'u asboblarining chalinishi ham tahsinga loyiq.

— Tayyorgarlik jarayonlari uch oy oldin boshlanganini eshitdim, to'g'rimi?

— Ha, dadam O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Abdulahad Abdurashidov bilan avvaldan tayyorgarlik ko'rib kelardik o'zi.

— Festivaldagi repertuaringizni o'zingiz tanladingizmi?

— O'zbekiston Xalq artisti Sirojiddin Jo'rayevning “Rohatijon” qo'shig'i va o'zbek xalq kuylaridan popurini ijro etdim. Boshida boshqa qo'shiqlarimizga murojaat qilmoqchi edim, ammo ustozlarim bilan maslahatlashib ko'rganimdan keyin shu tanlovda to'xtaldik. Poppuri yig'ilgan mehmonlarimizga manzur keldi. Undagi “Lazgi”, “Olmani otdim” kabi qo'shiqlar barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.

— San'atkor bo'lishingizda oilaviy muhitning ta'siri katta ekan-da?

— San'atkorlar oilasida o'sib-ulg'aygan bo'lsam-da, hech kim meni san'atkor bo'lishimni istamagan. Dadam dutor chalishdagi mahoratimni ko'rib, “Yaxshi chal­yapsan” deb qo'yardilar-u, jiddiy shug'ullan demasdilar. Kasb tanlash tanlovi borasidagi fikrimni aytganimda, san'atda o'z mak­tabing­ni yarata olsang, ijodga qadam qo'y, bo'lmasa boshqa sohani tanla, deganlar. Kunu tun fikri xayolim san'atda bo'lsa, qanday boshqa sohani tanlashim mumkin edi?! Konservatoriyaga o'qishga kirdim, 2017 yilda “Yilning eng yaxshi maqom qo'shiqchisi” va “Nihol” mukofoti sovrindori bo'ldim. Endilikda oila a'zolarim ijodimni yanada rivojlantirishim uchun qo'llab-quvvatlab kelishmoqda. Dadamga va'da berganimdek san'atda o'z yo'nalishimni topdim deb o'ylayman. Bu o'zim va oldimga qo'ygan maqsadim uchun yaxshi natija. Xudo xohlasa, o'qishni bitirib olsam, o'zim tanlagan yo'nalishda yaxshi natijalar ko'rsatishimga ishonaman.

— “Sharq taronalari” sizga yana nima berdi?

— Eng muhimi, tajribam ortdi, xorijlik hamkasblarimiz bilan fikr almashdik. Garchi bir-birimizga fes­tival doirasida raqib jamoa bo'lsak-da, munosabatlarimizda raqibligimiz ham yoddan chiqdi. Ayniqsa, Koreya, Tojikiston, Estoniyadan kelgan hamkasb­larimiz bilan do'st bo'lib qoldik. Ular o'z yurtida bo'lib o'tadigan tanlovlariga bizni ham taklif qiladigan bo'lishdi.

— Bir kunda ijod uchun qancha vaqt sarflaysiz?

— Asosiy vaqtim ijod bilan o'tadi. Xabaringiz bor, hali talabaman. Ustozlarimiz talabchan. O'qishdan uyga qaytsam, ota-onam bilan yana ijod haqida suhbatlashamiz. Hayotimning asosiy vaqtini ijodimni yuksaltirishga sarflayapman.

— Sizdan oldin “Sharq taronalari” festivalida yurtimizning mahoratli xonandalaridan Munojat Yo'lchiyeva, Nasiba Sattorova, Yulduz Turdiyeva, Nodira Pirmatova, rahmatli Dilnura Qodirjonova va boshqa yorqin iste'dodlar g'olib bo'lishgan. Bu ijodkorlarning san'ati, yo'nalishi bilan qay darajada tanishsiz?

— Yulduz Turdiyevaning ijodiga havas qilaman. Ta'riflaganingizdek, san'atda baliqdek erkin suza oladigan o'ta iqtidorli xonanda. Dilnura Qodirjonova haqida dadam ko'p so'zlab beradilar. Arxivimizdan qo'shiqlarini tinglaymiz. Dilnura Qodirjonovani hatto o'qituvchilarni ham hayratlantira oladigan tiniq va sokin ovozi bo'lgan ekan. Festival uchun O'zbekistonning yuzini yorug' qiladigan san'atkorlar tanlab olinardi, men ham ularning safida bo'lganimdan judayam baxtiyorman.

Feruza Rahimova,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + 19 =