Qodiriyga minnatdorlik

XX asr o'zbek adabiyoti peshonasiga chinakam elparvar uch nafar Abdulla ismli ijodkor bitdi. Biri Abdulla Qahhor bo'lsa, ulardan yana biri, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Malomat toshlari” nomli she'rida:

Sarg'aygan sahfalar aro qarab tek,

Qodiriy qabrini so'rar Otabek…

deya armon qilgan edi.

Abdulla Qodiriyning sadoqatli o'g'li Habibulla Qodiriy ancha-muncha qisqartirishlar bilan chop etilgan “Otamdan xotira” kitobining (uning to'liq nusxasini o'qish imkoni menda bo'lgan edi R.Q.) 348-sahifasida g'oyat ramziy mazmunga ega quyidagi voqeani tasvirlaydi:

— Bugun bir bemaza tush ko'rdim, Habibulla…

— Qanaqa tush, ada? — dedim sekin va negadir bir narsa sezganday seskanib qo'ydim.

— Tun emish, — dedilar dadam, — osmonda tilla jabduqli ot ustida uchib borar emishman. Ko'kda yulduzlar charaqlar, ot jabduqiga o'rnatilgan javohir toshlar jilolanar emish… Pastda esa hamma qo'l silkib meni olqishlar emish. Shu vaqt birdan havo aynidi, haligi sof osmon zulmatga aylandi. Oyoq ostim go'yo tubsiz jahannam, unda mudhish maxluqlar g'ujg'on o'ynar, og'izlarini ochib, uzun tillarini chiqarib, go'yo menga tashlanmoqchiday bo'lar, ba'zilari og'izlaridan xuddi mushak otilgan kabi o't sochar, men bo'lsam, zo'r berib otni qamchilar emishman. Lekin u endi qanot yoyib ucha olmas, chunki o'tlar harorati uni kuydira boshlagan emish… Nihoyat, ot “shu-uvv” etib jahannamga tik sho'ng'ib ketdi… Cho'chib uyg'ondim, terlab ketibman…

Bir millatgina emas, butun insoniyat taqdiri xususida o'yga botuvchi katta iste'dodlarning ko'pchiligida o'z qismatini ham oldindan sezish, his etish qobiliyati bo'lishi – bor gap. Mashrab o'z g'azallarida, Pushkin “Evgeniy Onegin”ida, Jek London “Martin Iden”ida, Shavkat Rahmon qator she'rlarida … o'zlarining halokatlaridan darak berishgandek. “Otamdan xotira”da yozilishicha, Qodiriyning ham aksariyat tushi o'ng kelgan. Uning hozircha bizga ma'lum eng so'nggi tushi ham, afsuski, o'ngidan keladi: shu tushdan ikki kun keyin — 1937 yilning 31 dekabr kuni kech soat 11 larda Abdulla Qodiriyni uyidan olib chiqib ketadilar…

Bu masalada, xohlaymizmi-yo'qmi, bizga yoqadimi-yo'qmi, bir achchiq haqiqatni tan olishimiz, o'tgan voqea-hodisalar mantiqiga ayni o'zgarmas haqiqatdan kelib chiqib yondashmog'imiz talab etiladi. Bu haqiqat esa shundan iboratki, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho'lpon, Abdurauf Fitrat singari, millatini ham xuddi o'zidek uyg'oq va erkparvar bo'lmog'ini istagan shaxslar halokatida achchiq bir hayotiy mantiq, qonuniyat bor. Ya'ni, ularning mahv etilishi nedir tasodif, ayrim g'alamislar tomonidan uyushtirilgan fitna bo'lmasdan, balki ularni o'rab olgan tuzumning, mafkuraning tabiiy, kutiladigan hosilasidir. Boshqacha qilib aytganda, ayni holatda masala ko'ndalangiga qo'yilgandi: yo o'sha tuzum yashashi kerak edi yoki ozod insonlar. Ularning bir vaqtning o'zida uzoq mavjud bo'lishi, yonma-yon yashashi, bir-birlariga toqat qilmoqlari aslo mumkin bo'lmagan hol edi. Tuzumga, uning siyosatiga, ravishiga ko'ngan, u bilan kelishgan yoxud kelishtirilgan kishilar omonlik topdilar, ayrimlari — umrlari uzoq bo'lsin — hali hamon hayotlar.

Abdulla Qodiriyning aksariyat asarlarida, “O'tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ida mana man deb turgan millatparvarlik, erkparvarlik, adolat va haqiqattalablik kayfiyatiga sho'ro hukumatining tek chidab turishi — ko'lmak suv ichida olov barq urib yonib turishidek mantiqsiz, xayo­liy bir ish bo'lur edi. Axir olovning o'zi — Abdulla Qodiriy o'zi yashayotgan tuzum qilmishlariga tek qarab turmadi, uning maqsad-mohiyatini, xalqi boshida o'tkazayotgan manfur siyosatini har qadamda — har bir yozgan narsasida ochiq aytishdan toymadi. Shunday ekan, “ko'lmak” o'z ishini — kirdikorini amalga oshirdi…

Bu o'rinda, masalan, “O'tkan kunlar” qatlaridan sizib chiquvchi buyuk dardning salmog'ini bir yoqqa qo'yib, uning so'nggi sahifasiga “yozg'uchi” qalami ila bitilgan, bor-yo'g'i uchta gapga jo bo'lgan benihoya achchiq haqiqatni eslamoq, bugun hech qursa shuni qalbdan his qilmoq kifoyadir. Mana o'sha uchta gap:

Keyingi Marg'ilon borishimda yaqin o'rtoqlardan Yodgorbek to'g'risida surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o'n to'qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o'g'ul qolibdir. O'g'illaridan bittasi bu kunda Marg'ilonning mas'ul ishchilaridan bo'lib, ikkinchisi Farg'ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nom-u nishonsiz, o'luk-tirigi ma'lum emas, deydilar”.

Mana shu, go'yo nomiga, asar qahramonlarining keyingi taqdiridan o'quvchini shunchaki xabardor qilib qo'yish uchun bitilgandek lavhada aks etgan fojia ham kamida yana bir “O'tkan kunlar”dek romanga asos — material bo'lishi aniq. Bu da'voni maqola hajmi imkon beradigan darajada isbotlashga harakat qilamiz.

Lavhadan ma'lum bo'ladiki, roman qahramonlari, ularning kechmish-kechirmishlari aksariyat real hayotdan olingan bo'lib, asarda badiiy to'qimadan me'yorida, keragicha foydalanilgan. (Bu boradagi mulohazalarimiz bilan “Hurriyat” gazetasining joriy yil 24 aprel sonida chop etilgan “O'tmish saboqlari” nomli maqolamizda qisman o'rtoqlashgan edik. R.Q.) Endi ana o'sha real insonlardan biri Yodgorbek qismatiga diqqat qilaylik.

Xo'sh, Yodgorbek kim?

Yusufbek hoji va Mirzakarim qutidorning nabirasi, Otabek va Kumushbibining o'g'li. Eslab ko'raylik: butun roman davomida, xoh Yusufbek hojining, xoh qutidorning xonadonida, biror misqol moddiy yetishmovchilik haqida (“go'sht tugab qopti”, “unning tagi ko'rinib qopti” qabilidagi) gap bo'ladimi? Bo'lmaydi, mutlaqo bo'lmaydi!

Endi, sho'rolar zamoniga kelib, mana shu xonadonning a'zosi, bekning bolasi “ushbu asrning o'n to'qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot” qilmoqda, demakki, ochlikdan o'lmoqda! Shunday ekan, oddiy kambag'al chorakorning, dehqon va hunarmandning o'zi-yu bolasi to'g'risida aytmay qo'ya qolaylik.

Nega? Nima uchun Marg'ilonda, Far­g'ona vodiysida odamlar ochlikdan, muhtojlikdan o'lmoqda?

Chunki 1918 yilning fevral oyi oxirida Toshkentdan Qo'qonga — Turkiston muxtoriyatini mahv etishga yuborilgan qo'shin vodiyda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning butun tizimini yer bilan yakson qiladi. Vodiyda dahshatli ochlik boshlanadi.

A.Qodiriy Yodgorbekning ochlikdan o'lganini aytish bilan cheklanmaydi, dahshatli haqiqatning ko'lamini bor-budicha oshkor etadi: “undan ikki o'g'ul qolibdir. O'g'illaridan bittasi bu kunda Marg'ilonning mas'ul ishchilaridan bo'lib, ikkinchisi Farg'ona bosmachilari orasida ekan”.

Yuqorida bir qismi aytilgan xunrezliklarga chidamagan xalq o'z ozodligi, hurligi, istiqloli umidida bosqinchi sho'roviylarga qarshi kurashga otlanadi. Sovet targ'ibotchilari tomonidan “bosmachilik” deb nomlangan, aslida esa milliy istiqlolchilik harakati butun o'lkani qamrab oladi. Yodgorbekdan qolgan ikki o'g'il mana shu kurashning ikki jabhasida, bir-birini yo'q qilish tadorigiga tushgan! Ular savodsiz chorakorning, dehqon yoxud hunarmandning zurriyodlari emas, Yodgorbekdan to'ragan bolalar, Otabekning nevaralari, Yusufbek hojining evaralari!

Yusufbek hoji millatini birlikka chorlagan, yurtni g'anim bosishi xavfidan, “bobolarning muqaddas gavdasi” dafn qilingan pokiza ona tuprog'i toptalshidan xalqini ogoh etgan, Otabek esa mana shu yo'lda mard­larcha urushib shahid ketgan bo'lsa, ularning zurriyodlari — aka va uka o'sha g'animlar qutqusiga uchib, otalari vasiyatining naqd teskarisini qilish bilan ovvora. Ulardan biri — yo aka yoxud uka “Marg'ilonning mas'ul ishchilaridan”, demak, GPUning xodimi, ikkinchisi esa “bosmachi” nomini olgan. Yozuvchi u haqdagi hikoyani “bu kunda nom-u nishonsiz, o'luk-tirigi ma'lum emas, deydilar” shaklida yakunlar ekan, shu oxirgi gapi bilan ham sho'ro hukumati milliy istiqlol yo'lida kurashuvchilarni nom-nishonsiz yo'q qilib yuborishdek yovuz harakatni boshlaganiga ishora qiladi…

Endi ayting: bu yozuvchiga, bu elparvarga boyagi hukumat omonlik berishi mumkinmi edi?

* * *

XX asr o'zbek adabiyoti peshonasiga chinakam elparvar uch nafar Abdulla ismli ijodkor bitdi. Biri Abdulla Qahhor bo'lsa, ulardan yana biri, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Malomat toshlari” nomli she'rida:

Sarg'aygan sahfalar aro qarab tek,

Qodiriy qabrini so'rar Otabek…

deya armon qilgan edi.

Yaratganga shukrlar bo'lsinki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Abdulla Qodiriyning ona shahri — Toshkandi azimning qoq markazida yozuvchi nomidagi Ijod maktabi, muzey va go'zal bog' bunyod etilmoqda. Endi faqat yilning bir oyi­dagina emas, balki har kuni, har on benazir adib Abdulla Qodiriy xotirasi esga olinadi, asarlari muttasil mutolaa qilinadi, bu kitoblar bag'ridagi ulug' va o'lmas qalb minnatdor avlodlar tomonidan chuqur idrok etiladi.

Rahmon Qo'chqor.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − sixteen =